O‘zbekiston tarixi



Yüklə 1,22 Mb.
səhifə12/18
tarix19.09.2023
ölçüsü1,22 Mb.
#145327
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   18
Ўзбекистон тарихи-2005 академия

Ma’naviyat. Bu sohada aholining asosiy qismi ongida diniy dunyoqarash va milliylikni saqlab qolish asosida respublikani rivojlantirish mumkin, degan qarash ustuvor ahamiyat kasb etar edi. Ayollarning asosiy qismi ijtimoiy faoliyatdan chetda qolib, nisbatan himoyalanishga muhtojlik sezardi.
Shunga ko‘ra, umumlashtirib xulosa qilinadigan bo‘lsa, ma’naviy- madaniy sohada ham islohotlarni amalga oshirishga zarurat yuzasidan qaralishi mumkin. O‘zbekistonning rasmiy rahbariyati ham buni anglagani aniq. Shu bois, bu borada bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Respublika rahbariyatining sa’y-harakatlari tufayli 30-40-yillarda ko‘zga ko‘rinarli, muayyan ahamiyatga ega bo‘lgan natijalarga erishildi. Masalan, 1937 yilga kelib, maktab o‘quvchilarining soni 1928 yilga nisbatan 10 barobardan ko‘proqqa ortdi, shu davrda 1,7 mln. aholi savodli bo‘ldi. Savodlilar darajasi 67 % gacha ko‘paydi. 1941 yilga kelib, sovet maktablarida o‘quvchilarning soni 1925 yilga nisbatan 70 barobar, ulardagi o‘qituvchilar soni taxminan 7 barobar ko‘paydi. Respublikada 31 ta oliy, 100 ga yaqin o‘rta maxsus o‘quv yurtlari faoliyat ko‘rsata boshladi. Ularda 33 ming talaba o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldi (shundan 15,5 mingi oliy o‘quv yurtlarida). Bir qator ilmiy tekshirish institutlari tashkil qilindi3. Keyinchalik taniqli allomalar darajasiga ko‘tarilgan H. M. Abdullayev, G‘. A. Mavlonov, T. N. Qori-Niyoziy, T. A. Sarimsoqov, O. S. Sodiqov, I. Mo‘minov va boshqalar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlarini 30-yillarda boshlaganlar.
1933-1937 yillarda O‘zbekistonda asosan o‘zbek tilida 6,5 ming bosma tabaq hajmidagi har xil kitoblar chop etildi. Ularning umumiy tiraji 52 mln. nusxadan ko‘proq edi. Respublikada 202 ta gazeta chiqarilib, ularning umumiy tiraji 884 ming nusxa edi1.
San’at, adabiyot sohalarida ham salmoqli natijalarga erishildi. Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Usmon Nosir, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Uyg‘un, Halima Nosirova, Tamaraxonim, Mulla To‘ychi Toshmuhammedov kabi taniqli yozuvchi-shoirlar va san’atkorlar, o‘zbek badiiy adabiyoti va san’atining o‘ziga xos yo‘nalishlarini shakllantirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Ularning an’analari asosida yosh ijodkorlar tarbiyalandilar.
Qo‘lga kiritilgan natijalarni qanday baholash mumkin? Agar ularni amalga oshirish usullari, berilgan qurbonlar hisobga olinmasa, haqiqatan ham o‘sha davrda xalq maorifi, oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari, ilmiy- tekshirish dargohlarining asosi yaratildi, deyish mumkin. Lekin Ittifoq va respublika rahbariyati ana shu natijalarga erishish uchun tanlagan va amalga oshirgan yo‘l yakkayu yagona, muqobilsizmidi? Yo‘q, albatta. Nima uchun sho‘rolar hokimiyati qurbonlar berilmaydigan, inson huquqlari poymol qilinmaydigan usullarni qo‘llamadi?
Sababi aniq: bolsheviklar o‘zlariga mafkuraviy qurol qilib olgan kommunistik g‘oya hech qanday o‘zgacha dunyoqarashni tan olmagan. Kishilik jamiyatining kelajagini faqat kommunistik g‘oya belgilashini - oliy haqiqat, bu maqsadga erishish uchun har qanday usulni yaroqli deb hisoblaganlar. Olijanob maqsadlarga nojo‘ya usullar bilan erishish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi, afsuski, xayolga ham kelmagan.
30-yillarda bolsheviklar partiyasi ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini kommunistik mafkura mantig‘iga bo‘ysundirish choralarini ko‘rdi. Masalan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, xalq ta’limida jadid maktablarining mavqei yuqori edi. Bu maktablar mahalliy aholining asrlar davomida shakllangan turmush tarzi va diniy e’tiqodini inkor etmagani holda, mazlum xalqimizning dunyoviy bilimlarga bo‘lgan ehtiyojini ham qondirayotgan edi. Hukumat budjetida kamomad bo‘lgan davrda taraqqiyparvar dindorlar bu maktablarning moddiy ta’minoti uchun vaqf mablag‘lari hisobidan sarmoya ham ajratib turganlar. Ammo sovetlar rahbariyati bu maktablar turkumini kengaytirishga qarshi bo‘lgan, ularga nisbatan salbiy munosabatini ochiqchasiga bildirgan. Akmal Ikromov O‘zbekiston Kompartiyasi MKning VI plenumidagi «Musulmon ruhoniylari va maktab to‘g‘risida» ma’ruzasida isloh qilingan maktablarni yopish kerakligini yoki ulardagi ruhoniylarni yo‘qotib, o‘zlarining ishonchli odamlarini qo‘yish lozimligini ta’kidlaydi2. Ammo bu A. Ikromovning shaxsiy fikri demoqchi emasmiz. U kommunistik partiyaning respublikadagi rahbarlaridan bo‘lganligi uchun o‘zining e’tiqodi qanday ekanligidan qatyi nazar, partiyaning ko‘rsatmalarini bajarishga majbur bo‘lgan. U holda, nima uchun kommunistlar isloh qilingan maktablar faoliyatiga qarshi chiqdilar? Buning bir qancha sabablarini ko‘rsatish mumkin:

