Kollektivlashtirish (qishloq xo‘jaligini jamoalashtirish) bolsheviklar iqtisodiy siyosatining fojiali ko‘rinishlaridan biridir. 30-yillarning boshlarida respublikamizda qishloq xo‘jaligini qayta tashkil qilish obyektiv zaruratmidi, degan savolga ijobiy javob bersa bo‘ladi. Chunki mayda dehqon xo‘jaliklari yangi agrotexnika, ilm-fan yutuqlarini keng qo‘llashga imkon bermasdi. Lekin qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini faqat kolxozlashtirish orqali isloh qilish zarurmidi? Yo‘q, albatta. Masalan, Amerika, Germaniya, Gollandiya va boshqa mamlakatlarda kolxozlar hech qachon bo‘lmagan, lekin ular qishloq xo‘jaligining taraqqiyot darajasi bo‘yicha jahonda birinchilar qatorida turadi. Demak, jamoalashtirish qishloq xo‘jaligini isloh qilishning yakkayu yagona yo‘li, deb bo‘lmaydi.
Ammo, balki jamoalashtirish Markaziy Osiyo xalqlarining turmush tarziga mos kelar? Xo‘sh, o‘sha kezlarda O‘zbekistonda mahalliy dehqonlar orasida kolxozga kirishni xohlovchilar bormidi? Bu savollarga ijobiy javob berish amri mahol, chunki 1929 yillarda xo‘jaliklarning taxminan 70 % o‘rtahol dehqonlarga tegishli bo‘lib, ularning har biri ega bo‘lgan yer maydoni o‘rtacha 10 gektar edi. Kambag‘al dehqonlar taxminan 28-29 % ni tashkil qilgan bo‘lib, ularning har birining ixtiyorida 3 gektarcha yer bor edi. Adolat nuqtai nazaridan tan olish kerakki, dehqonlarning bir qismi bu yerlarni sho‘rolar hokimiyatidan olgan edi. Boy va umuman yersiz dehqonlar esa 1,5-2 % ni tashkil qilgan1.
Nazarimizda, keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, hech bir dehqon ixtiyoriy ravishda yerini o‘zi uchun notanish bo‘lgan kolxozga topshirishga tayyor emas edi, chunki bolsheviklarning siyosati qanday iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi noma’lumligi dehqonlarni cho‘chitib turgan. 20-yillarda yuz bergan yerlarni tortib olish, mol-mulkni musodara qilish, bolsheviklarning xususiy mulkka salbiy munosabati dehqonlarning xotirasidan ko‘tarilmaganligi aniq. Demak, kolxozlarni ixtiyoriy ravishda tashkil qilish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi. Kommunistik partiya jamoalashtirishda aynan majburlash usulini qo‘lladi. U quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ldi:
1929 yil 10 dekabrda markaziy «Kolxozsentr» deb atalmish tashkilot (albatta, partiyaning topshirig‘i bilan) joylarga, jumladan O‘zbekistonga ham jamoalashtirishga doir ko‘rsatmalar jo‘natdi. Unga ko‘ra, uch oy davomida ot-ulovlar va sog‘in sigirlarning 100 %, qoramollarning - 80 %, qo‘y- echkilarning - 60 % kolxozlar ixtiyoriga o‘tkazilishi shart qilib belgilangan2. Kolxozlashtirishning o‘ta qisqa vaqtda o‘tkazilishi turli suiiste’molliklar, talon-tarojlar, asossiz moddiy yo‘qotishlarga olib keldi;
yerini, molini kolxozga o‘z ixtiyori bilan topshirmagan dehqonlarga nisbatan «quloq» qilish siyosati qo‘llanildi, ya’ni sovet hokimiyatining dushmani sifatida ularning mol-mulki musodara etilib, o‘zlari jinoiy javobgarlikka tortildilar, surgun qilindilar, o‘zga hududlarga ko‘chirib yuborildilar. Bu siyosat nafaqat boy dehqonlarga, balki asosan o‘rtahol, ba’zan esa kambag‘al dehqonlarga nisbatan ham qo‘llandi. Masalan, 1930 yilning o‘zida O‘zbekistonda 2648 ta o‘rtahol dehqon xo‘jaligi «quloq» sifatida tugatildi3. Bundan tashqari, bolsheviklar siyosatini qabul qilmaganlarga nisbatan siyosiy cheklashlar (saylov huquqidan mahrum etish, iqtisodiy majburlash, bir necha marta oshirilgan soliqlar, kredit bermaslik, yetishtirilgan mahsulotni eng past narxda sotib olish va boshq.) usullarini qo‘lladilar. Joylardagi haybarakallachi partiya va sovet organlarining rahbarlari soxta obro‘ orttirish harakatida bozor, machit, choyxonalarni yoptirdilar, hatto tovuqlar va ro‘zg‘or buyumlarini umumlashtirishga ham borib yetdilar;
ishchilar (to‘g‘rirog‘i sotsializm) manfaatini mutlaqlashtirgan bolsheviklar majburlashning yana bir antiqa usulini kashf qildilar. «25 mingchilar» harakatining qatnashchilaridan 437 nafari - Moskva, Leningrad, Ivanovo-Voznesensk ishchilari - O‘zbekistonga yuborilgan. Ularning aksariyati kolxozga rais, pravleniye a’zosi, partiya tashkilotining kotibi etib saylangan1. Umrida o‘zbek qishlog‘ini ko‘rmagan, mahalliy xalq turmush tarzini tushunmagan, paxtaning nima ekanligini bilmagan rus ishchisining kolxozga qanday rahbarlik qilishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas. Boz ustiga, uning ruhiyatiga o‘zbeklar qoloq, siyosiy ongi past, o‘zining manfaatini tushunmaydigan omi xalq, degan fikr singdirilganligini ham nazarda tutish kerak.
Xullas, jamoalashtirishda ham iqtisodiy zarurat emas, balki siyosiy maqsadlar birinchi o‘rinda bo‘ldi, ya’ni xususiy mulkka asoslangan dehqon xo‘jaligini tag-tomiri bilan yo‘q qilib tashlash muhim edi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini qayta tashkil qilish sobiq Ittifoqning paxta mustaqilligini ta’minlash bilan bog‘liq. Paxtachilikni rivojlantirishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qoralab bo‘lmaydi. Gap paxtachilik qanday maqsadlarda, nimaning evaziga, qanday usullar bilan rivojlantirilganligi va qanday oqibatlarga olib kelganligidadir. Bu borada ham o‘sha majburlash, samarasiz usullarni qo‘llash, iqtisodning o‘ziga xos rivojlanish qonuniyatlari bilan hisoblashmaslik yanada yorqinroq namoyon bo‘ldi. Masalan, birinchi besh yillikning oxiriga borganda (1934 y.) 1924 yilga nisbatan 8 martadan ortiqroq paxta yetishtirish rejalashtirildi. Tabiiyki, reja bajarilmadi, bajarilishi ham mumkin emas edi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligida nomutanosiblik vujudga keldi. G‘alla, bog‘dorchilik mahsulotlarining hajmi o‘rta hisobda 1,5 barobargacha kamaydi2.
Paxta yetishtirishni ko‘paytirish bilan bog‘liq harakatlardan yana bir misol. Uzunligi 270 km bo‘lgan Katta Farg‘ona kanali mislsiz og‘ir va qiyin sharoitda, faqat qo‘l kuchi, ketmon, belkurak, zambil vositasida 45 kunda qurib bitkazildi. Xalqqa nisbatan shunchalik jabr-zulm bilan bog‘liq tezkorlik, shoshma-shosharlik qanchalik zarur bo‘lganligini o‘ylab ko‘rish ham sovet davlatiga xiyonat hisoblangan.
Shu tariqa, 30-yillar oxiriga kelib, SSSRning iqtisodiy tizimi aniq bir shaklga ega bo‘ldi. Uning asosini quyidagilar tashkil etdi:
asosiy ishlab chiqarish vositalari davlat mulkiga, qolganlari jamoat mulkiga aylantirilib, davlat nazoratiga olindi;
markazlashgan boshqaruv, rejalashtirish va taqsimlash usuli mutlaqlashtirildi;
ishlab chiqarish iqtisodning rivoj lanish qonuniyatlariga emas, balki butun dunyoda sotsialistik tizimni o‘rnatishdek siyosiy g‘oyaga bo‘ysundirildi;
ishlab chiqarish vositalarini ishlab chiqarishga alohida ahamiyat berildi;
ittifoqdosh respublikalar iqtisodini tashkil qilishda mahalliy sharoit inkor etilib, unga markaziy boshqaruvning bir elementi sifatida qarab kelindi.
Ana shu tizim deyarli SSSR tarqalib ketgunga qadar ba’zi bir juz’iy o‘zgarishlar bilan saqlanib qoldi. Uning asosini tubdan isloh qilish masalasi biron marta kun tartibiga qo‘yilmadi, chunki bunday islohot sotsializm g‘oyasini inkor qilishga olib kelishi mumkin edi. Lekin, iqtisodiy tizim qandayligidan qat’i nazar, ishlab chiqarish rivojlandi, mehnatkashlarning turmush darajasi ham ko‘tarildi. Bu fikrni tasdiqlash uchun ba’zi dalillar keltirish ham mumkin. Masalan, rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, 19601985 yillarda O‘zbekistonning milliy daromadi - 4,3; sanoat ishlab chiqarishi
4,9; qishloq xo‘jalik mahsulotlarining hajmi - 2,3 marta oshdi1. Shu davrda respublika keng ko‘lamdagi qurilish maydoniga aylandi. Sirdaryo GRESi, Buxoro va Andijon to‘qimachilik kombinatlari, Namangandagi ipak va kostumbop gazmol ishlab chiqarish kombinati, Xivadagi gilam fabrikasi kabi yirik sanoat korxonalari ishga tushirildi, Chorvoq, Tuyamo‘yin va Qoradaryo suv omborlari yaratildi2.
Yuqoridagi raqamlarda bo‘rttirib ko‘rsatish, qo‘shib yozish elementlari mavjud bo‘lishi mumkin, lekin har holda, o‘sishni inkor etib bo‘lmaydi. Erishilgan natijalar, aslida, birinchi navbatda, bardoshli o‘zbek xalqining har qanday qiyinchiliklarga, yetishmovchiliklarga qaramay qilgan tinimsiz mehnatining mahsulidir. Bu natijalardan O‘zbekiston xalqi yetarli darajada naf ko‘rmadi. Fikrimizning tasdig‘i uchun quyidagi raqamlarga murojaat qilamiz: respublika ishchilari o‘rtacha oylik ish haqi bo‘yicha Ittifoqda 12- o‘rinni (15 tadan), kolxozchilarning maoshi bo‘yicha 15-o‘rinni, kishi boshiga o‘rtacha yillik daromad bo‘yicha 14-o‘rinni egallab turar edi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi har ming kishiga Ittifoqda 26 taga to‘g‘ri kelsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 43 tani tashkil qilardi. Qiyoslansa, o‘sha 1985 yilda bu ko‘rsatkich Finlyandiya va Yaponiyada - 6, AQSHda - 11 nafar bo‘lgan\
Fojia shundaki, vujudga kelgan ahvolni respublika o‘z xohish-irodasi bilan o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Markazlashgan rejalashtirish jarayonida respublikamizdagi demografik vaziyat hisobga olinmagan.
Respublikaning markazga qaramligi quyidagilarda namoyon bo‘ldi:
respublika hududida joylashgan sanoat korxonalari ishlab chiqaradigan mahsulotning faqat 7-10 % gina respublika ixtiyorida edi3;
yetishtirilgan mahsulotni qat’iy ravishda markazdan belgilangan narxda sotish tartibi qaror topdi. Masalan, bir tonna paxta yetishtirish uchun sarflanadigan mehnat g‘allanikidan 28 marta ortiq bo‘la turib, uning xarid narxi faqat 5 martagina qimmat edi. O‘zbekiston paxtasi davlatga jahon bozoridagidan o‘rtacha 5 marta arzon narxda sotilgan ;
respublikaning markazga qaramligini kuchaytirishda ishlab chiqarishni keng miqyosda ixtisoslashtirish usuli qo‘llandi. Respublika asosan xomashyo yetishtirishga ixtisoslashtirildi. O‘zbekiston Ittifoqdagi umumiy paxtaning taxminan 65 % ni yetishtirgan bo‘lsa, uning tolasidan respublikada ishlab chiqarilgan gazmol faqat 5,1 % ni tashkil qildi4. Bu ipak gazlamalarga ham tegishli edi. Ishlab chiqarishga bunday yondashish sanoatga ham to‘laligicha taalluqli. Paxta terish mashinalari, traktorlar, samolyotlar ishlab chiqaradigan korxonalarga butlov qismlari asosan Rossiya, Ukraina, Belorussiya va boshqa respublikalardan keltirilgan. Iqtisodiy qaramlikning bir qancha boshqa ko‘rinishlari ham bo‘lgan.
To‘g‘ri, iqtisodiy rivojlanish bo‘lgan, lekin unga aholining ortib borayotgan ehtiyojini qay darajada qondirganligiga, berayotgan samarasiga qarab umumiy baho berish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.
Birinchidan, erishilgan natijalar sho‘rolar davlatining, sotsialistik tuzumning mahsuli sifatida izohlangan, vaholanki, taraqqiyot kishilik jamiyatining umumiy qonuniyatidir. Ijtimoiy hayot inqirozlardan qat’i nazar, oxir-oqibatda yuksalish yo‘lidan boradi. O‘tgan davrda rivojlanish faqat sotsializm yo‘lidan borgan O‘zbekistondagina emas, balki o‘zgacha yo‘ldan borgan G‘arb va Sharq mamlakatlarida ham ro‘y bergan. Masalan, Yaponiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar erishgan yutuqlarning dong‘i butun dunyoga mashhur.
Ikkinchidan, ijtimoiy hayotda hamma narsa, jumladan yutuq ham, mag‘lubiyat ham, taraqqiyot ham, inqiroz ham nisbiydir. Faqat qiyoslash tufayli muayyan xolis natijalarga kelish mumkin. Aynan shu maqsadda sovetlar davrida O‘zbekiston erishgan natijalarni bo‘rttirib ko‘rsatish uchun respublika ko‘rsatkichlarini Afg‘oniston kabi qashshoq mamlakatlar bilan solishtirish an’anaga aylangan edi. Aslini olganda, sanab o‘tilgan rivojlangan davlatlar bilan qiyoslansa, O‘zbekistonning yutuqlari juda kam bo‘lib qolardi. Ushbu mamlakatlar nafaqat ishlab chiqarish samaradorligi, balki xalqining farovonlik darajasi bo‘yicha ham O‘zbekistondan ancha ilgarilab ketdilar.
Uchinchidan, mamlakatning taraqqiyoti faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan belgilanmaydi. Chunki ishlab chiqarilgan mahsulotning sifati past bo‘lsa, unga talab bo‘lmasa, u omborxonadan nariga ketmaydi. Natijada ishlab chiqarish bilan talab o‘rtasida nomutanosiblik kelib chiqadi. Masalan, SSSR cho‘yan, sement, poyafzal, paxta va boshqa bir qancha mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha AQSHdan o‘zib ketgan edi. Lekin ayni paytda qurilishda sement, turmushda paxtadan tayyorlangan gazlamalar, sifatli poyafzal, xalq iste’moli mollariga keti uzilmas navbatda turish davlat miqyosidagi an’anaga aylanib qolgan edi.
Xullas, sovet davrida O‘zbekistonning iqtisodiy ahvoli qanchalik nochor bo‘lganligi haqida ko‘plab boshqa dalillarni ham keltirish mumkin.
Ko‘pincha, sovet davriga moyillik bildiradiganlar 1970-1980 yillarni (ya’ni 75 yildan faqat 10 yilni), boshqacha aytganda, uning «yashnagan» vaqtini eslaydilar. Ammo, bu davrda ham respublikaning iqtisodiy rivojlanish darajasi rivojlangan mamlakatlar darajasidan anchagina past ekanligi haqida yuqorida so‘z yuritdik. To‘g‘ri, mazkur davr nisbatan to‘kinchilik davri edi. Lekin nima uchun umuman sovet davri emas, balki aynan uning «yashnagan» davriga qarab baholashimiz kerak. Bu davrdan tashqari davrlarda xalq yarim qashshoqlikda yashaganligini sovetparastlar eslagilari kelmaydi. Qolaversa, o‘sha sovet tuzumi 80-yillarning oxiriga kelib davlatni umumiy inqiroz vaziyatiga olib kelganligi obyektiv haqiqat ekanligi endilikda barchaga ma’lum.
Xullas, sho‘rolar iqtisodiy siyosati O‘zbekistonning boy imkoniyatlarini keng miqyosda ekspluatatsiya qilishga qaratilgan edi va samarasizligi tufayli inqirozga uchradi.
Madaniyat va ma’rifat sohasida amalga oshirilgan o‘zgarishlar xususida so‘z yuritishdan oldin 20-yillar oxiri va 30-yillarning boshlarida bu sohada yuzaga kelgan vaziyatni yana bir eslash zarur. Xo‘sh, bu boradagi ahvolni qanday baholash mumkin?
Sovet hokimiyati turli nayranglar bilan o‘zining siyosiy mavqeini mustahkamlab olgan bo‘lishiga qaramay, ma’naviy va madaniy sohada aholining bir butun, yakdil dunyoqarashini shakllantira olmadi.
Xalq ta’limi. Bu davrda maktab yoshidagi bolalarning faqat 16 % o‘qishga jalb qilingan, qishloq sharoitida esa bu ko‘rsatkich 10-12 % dan oshmagan. Ta’lim sifati to‘g‘risida so‘z yuritmasa ham bo‘ladi, chunki o‘quvchilar bir yil davomida 90-93 kun tahsil olganlar, xolos. Qolgan vaqtlarda qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinganlar. Maorifda muayyan bir tizim yetakchi o‘rinni egallab ulgurmagan edi. 1927 yilda o‘qishga jalb qilingan yoshlarning 3-4 % eski uslub maktablarida (diniy maktablar), 3035 % isloh qilingan maktablarda (jadid maktablari), 10-15 % sovet maktablarida bilim olganlar1. Demak, yoshlarning asosiy qismi savodsizlar bo‘lib chiqadi. Bunga ham ma’lum ma’noda bolsheviklarning ta’lim sohasidagi siyosati sababchi edi, desak xato bo‘lmaydi, chunki u qaror topgan eski tizimni sindirishga qaratilgan edi.
Milliy kadrlar. Hatto 1932 yilda ham boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi o‘qituvchilarning 72,5 % bor-yo‘g‘i boshlang‘ich ma’lumotga ega bo‘lgan. Pedagogika institutlarni (o‘sha vaqtda ular ikki yillik bo‘lib, ularning maqomi taxminan o‘rta maxsus o‘quv yurtlariga teng bo‘lgan) tugatgan o‘qituvchilarning bilimlari universitetga qabul qilish talablariga javob bermaganligi sababli ular rabfakning 1-2 kurslariga qabul qilinganlar . Pedagog kadrlarning yetishmasligi ham nisbiy ma’noda tushunilishi lozim, chunki madrasalarni bitirganlar maktablarda dars berishi mumkin bo‘lmagan.
1928 yilda respublikada faqat bitta oliy o‘quv yurti - SAGU mavjud bo‘lib (1917 yildan keyin barcha madrasalar yopib tashlangan), unda 4200 nafar talaba o‘qigan, ulardan 131 nafari, ya’ni 3,2 % mahalliy millatlarga mansub bo‘lgan.
Davlat idoralari va vazirliklarda faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy millat vakillari atigi 15 % ni tashkil qilgan2.