O‘zbekiston tarixi



Yüklə 1,22 Mb.
səhifə7/18
tarix19.09.2023
ölçüsü1,22 Mb.
#145327
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   18
Ўзбекистон тарихи-2005 академия

Siyosiy sohada chor Rossiyasi, birinchi navbatda, mahalliy aholini hududni boshqarishdan chetlatish, uni manqurtga aylantirishning choralarini ko‘rdi. Ana shu maqsadda boshqa mustabid davlatlardan farqli o‘laroq, armiyaning kuchiga asoslangan harbiy hamda fuqarolik boshqaruvi bir shaxs

  • general-gubernatorning qo‘lida birlashtirildi. Turkistondagi butun hokimiyat general-gubernator ixtiyorida bo‘lib, u harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, adliya masalalarini va hatto chet ellar bilan bo‘ladigan munosabatlarni ham mujassamlantirdiki, bu har qanday demokratiyani inkor qilib, mahalliy xalqni mutelikda saqlab turish, unga nisbatan har qanday, jumladan harbiy kuch ishlatish uchun ham imkon tug‘dirdi.

Barcha turdagi ma’muriy bo‘linmalar - oblast, uyezd, volost, uchastkalarga general-gubernator tayinlaydigan harbiylarning rahbarlik qilishi tartibi joriy etildi. Natijada, qishloq boshqaruvini hisobga olmaganda, mahalliy xalq boshqaruvdan umuman chetlatildi. Ushbu tartib podsho ma’muriyatining mahalliy xalqqa bo‘lgan salbiy munosabatini, uni mensimasligini bildirar edi. Chor Rossiyasi hukumatining mahalliy xalqqa munosabati Farg‘ona general- gubernatori P. Ivanovning «bir ming sart bir o‘rus soldati etigining poshnasiga arzimaydi»1 qabilidagi fikrida o‘z ifodasini topdi.
Chor Rossiyasi xalqaro miqyosda bosqinchi nomini olishdan cho‘chib, o‘z mavqeini qisman bo‘lsa-da saqlab qolish maqsadida, Buxoro va Xiva xonliklarining mustaqilligini rasman tan oldi. Amalda esa xonliklar to‘laligicha Rossiyaga qaram edi, chunki ular nafaqat o‘zga davlatlar bilan siyosiy va iqtisodiy aloqa o‘rnatishdan mahrum bo‘ldilar, balki o‘zlarining ichki siyosatidagi oz bo‘lsa-da e’tiborga molik masalalarda ham Rossiya bilan kelishishlari shart edi. Masalan, Qushbegi eski Buxoroda rus filmlarini ko‘rsatmaslik, «tansa» uyushtirmaslik masalasini hal qilishni Rossiyaning Buxorodagi vakilidan iltimos qiladi2.
Xonliklarga nafaqat chet davlatlar bilan munosabatlar o‘rnatish taqiqlab qo‘yildi, balki ular mustaqil davlat sifatida hattoki Rossiyaning o‘zi bilan aloqalar olib bormas edilar. Bu munosabatlar asosan Turkiston general - gubernatorligi, aniqrog‘i, uning Buxorodagi siyosiy agentligi va Xivadagi Amudaryo bo‘limi orqaligina amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan.
Bundan tashqari, xonliklarda bir qarashda taraqqiyparvarlik, insonparvarlikka yo‘yilishi mumkin bo‘lgan bir qancha tadbirlar ham Rossiyaning talabi bilan joriy qilindi. Ular jumlasiga, xususan, qullikni bekor qilish va avvallari muttasil davom etib kelgan xonliklar o‘rtasidagi urushlarni tugatish kiradi. Buning o‘z sabalari bor. Qulchilikni yo‘q qilish haqida Buxoro amirligi va Rossiya o‘rtasidagi shartnomada bu tadbir Rossiya imperiyasi podshohiga yoqish va imperatori a’zam janoblarining obro‘sini ko‘tarish uchun amalga oshirilganligi ochiqdan-ochiq qayd etilgan. Boshqacha aytganda, bu ish rus podshohining «adolatparvar» siyosatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan. To‘g‘ri, mazkur siyosat oqibatida bir necha ming qul ozodlikka chiqib, o‘z vatanlariga tarqab ketdi. Ammo chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati tufayli mahalliy xalq iqtisodiy huquqlaridan, milliy manfaatlaridan deyarli mahrum bo‘lib, yarim qulga aylanib, azob-uqubatlarining o‘n chandon oshib ketganligi mustamlakachilarni umuman bezovta qilmadi.
Xonliklarning o‘zaro urushlarini tugatishga kelsak, buning ham o‘z mantig‘i bor. Hudud notinch bo‘lsa, birinchi navbatda, Rossiyaning iqtisodiy manfaatlariga putur yetishi aniq edi. Ammo ayni paytda Rossiyaning mustamlakachilik siyosati milliy ozodlik kuchlarini harakatga keltirdi va qon to‘kilishi davom etdi. Bir urush ikkinchisi bilan almashtirildi.
Xullas, chor hukumatining siyosiy chora-tadbirlari, avvalo, mahalliy aholini boshqaruvdan chetlatish, uni mustabid davlat ma’muriyatining irodasiga so‘zsiz bo‘ysunuvchi manqurtga aylantirishga qaratildi.
Mustabid davlatning iqtisod borasidagi siyosati shundoq ham nochor ahvolda hayot kechirayotgan mehnatkash xalqning rus sarmoyadorlari va mahalliy mulkdorlar tomonidan ikki tomonlama ezilishinini kuchaytirdi. Quyidagilar bunga dalil bo‘la oladi:

  1. Rossiyadan O‘rta Osiyoga keltiriladigan va olib ketiladigan mahsulot va tovarlarning qiymati solishtirilsa, katta foyda mustabid davlat foydasiga hal bo‘lib, farqi deyarli 29 mln. rublni tashkil qilar edi1. Agar Rossiyadan, asosan, tayyor mahsulot olib kelinishi hisobga olinsa, bu nisbat yana ham ko‘proqni tashkil etadi;

  2. dehqonning rus kapitali bilan aloqasini bog‘laydigan sudxo‘rlik qishloqda tabaqalanish jarayonini tezlashtirdi. O‘z yerini, mol-mulkini garovga qo‘yib nasiyaga pul olgan ko‘pchilik dehqonlar qashshoqlasha boshladilar. 1912 yilga kelib paxtaning asosiy qismini yetishtiradigan Farg‘ona viloyatida yersizlar ulushi 30 foizga yetdi;

  3. Turkiston dehqonlaridan mustabid davlat hisobiga undiriladigan yer solig‘ining miqdori 1870-1880 yillarda ikki barobarga yaqin ko‘paydi. Undan tashqari, 1995-1910 yillarda o‘tkazilgan kadastrlash (xo‘jalik va oilalarni ro‘yxatga olish) natijasida sharoitga qarab soliq miqdori 0,7 dan 6 martagacha oshdi2;

  4. shahar aholisining ham ijtimoiy ahvoli yanada mushkullashdi, chunki Rossiyadan keltiriladigan arzon tovarlar hunarmandlarni xonavayron qildi. Ularning ko‘pchiligi shaharda ish topolmay qora ishchiga, batrak yoki chorikorga aylandilar. Sanoat korxonalarida ish vaqti 17-18 soat bo‘lib, mahalliy ishchilarning kunlik ish haqi ruslarnikidan deyarli ikki baravar kam edi3;

  5. qishloq xo‘jaligini bir tomonlama, ya’ni Rossiya sarmoyadorlarining manfaatiga moslashtirib, paxtachilikni kengaytirish hisobiga rivojlantirish mahalliy mehnatkashlarni og‘ir iqtisodiy ahvolga solib qo‘ydi. 1890-1915 yillarda paxta yetishtirish Turkistonda 73 marta ko‘paydi. Shu sababli g‘alla va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish kamayib, ularning bozordagi narxlari muttasil ko‘tarilib bordi. Masalan, 1890 yilning boshlarida mahalliy xalqning asosiy yemishi bo‘lgan bug‘doy unining bahosi 5 marta oshib ketdi4;

  6. bir qancha viloyatlarda sug‘oriladigan unumdor yerlar turli bahonalar bilan tortib olinib, kelgindi rus krestyanlariga bo‘lib berildi, ular yashaydigan alohida qishloqlar tashkil qilindi;

  7. mustabid davlat O‘rta Osiyoda qishloq xo‘jaligini yuritishning bor imkoniyatlaridan iloji boricha kengroq foydalanishga intildi, lekin bu tarmoqni takomillashtirish, ilg‘or texnologiyani qo‘llash chora-tadbirlarini ko‘rmadi, bu sohaga sarmoya sarflashdan manfaatdor bo‘lmadi, aksincha, dehqonlarni qaqshatqich ekspluatatsiya qilishga asoslangan eski feodal uslubni qurol qilib oldi. Umuman, Rossiya hukmron bo‘lgan davrda hududda bironta ham ko‘zga ko‘rinarli sug‘orish inshootlari qurilmadi;

  8. temir yo‘llarning qurilishi hududdagi xomashyo, yer usti va yer osti boyliklarini Rossiyaga tashib ketishni osonlashtirdi. Masalan, 1912 yilda Krasnovodsk va Toshkent orqali temir yo‘lda tashilib, Rossiyaga olib chiqib ketilgan tovarlar miqdori 1900 yildagiga nisbatan salkam 8 marta oshdi1. Axir buni mahalliy xalq rizqiga tushgan qurt deyish mumkin-ku. Albatta, bu borada O‘rta Osiyoga sanoat mahsulotlari temir yo‘l orqali keltirilishining ahamiyatini tan olish lozim. Ammo keltirilayotgan tovarlar sifat jihatidan jahon bozori talabiga javob bermaganligi uchun O‘rta Osiyodan boshqa joyda xarid qilinishi amrimahol edi;

  9. Rossiya sarmoyadorlari sanoatni rivojlantirishdan umuman manfaatdor bo‘lmaganlar. Temir yo‘l qurilishini hisobga olmaganda, 1913-1915 yillarda Turkistonga kiritilgan umumiy sarmoyaning faqat 15 % sanoatni rivojlantirish uchun sarflangan, uning asosiy qismi ham paxta tozalash va moy olishga ajratilgan. Sanoat mahsulotining 80 % paxtaga dastlabki ishlov berish bilan bog‘liq bo‘lgan\ Tabiiyki, bu iqtisodiyotdagi muvozanatning buzilishiga olib kelgan va hududning imperiyaga qaramligini kuchaytirgan.

Shu bilan birga, chor Rossiyasi mahalliy aholining ma’naviyatini yuksaltirmaslik, ijtimoiy faolligini oshirmaslik, uni o‘rta asrlar jaholatparastligi sharoitida saqlab turish choralarini ko‘rdi, Rossiya O‘rta Osiyo xalqlarini iloji boricha jahon taraqqiyoti va madaniyatidan chetda tutishga harakat qildi. Bu fikrni o‘sha davrda Turkistonni boshqarib turgan general-gubernator A. N. Kuropatkin ham tan oldi. U o‘z xotiralarida: «Biz 50 yil tub joy aholini taraqqiyotidan jilovladik, maktablar va rus hayotidan chetda tutdik»2, - degan edi. Aslida, Turkistondagi madrasalarda ta’lim usullarini yangilash, dunyoviy ilmlarni o‘rgatishga e’tiborni kuchaytirish, ta’limni Yevropa darajasiga yaqinlashtirish to‘g‘risida turli siyosiy kuchlar jiddiy takliflar kiritganlar. Ammo ularni amalga oshirishdan chor hukumati manfaatdor bo‘lmagan. Buning sababini quyidagi faktlar orqali tushuntirish mumkin, xolos: 1882 yilda Toshkentdagi o‘qituvchilar seminariyasi yig‘ilishida uning direktori N. Ostroumov shunday degan: «Agar biz taklif qilingan loyihani qabul etsak, shu choqqacha mudrab yotgan musulmon mutaassibligini uyg‘otib yuboramiz va bu bilan ko‘ksimizda ilon asragan bo‘lib chiqamiz. Shu sababli musulmonlarimiz maorifining asosida ularni ruslashtirish... islomni buzish... umuman, diniy jihatlarni buzish... yotmog‘i lozim»3. Shu maqsadda bo‘lsa kerak, rus-tuzem maktablari ochila boshlagan. Albatta, bu maktablar mahalliy xalqni ruslashtirishda asosiy o‘rin tutadi deb aytolmaymiz, chunki ko‘p millionli Turkiston aholisi uchun ochilgan 105 ta maktab4 (1911 yilda) daryodan tomchi edi.
Shu bilan birga, Turkiston harbiy ma’muriyati jadidchilar tashabbusi bilan paydo bo‘layotgan, mahalliy xalqning turmush tarziga, ma’naviyatiga mos keladigan yangi uslubdagi maktablarni yopish uchun barcha choralarni ko‘rdi.
Taraqqiyot bo‘lgan yoki bo‘lmaganligini baholashda yana bir axloqiy mezon ham bor va Rossiya Turkistonni bosib olganidan keyin O‘rta Osiyo xalqlari taraqqiyotga erishdi, deb faraz qilaylik.
U holda shunday savol tug‘iladi: rivojlangan davlat «qoloq» mamlakatni taraqqiyotga erishtirish uchun uni bosib olishi shartmidi? Bizningcha, bosib olish oqibatlarining progressiv ahamiyati to‘g‘risidagi xulosa axloqiy jihatdan ham noto‘g‘ri, chunki bu bilan biz bosqinchilikni, agressiyani oqlagan bo‘lamiz. Xalqlar har qanchalik «qoloq» bo‘lmasin, ularning turmush tarzini zo‘rlik bilan o‘zgartirishning oqibati yaxshi bo‘lishi mumkin emas. Bu na xalqaro huquq normalariga, na umuminsoniy qadriyatlarga to‘g‘ri keladi.
Masalaning axloqiy tomoniga tegishli yana bir jihat bor. Rossiya o‘z xohishi bilan bo‘lmasa ham, O‘rta Osiyo xalqlarini taraqqiyotga yetaklagan, ular tinchligi va osoyishtaligini ta’minlagan bo‘lsa, nima uchun mahalliy xalq o‘z manfaatini tushunmadi? So‘zsiz, u boshiga tushgan fojiani yaxshi tushunib yetdi va ozodlik uchun kurashdi.
Rossiyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi o‘z erkinligini, Vatan mustaqilligini saqlab qolish uchun kurashgan, jonini qurbon qilgan xalq farzandlarining xotirasi bugungi kunda hamma uchun muqaddas bo‘lishi kerak. Bu xotirani hech qanday mafkura bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi.
Shunday qilib, chor Rossiyasi mustamlakachilik siyosatining oqibatlarini quyidagicha ifodalash mumkin:
birinchidan, mahalliy xalqning siyosiy va fuqarolik huquqlari poymol etildi;
ikkinchidan, ishlab chiqarish bir tomonlama rivoj lanib, iqtisodiy muvozanat buzildi va mustabid davlatga qaramlik kuchaydi;
uchinchidan, mahalliy xalqning turmush darajasi pasayib ketdi; to‘rtinchidan, O‘rta Osiyo Rossiyaning xomashyo bazasiga aylantirildi; beshinchidan, mustamlaka hudud jahon taraqqiyoti va madaniyatidan chetda qoldi.

9-ma’ruza
TURKISTON XALQLARINING CHORIZM ISTIBDODIGA QARSHI MILLIY OZODLIK KURASHI.
JADIDCHILIK HARAKATI

  1. Turkiston xalqlarining chorizm istibdodiga qarshi milliy ozodlik harakatlari va ularning bosqichlari

Chor Rossiyasi harbiy yurishlariga qarshi harakatlar Turkiston bosib olinganidan keyin ham to‘xtamadi, balki kuchayib bordi. Rossiyaning mahalliy mehnatkashlarni ezish, xo‘rlash, iqtisodiy va siyosiy huquqlarini poymol etish, milliy va diniy e’tiqodlarini mensimaslik hisobiga mustabid davlatning qabih niyatlarini amalga oshirishga qaratilgan mustamlakachilik siyosati tub joy xalqlarining sabr kosasini to‘ldirib yubordi va ularning Rossiya istibdodiga qarshi chiqishlariga sababchi bo‘ldi.
Bizningcha, Rossiyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi xalq qo‘zg‘olonlarining to‘liq bo‘lmagan ro‘yxati quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
1875 yilda - Farg‘ona vodiysida Po‘latxon boshchiligidagi qo‘zg‘olon;

  1. yilda - Farg‘ona vodiysida Yetimxon boshchiligidagi qo‘zg‘olon;

  2. yilda - Farg‘ona qo‘zg‘oloni;

  3. yilda - Xo‘jand va O‘ratepa qo‘zg‘olonlari;

  1. yilda - Namangan va O‘sh qo‘zg‘olonlari;

  2. yilda - Chustdagi qo‘zg‘olon;

1885 yilda - Farg‘ona vodiysidagi bir qancha shahar va qishloqlarda bo‘lgan qo‘zg‘olonlar;

  1. yilda - Toshkentdagi «Vabo isyoni»;

  2. yilda - Namangan va Andijondagi qo‘zg‘olonlar;

1895-1897-yillarda - Farg‘ona vodiysining bir qancha shahar va qishloqlaridagi qo‘zg‘olonlar;
1898 yilda - Dukchi Eshon boshchiligidagi Andijon qo‘zg‘oloni;
1905-1907 yillarda - Farg‘ona vodiysining bir qancha shahar, qishloqlari va boshqa mintaqalardagi qo‘zg‘olonlar;
1916 yilda Turkistonning deyarli barcha viloyatlarida, ko‘pchilik shahar va qishloqlarida xalq qo‘zg‘olonlari bo‘lib o‘tdi.
Bu qo‘zg‘olonlar mahalliy xalqning o‘z ozodligi yo‘lidagi kurashining qamrovi va xususiyatlari haqida quyidagi fikrlarni bildirishga imkon beradi:

  • mahalliy xalqning ozodlik harakati Rossiya Turkistonda hukmronlik qilgan davrda deyarli to‘xtamagan;

  • qo‘zg‘olonlar Turkiston general-gubernatorligining barcha hududlariga tarqalib ketgan;

  • chor hukumati ma’muriyatining xalq harakatlarini bostirishga qaratilgan chora-tadbirlari ozodlik uchun bo‘lgan intilishni so‘ndira olmagan.

Buni bosqinchilarning o‘zlari ham tan olganlar. Xalq tarixi haqidagi manbalarda Turkiston general-gubernatori A. N. Kuropatkin: «Garchand
O‘rta Osiyoda ruslar yarim asrdan ko‘proq hukmdorlik qilayotgan bo‘lsa-da, ming afsuski, g‘ayritabaqalarni (mahalliy aholini. - E. A.) Rossiya imperatorining sodiq xizmatkoriga aylantira olmadi»1, - deb yozgan.
Har bir qo‘zg‘olon muayyan hududda yashaydigan aholining hayotida muhim o‘rin tutgan, ularning kelib chiqish sabablari, ishtirokchilari, oldiga qo‘ygan maqsadlari, yutuq va kamchiliklari bo‘yicha umumiy tomonlar va xususiyatlarga egadir. Bu, albatta, tabiiy hol.
Mahalliy mehnatkashlarni qaqshatqich ekspluatatsiya qilish natijasida ular turmush darajasining pasayib ketishi, siyosiy va milliy manfaatlarining inkor qilinishi hamda diniy e’tiqodlariga mensimaslik bilan qarashlarni qo‘zg‘olonlar kelib chiqishining sabablari deb hisoblash mumkin. Shu bilan birga, har bir qo‘zg‘olonning kelib chiqishiga turli bahonalar - soliq olishdagi suiiste’molchilik, saylovlardagi o‘zboshimchalik, diniy marosimlarni mensimaslik, yerlarni asossiz tortib olish, mardikorlikka majburlab jo‘natish turtki bo‘lgan. Bu o‘rinda sabab mustamlakachilik siyosatining mohiyatidan kelib chiqsa, bahona uning qo‘pol, haqoratomuz shakli bilan bog‘liq.
Biz ushbu ma’ruzada har bir xalq qo‘zg‘olonini batafsil tahlil qilish imkoniyatga ega emasmiz. Qolaversa, bu mutaxassis tarixchilarning vazifasiga kiradi. Shu bois, xalq xotirasida qoldirgan izi, qamrab olgan mintaqasining poyoni, ijtimoiy ongga ko‘rsatgan ta’siri, fojiali oqibatlari bilan alohida o‘rin egallagan Andijon (1898 yil) va Jizzax (1916 yil) qo‘zg‘olonlariga to‘xtalamiz. Ushbu qo‘zg‘olonlarda mustamlakachilik siyosatining eng qabih, razil, shafqatsiz jihatlari yorqin namoyon bo‘ldi.
Andijon (Farg‘ona deyilsa o‘rinli bo‘lardi, chunki u deyarli butun vodiyni larzaga keltirdi) qo‘zg‘oloniga mingtepalik Muhammad Ali xalfa Sobir so‘fi, oddiy qilib aytganda, Muhammadali eshon boshchilik qildi. Xo‘sh, Muhammadali eshon kim edi va u nima uchun «Andijon qo‘zg‘oloniga» rahbarlik qildi? O‘sha davrda eshon o‘z qishlog‘i Mingtepadagina emas, balki Andijon, Marg‘ilon, Qo‘qon va boshqa joylarda, jumladan qirg‘iz elatlarida ham eng e’tiborli, hurmatli inson edi. Bu hurmatning boisi nimada edi, degan savol tug‘iladi. Eshon o‘qimishli, islom dinining asosiy g‘oyalarini mukammal egallagan, Buxoro va Shahrisabzda o‘qib, Makka, Hindistonda piru ustodlardan ta’lim olgan shaxs edi. U iqtisodiy baquvvat xo‘jalikka ega bo‘lib, nazr-niyozlari hisobidan kambag‘allar, beva- bechoralarga g‘amxo‘rlik qilib kelgan. Eshonning 20 ming nafardan ortiq muridlari bo‘lgan va ular o‘z pirlarining xosiyatlarini tinimsiz targ‘ib qilib kelganlar. Olovsiz ovqat pishirishi, bashorat qilishi, ziyorat qiluvchilarning nima olib kelganligini ko‘rmasdan turib bilishi singari ba’zi xislatlari eshonni avliyolar qatoriga kiritishlarining sabablari bo‘lgan edi. Bundan tashqari, o‘sha davrdagi ulamolarning islom diniga e’tiqodi ruhoniylarga bo‘lgan hurmatlarida ham ifodalanar edi. Eshonning ana shu katta obro‘si uning qo‘zg‘olonga rahbarlik qilish darajasiga ko‘tarilishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shu o‘rinda nima uchun Muhammadali eshon qo‘zg‘olonga rahbarlik qilishga rozi bo‘ldi ekan, degan savol tug‘ilishi mumkin. Eshonning moddiy tarafdan kamchiligi bo‘lmagan, katta amal ham eshonga kerak bo‘lmagan, deb o‘ylaymiz. Shuning uchun qo‘zg‘olonga rahbarlikni o‘z gardaniga olishga shoshilmagan, sustkashlik qilgan, lekin oxir-oqibat bunga rozi bo‘lgan. Nazarimizda, buning quyidagi sabablari bo‘lgan:
birinchidan, uni bunga g‘ayridinlar zulmidan o‘z xalqini ozod qilishdek yuksak tuyg‘ular yetaklagan;
ikkinchidan, unga mustamlakachi ma’murlarning eshon faoliyatiga shubha bilan qarashlari tufayli yuzaga kelgan ruslarga qarshi adovat tinchlik bermagan;
uchinchidan, haddidan oshgan rus krestyanlarining bedodliklari ustidan mahalliy mehnatkashlarning shikoyatlari ko‘payib ketgan;
to‘rtinchidan, eshon o‘z tarafdorlarining ishonchini oqlamasa, halq e’tiboridan qolishi va moddiy zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan.
Eshonning zamondoshi Fozilbek Otabek o‘g‘li «Dukchi eshon voqeasi» kitobida qo‘zg‘olon boshlanib ketishining quyidagi sabablarini keltiradi:

  • ma’muriyat oq podshoning nomini xutbaga qo‘shib o‘qishga majburlaydi, Qur’ondan kofirlar to‘g‘risidagi ba’zi oyatlarni chiqarib tashlashga farmoyish qiladi;

  • pristavning qayerda bo‘lmasin o‘tganini beixtiyor ko‘rmay qolib o‘rnidan turmagan musulmonlar kaltaklandi, qamaldi;

  • qora qirg‘izlarning yerlari tortib olinib, rus dehqonlariga berildi, o‘zlari esa tog‘larga haydab yuborildi;

  • cho‘b, og‘iz, tuyoq puli kabi bir qancha jarimalar o‘ylab topilib, mehnatkashlarning mollari tortib olindi va h.k1.

Ushbu sharoitda mahalliy xalqning bardoshi poyoniga yetib, har qanday kichik voqea ham uning mustamlakachilarga qarshi jangga otlanishiga sabab bo‘lishi mumkin edi. Lekin eshon rus podshosiga qarshi chiqish ancha qiyin va murakkabligini, unga muayyan tayyorgarlik talab qilinishini tushungan. Shuning uchun u Farg‘onaning turli shaharlari va qishloqlari, jumladan Andijon, O‘sh, Marg‘ilon, Namangandagi eng nufuzli odamlarga maxfiy xatlar jo‘natib, milliy g‘azot vaqti yetib kelganligini ta’kidladi va birgalikdagi harakatga da’vat qildi. Ma’lum tayyorgarlikdan keyin 1898 yilning 17 mayida Mingtepadan (hozirgi Marhamat tumani) 200 nafar otliq, 300 nafar piyoda eshon boshchiligida Andijonga yurish boshlaydi. Qo‘zg‘olonchilar shahardagi harbiy garnizonga hujum qilib, 23 ta askarni o‘ldiradilar, 24 tasi yarador qilinib, 30 ta miltiq o‘lja olinadi.
Eshonning harakatini Quva, Asaka, Shahrixon, Aravan qishloqlari, O‘sh, Marg‘ilon, Namangan shaharlari aholisi quvvatlaydilar. Biroq tez orada o‘ziga kelgan chor hukumati ma’muriyati isyonchilardan qonli o‘ch oldi, ulardan 6 kishi dorga osildi, 374 kishi otildi, 351 kishi turli muddatlarga qamaldi, 15 kishi oilasi bilan Sibirga surgun qilindi. Bir qancha qishloqlar, jumladan eshonning qishlog‘i Mingtepa, isyonchilar chiqib ketgan bo‘lishiga qaramay, uch kun o‘qqa tutilib, yer bilan yakson qilindi; tekislanib rus dehqonlariga bo‘lib berildi; masjidlarni buzib, o‘rniga cherkov qurish haqida

farmon berildi.
Yuqorida zikr qilingan kitobda qo‘zg‘olondan keyingi vaziyat shunday tasvirlanadi: «O‘sha vaqtda kimligidan qat’i nazar oq to‘ppi kiygan bo‘lsa, istibdod soldatlari «Seniki eshon», deb tutub urar edi. Yoki salla o‘rab, soqol qo‘ygan kishi uchrasa, uni albatta Yikchi eshonning muridi gumon qilinib, tutib, so‘roqsiz qamar edi. Mingboshilarning dunyoparastligi qo‘zg‘olib, shaharda kimning joyi bo‘lsa, kechasi chaqirib borib: «Seni tutib beraman, eshonning hovlisiga borgan eding» deb siyosat qilib, bor-yo‘g‘ini olardilar. Poraxo‘rlik amaldorlar ichida nihoyat avj oldi»1.
Xo‘sh, qo‘zg‘olon g‘alaba bilan tugashi mumkinmidi? O‘sha sharoitda yo‘q. Biroq bundan xalq isyon qilmasligi kerak edi, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Qo‘zg‘olon ayrim shaxslarning irodasiga bog‘liq bo‘lmay, sabr kosasi to‘lgan xalqning tug‘yoni edi. Ammo qo‘zg‘olonga tayyorgarlik ko‘rish davrida va uning jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar, xoinliklar bo‘lmaganda, natija boshqacharoq ham bo‘lishi mumkin edi. Ular quyidagilardan iborat edi:

  • qo‘zg‘olonning eng mas’uliyatli, boshlang‘ich davrida xalqni ko‘tarishga qurbi yetadigan e’tiborli odamlar o‘z shaxsiy manfaatini ko‘zlab chetga chiqib oldilar;

  • asosiy kuchlar, ayniqsa, qirg‘izlarni bir yerga to‘plamasdan isyon boshlab yuborildi (oxirgi vaqtdagi izlanishlar bunda chor ma’muriyati maxsus xizmatining qo‘li borligini isbotlamoqda);

  • eshon boshlagan ishini oxiriga yetkazish o‘rniga kazarmaga hujum qiladi-yu, keyin Andijonni tashlab chiqib ketadi. Agar eshon o‘z odamlari bilan shaharda ertalab soat 8-10 largacha turganida edi, balki bundan xabar topgan va Rossiya hukumatining zulmidan bezor bo‘lgan shahar aholisi qo‘zg‘olonga qo‘shilib ketishi ehtimoldan xoli emas edi. Aslida, xalq eshonning harakatlaridan xabardor bo‘lganda vaqt o‘tgan edi;

  • agar eshonning yozishmalari chor ma’muriyati qo‘liga tushmay o‘z vaqtida ishonchli joyga yashirilganida yoki yo‘qotilganida, ko‘p odamlarning boshi omon qolar edi;

  • eshonni boylikka hirs qo‘ygan, vijdonini sotgan, xoin mahalliy amalparastlar tutib berdilar;

  • xalqimizning siyosiy ongi yetarli darajada shakllanmagan edi, islom dini esa millatni birlashtiruvchi mafkura vazifasini bajara olmadi, undan boshqa siyosiy kuch esa yo‘q edi.

Lekin sanab o‘tilgan kamchiliklar Andijon qo‘zg‘olonining siyosiy ahamiyatini sira kamaytira olmaydi.
Qo‘zg‘olonning mag‘lubiyatga uchrashi muqarrar edi. Ammo to‘kilgan qonlar zoye ketmadi: chorizm tuzumining xalqqa mutlaqo begona, qonxo‘r tuzum ekanligini namoyish etdi. Ikkinchidan, u taraqqiyparvar milliy ziyolilar va ruhoniylarning ko‘zini ochdi. Ular Vatanning istiqlolga erishishi uchun xalqni zamonaviy ijtimoiy bilimlar bilan qurollantirish va uni siyosiy jihatdan birlashtirish zarurligini tushunib yetdilar. Muhammadali eshon esa, barcha kamchiliklari va xatolaridan qat’i nazar, zulmga qarshi bosh ko‘targan

qahramon sifatida xalq xotirasida saqlanib qoladi.
Endi Jizzax qo‘zg‘oloniga to‘xtaladigan bo‘lsak, u 1916 yildagi Rossiya mustamlakachilik siyosatiga qarshi harakatning eng fojiali va o‘zining ommaviyligi jihatidan yuksak pog‘onasi edi. Bu xalq isyonlari Birinchi jahon urushining Turkistondagi fojiali oqibatlari tarzida ham namoyon bo‘ldi.
1914 yilda Birinchi jahon urushiga qo‘shilgan Rossiya o‘z imperialistik manfaatlarini ko‘zlab, u bilan bog‘liq muammolarini mustamlakalarining zimmasiga yuklashga harakat qildi. Buni Turkiston misolida ko‘rish mumkin.
Urush tufayli yuzaga kelgan muammolar quyidagilar edi:

  • hukumat tomonidan paxta tolasining xarid narxi 20 % kamaytirilgan miqdorda belgilandi. Bu choradan, birinchi navbatda, may da va o‘rtahol mahalliy mehnatkashlar ziyon ko‘rdilar;

  • Turkistonga uning ehtiyojiga qaraganda bir necha marta kam g‘alla olib kelindi. Natijada g‘allaning narxi 4 barobar oshib ketdi;

  • turli soliqlar yig‘indisining 21 % miqdorida yangi harbiy soliq joriy qilindi;

  • urush ehtiyojlari uchun 70 mingta ot, 13 mingta tuya va boshqa turli- tuman mahsulotlar olib ketildi;

  • podshoning mahalliy xalqni frontorti ishlariga jalb qilish haqidagi 1916 yil 25 iyundagi farmoni turkistonliklarning toqatini toq qilib yubordi. Farmonga ko‘ra, Turkistondan 19-31 yoshdagi 250 ming nafar erkak mardikorlikka olinishi lozim edi. Turkiston general-gubernatorining mahalliy millat vakillariga o‘z o‘rniga boshqa odamni yollab mardikorlikka jo‘natishga ruxsat berishi boylar, amaldorlarning turli suiiste’molliklariga keng yo‘l ochib berdi1. Bu mehnatkashlarning shusiz ham og‘ir bo‘lgan ahvolini mushkullashtirib yubordi, ularning chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatiga qarshi qo‘zg‘alishiga turtki bo‘ldi.

1916 yil iyulining boshlarida Turkiston o‘lkasining turli viloyat, shahar va qishloqlarida mardikorlikka olishga qarshi xalq qo‘zg‘olonlari boshlanib ketdi. Jizzax qo‘zg‘oloni ularning eng shiddatlilaridan edi. Qo‘zg‘olonga Jizzaxning eng e’tiborli kishilaridan Nazirxo‘ja Abdusalomov, o‘z davrining o‘qimishli kishilaridan bo‘lgan va ikki marta hajga borib kelgan Ziyoqori Abdullayev, shaharning taniqli oqsoqollaridan bo‘lgan Muhammadrahim Abdurahmonovlar rahbarlik qiladilar. Qo‘zg‘olonchilar nafaqat yon atrofdagi qishloqlar, balki Toshkent va Samarqanddagi mehnatkashlar bilan ham aloqa bog‘ladilar, ularning ham o‘z harakatlarini qo‘llab-quvvatlashlarini kutdilar. Qonli to‘qnashuv 13 iyulda boshlanib, 8 kun davom etdi.
Qo‘zg‘olonning qanchalik avj olgangi va kuchga ega bo‘lgani, bundan chor ma’muriyatining sarosimaga tushib qolganligini isyonni bostirishga jalb qilingan harbiy kuchlarning salohiyatidan ham bilish mumkin. Jizzax qo‘zg‘olonini bostirish uchun Toshkentdan bir rota, sapyorlar vzvodi, to‘rt to‘pli batareya; Samarqanddan bir rotadan iborat maxsus jazo otradi, 90 kishilik maxsus ofitserlar rotasi; Orenburgdan 100 kishilik kazaklar jazo otradi; yana Toshkentdan polkovnik Ivanov boshchiligida 12 ta rota, 6 ta to‘p, 3 ta kazak otradi, maxsus sapyorlar rotasidan iborat jazo otradi yuboriladi. Endi shu darajada qurollangan, g‘alayonlarni bostirishda tajriba orttirgan harbiylarning hujumiga bardosh berib, barobar olishgan xalq g‘azabi qay darajaga ekanligini ko‘z oldingizga keltiring. Afsuski, kuchlar nisbati teng emas edi, to‘plar va pulemyotlarning xususiyatlariga qarshi turish og‘ir bo‘ldi.
Jazo otradi shaharda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni shafqatsiz bostirdi. Harbiylar eski Jizzaxni to‘pga tutib, unga o‘t qo‘yib, kultepaga aylantirdilar. Jazo otradi xalqni Qili va Uchtepa cho‘liga haydadi, qochganlarga quvib yetib, qanchadan-qancha gunohsiz kishilarni o‘ldirdi. Isyonchilardan qonli o‘ch olindi.
Qo‘zg‘olonchilar zudlik bilan sud qilinib, 32 nafar kishi osib o‘ldirishga, ko‘pchiligi Sibirga surgun qilishga hukm qilindi. 1640 nafar qo‘zg‘olonchining 2000 desyatina yeri tortib olinib, rus millatiga mansub odamlarga bo‘lib berildi1. Shu tariqa Jizzax qo‘zg‘oloni fojiali yakunlandi.
Umuman, 1916 yil mardikorlikka olish tufayli boshlangan qo‘zg‘olonlar qatnashchilarining 3 mingdan ortiqrog‘i javobgarlikka tortildi, chunonchi 347 kishiga o‘lim jazosi belgilandi, hammasi bo‘lib 872 kishi jinoiy jazoga tortildi2. Shunday qilib, butun Turkistonni larzaga solgan qo‘zg‘olonlar mag‘lubiyatlar bilan tugadi.
Mustamlakachilik davrida ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlar mag‘lubiyatining umumiy sabablari bor. Qo‘zg‘olonlar tashkiliy jihatdan bo‘sh tayyorlangan edi. O‘sha sharoitda boshqacha bo‘lishi mumkin ham bo‘lmagan, chunki nafaqat Turkiston miqyosida, hatto viloyat darajasida ham qo‘zg‘olonchilarga boshchilik qiladigan, ularni birlashtiradigan bironta siyosiy kuch bo‘lmagan. Jadidlar hatto 1916 yilda ham hali siyosiy partiya darajasiga ko‘tarilmagan, Turkistonni Rossiya tasarrufidan chiqarish va mustaqil davlat tuzish to‘g‘risidagi muammolarni o‘z dasturiga kiritmagan edilar.
Deyarli hamma qo‘zg‘olonlar mahalliy ahamiyatga ega edi. Xalqning ko‘tarilishiga muayyan qishloq, tuman bilan bog‘liq muammolar turtki bo‘ldi. Ko‘p dehqonlar o‘z oilasi, yer-mulkini tashlab ketolmadilar va milliy manfaatlarini himoya qilish darajasiga ko‘tarila olmadilar.
Qo‘zg‘olonlarning mag‘lubiyatiga, ko‘pincha, o‘zining shaxsiy manfaatidan bir qadam narini ko‘rolmagan, milliy g‘ururdan mutlaqo bexabar ayrim mahalliy amaldor va mulkdorlarning xoinligi ham sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Turkiston xalqining yagona millat sifatida shakllanmaganligi ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Islom g‘oyasi xalqni birlashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qilmadi. Xurofot botqog‘iga botgan ko‘pchilik ruhoniylar xalqning ko‘zini ochish, uni taraqqiyotga yetaklashdan manfaatdor bo‘lmadilar.
Qo‘zg‘olonlar mag‘lubiyatga uchragani bilan ularning ijtimoiy hayotga ta’siri izsiz ketmadi: xalqning siyosiy ongi o‘sdi, haddidan oshgan mahalliy amaldorlar va chor ma’muriyatining vakillari jazolandilar, hukumat oz bo‘lsa-da, yon bosishga majbur bo‘ldi. Masalan, murosasiz kurashlar bilan o‘tgan 1916 yildagi qo‘zg‘olonlar chor hukumati ma’muriyatini tahlikaga solib qo‘ydi. Mardikorlikka olish bo‘yicha ilgarigi mo‘ljal 50 ming kishiga kamaytirilib, 200 ming kishi qilib belgilandi, ammo jalb qilish muddati uzaytirildi. Podsho mardikorlikka olish siyosati shoshma-shosharlik bilan va puxta o‘ylanmay hayotga tatbiq qilinganligini tan oldi. Amalda esa faqat 123 ming mardikor jalb qilindi3.
Shunday qilib, milliy ozodlik harakatlari qanchalik qaqshatqich ravishda bostirilmasin, xalqdagi ozodlikka intilish tuyg‘usini so‘ndira olmadi, aksincha, u o‘zligini angladi, ozodlikka erishish g‘oyasi atrofida jipslashdi.

  1. O‘rta Osiyoda jadidchilik harakatining vujudga kelishi va taraqqiyoti (1917 yilgacha)

  1. asrning oxirlariga kelib Turkistonda fojiali tanglik namoyon bo‘la boshladi. Mintaqaning boy yer osti boyliklari, son-sanoqsiz mollarni boqishga imkon beradigan vodiylari, keng sug‘orish tarmoqlariga ega va yetarli darajada g‘alla, sholi, sabzavot, meva-cheva yetishtirish mumkin bo‘lgan dehqonchilik salohiyatidan o‘ta tartibsizlik va uquvsizlik bilan foydalanildi. Boz ustiga, paxtachilik sekin-asta tub xalqlarni qullikka solish vositasi vazifasini bajara boshladi. Rossiyadan kirib kelayotgan arzon mollar mahalliy hunarmandlarni inqirozga uchratdi. Mahalliy xalqning turmush darajasi tobora pasayib bordi. Xalqning o‘z haq-huquqlarini talab qilib chiqishlari muvaffaqiyatsiz tugadi va xunrezlik bilan bostirildi.

Vujudga kelgan fojiali sharoit ayni paytda millatning adolatparvar, xalqparvar, ma’rifatparvar, vijdonli ziyolilariyu ulamolarini tashvishga solmasdan, o‘ylantirmasdan qolmasdi. Ular inqirozning sabablarini tahlil qilib, jarayon shu qabilda davom etishi mumkin emasligi, mavjud tuzumni o‘zgartirish kerakligini sekin-asta tushunib yeta boshladilar. Mamlakatda mustamlakachi hokimiyat, sotqin mahalliy amaldorlar va, umuman, mavjud ijtimoiy tuzumga qarshi norozilik harakatlari uzluksiz sodir bo‘lib turdi.
Bu harakatlarni shartli ravishda uch toifaga bo‘lish mumkin: birinchisi - millatning vijdoni bo‘lgan, o‘z asarlarida real vaziyatni, jamiyatning kamchiliklarini ochib berib, kishilarni taraqqiyotga xizmat qilishga chaqirgan, ijodkor shoir va yozuvchilar harakati;
ikkinchisi - mahalliy aholini taraqqiyotga erishish g‘oyasi asosida birlashgan, ammo qattiq intizomga ega bo‘lmagan jadidlar va ularning xayrixohlari harakati;
uchinchisi - mavjud tuzumni inqilobiy yo‘l bilan o‘zgartirishni, ya’ni hokimiyatni qurol kuchi bilan qo‘lga maqsad dastur qilib olgan sotsial- demokratlar va boshqa rusiyzabon kishilar tashkilotlarining harakati.
Endi har bir ijtimoiy harakatning jamiyatni o‘zgartirish jarayoniga qo‘shgan hissasi haqida to‘xtalamiz.
Ma’lumki, o‘sha davrda Turkiston aholisining 95 % ni mahalliy aholi vakillari tashkil qilar edi. Ularning ijtimoiy ongini o‘stirish, o‘zligini anglash, ozodlikka, o‘z haq-huquqini muhofaza qilishga targ‘ib qilishda, shuningdek demokratik qarashlarni shakllantirishda xalqimizning Ahmad Donish, Berdimurod Qarg‘aboy o‘g‘li (Berdaq), Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li Muqimiy, Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat, Avaz O‘tar, Ubaydulla Solih Zavqiy kabi asl farzandlarining hissasi beqiyosdir.
Ijod ahli o‘zlarining qalb tubidan jo‘sh urib chiqqan alamli satrlari bilan ikki tomonlama ezilgan mahalliy xalqni g‘aflat uyqusidan uyg‘otishga harakat qildilar. Shu o‘rinda o‘z zamonasining illatlarini qalb nidosi orqali ifodalagan Avaz O‘tarning she’ridan bir parcha keltiramiz:
Yo‘qjahon mulkida bizdek ojizu bechoraxalq,
Zulm tig‘i birla bo‘lgan bag‘riyuz mingpora xalq.
...Ne alarda bor durur ilmu adolatdan asar,
Ne ajabkim, topmasa dog‘i diliga choraxalq.
Yetgan ofatni boshiga doimo taqdir deb,
Hasratu armon bilan ketgusi bora-bora xalq.
Bo‘lmayin onlarda hech millat, Vatanni saqlamoq,
Bo‘ldi qurbon bu sababdan doimo ag‘yoraxalq.
Xalqi olamni bari aylar taraqqi kun-bakun,
Biz tanazzul aylabon qoldiq, edik ne qora xalq1.
Alam bilan bitilgan shu kabi misralarni boshqa shoirlar ijodidan ham ko‘plab keltirish mumkin. Ularning ijodi o‘sha davrda hukmron bo‘lgan diniy mistitsizm bilan bog‘liq yo‘nalishdan hayotni haqqoniy aks ettirishi, ijtimoiy hayotni erkinlashtirishga qaratilganligi bilan ajralib turadi. Demokrat shoirlarning asarlarida aks etgan yangicha dunyoqarashning mohiyatini umumlashtirilgan tarzda quyidagicha ifodalash mumkin:

  • adabiyotga hayotiy, haqqoniy nuqtai nazardan yondashish, ijodiyotni mehnatkash xalq manfaatiga xizmat qildirish;

  • mamlakatda muayyan tartib o‘rnatish va taraqqiyotga yuz tutish uchun islohotlar o‘tkazishga undash;

  • xalq ongini mutaassiblik, jaholat va xurofotdan xalos qilish uchun uni ma’rifatli qilish;

  • boy mulkdorlar bilan kambag‘allarning turmush darajasidagi tafovutni qisqartirish chora-tadbirlarini belgilash;

  • nodon xonlar va beklarning o‘zaro talon-taroj urushlariga, qirg‘inlarga barham berishga chaqirish;

  • Rossiya va Yevropaning ilg‘or madaniyatini o‘rganish va taraqqiyotga intilishda undan foydalanish.

Demokrat shoirlarning xalq oldidagi xizmatlarini tan olish bilan birga, masalaning boshqa tomonini ham unutmaslik kerak. Ijoddagi bu yo‘nalish hukmron darajaga ko‘tarilmadi. Buning bir necha sabablari bo‘lgan. Masalan, demokrat shoirlarning asarlarini targ‘ib qiladigan ommaviy matbuotning o‘zi bo‘lmagan, mahalliy mehnatkashlarning aksariyat qismi savodsiz bo‘lganligi tufayli taraqqiyotdan orqada qolgan. Ilg‘or g‘oyalar esa
ommaga tushunarsiz bo‘lgan.
Yaqin kunlargacha demokrat shoirlarning ijodini o‘rganishda bir tomonlamalikka yo‘l qo‘yilardi. Ularning chop etilayotgan asarlari maxsus prinsip asosida tanlab olinar, ya’ni o‘tmishni qoralaydigan, hukmdorlarni - ahmoq, ruhoniylarni xurofotga berilgan qilib ko‘rsatadigan, boylarning ochko‘zligini «fosh qiladigan»larigina terib olinardi. Bunda ularning islom diniga e’tiqodi, kelajakka umid bilan qarashi, insof va adolatga chaqiruvchi asarlari iloji boricha chetlab o‘tilardi. Shu bilan birga, bu davrda yashab o‘tgan ziyolilar va ijodkorlar go‘yoki dunyoqarashi cheklanganligi, ya’ni baxtiyor, ozod hayotga faqat sinfiy, inqilobiy kurash orqali erishish mumkinligini tushunmaganligi uchun tanqid qilinardi. Ammo ijtimoiy ong jamiyatning taraqqiyot darajasiga mos kelishini inobatga olsak, shoirlarga bu tariqa ayb qo‘yish to‘g‘ri emas. Undan tashqari, sabr-toqatlilik, bardoshlilikni targ‘ib qiluvchi islom diniga e’tiqod qilgan insondan turmush tarzini inqilobiy yo‘l bilan o‘zgartirish haqidagi fikrni kutishning o‘zi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Mahalliy xalqning siyosiy ongini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etgan ijtimoiy harakat jadidchilik edi. Ushbu harakatning tadrijiy rivojlanishi murakkab o‘tdi, shuning uchun unga beriladigan baho ham turlicha. Oddiy ma’rifatchilikdan boshlangan jadidchilik harakati 1917 yilga kelib siyosiy partiya darajasiga ko‘tarildi. Orada esa jadidlar bir-birini inkor etuvchi bir qancha guruhlarga: radikallar va qadimiychilar, kapitalistik taraqqiyot va sotsialistik inqilob tarafdorlari kabi turli oqimlarga bo‘linib turdilar. Bugungi kunga kelib ularning faoliyatiga xolisona baho berishning imkoni tug‘ildi.
Xo‘sh, jadidlar kimlar edi? XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida mahalliy xalq ziyolilari mavjud imkoniyatlardan foydalanib, Rossiya, Turkiy a, Germaniya kabi taraqqiy etgan Yevropa mamlakatlariga tez-tez safar qilib turdilar. Safar davomida musulmon ziyolilari u yerlardagi yuksak rivojlangan sanoat, madaniyat bilan tanishdilar va bu yutuqlarning mohiyati kapitalistik ishlab chiqarish, yangicha ta’lim tizimi, ya’ni dunyoviy bilimlarga asosiy e’tibor berilayotganligi bilan bog‘liqligini ko‘rdilar. Ikkinchi tomondan, bu ziyolilar asosan diniy aqidalarni o‘rganishga asoslangan maorif tizimini o‘zgartirmay turib mahalliy xalqni ma’rifatli qilish, uning siyosiy ongini oshirish, erkinlikka olib chiqish mumkin emasligini tushunib yetdilar.
Bunday ziyolilar keyinchalik o‘zlarini jadidlar deb atay boshladilar. «Jadid» arabcha so‘z bo‘lib, yangi uslub, yangicha tafakkur degan ma’nolarni bildiradi.
Jadidchilikka qrimlik Ismoilbey G‘asprali (Gasprinskiy) asos solgan hisoblanadi. Ismoilbey Rossiyaning bir qancha markaziy shaharlari, Istambul, Vena, Myunxen, Shtutgardtda ta’lim-tarbiya oladi, Fransiyaning Sorbonna uni vers itetida o‘qiydi. Shubhasiz, taraqqiyot bobida nafaqat musulmon sharqidan, hatto Rossiyadan ham ancha ilgarilab ketgan Yevropa Ismoilbeyning dunyoqarashini o‘zgartirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatmay qolmasdi.
Ismoilbeyning asosiy g‘oyalari uning 1881 yilda chop etilgan «Rossiya musulmonlari» kitobida o‘z ifodasini topdi. Ularning mohiyatini quyidagilar tashkil qiladi:

  • Rossiya ma’muriyati musulmonlarni atayin taraqqiyotdan, ilm- ma’rifatdan uzoqda tutayotganligini, musulmonlarning tili, dini, turmush tarzini buzayotganligini tan olish;

  • musulmonlarning hayotini rus tili emas, balki anglash oson, eng ta’sirchan va tushunarli bo‘lgan ona tilida o‘zlashtiriladigan ilm-fangina o‘zgartirishi mumkinligini, musulmonlar ta’lim tizimi zamon talabidan orqada qolganligini ta’kidlash;

  • musulmonlarning Rossiyani, uning hayotini va qonunlarini o‘rganishlari, tor dunyoqarashlarini yangilashlari, hayotni jonlantiruvchi bilimga ega bo‘lishlari uchun imkon yaratish lozimligini uqtirish;

  • Rossiya tarkibida yashamoqchi bo‘lgan turkiy xalqlarning amaldagi teng huquqliligini ta’minlash uchun ularning turmush tarzi, urf-odatlari, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini saqlab qolish kerakligini, aks holda, u o‘zligini yo‘qotishi mumkinligini ta’kidlash;

  • taraqqiyotga, madaniy atga erishish, adolat o‘rnatish uchun jahondagi tartibni buzishga, sotsialistik inqilobga hojat yo‘qligini, aks holda, katta qiyinchiliklarga duch kelinishini anglash1.

Agar Ismoilbey G‘asprali g‘oyalarining mohiyatiga nazar tashlasak, ularning, ayniqsa, dastlabki davrda Rossiyaning ruslashtirish siyosatiga qarshi qaratilganligi, yuksak taraqqiyotga milliylikni saqlagan holda erishishga chaqirishi sezilib turishini ko‘ramiz.
Ismoilbey Faspralining O‘rta Osiyoda jadidchilik g‘oyalarini tarqatishdagi xizmatlarini tan olamiz. Ammo ayni paytda o‘zbek ziyolilarining ham bu boradagi harakatlari munosib baholanishi kerak, deb hisoblaymiz. Ularning ko‘pchiligi jadidchilik g‘oyalariga o‘z yo‘li bilan mustaqil ravishda yetib kelganlar. Bugungi kunda Turkiston jadidlarining rahnomasi, asli samarqandlik Mahmudxo‘ja Behbudiy, toshkentlik Munavvarqori Abdurashidxonov va buxorolik Abdurauf Fitratning taraqqiyparvarlik harakatiga asos solganliklari, unga rahbarlik qilganliklari hammaga ma’lum. Shu bois, biz, ularning xizmatlariga batafsil to‘xtalmay, Buxoroning ko‘pchilik uchun tanish bo‘lmagan 12 nafar ulamosidan biri domla Ikromning bu boradagi faoliyati haqida qisqacha ma’lumot beramiz.
Domla Ikrom XIX asrning oxirlarida Makkaga qilgan safari davomida Yaqin Sharqning bir qancha mamlakatlarida, jumladan Turkiyada ham bo‘lib, u yerlardagi ta’lim tizimi bilan tanishadi. Qaytganidan so‘ng, hayotini islomni mutaassiblik va aqidaparastlikdan xalos etish, ta’lim tizimini isloh qilish, dars jadvaliga dunyoviy bilimlarni kiritishga bag‘ishlaydi. U amir, mufti, qozi va ulamolarning noto‘g‘ri siyosatini tanqid qiladi. Domla Ikrom o‘zining jadid maktablari, umuman, Buxorodagi xalq ta’limi tizimiga oid izlanishlarining natijalari va fikr-mulohazalarini umumlashtirib, bir risola yozadi, uni chop ettirib, xalq orasida tarqatadi. Risolaning birinchi qismida jamiyatdagi umumiy kamchiliklar oshkora tanqid qilinadi, ikkinchi qismida hokimlar, qozilar, ulamolarning kirdikorlari ochib tashlanadi, so‘ngida esa xalq ta’limini isloh qilish yuzasidan ilgari surilayotgan g‘oyalar shariat qoidalariga ko‘ra asoslanadi2.
Biz bu o‘rinda ikki narsaga e’tibor qaratmoqchimiz: birinchisi - jadidchilik harakatining O‘rta Osiyo ijtimoiy hayotidagi ichki obyektiv zarurat tufayli yuzaga kelganligi; ikkinchisi - uning boshida islom diniga shunchaki aqida emas, balki kishilik jamiyatini takomillashtiruvchi omil sifatida yondashuvchi ziyolilarning turganligi.
Jadidchilik harakatining ijtimoiy asosini taraqqiyparvar ziyolilar, ruhoniylar, mulkdorlar va hunarmandlar tashkil qildi. Bu harakat o‘zining rivojlanishi jarayonida tashkiliy va g‘oyaviy jihatdan murakkab bosqichlarni bosib o‘tdi.
Birinchi bosqichga shartli ravishda XX asr boshlaridan to 1910-1914 yillargacha bo‘lgan davrni kiritish mumkin. Bu bosqichni jadidlarning tashkiliy va g‘oyaviy jihatdan shakllanishi davri, desak bo‘ladi.
Bunda hali uyushmagan jadidlar zamonaviy taraqqiyot talablariga javob bermaydigan xalq ta’limi tizimini isloh qilish, islom ta’limotini aqidaparastlikdan mosuvo etishdan iborat oddiy ma’rifiy va madaniy ishlarni maqsad qilib qo‘yadilar. Chunki ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy sohalarda mutaassiblik, johillik, xurofotning hukmronligi, o‘quv uslubining o‘ta ibtidoiy va qoloqligi, aniq maqsadlar aks etgan dasturlarning yo‘qligi maktab va madrasalarda ta’limga e’tibor berilmayotganligining sababi edi. Shu bilan birga, o‘quv muassasalarining rasman ruhoniylar ixtiyorida bo‘lganligi va ularning ko‘pchiligi o‘ta mutaassibligi ta’lim tizimini isloh qilishga, islom ta’limotining o‘zini qotib qolgan aqidaparastlikdan xalos qilishga imkon bermas edi.
Belgilangan maqsadni quyidagi vazifalarni bajarish orqali amalga oshirish rejalashtirildi:

  1. ta’lim usullarini o‘zgartirish, ya’ni qo‘llanib kelayotgan va samarasiz «harfdan - tovushga» qoidasini qulayroq «tovushdan - harfga» o‘tish usuli bilan almashtirish hamda o‘quv rejalarida dunyoviy bilimlarning yetakchi o‘rin egallashini ta’minlash;

  2. yoshlar tarbiyasida va aholining ma’naviyatini shakllantirishda islom ta’limotiga asoslanish; ammo uning turli sharhlarini o‘rganish emas, balki Qur’oni karim, hadislar va shariat normalarini asl manbalar asosida tahlil qilish; ulardagi qoidalarga ko‘r-ko‘rona amal qilish o‘rniga ularni inson manfaati va taraqqiyoti uchun xizmat qildirish. Bu fikrni Abdurauf Fitrat Qur’on oyatlari asosida asoslaydi: «Olloh taolo Qur’onda biz insonni maqtab, yuksak baho berib, xalq etib yaratdik... barcha yer va osmondagi narsalarga sizlarni hukm etuvchi deb buyurdik... deydi. Demak, mulohaza eting, agar yer va osmondagi narsalarning bir qismi insonning buyrug‘iga bo‘ysunmas ekan, farangiylar bu yelkanli kemalar va havodagi uchish vositalarini qayerdan yaratmoqdalar» ;

  3. aholini taraqqiy etgan davlatlardagi ijtimoiy hayotning yutuqlari bilan tanishtirish orqali jaholatdan qutqarish, ko‘zini ochishni maqsad qilib qo‘ygan ommaviy axborot vositalarini yaratish.

Jadidlar o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etish va xalq ta’limining yangi tizimini yaratishga harakat qildilar. Ular taraqqiyparvar ulamolar, mulkdorlar yordamida bir qancha «jadid» («yangi uslub») maktablarini tashkil qildilar. Bu maktablar o‘zining dastlabki davridayoq samarali ekanligini isbotlab, aholining e’tiborini qozondi va tez orada ko‘payib bordi. Faqat Turkistonning asosiy shaharlarida 92 ta yangi uslub maktablari faoliyat ko‘rsatgan\ Shunga qaramay, aholini xurofotda saqlashdan manfaatdor jaholatparst ruhoniylar jadid maktablarining faoliyatiga qarshilik ko‘rsatdilar. Chor Rossiyasining ma’muriyati esa vaziyatni qo‘ldan chiqarmaslik uchun bu maktablarni o‘z nazoratida ushlab turish borasida maxsus xizmatlarga topshiriq berganligi arxiv materiallaridan ma’lum.
Masalan, Rossiyaning Buxorodagi siyosiy agenti Turkiston general - gubernatori S. V. Chirkinga yozgan maxfiy xatida (1914 y.) amirlikdagi jadid maktablarining tashkilotchilari va o‘quvchilarining tarkibi haqida batafsil ma’lumotlar keltiradi va bu maktablarni aholi yaxshi qabul qilayotganligini tashvishlanib yozadi1.
Jadid maktablarining aholi e’tiborini qozonganligini quyidagi dalil bilan ham isbotlash mumkin. 1914 yilda Buxoro amiri Sayid Olimxon jamiyatda endigina o‘z o‘rnini topayotgan yangi uslub maktablarini yopishga, ota- onalardan bolalarni maktabga yubormaslik haqida tilxat olishga farmon beradi. Shunday bo‘lishiga qaramay, amalda yopilgan 4 ta maktab o‘rniga 45 ta norasmiy maktab pinhona ochiladi va faoliyat ko‘rsatadi1.
Jadidlar Turkiston kelajagi bilan bog‘liq g‘oyalarni xalqqa yetkazish maqsadida o‘z gazeta va jurnallarini yaratishga harakat qildilar. Maxmudxo‘ja Behbudiy 1913 yildan boshlab «Samarqand» gazetasini chop qila boshladi. Keyinchalik bu gazeta «Oyna» jurnaliga aylantirildi. Bundan tashqari, «Taraqqiy», «Xurshid», «Shuhrat», «Sadoi Turkiston», «Sadoi Farg‘ona», «Buxoroi sharif», «Turon» kabi gazetalar va jurnallar vaqti-vaqti bilan chiqib turdi. Ular mahalliy aholining siyosiy va milliy ongini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etdi. Shulardan «Sadoi Turkiston» gazetasi mamlakatni g‘aflat uyqusidan uyg‘otish va jaholatdan xalos etishning, madaniy-ma’rifiy uyg‘onishning bosh targ‘ibotchisi bo‘ldi, deyish mumkin. Uning birinchi soni 1914 yil 1 aprelda dunyo yuzini ko‘rdi. Gazetaning eng katta xizmatlaridan biri millatni g‘aflat uyqusidan uyg‘otishga qaratilgan murosasiz tanqidiy qarashlari edi. Bu borada gazeta yosh shoirlarning ijodidan foydalanishga harakat qildi. Misol tariqasida shoir Abulhamid Cho‘lponning gazeta sahifalarida e’lon qilingan «Turkistonlik qardoshlarimizga» she’ridan parcha keltiramiz:
Ilmu ma'rifat ham hunardan qoldi mahrum biznixalq,
Ma'rifatsizlik balosiga yo‘liqg‘on bizni xalq.
Bir kishi millatparast o‘lsa deyurlar dahriy deb,
Bir kishi millatni so‘ksa, izzat aylar bizni xalq.
Maktab o‘rnida har mahalda ochildi mayxona,
Nafrat etmak nori tursin, shodu xandon bizni xalq.
Maktaba yo‘q bir tiyinmi, to‘yga ming so‘mlab berur,
Chorasi mushkul kasalga mubtalodur bizni xalq2.
Albatta, jadidlar mahalliy aholining milliy va siyosiy ongini yuksaltirishga muhim hissa qo‘shgan, deyarli yagona umumiy g‘oya atrofida birlashgan harakat sifatida namoyon bo‘ldi. Lekin chor Rossiyasi ma’muriyatining bu harakatga shubha bilan qarab, uning faoliyatini juda bo‘lmaganda cheklashga qaratilgan choral arni ko‘rishi, ayniqsa, mutaassib ruhoniylarning Buxorodagi jadidlarga qarshi tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatishi va bu yo‘lda hatto hokimiyatni ham o‘z tomoniga og‘dirib olishi jadidlarning ko‘zlagan maqsadlarini to‘la-to‘kis amalga oshirishlariga imkon bermadi. Shu bois jadidlarning ilg‘or namoyandalari ish uslubini o‘zgartirish va jamiyatda muayyan siyosiy islohotlar o‘tkazish lozimligini tushunib yetdilar. Ana shu vaqtdan e’tiboran jadidchilik harakatida uning siyosiylashuv bilan bog‘liq bo‘lgan ikkinchi bosqichi boshlanadi.
Jadidchilikdagi siyosiy qarashlarning shakllanishiga Munavvarqori Abdurashidxonovning «millatlarning ma’naviy va iqtisodiy taraqqiyotiga ikki tayanch kerak, birinchisi - maktab, ikkinchisi - jamiyatdir» , degan fikrlari, Abdurauf Fitratning jamiyat va millatning ravnaqi uchun bir odam ko‘p ish qila olmasligi, buning uchun vatanparvarlar ittifoqini tuzish, unga xayrixoh guruhlarni tashkil qilish lozimligi haqidagi g‘oyalari asos bo‘ldi.
Bu davrda jadidlar mamlakat va millat taraqqiyotini ta’minlashning yo‘nalishlarini aniqlash hamda uni ro‘yobga chiqarish muammolari bilan shug‘ullandilar. Bosqichning asosiy mazmunini quyidagi vazifalar belgiladi:

  • mahalliy aholining milliy manfaatlari, diniy e’tiqodlarini hisobga olgan holda boshqarishni tashkil qilish uchun Turkiston muxtoriyatini tashkil qilish;

  • Buxoro amiri va Xiva xonining mutlaq hokimiyatini muayyan tartibga solish uchun kengash (parlament) tuzish hamda davlat tizimida va jamiyatda taraqqiyotni ta’minlaydigan islohotlar o‘tkazish;

  • mahalliy millatlarning manfaatlarini ifoda etadigan, himoya qiladigan siyosiy va ijtimoiy partiyalar, birlashmalar, jamiyatlar tuzish, harakatlar tashkil qilish va h.k.

Bu vazifalarni amalga oshirish uchun Rossiyada 1917 yil fevralda amalga oshgan inqilobdan keyin keng imkoniyatlar yuzaga keldi. Asosan, jadidchilarning tashabbusi bilan «Sho‘roi islomiya», «Sho‘roi ulamo», «Turk adami markiziyat firqasi», «Alash o‘rda», «Yosh buxoroliklar», «Yosh xivaliklar» kabi siyosiy tashkilotlar tuzildi. Turkistondagi tashkilotlarni birlashtirish maqsadida yagona «Ittifoqi muslimin» siyosiy partiyasini tuzishga qaror qilindi. Bu yangi partiyaning eng asosiy vazifalaridan biri qilib Rossiyaning tarkibida Turkiston muxtor respublikasini tuzish belgilandi.
Albatta, tuzilgan bu siyosiy tashkilotni faqat jadidlar partiyasi deb atab bo‘lmas edi. Bu partiyaga mahalliy xalq ravnaqi va Turkiston mustaqilligining tarafdori bo‘lgan har bir mehnatkash, ziyoli, sarmoyador, ruhoniy xayrixohlik bildirdi va uning g‘oyalarini o‘z e’tiqodi sifatida qabul qildi.
Jadidchilik g‘oyalariga asoslangan milliy siyosiy kuchlar mahalliy aholining siyosiy ongini o‘stirishga salmoqli hissa qo‘shdilar. Agar Fevral burjua-demokratik inqilobidan keyin bo‘lib o‘tgan Toshkent shahar dumasiga bo‘lgan saylov natijalariga e’tibor bersak, mahalliy mehnatkashlar siyosiy faolligining keskin oshganligiga guvoh bo‘lamiz. Saylovlar, asosan, jadidlar ta’sirida o‘tgan edi. Shahar dumasiga saylangan 112 nafar deputatning 75 nafari musulmon taraqqiychilari siyosiy tashkilotlarining vakillari edi, sotsial demokratlar esa dumada faqat 4 ta joyga ega bo‘ldilar. Ushbu kuchlar nisbati Turkistondagi deyarli barcha shaharlarning dumalariga xos edi1. Shuning o‘ziyoq mahalliy xalq qaysi siyosiy kuchlarning g‘oyalarini qabul qilganligidan dalolat beradi.
Xulosa qilib shu narsani to‘la ishonch bilan aytish mumkinki, jadidlar mahalliy aholining o‘zligini tanishida, siyosiy ongining o‘sishida, siyosiy tashkilotlar atrofida birlashishida muhim o‘rin tutganlar. Albatta, biz jadidchilik harakati kamchiliklar va xatolardan xoli emas edi, demoqchimiz. Ularni mahalliy xalqning turmush tarzi, ijtimoiy ong darajasi bilan izohlash mumkin. Jadidlarning o‘zlari ham kurash jarayonida toblandilar, siyosiy harakat sifatida shakllandilar. Ularning 1917 yil Oktabr qurolli to‘ntarishigacha bo‘lgan faoliyati davomida ko‘zlagan maqsadlari va ularni amalga oshirish usullarini umumiy tarzda quyidagilardan iborat bo‘lgan deyish mumkin:

  • mahalliy aholining ma’naviyati, madaniyati, turmush tarzini Rossiyaning ruslashtirish siyosatiga qarshi milliylik asosida rivojlantirish;

  • islom ta’limotini mutaassiblik va xurofotdan xalos qilish va uni musulmon millatlarining ravnaqi uchun xizmat qildirish;

  • ta’lim tizimini isloh qilish orqali xalqni ma’rifatli qilib, uning ijtimoiy faolligini oshirish;

  • turli mulk shakllari va hududning iqtisodiy imkoniyatlariga asoslangan ishlab chiqarishni rivojlantirish orqali aholining to‘q va farovon hayotini ta’minlash;

  • hududni milliy va diniy qadriyatlar asosida boshqarish uchun Turkiston milliy muxtoriyatini tuzish;

  • ijtimoiy hayotni sivilizatsiyalashgan islohotlar orqali tadrijiy usul bilan o‘zgartirish va h.k.

Avval ta’kidlaganimizdek, ijtimoiy tuzumni o‘zgartirishni o‘zlariga maqsad qilib olgan siyosiy kuchlarga inqilobchilarni kiritish mumkin. Bu siyosiy yo‘nalishning asosiy tarkibini rusiyzabon siyosiy kuchlar - bolsheviklar, mensheviklar, eserlar partiyalari tashkil qilar edi.
Siyosiy partiyalarning faoliyatiga baho berishda ham ularning mahalliy millat va milliy ozodlik harakatiga bo‘lgan munosabatini nazarda tutishimiz kerak.
Rusiyzabon siyosiy kuchlar Rossiya hududida tuzilgan partiyalarning tarmoqlari bo‘lib, o‘sha markazning topshiriqlarini bajarib turishga majbur edilar, ya’ni ularni umumrossiya miqyosidagi hokimiyat masalasi qiziqtirar, mahalliy xalq manfaatlari ularning e’tiboridan deyarli chetda qolgan edi. Bu partiyalardan birontasining dasturida Turkistonga hatto muxtoriyat darajasida ham mustaqillik berish masalasi qo‘yilmagan. Millatlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilash huquqi bir qancha shartlar bilan cheklab qo‘yilgan. Masalan, eserlar mahalliy millat vakillarini faqat hududiy boshqaruv organlarida qatnashishi mumkinligini qayd qilish darajasiga borib yetgan bo‘lsalar, bolsheviklar bu masalaning hal qilinishini yo‘qsillar hokimiyatining o‘rnatilishi bilan bog‘ladilar.
Milliy ozodlik harakati mahalliy xalqning barcha tabaqalarini qamrab olganligi sababli sotsializm g‘oyasiga mos kelmas va shuning uchun, ayniqsa, bolsheviklar uni tan olishlari mumkin emas edi. Rusiyzabon siyosiy kuchlar Turkistonni Rossiyaning ajralmas bir qismi deb qaradilar va mustaqillik uchun kurashayotgan mahalliy xalqning harakatlariga qo‘shilmadilar.
Shunday qilib, inqilobiy kuchlar mahalliy millatlarning asriy orzu- umidlarini ro‘yobga chiqarishdan, unga erkinlik berishdan manfaatdor bo‘lmadilar, ularga qoloq, o‘z huquqini bilmaydigan, siyosiy jihatdan ko‘r omma deb qarab, mensimadilar. Ayni paytda, inqilobchilarning dunyoqarashlari, harakat usullari ham mahalliy millatlarning qalbidan joy topa olmadi.

10-ma’ruza
TURKISTONDA MUSTABID SOVET HOKIMIYATINING O‘RNATILISHI VA ISTIQLOLCHILIK HARAKATI
1. Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining zo‘rlik bilan o‘rnatilishi
1917 yilda Rossiyada yuz bergan Fevral inqilobi Turkistondagi barcha siyosiy kuchlarning faollashuvi uchun keng imkoniyat yaratdi. Bu kuchlarni shartli ravishda quyidagi uch guruhga bo‘lish mumkin: 1) Rossiyadagi muvaqqat hukumat boshqaruv tizimiga mansub bo‘lgan Turkiston Ijroiya Qo‘mitasi; 2) mahalliy xalqlarning manfaatini ifoda etadigan «Sho‘roi islomiya» va shu asosda tashkil topgan turli xil milliy siyosiy kuchlar; 3) rusiyzabon siyosiy kuchlarni o‘z ichiga olgan o‘lka Soveti.
Ko‘rinib turibdiki, Turkistondagi hokimiyatga da’vogar siyosiy kuchlar Rossiyadagilaridan turli-tumanligi bilan farq qiladi. Ammo sanab o‘tilgan siyosiy kuchlar, o‘z oldlariga qo‘ygan maqsadlari turlicha bo‘lishiga qaramay, hokimiyatga barobar talabgor edi, desak uncha to‘g‘ri bo‘lmaydi. Buning sabablari turlicha. Muvaqqat hukumat amalga oshirgan ba’zi islohotlar, xususan, mahalliy millat vakillarining davlat boshqaruvida qatnashishiga sharoit yaratilishi, mardikorlikka olinganlar va Sibirga surgun qilinganlarning uylariga qaytishlari ushbu hukumatning musulmon siyosiy kuchlari ishonchini qozonishiga olib keldi. Bu «Sho‘roi islomiya»ning muvaqqat hukumatni tan olishining birinchi sababi bo‘lsa, ikkinchisi - o‘sha davrdagi vaziyat Turkistonning to‘la mustaqil bo‘lishi masalasini kun tartibiga qo‘yish imkonini bermas edi, chunki bunday harakat qurollangan rus armiyasi bilan to‘qnashuvga va behisob qon to‘kilishiga olib kelishi mumkin edi.
O‘lka Sovetlarining muvaqqat hukumatni tan olishiga ham bir necha sabablar bo‘lgan. Sovetlarning ko‘pchiligini tashkil qilgan mensheviklar va eserlar Fevral burjua-demokratik inqilobi hali o‘z vazifasini bajarishi kerak, sotsialistik inqilobga hozircha fursat yetgani yo‘q, deb hisoblaganlar. Bundan tashqari, ular inqirozga yuz tutgan mamlakatda, jumladan Turkistonda ham javobgarlikni o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqqan bo‘lishlari mumkin.
Sovetlar tarkibida kamchilikni tashkil qilgan bolsheviklargina haqiqiy vaziyat bilan hisoblashmasdan, turli nayranglar ishlatib, o‘z mavqelarini mustahkamlashga va hokimiyatni qo‘lga kiritishga jon-jahdlari bilan urindilar. Shunday ekan, nima uchun Oktabr qurolli to‘ntarishi sodir bo‘ldi, degan savol haqli ravishda tug‘iladi. Bu savolga javob berish uchun biroz orqaga qaytish va Fevral inqilobining maqsadlarini eslash lozim. Ular: urushni to‘xtatish; yerni - dehqonlarga, zavod va fabrikalarni - ishchilarga, hokimiyatni esa - Sovetlarga topshirish. Ammo muvaqqat hukumat mazkur vazifalarni bajarishga shoshilmadi.
Sal kam to‘rt yil davom etayotgan urush mehnatkash xalqning tinkasini quritgan edi. Ommada shunday ruhiy holat vujudga keldiki, kichik (balki soxta) bir ishonch, turtki uni boshi berk ko‘chaga tortib ketishi mumkin edi.
Ana shu holatdan bolsheviklar ustalik bilan foydalandilar, keyinchalik bajarilmaydigan va’dalar berib, soxta obro‘ga erishdilar. Bundan tashqari, qo‘zg‘olon jarayonida ham tubanlikni nazarda tutgan «ekspropriatorlarni ekspropriatsiya qilish» (ya’ni talonchilarni talash) kerak degan shiorni o‘rtaga tashlab, Petrogradda hokimiyatni qo‘lga olishga erishdilar.
Bu Toshkentdagi qo‘zg‘olon uchun muhim turtki bo‘ldi. 1917 yil 28 oktabrda Toshkent ishchi va soldat deputatlari tashabbusi bilan boshlangan va hokimiyatni qo‘lga olishga qaratilgan harakatlar I Sibir polki tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Natijada 1 noyabr kuni qo‘zg‘olon g‘alaba qozonganligi e’lon qilindi.
O‘sha yilning 2 noyabr kuni, ya’ni qo‘zg‘olondan keyin Toshkentda o‘lka demokratik kuchlarining birlashgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hokimiyat masalasi muhokama qilinib, syezd chaqirilgunga qadar mamlakatni boshqarib turuvchi Turkiston Muvaqqat O‘lka Ijroya Komiteti tuzildi. Ijroqo‘m tarkibiga e’tibor qiling. U 9 kishidan iborat edi, jumladan o‘lka Sovetidan - 3 kishi, dehqonlar o‘lka Sovetidan - 2, qirg‘iz deputatlar Sovetidan - 1, o‘lka musulmonlar Sovetidan - 1, eserlar partiyasi O‘lka komitetidan - 1, sotsial-demokratlar partiyasi markaziy byurosidan - 1 kishi1. Komitet 15 noyabrda o‘lkadagi barcha demokratik tashkilotlarning syezdini chaqirish va o‘sha yerda hokimiyat masalasini hal qilishni mo‘ljalladi.
Lekin siyosiy kuchlar nisbati barchani ham qoniqtirmas edi. Birinchi navbatda, bolsheviklar bundan norozi edilar. Shuningdek, musulmon mehnatkashlarining turli siyosiy tashkilotlarida ham hokimiyat masalasida yakdillik yo‘q edi. Demokratik yo‘l bilan o‘z maqsadlariga erisha olmagan bolsheviklar yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib, tazyiq o‘tkazish yo‘lini tanladilar. Bolsheviklar ta’sirida bo‘lgan Toshkent ishchi va soldat deputatlari soveti o‘lkadagi hokimiyatni o‘z qo‘liga oldi hamda o‘lka Sovetining III syezdini chaqirib, o‘sha yerda hokimiyat masalasini ko‘rib chiqishni talab qildi va bunga erishdi. Chunki bu masala barcha demokratik kuchlarning qurultoyida muhokama qilinsa, bolsheviklar o‘z maqsadlariga erisha olmasliklari aniq edi.
Shunday qilib, Toshkent ishchi va soldat deputatlari Sovetining tazyiqi ostida 15-22 noyabrda o‘tgan III o‘lka Sovetlari syezdida bolsheviklar so‘l eserlar va maksimalistlar bilan birgalikda o‘z hukumatini tuzishga erishdilar. Bolshevik F. I. Kolesov Turkiston Xalq Komissarlari Sovetining raisi lavozimiga tayinlandi. Hukumat tarkibi 15 kishidan iborat edi, jumladan bolsheviklar - 5 kishi, «so‘l» eserlar - 8 kishi, maksimalistlar - 2 kishi. Afsuski, hukumat tarkibiga bironta ham mahalliy millat vakillari kiritilmadi . Xo‘sh, Turkiston aholisining 95 foizini tashkil qiladigan mahalliy xalq vakillari nima uchun hokimiyat tarkibiga kiritilmadilar?
Bu voqeani Turkistondagi bolsheviklarning rahbarlaridan biri

  1. O. Tobolin III syezdda quyidagicha izohladi: «Bugungi kunda musulmonlarni2 o‘lka oliy inqilobiy hokimiyatning tarkibiga kiritish maqsadga muvofiq emas, chunki mahalliy aholining ishchi, soldat, dehqon deputatlari sovetining hokimiyatiga munosabati o‘ta mavhum, bundan tashqari, mahalliy aholi orasida sinfiy proletar tashkilotlar yo‘q»3. Bu bayonot mustamlakachilik siyosatining ifodasidan bo‘lak narsa emas edi.

Aslida, mahalliy aholining sovetlarga bo‘lgan munosabatini mavhum yoki noaniq deyish aslo mumkin emas edi, chunki Musulmon mehnatkashlari o‘lka kengashi va boshqa musulmon Sovetlari o‘zlarining birlashgan yig‘ilishlarida bolsheviklar boshchiligidagi Sovetlar hokimiyatini tan olmadilar. Shuningdek, sinfiy proletar tashkiloti to‘g‘risidagi fikr ham o‘ta asossizdir. 1917 yilda Turkistonda 60 mingdan ortiq ishchi bo‘lgan, shundan taxminan 70 % mahalliy millatlardan bo‘lgan1. Musulmon mehnatkashlarining tashkilotlari ham bo‘lgan, jumladan Musulmon ishchilari soveti, «Ittifoq» musulmon ishchilari kasaba uyushmasi va boshqalar.
Xo‘sh, bordiyu yo‘qsillar sinfi bo‘lmagan yoki ular jamiyatda Turkistondagidek ozchilikni tashkil qilgan ham deylik, mahalliy xalqqa boshqa millatga mansub bo‘lgan yo‘qsillar hokimiyatining boshqaruv tizimini zo‘rlab kiritish qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi? Mahalliy millat ishchilarining ongi boshqarish darajasiga y etgan yoki yetmaganligini ham o‘sha hokimiyat teppasida turgan bolsheviklar bir zumda hal qilib qo‘ya qoldilar. Demak, ular xohlagan paytlarida hokimiyatini topshirish yoki tarqatib yuborishi ham mumkin.
Bu - masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni - musulmon siyosiy tashkilotlarining o‘rtasida birlikning yo‘qligi mahalliy mehnatkashlar vakillarining hukumat tarkibiga kiritilishi haqidagi masalaning ijobiy hal qilinishiga pand berdi. Hokimiyat masalasini ko‘rish uchun chaqirilayotgan III o‘lka Sovetida qatnashish yoki qatnashmaslik borasida «Sho‘roi ulamo» va Musulmon mehnatkashlari o‘lka kengashi orasida ixtilof kelib chiqdi va mazkur kengash shu munosabat bilan Qo‘qonga ko‘chib o‘tdi.
III o‘lka Sovetining syezdida qatnashgan Sherali Lapin boshchiligidagi «Sho‘roi ulamo» vakillari hukumat a’zolarining 50 % ni mahalliy millat vakillaridan tayinlash lozimligi haqidagi taklif bilan chiqdilar. Ammo bolsheviklar so‘l eserlar bilan kelishib, syezdda ko‘pchilik ovoz bilan bu taklifni o‘tkazmadilar. Shuning uchun «Sho‘roi ulamo» vakillari syezdni tark etdilar2.
Demak, Turkistondagi dastlabki hukumat tarkibiga bolsheviklarning mahalliy millat vakillarini kiritmasligini asosan hokimiyatni qo‘lga olgan rusiyzabon nayrangbozlarning oldindan o‘ylab amalga oshirgan siyosati deb tan olish uchun asos bor. Bu siyosat mahalliy aholini kamsitish, uning huquq va manfaatlarini poymol qilishga qaratilgan edi.
Bundan tashqari, bolsheviklar faqat milliy siyosiy kuchlar va ijtimoiy harakatlarnigina emas, balki o‘zlaridan boshqa barcha, jumladan rusiyzabon siyosiy kuchlarning ham hokimiyatda qatnashuviga qarshi bo‘lganlar. Bu fikrni bolsheviklar rahbari V. I. Leninning o‘zi ham ochiq-oydin ta’kidlagan. Lenin bolsheviklar partiyasining barcha a’zolariga va Rossiyaning barcha mehnatkashlariga yuborgan murojaatnomasida shunday degan: «Rossiyada Sovet hukumatidan boshqa hukumat bo‘lmasligi lozim... Ikkinchi Butunrossiya Sovetlarining syezdida bolsheviklar partiyasi ko‘pchilikni tashkil etdi. Shuning uchun, faqat mana shu partiya tomonidan tuzilgan hukumatgina Sovet hukumatidir» \ Yoki boshqa kuchlar o‘z zimmalariga sotsializmni qat’iylik va izchillik bilan amalga oshirish majburiyatini olib, bolsheviklarga bo‘ysunishlari kerak.
Shunday ekan, nima uchun Turkiston Xalq Komissarlari Sovetiga eserlar va maksimalistlar kiritildi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Chunki o‘sha bolsheviklarning mavqei nafaqat jamiyatda, balki sovetlarda ham mustahkam emas edi. Sharoit bilan hisoblashmaslik ularni mag‘lubiyatga uchratishi mumkin edi. Ko‘p vaqt o‘tmay 1918 yilda Sovetlarning VI syezdida saylangan Xalq Komissarlari Sovetiga boshqa partiyalardan bironta ham vakil kiritilmadi. Ular Sovetlarga qarshi harakatlarda ayblanib, hokimiyatni boshqarish huquqidan mahrum etildilar.
Mazkur sharoit Turkistonning milliy siyosiy kuchlarini o‘z manfaatini himoya qilish yo‘llarini izlashga majbur qildi va Turkiston muxtoriyatining tarix sahnasiga kelishiga sababchi bo‘ldi.
Muxtoriyatning tuzilishi bolsheviklar tashviqot qilib kelayotgan millatlarning o‘z taqdirini o‘z belgilashi haqidagi prinsipga xilof emas edi. Undan tashqari, V. I. Lenin imzo chekkan «Rossiya va Sharqning barcha musulmon mehnatkashlariga» deb nomlangan murojaatnomada bayon qilingan fikrlar muxtoriyatning tuzilishiga qo‘shimcha asos bo‘ldi. Unda shunday jumlalarni o‘qishimiz mumkin: «Bundan buyon sizning urf- odatlaringiz, milliy va madaniy muassasalaringiz ozod va daxlsiz deb e’lon qilinadi. O‘z milliy hayotlaringizni erkin va bemalol uyushtiravering, sizning bunga haqqingiz bor.
Siz o‘zingiz o‘z Vataningizning hokimlari bo‘lishingiz lozim. O‘z rasm- rusumingizga binoan hayotingizni uyushtirishingiz lozim. Sizning bunga haqingiz bor, chunki sizlarning taqdiringiz o‘z qo‘lingizda»1. Naqadar ajoyib so‘zlar (chin dildan aytilgan bo‘lsa)! Murojaatnomada sotsializm qurilishi, tuziladigan hokimiyatning shakli to‘g‘risida bir og‘iz ham aytilmagan.
Bu hujjat ham muxtoriyatchilarni ruhlantirgan, yorqin kelajakka ishontirgan bo‘lsa ajab emas. 1917 yil 26-29 noyabrda bo‘lib o‘tgan Turkiston o‘lkasi musulmonlarining IV qurultoyi Turkiston muxtoriyatining muvaqqat hukumatini qonuniy ravishda tuzgan, deb o‘ylaymiz. Shu munosabat bilan, muxtoriyatning nechog‘lik adolatli harakat qilganligini ta’kidlash uchun qurultoy qaroridan kichkina lavha keltiramiz: «Turkistonda istiqomat qiluvchi barcha millatlarning buyuk Rossiya inqilobi tantanali e’lon qilgan o‘z taqdirini o‘zi belgilash prinsipiga munosabatini ifoda etib, Turkistonni Rossiya Federativ Respublikasining tarkibidagi hududiy muxtoriyat shaklida tashkil etishni Turkiston Ta’sis Majlisiga taqdim etadi» . Shuningdek, qurultoy «Turkistonda istiqomat qiladigan kam sonli millatlar huquqlarining har tomonlama himoya qilinishini tantanali ravishda ta’kidlaydi»2. Keltirilgan lavhadan ko‘rinib turibdiki, Turkistondagi biron-bir millatning manfaatlari inkor etilgan emas. Hokimiyatni shakllantirishda ham ana shu demokratik qoidalar nazarda tutilgan.
Qurultoy qatnashchilari olijanoblik qilib, demokratik yo‘ldan borganligini ko‘rsatish uchun bir necha dalillar keltiramiz:

  1. qurultoy da Turkistonning barcha viloyatlaridan kelgan vakillardan tashqari, bir qancha jamoat uyushmalaridan, jumladan «Sho‘roi islomiya», «Ulamo jamiyati», «Musulmon tog‘ ishchilari», «Musulmon askarlar», «O‘lka yahudiylari», «Buxoro yahudiylari» va boshqa tashkilotlarning vakillari ishtirok etdilar;

  2. o‘lkaning oliy organi bo‘lmish Muvaqqat Majlisga 54 nafar deputat saylash mo‘ljallangan, xususan, rusiyzabon vakillarga 18 ta joy ajratilgan (Sovetlar hokimiyatida bironta ham mahalliy millat vakillari bo‘lmaganligini eslang);

  3. muxtoriyat Sovetlarning IV o‘lka syezdiga (1918 y. yanvar) 1918 yil 20 martda Ta’sis majlisini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif bilan murojaat qildi. Unga vakillarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, teng asosda, yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylashni va joylarning 1/3 qismini musulmon bo‘lmagan aholiga ajratib qo‘yishni taklif qildi (ular aholining 7 % ni tashkil qilar edi);

  4. qurultoy tasdiqlagan hujjatlarda Turkiston muxtoriyatining Rossiya Federativ Respublikasi tarkibida bo‘lishi, kamchilikni tashkil qilgan millatlar huquqining muhofaza qilinishi ta’kidlangan. Muxtoriyatning bundan boshqa ijobiy tomonlarini ham misol qilib keltirish mumkin.

Xo‘sh, muxtoriyatning qanday salbiy tomonlari bor ekan?
Muxtoriyat hujjatlarida davlat shariat qonunlarini hurmat qilishi belgilangan . Lekin shu asosda muxtoriyatni klerikalizmda (shariatga asoslanganlikda) ayblash mumkinmi? Axir, mahalliy xalqning hammasi musulmon edi-ku? Ana shunday sharoitda islomni inkor qilish hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Muxtoriyatni chet el, xususan, Angliya bilan maxfiy aloqadorlikda aybladilar. To‘g‘ri, bunday aloqa bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ammo shunga asoslanib, muxtoriyatchilarni Turkistonni Angliyaning mustamlakasiga aylantirishdagi harakatda ayblash adolatdan emas. Nima uchun muxtoriyatchilar uzoqni ko‘zlab Turkistonni Rossiya mustamlakasidan qutqarib, ozod qilishda Angliyaning yordamidan foydalanishi mumkin emas edi? Biz ko‘proq Angliyaning Turkistonda Rossiyaga bo‘ysunmagan mustaqil kuchli davlat yaratish maqsadi bo‘lgan, degan fikrga moyillik bildiramiz. Axir, bolsheviklar Turkistonda o‘z hokimiyatini o‘rnatishda boshqa siyosiy kuchlardan foydalangan-ku, nima uchun shu usuldan muxtoriyatchilar foydalanishi mumkin emas edi?
Biz yuqorida keltirilgan dalillar bilan Turkiston muxtoriyatiga yuz foiz ijobiy baho berish tarafdori emasmiz. Muxtoriyat tarkibida o‘z zamonasining yetuk ma’rifatparvarlari, o‘z xalqini ozod qilish uchun chin dildan harakat qilganlar bilan birga, o‘zlarining tor doiradagi siyosiy manfaatini ko‘zlagan, xurofotga berilgan mutaassiblar ham bor edi, desak xato bo‘lmaydi.
Turkiston muxtoriyatining kamchiliklarini tanqid qilish mumkin, lekin bir narsani unutmaslik kerak, ya’ni muxtoriyatning vujudga kelishi bolsheviklarning mahalliy millatlarni mensimaslikka asoslangan noto‘g‘ri siyosatiga muayyan javob bo‘ldi. Sovet hukumati esa o‘zining siyosatini mahalliy millatlar manfaatiga moslashtirish o‘rniga Turkiston muxtoriyatini qurol kuchi bilan zo‘ravonlarcha tugatdi.
Bolsheviklar partiyasining Turkistondagi rahbarlaridan biri bo‘lgan D. I. Manjara muxtoriyatning tugatilishini shunday eslaydi: «Milliy siyosatda yo‘l qo‘ygan xatolarimiz tufayli Qo‘qon muxtoriyati vujudga keldi... Uni yo‘qotish paytida yana bir xatoga yo‘l qo‘ydik. Qurol-yarog‘i bo‘lmagan muxtoriyatchilar joylashgan eski shaharni qamal qilish o‘rniga biz to‘plardan o‘qqa tutdik, keyin dashnoqlarning qurolli to‘dalarini ishga soldik. Natijada talon-taroj, nomusga tegish, qirg‘in boshlandi. Bundan muxtoriyatchilarga aloqasi bo‘lmagan tinch aholi katta zarar ko‘rdi»\
Yana bir dalil. Muxtoriyat tugatilishi bilan Farg‘ona vodiysida bo‘lgan Turor Risqulov (Musbyuroning bo‘lajak raisi) o‘zining xabarnomasida shunday yozadi: «Farg‘ona viloyatidagi barcha voqealarda armanlarning «Dashnaksutyun» partiyasi uyushtirgan ig‘vogarlik ishi ko‘rinib turibdi. Qizil Armiya guruhlari qaroqchilar bilan kurashish o‘rniga ichkilikbozlik bilan shug‘ullanganlar, o‘sha qaroqchilarga qurol-yarog‘ va o‘q-dori sotganlar. Tinch qishloqlarni talab, ularni qaroqchilarni yashirganlikda ayblanganlar»1.
Xo‘sh, bolsheviklar nima uchun milliy muxtoriyat tuzilishiga qarshi bo‘ldilar va uni qon to‘kish yo‘li bilan tugatdilar?
Buning birinchi sababini Turkiston bolsheviklarining o‘sha davrdagi rahbari Tobolinning so‘zlaridan bilish mumkin. U shunday deb yozgan edi: «Bugungi kunda muxtoriyatni darhol amalga oshirish to‘g‘risida gap bo‘lishi mumkin emas, chunki muxtoriyatning birinchi sharti o‘lkadan ruslar qo‘shinini olib chiqib ketish bo‘lar edi. Agar biz muxtoriyat g‘oyasidan kelib chiqayotgan asosiy g‘oyani amalga oshirsak, inqilobga orqa tomondan zarba bergan bo‘lar edik» . Muxtoriyat g‘oyasi faqat Tobolinning o‘ziga emas, balki Turkistondagi ko‘pchilik bolshevik rahbarlarga ham erish tuyulardi.
Bu dunyoqarashni sovet tarixchilari faqat Turkistondagi bolsheviklarga xos xato, ular fuqarolar urushi tufayli markazdan ajralib qolgan edilar, deb haspo‘shlamoqchi bo‘ladilar. Aslida, musulmon muxtoriyatiga nisbatan bunday tajovuzning sababi bolsheviklarning soddaligi yoki tushunmasligi emas, balki birinchi navbatda, V. I. Leninning ko‘rsatmalari edi. Bu fikrimizning dalili sifatida RSDRP(b)ning V. I. Lenin boshchiligida bo‘lib o‘tgan 1917 yil aprel konferensiyasi qaroridan ko‘chirma keltiramiz: «U yoki bu millatning u yoki bu sharoitda ixtiyoriy ravishda o‘z mustaqilligiga erishishi masalasini uning maqsadga muvofiqligi masalasi bilan chalkashtirmaslik lozim. Mustaqillikning maqsadga muvofiqligi masalasini yo‘qsillar partiyasi har bir muayyan holatda bir-biriga bog‘lamasdan alohida, umumiy taraqqiyot nuqtai nazaridan va yo‘qsillarning sotsializm uchun qaratilgan kurashidan kelib chiqib hal qilishi lozim»2.
Mazkur ko‘chirma bir necha savollar tug‘dirishi mumkin. Millatlarning mustaqilligi maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligini nima uchun faqat bolsheviklar hal qilishi kerak? Agar mustaqillik sotsializm qurishga qaratilmagan bo‘lsa, millatni qurol kuchi bilan markazga bo‘ysundirish kerakmi? Asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan xalqning erkinligi nima uchun mustamlakachi davlat yo‘qsillarining sinfiy kurashi maqsadlariga mos kelishi kerak?
Endi Turkiston IV o‘lka Sovetlarining syezdida bolsheviklar taklifi bilan qabul qilingan qarorda zikr etilgan fikrni bayon qilamiz. U yerda, jumladan shunday deyilgan: «Turkiston muxtoriyati masalasi rus revolutsiyasi ko‘tarib chiqqan milliy masala bilan bog‘liq va uni faqat shu inqilobiy nuqtai nazardan ko‘rish mumkin.
Biz xalqlarning o‘z taqdirini o‘zlari belgilashi prinsipini asosan sotsializmga bo‘ysundiramiz va bu yo‘lda Qo‘qon muxtoriyati kabi to‘siqlar revolutsiya bilan yo‘q qilib tashlanadi»3. Qarang, bu gaplar Lenin va bolsheviklarning fikrini tasdiqlash emasmi?
Turkiston muxtoriyati tugatilishining asosiy sabablarini bolsheviklarning milliy siyosatidan izlash kerak. Yuqorida keltirilgan dalillarga asoslansak, bolsheviklarning Rossiya tarkibida yashagan xalqlarga haqiqiy milliy mustaqillik berishni hech qachon istamaganligi ma’lum bo‘ladi. Xalqlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilashlari prinsipi bolsheviklarning muayyan niyatlarini amalga oshirishlarida mahalliy mehnatkashlarni chalg‘itadigan shior vazifasini bajargan, xolos.
Oktabr qurolli to‘ntarishi Buxoro va Xiva xonligidagi vaziyatga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Buxoro va Xivaning mustaqilligi rasman tan olingan bo‘lsa-da, V. I. Lenin boshchiligidagi bolsheviklar hukumati doimo bu hududlarni o‘z tasarrufiga olish niyatida bo‘lganligini juda ko‘p dalillar bilan isbotlash mumkin.
Bu ikki davlat ilgari chor Rossiyasiga qaram bo‘lganligiga qaramay, u bilan munosabatlarini muvofiqlashtirib, aksariyat paytda tinch va barqaror siyosat olib borar edi. To‘ntarishdan keyin Rossiyada vujudga kelgan yangi vaziyat Buxoro va Xivada asosli ravishda bu davlatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otdi. Shu bois, Buxoro va Xiva, aholi turmush darajasining pasayishi evaziga bo‘lsa-da, o‘z mudofaa qobiliyatini kuchaytirishga majbur bo‘ldi.
Bundan tashqari, Rossiyada ishlatib kelinayotgan balandparvoz shiorlardan ehtirosga berilgan ayrim siyosiy kuchlar, jumladan «Yosh buxoroliklar» va «Yosh xivaliklar»ning so‘l qanotlari mamlakatdagi hokimiyatni qo‘lga olish rejalarini tuza boshlaganligi ushbu davlatlardagi vaziyatning chigallashuviga olib keldi. Bunday harakatlar ba’zan qonli to‘qnashuvlarga ham aylanib ketdi.
Bunday vaziyat Rossiyaning bolshevik rahbarlariga qo‘l keldi. Ular oxir- oqibat 1920 yilga kelib, o‘z ixtiyoridagi barcha vositalarni, xususan, qurolli kuchlarini ham ishlatib, bu ikki mamlakatda o‘ziga tobe bo‘lgan yangi hukumat tuzishga erishdilar.
Shunday qilib, Turkiston, Buxoro va Xivada sovet hokimiyati majburan o‘rnatildi. Buning sabablarini quyidagicha izohlash mumkin:
birinchidan, bolsheviklar o‘z maqsadlariga erishishda bir qancha shiorlardan ustalik bilan foydalandilar, ya’ni xalqlarga - tinchlik, milliy mustaqillik, ishchilarga - zavod-fabrikalar, dehqonlarga - yer, barchaga - tenglik, ozodlik, baxtli kelajak va’da qildilar. Bolsheviklarning soxta shiorlariga mahalliy mehnatkashlarning, hatto ziyolilarning ham bir qismi ishondi. Bir tomondan - chor samoderjaviyesi, ikkinchi tomondan - mahalliy boylar va zodagonlar mehnatkashlarni ezganligini inkor etolmaymiz. Munavvarqori Abdurashidxonov Turkistondagi voqelikni ta’riflab shunday yozgan edi: «...Bu zamonda yuz yildan ziyodroq muqaddam zamondan boshlab ohista-ohista millat devorlarining har tarafiga rahna paydo bo‘ldi. Munga sabab ulamo va umarolarni(ng) o‘z nafslari rioyasida harakat qilmoqlari bo‘ldi. Podshoh va xonlarimiz bo‘lsa, millatga qilgan xizmatlari tanho xotin olmoq va kuchuk urushtirmoq va behaqqoniyat dindor kishilarni badarg‘a qilmoq va o‘ldirmoq bo‘ldi. Millat nima va shariat nima bilmadilar»1. Shunday holatda qolgan mehnatkash xalq umid uchquni beradigan har qanday va’daga ishonishi mumkin edi. Bunday vaziyatdan bolsheviklar ustalik bilan foydalandilar;
ikkinchidan, bolsheviklar tajriba va qat’iy intizomga asoslangan kuchli tashkilotga ega edilar, milliy siyosiy tashkilotlar esa faqat 1917 yilgi Fevral inqilobidan keyingina tuzila boshladi. Ularning yetarli tajribasi yo‘q edi. Bolsheviklar turli siyosiy kuchlarning kelishmovchiliklaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalandilar: kezi kelganda ba’zilari bilan kelishib, boshqalariga qarshi kurashdilar, g‘alabaga erishgach, vaqtinchalik ittifoqchilarini yo‘q qildilar.
Yana bir asosiy sabab bor. Ma’lumki, bolsheviklar hokimiyatni qo‘lga kiritishda qurollangan, harbiy tajribaga ega bo‘lgan armiyani o‘z tarafiga og‘dirib olib, uning katta kuchidan foydalangan edilar. Jangovar tayyorgarlik ko‘rgan muntazam armiyaga ketmon va tayoq bilan qarshi chiqqan, bir parcha yeriga qattiq bog‘langan dehqonni ko‘z oldingizga keltirsangiz, g‘alaba qaysi tomonda bo‘lishi oldindan ayon bo‘ladi. Kuch ishlatish nafaqat turmush tarzini, balki insonning ongini o‘zgartirishda ham qo‘llanildi. Kommunistik mafkurani, sotsializm yaratish g‘oyasini qabul qilmagan mahalliy xalq doimo tazyiq, yer-suvini, mol-mulkini, o‘zining va oilasining tinchini yo‘qotish xavfi ostida yashadi.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash kerakki, bugungi kunda mustaqillikka erishgan respublikamizning kelajak ravnaqi xalqimizning o‘z tarixidan zarur saboqni ola bilishida. Uning mohiyati turli tabaqa, turli millatga mansub bo‘lgan xalqimizning mafkurasidan qat’i nazar, birligidadir.

  1. Sovetlarning shovinistik siyosatiga ommaviy qarshilikning vujudga kelishi

va uning oqibatlari
Turkistonda sovetlar hokimiyatining majburlab o‘rnatilishi va Turkiston muxtoriyatining qurolli kuchlarni ishlatib, xunrezlik yo‘li bilan yo‘q qilinishi hududda yangi hokimiyatga ommaviy qarshilik harakatining avj olishiga turtki bo‘ldi. Qarshilik harakatining tarkibiy qismlarini Rossiya ma’muriyatining hokimiyatdan majburlab chetlatilgan va o‘z mavqeini qayta tiklashga harakat qilayotgan vakillari; yangi hokimiyatda yetakchi o‘rinni egallash uchun intilayotgan menshevik, eser va boshqa rusiyzabon siyosiy kuchlar hamda ularning xayrixohlari; nihoyat, o‘z ozodligi, juda bo‘lmaganda, milliy manfaatlarining yangi hokimiyat tomonidan tan olinishi uchun kurash olib borayotgan istiqlolchilar harakati tashkil qildi. Istiqlolchilar harakatiga qo‘lida qurol bilan sovetlarga qarshi kurashganlardan tashqari, maxfiy tashkilotlarning faoliyatida ishtirok etganlarni va kommunistik partiyaga kirib, sovet tashkilotlarida turib, o‘z millatdoshlarining manfaatini himoya qilganlarni ham kiritish lozim. Biz uchun eng muhimi istiqlolchilik yoki milliy ozodlik harakatining kelib chiqish sabablari va oqibatlarini o‘rganishdir, chunki u o‘zining ommaviyligi va uzoq davom etganligi bilan ham e’tiborga loyiq. Bundan tashqari, u barcha mahalliy millatlarning manfaatlarini ifoda etib, bosqinchilikka qarshi qaratilgan edi.
Milliy ozodlik harakatlarining qanchalik avj olganligi, uning saflarida aholining qancha qismi ishtirok etganligi, qanchasi unga xayrixoh bo‘lganligi haqida aniq ma’lumotlar keltirish qiyin. Lekin biz milliy ozodlik harakatlariga barham berish uchun sovet davlati tomonidan maxsus Farg‘ona, Yettisuv, Kaspiyorti frontlari tuzilganligini inobatga olsak, bu harakatning qanchalik keng tarqalganligi haqida tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin. Bundan tashqari, ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, faqat Farg‘ona vodiysidagi Madaminbekning dastasida - 30 ming, Shermuhammadbeknikida - 20 ming,
Ergash qo‘rboshinikida - 8 ming nafar atrofida yigit bo‘lgan\
O‘zbekistonda milliy aholining bolsheviklar siyosatiga qarshi o‘z ozodligi uchun kurashi asosan 1926-1927 yillargacha, ba’zi joylarda esa 1933 yilgacha davom etdi va sovetlar unga - «bosmachilik», milliy ozodlik harakatining faol qatnashchilariga esa - «xalq dushmani» tamg‘asini yopishtirdilar.
Shu o‘rinda istiqlolchilik harakati boshlanishi va shiddatli ommaviy tus olishi, uzoq davom etishi, fojiali oqibatlarga olib kelishining asl sabablari nimada ekan, degan savolning tug‘ilishi tabiiy.
Istiqlolchilik harakati kelib chiqishining nazariy asoslari bolsheviklarning jamiyatni o‘zgartirish, ya’ni sotsializm tuzumini qaror toptirish usuliga munosabati bilan bog‘liq. Bu munosabat quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
birinchidan, bolsheviklar o‘zlarining jamiyatni o‘zgartirish harakatlariga V. I. Leninning sotsialistik inqilob nazariyasini, ya’ni mavjud tuzumni majburlab, qurolli kuch ishlatib o‘zgartirish usulini asos qilib oldilar. Insonning ming yillar davomida shakllangan turmush tarzini majburlab o‘zgartirish qarshilikka uchrashi tabiiy edi, shunday bo‘ldi ham;
ikkinchidan, xususiy mulkka ekspluatatsiya manbai sifatida qaralib, uni majburan davlat tasarrufiga olish jamiyatda eng katta qarshilikka sabab bo‘ldi, chunki mulk inson o‘z joni, oilasi, e’tiqodi qatorida e’zozlaydigan eng yuksak ne’matdir. Bolsheviklar esa uni qonunga xilof ravishda tortib oldilar. Turkistonda ham Xalq Komissarlari Kengashining raisi F. Kolesovning hech qanday qonunga asoslanmagan 1918 yil 28 fevral farmoyishiga binoan, aholidagi bor paxtaning hammasi, kimda va qancha bo‘lishidan qat’i nazar, joyida, mulk egasi va uning oila a’zolari hayotini xavf ostida qoldirib, davlat hisobiga tortib olindi. Undan tashqari, 274 ta xususiy paxta tozalash zavodi ham davlat tasarrufiga o‘tkazildi1. O‘sha davrda Farg‘ona vodiysida dehqonlar asosan paxta yetishtirish hisobiga tirikchilik o‘tkazganlar. Ammo paxta nafaqat boylarda, balki bir parcha yeri bo‘lgan o‘rtahol yoki kambag‘al dehqonlarda ham bo‘lgan, buning ustiga ana shunday dehqonlar ko‘pchilikni tashkil qilgan hukumatning bunday munosabatidan so‘ng tirikchiligi zarar ko‘rgan oddiy dehqonlar kayfiyatining ko‘tarilmagani aniq.
Biz eslatgan davr haqida harbiy tarixchi D. Zuyev shunday yozadi: «Bosmachilik harakati paxta o‘rniga don yetishtirishga o‘tilayotgan davrda vujudga keldi: (paxtani davlat tortib oladigan bo‘lsa, uni ekishdan na foyda.
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin