325-modda. Qimmatli qogʻozlar qarziga doir operatsiyalar chogʻida soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari (1-q.)
Ushbu Kodeksning 53-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladigan
qimmatli qogʻozlarga doir qarz operatsiyalari ishtirokchilariga soliq solish ushbu moddada
belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
(2-q.)
Qimmatli qogʻozlarni qarzga berish va qimmatli qogʻozlarni qarzdan qaytarib olish
chogʻida soliq solish maqsadlarida moliyaviy natija aniqlanmaydi, bundan ushbu moddada
belgilangan hollar mustasno. Bunda qarz shartnoma boʻyicha berilgan qimmatli qogʻozlarni sotib
olish xarajatlari kreditor tomonidan mazkur qimmatli qogʻozlarni ushbu Kodeks qoidalarini
hisobga olgan holda kelgusida (qarz qaytarilgandan keyin) realizatsiya qilish (chiqib ketishi)
chogʻida hisobga olinadi.
(3-q.)
Soliq toʻlovchilar qimmatli qogʻozlar qarzi doirasida berilgan (olingan) qimmatli
qogʻozlar boʻyicha alohida soliq hisobini yuritishi shart. Qimmatli qogʻozlar qarzi boʻyicha
analitik hisob har bir taqdim etilgan (olingan) qarz boʻyicha yuritiladi.
(4-q.)
Qarz shartnomasiga koʻra, qimmatli qogʻozlar boʻyicha toʻlovlar, agar ularni olishga
boʻlgan huquq qarz shartnomasi amal qilishi davrida yuzaga kelgan boʻlsa, qarz oluvchining
daromadlari deb eʼtirof etilmaydi va qarz beruvchining daromadlariga kiritiladi.
(5-q.)
Foizli (kuponli) daromad kreditorning soliq bazasini ushbu boʻlimda belgilangan
tartibda hisob-kitob qilishda hisobga olinadi va qarz oluvchining qarz obyekti boʻlgan qimmatli
qogʻozlar boʻyicha foizli (kuponli) daromadi boʻyicha soliq bazasini aniqlash chogʻida hisobga
olinmaydi.
(6-q.)
Agar qimmatli qogʻozlarga doir qarz shartnomasi norezident (kreditor) va Oʻzbekiston
Respublikasining soliq rezidenti boʻlgan yuridik shaxs (qarz oluvchi) oʻrtasida tuzilgan boʻlsa
hamda qimmatli qogʻozlarga doir qarz shartnomasining amal qilish davrida qimmatli qogʻozlar
boʻyicha foizli (diskont) daromad toʻlansa yoki qarz predmeti boʻlgan aksiyalar (dividendlar olish
huquqini beradigan depozitar tilxatlar) boʻyicha dividendlar toʻlansa, bunday qarz oluvchi foizli
(diskont) daromadga yoki dividendlar tarzidagi daromadlarga nisbatan soliq agenti deb eʼtirof
etiladi.
(7-q.)
Kreditor tomonidan qimmatli qogʻozlarga doir qarz shartnomasi boʻyicha olinishi
lozim boʻlgan foizlar uning ushbu boʻlimga muvofiq hisobga olinadigan daromadi deb eʼtirof
etiladi.
(8-q.)
Qarz oluvchi tomonidan qimmatli qogʻozlarga doir qarz shartnomasi boʻyicha
toʻlanishi lozim boʻlgan foizlar uning ushbu boʻlimga muvofiq hisobga olinadigan xarajatlari deb
eʼtirof etiladi.