1-BOB BO‘YIChA XULOSA Ilmiy adabiyotlardagi ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatayabtiki, nodir, noyob metallarni konsentrlash va aniqlash uchun ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ishlab chiqarishda asosan funksional guruhlarni turli materiallarga kimyoviy biriktirish yoki organik polimer va mineral tashuvchilarga reagentlarni nokovalent kiritish yo‘li bilan olingan anionalmashinuvchi hamda kompleks birikmalar hosil qiluvchi sorbentlardan ko‘proq foydalanilgan. Shuningdek, sorbentlardan guruhli va alohida nodir va noyob metallarni konsentrlash va aniqlash uchun ham foydalanish mumkin.
Adabiyotlar asosida olingan ma’lumotlar tahliliga asosan shuni alohida qayd qilish kerakki, oltinni ajratish va konsentrlash usullari bir qancha kamchiliklarga ega. Bu kamchiliklarga birinchi navbatda, sorbentlarning yetarlicha tanlovchan emasligini keltirish mumkin. Amaliyotda mikromiqdordagi oltinni ajratishda tanlovchanlikni oshirish tahlilni murakkablashtiradi, natijada jarayonni ko‘p bosqichli qilib, vaqt, mehnat, mablag‘ sarfini oshiradi.
Demak, tabiiy mineral ob’ektlardan mikrokonsentratsiyaga ega bo‘lgan oltinni konsentrlash va ajratish uchun sodda, qulay, kompleks hosil qiluvchi polimer sorbentlarni qo‘llashning tezkor usullarini ishlab chiqish zarur. Bu usullar esa mikroelementlarni ajratishda yaxshi tanlovchanlikka ega bo‘lishi va keng tarqalgan instrumental analiz usullaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, qulay, arzon va zaharli bo‘lmagan preparatlardan foydalanib, yangi sorbentlarning yo‘naltirilgan sintezini yaratish, sintez jarayonlarida begona elementlardan tozalash darajasini nazorat qilish va olingan sorbentlardan foydalanishning murakkab bo‘lmagan, eng samarador usullarini ishlab chiqish dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Ma’lumki, Respublikamiz kimyo sanoati kun sayin jadal sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Sanoat miqyosida mochevina (600 ming t/yil), tiokarbamid (500 t/yil), formaldegid, ortofosfat kislota ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatimizda formaldegid ishlab chiqarishning yaqin yillarda 2 ming t/yil ga yetkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu o‘z navbatida keng assortimentdagi ionalmashinuvchi smolalarni sintez qilish imkoniyatlarini yaratadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, hozirgi paytda Respublikamiz sanoat korxonalari ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan ionalmashinuvchi smolalarning barcha markalari (AM-2B, KU-2, ANKB-2, AN-31, AN-40, KF-1) MDH davlatlari va xorijiy davlatlardan valyuta hisobiga olib kelinmoqda.
Demak, yuqoridagilarga asosan, shunday xulosa qilish kerakki, Respublikamiz mahalliy xom-ashyolari asosida yangi ionalmashinuvchi smolalarni sintez qilish, ularning xossalarini o‘rganish va sanoat korxonalarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.