Diglitsidilkarbamid- qovushqoqligi kam, oq-sarg‘ish rangli suyuqlik, d2020=1.04 g/sm3. Uni sintez qilish usuli 2.2-bo‘limda keltirilgan.
Diglitsidiltiokarbamid - qovushqoqligi kam, och jigar rangli suyuqlik, d2020=1.08 g/sm3. Sintez qilish usuli 2.2-bo‘limda keltirilgan.
Sulfat kislota H₂SO₄ - GOST 4204-77, kuchli, ikki asosli kislota, odatdagi sharoitda konsentrlangan sulfat kislota rangsiz, hidsiz, og‘ir moysimon suyuqlik, d=1.8 g/sm3.
Xlorid kislota HCl - GOST 4677-67, vodorod xloridning suvdagi eritmasi kuchli bir asosli kislota, rangsiz, tiniq, o‘yuvchi, havoda tutovchi suyuqlik. 0,5 % atrofidagi konsentratsiyasi inson oshqozonidagi jarayonda ishtirok etadi.
Natriy gidroksidi - GOST 4328-77, qattiq o‘yuvchi natriy tarkibida 92-95% NaOH va boshqa qo‘shimchalar uchraydi. U rangsiz, juda gigroskopik kristall modda bo‘lib, suyuqlanish harorati - 318 °C va qaynash harorati - 1388 °C ga teng. Havoda namlikni o‘ziga tortganligi uchun xiralashadi. O‘yuvchi natriy suvda yaxshi eriydi: 51,7 % miqdori 18 °C va 75,8 % miqdori 80 °C, bundan tashqari spirtda ham eriydi, natijada juda ko‘p miqdorda issiqlik ajralib chiqadi.
300 ml hajmli tub yumaloq kolbaga qaytarma sovitgich o‘rnatilib, 110 ml (0,22 mol) 8% li natriy ishqori eritmasi va 10 g (0,2mol) yupqa kesib olib, maydalangan poliakrilonitril bilan to‘ldiriladi. Aralashma qizdiriladi va yog‘li hammomda (hammomning harorati 100-110 °C atrofida) 13 soat davomida qaynatiladi. Qachonki, eritma - rangsiz va tiniq holatga keltirilganda qizdirish to‘xtatiladi, eritma sovitiladi va 500 ml stakanga quyiladi, 0,5 n.li xlorid kislota eritmasi bilan indikator yordamida pH=8-8,2 kelguncha neytrallanadi.
150 ml metanol bilan natriy poliakrilat yuvilib, so‘ngra tindiriladi. Olingan qoldiq Byuxner voronkasi yordamida filtrlanadi. Tozalangan natriy poliakrilat 48 soat davomida ochiq havoda quritiladi, natijada, polimer unumi 15,6 g ni tashkil etadi. Olingan natriy poliakrilat oq kukunsimon modda bo‘lib, suvda eriydi.
Turli metallar ionlari bo‘yicha ionit almashinish sig‘imining qo‘shilayotgan eritma pHiga bog‘liqligi quyidagicha aniqlandi: 0,2 g ionit 150 ml hajmli kolbaga solinib, 10 ml 0,05 n eritmasi va turli miqdorda (0,5 dan 20 mlgacha) sulfat kislotaning 0,1 n li eritmasi ion kuchi 1 bo‘lguncha qo‘shildi. Sorbsiyalangan metallar konsentratsiyasi ma’lum metodikalar yordamida aniqlandi [106; 8-b, 107; 19,124-b].