  • bolsheviklar maktabga, birinchi navbatda, bilim o‘chog‘i emas, balki yosh, o‘sib borayotgan kelajak avlodning dunyoqarashini o‘zgartiradigan, aniqrog‘i, faqatgina kommunistik dunyoqarash va e’tiqodni shakllantiradigan vosita sifatida qaraganlar. «O‘qituvchi - millionlab sotsializm uchun kurashchilarni tarbiyalashga yordam beruvchi qurolimiz», deb ta’kidlanadi partiya hujjatlarida. Jadidchilik maktablarida esa umuminsoniy dunyoqarashga e’tibor yuqori darajada bo‘lgan;

  • maktab bolsheviklar uchun o‘z o‘tmishidan ajratilgan va uni bilmaydigan avlodni shakllantirish vositasi bo‘lib xizmat qilishi zarur edi. Jadidchilik maktablarida o‘qitiladigan Turkiston tarixi, islom dini kabi sharqona qadriyatlarga asoslangan fanlar esa o‘tmishga hurmat bilan qarashni o‘rgatardi, milliy ongni yuksaltirishga qaratilgan edi.

Maktabga bo‘lgan bunday munosabat umuman xalq ta’limining barcha sohalariga - ishchi fakultetlari, FZU (fabrika-zavodlarda ishchi mutaxassislar tayyorlash kurslari), o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlari va boshqalarda ham bo‘lgan.
Bunday siyosatning natijasi esa aniq. Xalq ta’limi dunyoviy bilimlar berishdan ko‘ra, ko‘proq kommunistik mafkuraning sovet tuzumi manqurtlarini shakllantirishga e’tibor berdi. Bizningcha, bu tizim o‘z maqsadiga qisman erishdi ham. Aks holda, qanday qilib chorakam bir asr mutelikka, xo‘rlikka, kamsitishlarga chidab keldik? Imperiya inqirozga yuz tuta boshlaganidagina, ko‘zimiz ochila boshladi.
Madaniyat, adabiyot, san’atga ham faqat bir tomonlama, kommunistik mafkuraning mantig‘idan kelib chiqib, yondashildi. Bunday munosabat eng to‘g‘ri yo‘nalish deb hisoblanib, rasmiy ravishda nafaqat targ‘ib qilindi, balki hayotga tatbiq qilindi ham. Masalan, Akmal Ikromov 1928 yilda shunday deb e’lon qilgan: «...bizga umuman madaniyatning o‘sishi emas, balki sotsialistik madaniyatning yuksalishi kerak»1. Albatta, bu ham A. Ikromovning shaxsiy fikri emas edi, balki bolsheviklar rahnamosi I. Stalinning: «Yo‘qsillar madaniyati milliy madaniyatni bekor qilmaydi, balki unga mazmun beradi. Va aksincha, milliy madaniyat yo‘qsillar madaniyatini bekor qilmaydi, aksincha, unga shakl beradi»2, degan asossiz fikri negizida shakllangan edi. Demak, milliy madaniyatning mohiyati bilan bog‘liq bo‘lgan iymon, e’tiqod, halollik, hurfikrlilik, vijdonlilik kabi fazilatlar Stalinning ko‘rsatmasi asosida qatag‘on qilingani aniq.
Milliylik to‘g‘risida so‘z yuritish faqat millatchilikda, ya’ni sovet tuzumiga dushmanlikda ayblanishga olib kelar edi.
Nafaqat o‘zbek madaniyati, balki umuman jahon taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan sharqona madaniyat ham yo‘q qilinishi kerak bo‘lgan. Fikrimizni dalillash uchun yana bir misol keltiramiz. 1929 yilda «Sotsializm qurilishining umumiy vazifalari va maorifni rivojlantirish to‘g‘risida»gi masala muhokama qilingan O‘zbekiston Kompartiyasi plenumida shunday eslatma berilgan: «Sharqqa qarab moslashish va Sharq (arab, fors, turk) madaniy merosi haqidagi gaplar, aslida burjua jamiyatini qayta tiklashga qaratilgan ochiq-oydin harakatdir. Bu gaplarning asosida proletar diktaturasini tugatishga va barcha Sharq sotsialistik respublikalarida burjua hukmronligini tiklashga qaratilgan oshkora intilish yotadi»3. Masalani bunday qo‘yishdan maqsad, nazarimizda, Sharq bilan bo‘lgan an’anaviy aloqalarga barham berish, milliy madaniyatning ming yillar mobaynida shakllangan ildiziga bolta urish va o‘zbeklarni faqat Rossiyadan kirib kelayotgan dunyoqarashga tobe qilishdir. Bu - yana o‘sha manqurtlikka qaratilgan harakat.
Hokimiyat sharqona madaniyatni nafaqat kulfat keltiruvchi ofat deb e’lon qildi, balki uni yo‘qotish uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rdi. Ulardan biri 1928 yilda hali zarur sharoit yaratilmay turib, arab alifbosini lotincha alifbo bilan almashtirish bo‘ldi. Uning sababi tushuntirilgan mantiqqa e’tibor qiling. O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Kengashining alifboni almashtirish munosabati bilan e’lon qilgan tezislarida, jumladan shunday deyilgan: «madaniyatimizning quroli bo‘lgan bizning alifboimiz (arab alifbosi nazarda tutilyapti. - E. A.) shunchalik ahmoqona va yaroqsizki, uning asosida hech qachon umumiy savodxonlikka erishish mumkin emas»1. Bu ham yetmaganidek, 1940 yilga kelib lotin alifbosi kirillitsa bilan almashtirildi. Oqibatda Turkiston tarixi, ma’naviy qadriyatlari bilan bog‘liq o‘zbek mumtoz adabiyotidagi Navoiy, Ogahiy, Muqimiy, Ahmad Donish, Mahmudxo‘ja Behbudiy va boshqa buyuk ijodkorlarning asarlarini aslicha o‘qishga yoshlarimiz ojiz bo‘lib qoldilar.
Kommunistik mafkuraning qaror toptirilishi tub joy aholisining islom dini bilan bog‘liq ming yillar davomida shakllanib kelgan qadriyatlari va an’analarining toptalishiga yo‘l ochib berdi.
Kommunistik partiyaning islom diniga bo‘lgan munosabati 1927 yilda O‘zbekiston kompartiyasining VI plenumi qabul qilgan «Musulmon ruhoniylari va maktab to‘g‘risida»gi qarorida qayd qilingan. Uning
mohiyatini quyidagi ko‘rsatmalar ifodalaydi:

