Ikkinchidan, hech qaysi ijtimoiy fan O‘zbekiston tarixi kabi millatimizning o‘zligini bilishiga salmoqli hissa qo‘shmaydi. Aynan shu sababli O‘zbekiston tarixini o‘rganish jarayonida millatimizning o‘zini o‘zi anglash ehtiyoji to‘laroq qondiriladi. Boshqacha aytganda, tarix xalqning ma’naviyatini shakllantirish va yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’naviyatning ajralmas tarkibiy qismi milliy tuyg‘udir.
Milliy tuyg‘u - insonning o‘zi mansub bo‘lgan millatning tarixi, xususiyatlari, ruhiyati, hozirgi ahvoli va qadriyatlarini tug‘ma, hissiy anglashidir. Insonda milliy ong, tuyg‘u va g‘urur bo‘lmasa, u o‘zining qaysi millatga mansubligini his etmasa, bunday inson o‘zga millatlarning ham qadr-qimmatini anglab yetmaydi, unda tarbiyaning vatanparvarlik, jasorat, ishonch kabi shakllarini qaror toptirish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas.
Karimovning ta’biri bilan aytganda, “Xalqimizning ma’naviyati va madaniyati, uning haqiqiy tarixi va o‘ziga xosligi qayta tiklanayotganligi jamiyatimizni yangilash va taraqqiy ettirish yo‘lidan muvaffaqiyatli ravishda olg‘a siljishda hal qiluvchi..., belgilovchi ahamiyatga ega”1.
Shuningdek, O‘zbekiston tarixini o‘rganish davlatimiz fuqarolarini vatanparvarlik, baynalmilallik ruhida tarbiyalash, xalqimizning milliy xudbinlik, maqtanchoqlik, milliy mahdudlikka botib ketmasligining oldini olish kabi bir qator tarixiy vazifalarni ado etadi.
Uchinchidan, mustaqil davlatimizning kishilik jamiyati tarixiy taraqqiyotidagi insonparvar demokratik rivojlanish yo‘lini tanlaganligi bu davrda turli xil partiyalar, siyosiy harakatlar va birlashmalarda ishtirok etayotgan fuqarolardan davlatimizning iqtisodiy rivojlanishi uchun siyosiy barqarorlikni ta’minlashlarini talab etadi. Bu talab fuqarolarimizda siyosiy ong va siyosiy madaniyatning yuksak darajada bo‘lishini taqozo etadi. O‘zbekiston tarixi fani esa jahondagi ilg‘or demokratik kuchlar, davlatlarning tajribalarini umumlashtirish asosida fuqarolarimizda yangicha siyosiy madaniyatni shakllantirish, ularning davlatimizni boshqarish ishlaridagi qatnashuvida siyosiy kaltabinlikka yo‘l qo‘ymasliklarining yo‘l- yo‘riqlarini ko‘rsatish kabi amaliy-siyosiy vazifalarni ham bajaradi.
Xullas, o‘tmishimizni chuqur tahlil etsak, undagi boy tajribani to‘laligicha egallasak, undan saboq olsak, eski xatolarga yo‘l qo‘ymasak, bugungi kunimiz va kelajagimizni to‘g‘ri belgilab olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Tarixsiz kelajak, milliy g‘urursiz mustaqillik bo‘lishi mumkin emas. Shunday ekan, endilikda biz istiqlolga erishgan vatanimizning turli mafkuraviy qarashlardan xoli bo‘lgan ilmiy siyosiy tafakkurini shakllantirishning asosiy omillaridan biri bo‘lgan yangicha tarixiy tafakkurning mahsuli sifatida o‘rganishimiz kerak. Uni mustaqillikni mustahkamlash, millatimizning o‘zligini anglash, milliy g‘ururni shakllantirish, yoshlarimizni mustaqil Vatanimizga cheksiz sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga xizmat qildirmog‘imiz darkor.
O‘zbekiston tarixini o‘rganishning ilmiy-nazariy va metodologik asoslari
“Tarix” so‘zi aslida arabcha bo‘lib, o‘zbek tilida “voqealar haqida hikoya”, “o‘tmish haqida hikoya” ma’nolarini anglatadi. Lekin bu tarix faniga berilgan ta’rif emas. Tarix fani o‘tmishni o‘rganadi. Masalan, har bir sohaning, jumladan, texnika, tibbiyot, matematika, dehqonchilik kabi behisob sohalarning o‘z tarixi bor. Bu - tabiiy hol. Tarixga turli qarashlar ham mavjud, kimlardir tarixni fan emas, balki bo‘lib o‘tgan voqealarning sarhisobi, kimlardir uni buyuk o‘tmishdoshlarimizning faoliyati deb biladi va hokazo. Bu ularning vijdoniga, dunyoqarashiga havola. Bizga ko‘proq mashhur tarixchi, buyuk vatandoshimiz Amir Temurning faoliyatiga bag‘ishlangan “Zafarnoma”ning muallifi Sharafiddin Ali Yazdiyning tarixga munosabati yaqinroq tuyuladi. Uning ta’biricha, tarix fani mamlakat hamda davlatlar o‘tmishida yuz bergan holatlarning sabablarini o‘rganadi: qaysi tadbir va choralar tufayli mamlakatda osoyishtalik bo‘lganligini, qanday sharoitlarda mamlakat tanazzul, halokat yo‘liga tushib qolganligini, shuningdek uni bu yo‘ldan chiqarish, taraqqiyotga yo‘l ochish uchun qaysi ishlarni qilish yoki qilmaslik kerakligini ko‘rsatib beradi2.
Sharafiddin Ali Yazdiyning bu fikrlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston tarixini biz, asosan, hududimizdagi ko‘p ming yillik ijtimoiy hayotni o‘rganadigan fan deb tushunamiz. Ana shu fikrga asoslanib, O‘zbekiston tarixi fanining mazmun doirasini belgilashga harakat qilamiz.
Bizningcha, O‘zbekiston tarixi fanining mazmuniga muayyan hududda hodisa va voqealarning yuzaga kelishi, rivojlanishi va inqirozga uchrash sabablari, turli siyosiy kuchlar, tabaqalar, sinflar, tarixiy shaxslar orasidagi munosabatlarning qonuniyatlarini tarixiylik nuqtai nazaridan o‘rganish kiradi. Shu bilan birga, bu fan o‘rganilgan qonuniyatlarga tayanib, O‘zbekiston Respublikasi doirasida rivojlangan demokratik huquqiy davlat qurish uchun o‘zining tarixiy tajribaga asoslangan ilmiy xulosalarini ishlab chiqadi.
O‘zbekiston tarixining o‘rganish obyektlariga siyosiy jarayonlar, milliy ozodlik harakatlari, ishlab chiqarish kuchlari, ilm-fan va madaniyatdagi o‘zgarishlar, ma’naviyatga aloqador bo‘lgan din, mafkura va turli g‘oyalar, buyuk shaxslar faoliyati hamda shu kabilar kiradi.
O‘zbekiston tarixini ilmiy asosda o‘rganish borasida, ayniqsa, respublikamiz mustaqillikka erishgandan so‘ng, salmoqli ishlar amalga oshirildi. Fanni o‘rganishning dolzarb muammolari, asosiy g‘oyalari Prezident I. Karimovning tarixchi olimlar bilan uchrashuv chog‘idagi nutqida belgilab berildi. Bu g‘oyalar O‘zbekiston tarixini o‘rganishning asosiy konsepsiyasini ishlab chiqishda o‘z aksini topdi. Bugungi kunda mazkur konsepsiyaning asosiy g‘oyalari shakllantirildi. Ular quyidagicha:
O‘zbekiston hududida tub aholi va uning ajdodlarining ko‘p ming yillar davomida o‘troq yashab kelganligi hamda mahalliy madaniyatning boy qadimiy ildizi va o‘tmishi bo‘lganligini qayd etish;
O‘zbekistonda davlatchilikning paydo bo‘lishi va o‘zbek xalqining shakllanishi jarayonida tub o‘troq dehqonchilik bilan shug‘ullangan aholining o‘rni hal qiluvchi omil ekanligini nazarda tutish. Bugungi o‘zbek xalqi tarixan shu zaminda yashagan xalq shajarasining davomi va shu yerda shakllangan turmush tarzi hamda madaniyatining vorisi ekanligining tan olinishi;
mil. av. III-II ming yilliklarda shakllangan sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik xo‘jaligi, hunarmandchilik va mahsulot almashish O‘zbekistonda davlatchilikning kelib chiqishidagi asosiy omil ekanligini tushunish;
O‘zbekistonda davlatchilikning shakllanishi va rivojlanishi jarayonida tub aholining urf-odatlari, an’analari va ma’naviyati, azaliy ijtimoiylashuv birlashtiruvchi omil bo‘lganligining tan olinishi;
O‘zbekistonda ijtimoiy hayotning shakllanishi, butun O‘rta Osiyo miqyosidagi qadimiy madaniy, iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni qamrab olgan siyosiy-ijtimoiy hodisa sifatida talqin etilishi;
O‘zbekistonda ijtimoiy hayotning shakllanishi va rivojlanishi unga xos xususiyatlar va qonuniyatlarga, jahon sivilizatsiyasi rivoji, dunyo xalqlari tarixida muhim o‘ringa ega ekanligining qayd etilishi.
Agar konsepsiyaning mohiyatini chuqur talqin va idrok qiladigan bo‘lsak, bir qancha yangicha muammolar mavjud ekanligi ko‘rinib turibdi. Jumladan O‘zbekistondagi ijtimoiy hayotning o‘ziga xosligi, uning shakllanishida o‘troq o‘zbek aholisining yetakchi o‘rin tutganligi, o‘zbeklarning o‘zi esa shu yerda yashagan o‘troq xalqning qonuniy vorislari ekanligi kabi ilmiy asoslangan g‘oyalar shular jumlasidandir.
O‘zbekiston tarixi davrlarga bo‘lib o‘rganiladi. Bugungi kunda ular shartli ravishda quyidagi davrlarga bo‘linadi:
Davlatchilikka o‘tish davri (mil. av. II ming yillikning o‘rtalari va ikkinchi yarmi).
Ilk davlat uyushmalari (mil. av. I ming yillikning birinchi yarmi).
Qadimgi davr ijtimoiy-siyosiy hayoti tarixi (mil. av. IV asrning oxiri - milodning IV asri).
Ilk o‘rta asr davlatchiligi tarixi (V-VIII asrlarning o‘rtalari).
Rivojlangan o‘rta asrlar davlatchiligi (IX-XIII asrlarning boshlari).
Amir Temur va Temuriylar davlati tarixi (XIV asrning ikkinchi yarmi - XVI asrning boshlari).
XVI-XIX asrlarning birinchi yarmi davlatchiligi tarixi.
O‘zbekiston XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrdagi mustamlakachilik davrida.
Mustaqil O‘zbekiston tarixi.
Ushbu davlatlashtirish bosqichlari muayyan kamchilikdan ham mustasno emas, lekin keltirgan bu usulimiz yetarli darajada o‘zini oqlamagan tarixiy jarayonlarni formatsion usulda tahlil qilishdan voz kechilganidan dalolat berib turibdi. Buni ilgarigiga nisbatan biroz bo‘lsa-da, olg‘a siljish deyish mumkin.
O‘zbekiston tarixi fani boshqa ijtimoiy fanlar kabi o‘zining muayyan qonun-qoidalariga ega. Ular umumiy va xususiy usullarga bo‘linadi. Umumiylariga, jumladan obyektivlik (holislik), tarixiylik qoidalarini keltirish mumkin. Tarixiy hodisalarni chuqurroq o‘rganish uchun xususiy usullar qo‘llanishi mumkin. Ularga, masalan, statistika, matematika, sotsiologik tadqiqot usullari kiradi. Bu usullar tarixiy hodisalarning miqdoriy va sifat o‘zgarishlarini tahlil qilish asosida chuqur tarixiy-ilmiy xulosalarni shakllantirishga yordam beradi. Ulardan qaysi birini qo‘llash tadqiqotchining o‘z oldiga qanday maqsad qo‘yganligi bilan belgilanadi.
Endi asosiy qoidalarni izohlab berishga harakat qilamiz.