  • islom o‘zga dinlar kabi madaniyat, yo‘qsillar g‘oyalarini rivojlantirish va sotsializm qurilishini taraqqiyotga erishtirish yo‘lidagi katta to‘siqdir;

  • ruhoniylarning islohotchi yoki taraqqiychi deb atalmish qismi ham o‘zga guruhlar kabi partiya va sovet hokimiyatining asosiy tadbirlarini amalga oshirishga qarshilik qiladigan antisovet kuchdir;

  • ruhoniylar islom dini va uning tashkilotlarini yo‘qsillar diktaturasi bilan almashtirish, ularni mavjud sharoitga moslashtirish uchun barcha choralarni ko‘ryaptilar;

  • kommunizm va din bir-biriga butunlay qarama-qarshi ekanligini, ularni hech qachon birlashtirish mumkin emasligini kommunistlar, ayniqsa, faollar tushunib yetishlari kerak.

Keltirilgan fikrlarni umumlashtirib xulosa qilinsa, sovetlar davlatida dinga umuman o‘rin bo‘lmasligi, u insonlarning ongidan o‘chirib tashlanishi kerak edi. Demak, dinning davlatdan ajratilganligi to‘g‘risidagi, ya’ni davlat va din har qaysisi o‘z-o‘zicha rivojlanishi haqidagi qonun uydirmadan boshqa narsa emasligi ma’lum bo‘ladi. Amalda sovet hokimiyati ashaddiy murosasiz ateizmni o‘zining dinga qarshi kurashish quroli qilib oldi. Machitlar va madrasalar yopilib, molxona va omborxonalarga aylantirildi, diniy kitoblar G‘arb inkvizitsiyasi davridagidek gulxanlarda yoqildi, ruhoniylar e’tiqodi uchun qatag‘on qilindi. Islom dini bilan bog‘liq qadimiy tarixiy yodgorliklar qarovsiz qoldi va h. k.
Islom diniga qarshi kurashning bir ko‘rinishi sifatida «Hujum» harakati uyushtirildi. Ayollarni rasman ozodlikka chiqarish, ijtimoiy faoliyatga jalb etish uchun o‘tkazilgan va, umuman, yaxshi maqsadlarni nazarda tutgan bu harakatning amalga oshirilishi usullarini oqlab bo‘lmaydi. Majburlash bu harakatda asosiy o‘rin egallagan. Paranji-chachvonlar zo‘rlab, ommaviy tarzda tortib olindi va yoqib yuborildi. Ayollar zabun hayotining asosiy aybdori qilib ruhoniylar ko‘rsatildi. Shu munosabat bilan mashhur qirg‘is adibi Chingiz Aytmatovning mulohazasini keltirish joiz: «Afsuski, davlat tomonidan o‘tkazilgan «Hujum» kampaniyasini o‘sha davrning og‘ir xatolaridan biri edi, deyish kamlik qiladi. Bu insoniyatga qarshi qaratilgan jinoyat edi. Xudoning barqarorligini inkor etgan murtadlar Xudoning vazifasini o‘z zimmasiga oladilar va «yangi odam yaratamiz» deb dahshatli o‘yin boshlaydilar1.
«Hujum» harakatini amalga oshirish jarayonida ayollarning qadr-qimmati poymol bo‘ldi, sharm-hayo oyoq osti qilindi. Xo‘rlikka chidamagan ko‘plab ayollar o‘z joniga qasd qildilar yoki erlarining quvg‘iniga uchradilar. Xullas, jamiyatda, oilada notinchlik yuzaga kelishiga sababchi bo‘lindi.
Keyinchalik «Hujum» harakati ko‘klarga ko‘tarib maqtalgan sovet adabiyotida, ilmiy ishlarda keltirilgan ijobiy xulosalar yetarli darajada asoslanmadi. «Hujum»ni ayollarni erkinlikka olib chiqishning yakkayu yagona yo‘li edi, deb hisoblash mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, chunki bugungi kunda islom davlat dini darajasiga ko‘tarilgan bir qancha Sharq, jumladan arab mamlakatlarida ayollarning ijtimoiy mavqei bizning mamlakatdagidan past darajada deb bo‘lmaydi. Yoki bugun bizda bu muammo butunlay hal qilindi, desak ham xato qilgan bo‘lamiz.
Kommunistik mafkura kadrlar siyosatini amalga oshirishda ham bir tomonlamalikka keng yo‘l ochib berdi, ya’ni shaxsning ishbilarmonligi, mutaxassisligi emas, balki siyosiy e’tiqodi birinchi o‘ringa qo‘yildi. Jumladan partiya va sovet idoralari boshqaruv xodimlarini mahalliylashtirish (o‘zbeklashtirish) muammosini hal qilishda ham qiyinchilik tug‘ildi. Umuman, to‘g‘ri qo‘yilayotgan masala bir qancha shartlar bilan cheklab qo‘yildi. Bu shartlar A. Ikromovning «Mafkura frontidagi kurash va madaniyat xodimlarining vazifalari» nomli ma’ruzasida (1927 yil) bayon etilgan. «Milliy masalani, - deb ta’kidlaydi u, - partiya proletariat davlatini mustahkamlash maqsadidan, sotsializm qurilishini tezlashtirish maqsadidan kelib chiqib hal qiladi va bu mutlaqo to‘g‘ri. Milliy masalani bizning bu kundagi sotsializm qurish uchun kurash masalasidan ajratmasligimiz kerak. Bunga biz hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz»\
Keltirilgan ko‘chirma va, umuman, ma’ruzaning mohiyatidan kelib chiqadigan xulosani quyidagicha ifodalash mumkin. Davlat apparatiga har qanday o‘zbek emas, balki faqat sotsializm qurishni istagan o‘zbekkina jalb qilinishi mumkin edi, chunki bolsheviklar uchun kommunistik g‘oyaga e’tiqod birinchi o‘rinda, ishbilarmonlik ikkinchi o‘rinda turgan. Natijada ishning ko‘zini bilgan, bilimli, farosatli ko‘plab o‘zbeklar siyosiy e’tiqodi mavhum bo‘lganligi uchungina davlat ishiga tortilmagan, millat manfaatini ko‘zlaganlari esa millatchilikda ayblanib, qatag‘on qilingan. Shuning uchun ham yuqorida keltirilgan, milliy kadrlarning yetishmasligi haqidagi fikr shubha uyg‘otadi. Aslida, ularning yetishmasligi emas, aksincha, sho‘rolar hokimiyatining siyosatini qo‘llab-quvvatlovchi mahalliy kadrlarning kamligi haqida so‘z yuritish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Xullas, 1930-40 yillarga kelib, O‘zbekistonda markazga qaram bo‘lgan mafkuraviy tizim shakllandi. U yakka kommunizm g‘oyasiga e’tiqod qiladigan «yangicha» shaxsni tarbiyalashga xizmat qildi. Shunday qilib, ijtimoiy hayotning: maorif, o‘rta va oliy ta’lim, ommaviy axborot vositalari, adabiyot, san’at va boshqa barcha jabhalari inson ongiga kommunistik mafkurani singdirishga, uni hokimiyat topshiriqlarini e’tirozsiz bajarib turadigan manqurtga aylantirishga qaratildi.
Kommunistik partiya maxsus yaratgan muhit kelishuvchilar, vaziyatga moslashuvchilarga qulaylik tug‘dirdi, jamiyatda ularning mavqei mustahkamlanib, martabasi ulug‘lashib bordi. Kommunistik dunyoqarashni qaror toptirish harakatlari riyokorlik, chaqimchilik, sotqinlikka keng yo‘l ochib berdi. O‘z xavfsizligi yo‘lida otaning boladan, akaning ukadan va, aksincha, voz kechishi tabiiy holga aylanib qoldi.
Mulohaza yuritmaydigan, topshiriqni ko‘r-ko‘rona bajarishga tayyor turgan, tashabbus ko‘rsatmaydigan shaxslar toifasi shakllanib, ular jamiyatning aksariyat qismini tashkil qila boshladi. Insof, diyonat, ezgulik, savob, harom- xarishdan qo‘rqish kabi ma’naviy fazilatlar qadrsizlana boshladi.
Jahon madaniyatidan va taraqqiyotidan ajralib qolish oqibatida va kommunistik ommaviy axborot vositalari tazyiqi ostida fuqarolar ongida sotsializm insoniy at kelajagini belgilaydigan yakkayu yagona tuzumligi to‘g‘risida soxta tushunchalar shakllandi. Vaqtinchalik qiyinchiliklar o‘tib ketadi, oldinda bizni porloq, «har kimdan imkoniyatiga yarasha, har kimga ehtiyojiga yarasha» prinsipiga asoslangan kommunistik kelajak kutmoqda, degan gaplar surunkasiga targ‘ibot qilindi. Ommaviy qatag‘onlardan boshi omon qolgan har bir fuqaro har qanday og‘ir sharoitda ham taqdirga tan berib yashashga majbur qilindi.
Kommunistik g‘oya SSSR tarqalib ketguncha davlatning bosh mafkurasi sifatida o‘z mavqeini yo‘qotmadi, aksincha, 1977 yildagi Konstitutsiyada KPSSning jamiyatda rahbarlik roli qonuniy ravishda qayd qilinganidan keyin o‘z mavqeini yanada mustahkamlab oldi va ijtimoiy hayotning barcha jabhalariga nafaqat o‘z ta’sirini o‘tkazdi, balki uni tashkil qilishning asosiy mezonlarini belgilab berdi.
Lekin mafkuraviy sohadagi targ‘ibot va tashviqot qanchalik kuchaymasin, qancha kuch va mablag‘ sarflanmasin, bu ishlarning samarasi tobora pasayib boraverdi. Nihoyat, siyosiy va ma’naviy hayotda inqirozli vaziyat vujudga keldi. Bu quyidagilarda namoyon bo‘ldi:

  • halol mehnat qilmay mo‘may daromad topish imkoniyati tug‘ilganligi, mehnatkashlarning moddiy holatini sun’iy ravishda tenglashtirishga qaratilgan tadbirlarning amalga oshirilishi fuqarolarda boqimandalik kayfiyati shakllanishiga olib keldi;

  • izlanuvchan shaxslarning taklif va mulohazalariga yetarli e’tibor berilmasligi, tashabbuskor shaxslar munosib taqdirlanmaganligi tufayli davlat tasarrufidagi korxona mehnatkashlarida ishga befarqlik odat tusiga kirib qoldi;

  • rahbar partiya xodimlari vakolatlarining cheklanmaganligi turli suiiste’molliklar va poraxo‘rlikka olib keldi, ularning ma’naviy qiyofasining buzilishiga sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, oddiy fuqarolarning amaldorlar oldidagi muteligini kuchaytirdi;

  • eng asosiy si, milliy, tarixiy, diniy qadriyatlarni mensimaslik o‘zlikni yo‘qotishga olib keldi, «xalq, Vatan oldidagi burch» kabi muqaddas tushunchalarning qiymati pasaydi. «Sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilidagi qoida asta-sekin ijtimoiy ongni egallab oldi;

  • ilm-fanning so‘nggi yutuqlariga asoslangan aloqa vositalarining yaratilishi tufayli jahondagi rivojlangan mamlakatlarning demokratiya, inson huquqlari va farovonligi borasida erishayotgan salmoqli yutuqlaridan aholining voqif bo‘lishi sotsializmga, uning adolatli, samarali jamiyatligiga nisbatan borgan sari ko‘proq shubha uyg‘ota boshladi.

Prezident I. A. Karimovning ta’biricha, «...inson jamiyatdagi o‘z o‘rni va qadrini to‘g‘ri tushunishi zarur. U o‘zini kichkina bir murvat deb his etishi, hamma muammolarni uning o‘rniga davlat hal qilishi kerak deb bilishi zararli tushunchadir. Hayotga bunday munosabatda bo‘linsa, o‘z faoliyatining maqsadga muvofiqligi, o‘z mehnati bilan munosib turmush

sharoitini yaratish mumkinligi haqidagi tasavvur so‘nadi»\ Haqiqatan ham kommunistik partiyaning mafkura mashinasi aholini bir katta mexanizmning kichkina murvati sifatida tarbiyalash uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rdi.
Shunday qilib, O‘zbekiston xalqi sovet davrida murakkab jarayonlarni boshidan kechirdi.
Bir tomondan, KPSS rahnamo bo‘lgan ma’muriy buyruqbozlik tizimining tazyiqi ostida ezilib, erkin nafas ololmadi, tarixiy va milliy qadriyatlari toptaldi. Kommunistik mafkura respublika fuqarolarining ongidan ozodlik, mustaqillik g‘oyalarini o‘chirib tashlashga xizmat qildi.
Ikkinchi tomondan, respublika xalqi og‘ir sharoitga qaramay, o‘z mamlakatining kelajagi uchun sidqidildan ter to‘kib mehnat qildi, yirik sanoat korxonalarini yaratdi, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini kengaytirdi.
Uchinchidan, O‘zbekiston xalqi har qanday tazyiq ostida ham o‘zligini, milliy qadriyatlarini, diniy e’tiqodini unutmadi, doimo ozodlikka intilish hissi bilan yashadi.
13-ma’ruza
O‘ZBEKISTONDA DAVLAT MUSTAQILLIGINING QO‘LGA KIRITILISHI VA UNING TARIXIY AHAMIYATI
1. 90-yillar boshidagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, tarixiy qisqa vaqt ichida katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Tarixiy nuqtai nazardan qisqa vaqt ichida ulkan zafarlar qo‘lga kiritildi. Erishilgan muvaffaqiyatlarning asosida nimalar yotishini tahlil qilish, xulosalar chiqarish kelajakdagi taraqqiyot uchun zamin bo‘ladi. Bunday farahli kunlarda o‘tmishga yana bir bor nazar tashlash, ya’ni mustaqillikning qo‘lga kiritilishi arafasida respublikada hukm surgan ijtimoiy-siyosiy vaziyatni ko‘z oldimizga keltirib, eslashimiz zarur.
Mustaqillikka intilish xalqimiz hayotida u yoki bu ko‘rinishda sobiq Sovet imperiyasi hukmronlik qilgan davrda ham namoyon bo‘lib turdi. U faqat 1991 yilga kelibgina ro‘yobga chiqdi. Buning bir qancha sabablari bor. Eng asosiysi, kishilik jamiyatining uzoq tarixidan ma’lumki, har qanday imperiya o‘zi yaratilgan kundan boshlab o‘limga mahkumdir. Chunki uning maqsadi mustamlaka mamlakat xalqlarini ezish, uning moddiy boyliklarini talash bo‘ladi. Shunday maqsadni ko‘zlagani uchun ham u bo‘ysundirilgan xalqlarning tobora ko‘proq qarshiligiga uchraydi, ularni boshqarish borgan sari qiyinlashib boradi, pirovard natijada imperiyaning o‘zi inqirozga yuz tutadi.
Sobiq SSSR hukmronligini yodga olsak, 80-yillarning ikkinchi yarmi va 90-yillarning boshlarida mamlakatda umumiy inqirozning ko‘rinishlari yaqqol namoyon bo‘la bordi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham ishlab chiqarish asta-sekin so‘na bordi. Masalan, 1987 yilda O‘zbekistonda milliy daromad kishi boshiga 1985 yildagiga nisbatan 94,5 % ni tashkil qildi. Ijtimoiy mehnat unumdorligi 1986-1990 yillarda biron marta ham 1985 yildagi darajaga yetib bormadi. Bu davrlarda sanoat va qishloq xo‘jaligining bir qancha sohalarining nafaqat kishi boshiga, balki mutlaq miqdori ham kamayib ketdi. Po‘lat, traktor, paxta terish mashinalari, ekskavator, ko‘prikli kran, qog‘oz, paxta tolasi, shohi gazlama, go‘sht ishlab chiqarish miqdori ancha kamaydi. Qishloq xo‘jaligida ham paxta va sabzavot turlarining hosildorligi pasaydi. Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, o‘rtacha ish haqi to‘lash va boshqa ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Rossiyadan deyarli ikki barobar orqada qola boshladi1.
Ijtimoiy-madaniy sohalarga e’tibor tobora kamayib bordi. Achinarlisi shundaki, maorif, fan, sog‘liqni saqlash oqsay boshladi. Agar 1985 yilda maorif va fanga, umumiy ijtimoiy-madaniy tadbirlarga yo‘naltirilgan mablag‘ning 46,3 % sarflangan bo‘lsa, 1991 yilga kelib bu ko‘rsatkich 25,2 % gacha kamayib ketdi. Sog‘liqni saqlash va jismoniy tarbiya sohasida ham bu ko‘rsatkich 18,0 % dan 12,7 %ga pasaydi2.
Mustaqillikni qo‘lga kiritish arafasidagi eng katta fojialardan biri - bu millatlararo munosabatlar hamda respublikalar bilan markaz o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi bo‘ldi. Uning bir qancha obyektiv va subyektiv sabablari mavjud edi. Ularga, jumladan quyidagilarni kiritish mumkin:

  • ijtimoiy muammolarning yechimini topishda milliy respublikalarning xususiyatlarini (ko‘p bolalilik, og‘ir ekologik vaziyat, turli kasalliklarning ortib borishi, urf-odatlar, qadriyatlar) hisobga olmaydigan eskicha usullarni qo‘llashning davom ettirilishi;

  • ittifoq ijro etuvchi hokimiyatini shakllantirishda aksariyat rahbar lavozimlarni rusiyzabon shaxslar egallashining davom etayotganligi oqibatida joylarda ruslarga nisbatan salbiy munosabatning kuchayganligi va jamiyatdagi ko‘p nuqsonlar rusiyzabonlarning faoliyati bilan bog‘liq degan asoslanmagan fikrning tug‘ilganligi;

  • teng huquqli ittifoqni shakllantiradigan yangi shartnomani ishlab chiqishda markaziy hokimiyatning sustkashlik qilishi, markazning ko‘proq o‘z mavqeini mustahkamlashga e’tibor berib kelganligi, joylarga haqiqiy mustaqillik berishdan qo‘rqish;

  • ilgari qatag‘on qilingan xalqlar: qrim tatarlari, koreyslar, mesxeti turklari, nemislar va boshqalarning rasmiy ravishda o‘z huquqlari va davlatchiligini tiklashi borasida deyarli hech qanday xayrli ish qilinmaganligi;

  • rasmiy hokimiyatning Ittifoqqa kirgan O‘rta Osiyo respublikalari o‘zlarini boqa olmasdan qarz hisobiga yashayotganligi haqidagi ta’nalari mahalliy millatlarning g‘ururiga tegdi va ularni kamsitdi. Bunday salbiy munosabat ularda markazga nisbatan ishonchsizlik va qarshilikni kuchaytirdi.

Respublikada o‘sha davrda hukm surgan ijtimoiy tanglikning yana bir ko‘rinishi siyosiy manqurtlik bilan bog‘liq. Bu nafaqat oddiy fuqarolar dunyoqarashiga aloqador, balki, birinchi navbatda, respublikada yuqori lavozimlarni egallab turgan rahbarlarga ham tegishlidir. Ular respublikadagi inqirozni faqat chetdan yuborilgan rahbar kadrlar orqali tuzatish mumkin, deb o‘yladilar. Shunday takliflar bilan markazga murojaatlar qilindi. Mahalliy urf-odatlar va turmush tarzidan umuman bexabar va uzoq, markazdan keltirilgan 400 nafardan ortiq partiya, sovet, xo‘jalik xodimlari respublikaning turli rahbarlik lavozimlarini egalladilar. O‘zbekiston Kompartiyasining XVI plenumidan (1984 y.) key in o‘tgan atigi 1,5 yil mobaynida viloy atlar partiya qo‘mitalarining 65 nafar kotibidan 40 nafari almashtirildi, ulardan 9 nafari birinchi kotib, 260 nafari shahar va tuman kotiblari etib tayinlandilar . Bu almashtirishlar boshqa sobiq sovet va xo‘jalik organlarini ham chetlab o‘tmadi. Natijada rahbar xodimlarning aksariyatida kelajakka ishonchsizlik, umidsizlik, vazifalariga nisbatan mas’uliyatsizlik tuyg‘usining kuchayishi sezilgan bo‘lsa, boshqa bir qismida mavjud vaziyatdan foydalanib, shaxsiy manfaatlarini qondirish uchun egallab turgan mansabini suiiste’mol qilish hollari kuzatildi. Bunday sharoitning vujudga kelganligi esa, o‘z navbatida, boshqarish tizimini ham izdan chiqardi.
Jamiyatda tanglikka Markaz tashabbusi bilan amalga oshirilgan, «o‘zbek ishi» va «paxta ishi» deb atalgan (aslida 1937 yildagi qatag‘ondan qolishmagan) kampaniya sabab bo‘ldi. Ushbu kampaniya davomida qonunlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri poymol qilindi, gunohsiz fuqarolar javobgarlikka tortildi. Albatta, bunda paxtachilikda qo‘shib yozishlar sodir etilganligini inkor etib bo‘lmaydi, lekin bunga odamlarni kim majbur qilganligini ham hisobga olish kerak edi. Bu ish esa qilinmadi.
Mutasaddi rahbarlar Markazning paxta ishlab chiqarishni ko‘paytirish to‘g‘risidagi talablarini bajarmasligining imkoni yildan-yilga kamaygan, chunki bunday talablarni bajarmagan shaxslarning xatti-harakatlari sovet davlatining siyosatiga qarshi chiqish, davlat manfaatini mensimaslik, millatchilik ko‘rinishi sifatida baholanib, ularning nafaqat lavozimlaridan ketishlari, balki javobgarlikka tortilishlari ham ehtimoldan xoli emas edi. Qatag‘onning nihoyatda avj olganligiga «paxta ishi» bo‘yicha javobgarlikka tortilgan uch mingdan ortiqroq kishining keyinchalik butunlay oqlanganligi ham dalil bo‘la oladi1.
Iqtisodiy muammolarning hal qilinmaganligi, turmush darajasining pasayishi, millatlararo munosabatlarning keskinlashuvi, boshqaruvning izdan chiqishi, qonuniylikning buzilishi va boshqalar jamiyat turli tabaqalarining o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida norasmiy, mavjud qonunlarda ko‘rsatilmagan yoki man qilingan jamoalar va harakatlarga birlashishga majbur qildi. Boshqacha aytganda, ijtimoiy hayotning siyosiylashuviga olib keldi. Bu jarayon, ayniqsa, 1998 yildan boshlab avj oldi. O‘zbekistonda dastlab «Birlik», keyinchalik «Erk», «Interdvijeniye» harakatlari, yoshlar hamda ayollarning turli jamiyatlari vujudga keldi. Bunday ijtimoiy harakatlar va jamiyatlarning boshlang‘ich faoliyatida mehnatkashlar siyosiy ongini o‘stirish borasida ba’zi bir ijobiy natijalarga erishildi, desak xato bo‘lmaydi. Ular o‘zbek tilining mavqei, tarixiy qadriyatlar va vijdon erkinligini tiklash hamda respublikaning mustaqillikka erishuviga muayyan hissa qo‘shdilar. Lekin keyinchalik rasmiy rahbariyatga qarshi turishni o‘zlarining asosiy quroliga aylantirib, ehtirosga berilib, o‘z maqsadlaridan og‘ib ketdilar. Ko‘pchilik muammolar ijobiy hal bo‘lganiga qaramay, fuqarolarni mitingbozlik va tartibbuzarlikka chaqirdilar. Ba’zi hollarda jinoiy ishlarga qo‘l urishga ham jur’at qilganliklari sababli, xalqning e’tiboridan qoldilar.
Shunday og‘ir vaziyatda xalq manfaatlari va respublikaning kelajagini o‘ylaydigan sofdil hamda adolatparvar rahbarlar ham topildi. Ular endi Markaz vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishga mutlaqo layoqatsiz ekanligiga ishonch hosil qildilar, shuning uchun ham respublikaning mustaqilligini ta’minlash yo‘llarini va choralarini izlab topa boshladilar. 1989 yilning iyunida O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimiga I. A. Karimov saylanib, uning rahbarligida bunday ishlar tobora izchillik bilan amalga oshirila boshladi.
Bugungi kunda ba’zilarga mustaqillikka osonlikcha erishilgandek bo‘linib ko‘rinadi. Aslida, sobiq Kommunistik partiya hukmronlik qilib, butun repressiv apparatni o‘z qo‘lida ushlab turgan kezlarda respublikaning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy mustaqillikka intilayotganining ba’zi bir ko‘rinishlari bilan bog‘liq tadbirlarni ochiqdan-ochiq amalga oshirish o‘ta mardlik, shijoat va qat’iyatni talab qilar edi. Bu damlarni sanab va eslab o‘tishning o‘zi ham mustaqillikning ba’zilar o‘ylaganchalik oson qo‘lga kiritilmaganligidan dalolat beradi. Masalan, 1989 yilning 21 oktabrida o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Bu tarixiy voqeaning mohiyati shundaki, u faqat milliy ma’naviyatni tiklashga qaratilgan bo‘lib qolmay, o‘sha paytda mahalliy aholining asosiy qismini tashkil qilgan, mustaqillikka intilayotgan o‘zbeklarning siyosiy qarashlarini ham ifodalagan edi.

  1. yil 25 noyabrdagi O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining sessiyasi respublikaning o‘zini o‘zi boshqarishi va mablag‘ bilan ta’minlashi prinsipiga o‘tishi chora-tadbirlarini ishlab chiqish lozimligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. Chunki Markaz respublikaga nisbatan o‘z majburiyatlarini bajarmay qo‘ygan edi.

  2. yilning 24 martida O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining sessiyasi sobiq Ittifoqda birinchi bo‘lib respublikada Prezidentlik lavozimini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mustaqillikka erishish borasidagi kurashlarda jonbozlik ko‘rsatayotgan I. A. Karimov bir ovozdan ushbu lavozimga saylandi.

O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining 1990 yil 20 iyundagi sessiyasi «Mustaqillik deklaratsiyasi»ni qabul qildi. Unda O‘zbekiston SSR o‘zining ichki va tashqi siyosatini belgilashda tanho hokim bo‘lishi qayd etildi.
Oliy Kengash Prezidiumi 1991 yilning 22 iyulida «O‘zbekiston SSR hududida joylashgan Ittifoqqa bo‘ysunuvchi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarini O‘zbekiston SSRning huquqiy tobeligiga o‘tkazish to‘g‘risida» qaror qabul qildi.
Qabul qilingan qarorlar mustaqillikka erishish uchun qilingan harakatlar majmuasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lmasa ham, mustaqillik sari intilishning tasodifiy hodisa emasligini tasdiqlab turibdi.

  1. yilga kelib Markazning tazyiqidan qutulishga harakat sobiq Ittifoqda umumiy yo‘nalishga aylandi. Endi markaziy hokimiyat oldida bir qancha muammolar ko‘ndalang bo‘lib turardi. Bu muammolarni shartli ravishda o‘zaro bog‘liq uch guruhga bo‘lish mumkin:

  1. har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham markaziy hokimiyatning mavqeini mustahkamlash;

  2. mamlakatda muayyan tartib o‘rnatish va ijro intizomini kuchaytirish;

  1. milliy respublikalar bilan Markaz vakolatlarining chegarasini aniq belgilash orqali separatizmga chek qo‘yish.

Lekin bu muammolarning yechimini topishda markaziy hokimiyatning o‘zida birlikning yo‘qligi SSSRning tarqalib ketishini tezlashtirdi. Moskvadagi siyosiy kuchlarning vakillari ikkita qarama-qarshi guruhga bo‘linib ketdilar.
Prezident M. S. Gorbachevning o‘sha davrdagi muovini Yanayev boshchiligida birinchi guruh (o‘zining siyosiy bayonotida Favqulodda holat bo‘yicha davlat qo‘mitasi) GKCHP hokimiyatni o‘z qo‘liga olgani va mamlakatdagi vaziyatni quyidagi yo‘llar bilan o‘zgartirish rejasini e’lon qildi:

  • iqtisodiy faoliyatni uyushtirishda davlat mulkining mavqeini mustahkamlash va, umuman, ishlab chiqarish ustidan nazoratni kuchaytirish;

  • jamiyatda yetakchi mavqeini tobora yo‘qotib borayotgan KPSSning obro‘ini ko‘tarish;

  • jamiyatni boshqarishda sotsializmning ustun g‘oya ekanligini tan olish.

Yelsin boshchiligidagi ikkinchi guruh vakillari o‘zlarini demokratlar deb
atadilar. Bu siyosiy kuch quyidagicha talablar bilan Moskva ko‘chalariga chiqdi:

  • KPSSning jamiyatdagi rahbarlik o‘rniga barham berish;

  • mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va erkin iqtisodiy faoliyat uchun sharoit yaratish;

  • jamiyatni boshqarishda demokratik tamoyillarni qo‘llash uchun keng yo‘l ochish;

  • ittifoqdosh respublikalar, jumladan Rossiyaning mustaqilligini tan olish va h.k.

Har ikkala guruhning dunyoqarashi tahlil qilinganda, birinchisi jamiyatni o‘zini oqlamagan eski tuzumga qaytarishga harakat qilganligini, ikkinchisi kelajak, yangilanish, taraqqiyotga intilganligini ko‘rish mumkin. Tarix g‘ildiragini orqaga aylantirib bo‘lmaydi. Demokratiyaga intilayotgan Yelsin boshchiligidagi kuchlar bu siyosiy inqirozdan g‘alaba bilan chiqdilar.
Murakkab vaziyatda ham O‘zbekiston rahbariyati oqilona yo‘lni tutdi, ya’ni Markazdagi tortishuvlarga aralashmasdan respublikada barqarorlikni saqlab qolish, ichki va tashqi siyosatni mustahkamlash uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish yo‘lidan bordi.

  1. A. Karimov o‘sha davrdagi O‘zbekiston rahbariyatining harakatlari haqida shunday degan edi: «17-19 avgust kunlari men O‘zbekiston delegatsiyasi bilan Hindistonda edim. 19 avgustda u yerdan qaytib kelgach, shu kuniyoq rahbariyat a’zolarini, hukumat va parlament a’zolarini to‘plab, maxsus yig‘ilish o‘tkazdik. Yig‘ilishda men o‘z fikrimni aytdim. ...Mening bayonotim shunday bo‘ldi: O‘zbekistonga buning daxli yo‘q. O‘zbekiston o‘z yo‘lini, o‘ziga xos, o‘ziga mos taraqqiyot yo‘lini tanlab oldi, O‘zbekiston erkin bo‘ladi, deb uzil-kesil aytganmiz. Bu qarorni barcha viloyatlarda, barcha tumanlarda butun O‘zbekiston xalqi qo‘llab-quvvatladi»\

Shunday qilib, 19-21 avgustda yuz bergan siyosiy voqealar SSSRning tarqalib ketishi uchun muhim turtki bo‘ldi, deyish mumkin. Imperialistik


  1. Yüklə 1,22 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin