E. A.) natijada yuz minglab dehqonlar, aravakashlar, olibsotarlar, paxta zavodlarining ishchilari, hammollar ishsiz qoldilar»
2. Umuman olganda, 1930 yillarga kelib aholining ixtiyorida deyarli xususiy mulk qolmadi. Demak, keltirilgan dalillardan xulosa qilib aytish mumkinki, sovet hukumati olib borgan siyosat boylar bilan bir qatorda kambag‘al dehqonlarning ham manfaatlarini poymol qilgan;
uchinchidan, Sovetlarga qarshilikning kuchayishiga olib kelgan yana bir sabab bolsheviklarning ijtimoiy hayotga sinfiylik nuqtai nazaridan yondashishidir. Ularning fikricha, kommunistik jamiyatga o‘tish uchun davlatni faqat ishchilar diktaturasi boshqarishi mumkin, o‘zga sinflar va tabaqalar, jumladan dehqonlar esa yo ishchilar (kommunistik) mafkurasini qabul qilishlari yo sinf sifatida yo‘q qilinishlari lozim. Bolsheviklar partiyasining 1919 yilgi ikkinchi dasturi o‘rtahol dehqonlar bilan ittifoqda bo‘lishga chaqirganligiga qaramay, 1921 yilda V. I. Lenin dehqonlar (barcha toifasi) mulkdor bo‘lganliklari, mayda burjua toifasiga kirganliklari uchun har kuni, har soatda kapitalizmni vujudga keltiradi, degan fikrni bildirgan
3. Sotsializm qurayotgan bolsheviklar bunga tish-tirnog‘i bilan qarshi edilar. Demak, asosan dehqonlardan tashkil topgan Turkistondagi aholini turli yo‘llar bilan tugatish bolsheviklarning asosiy vazifalaridan biri hisoblangan;
to‘rtinchidan, Turkistondagi fojiali jarayonlarni bolsheviklarning milliy- ozodlik harakatiga bo‘lgan munosabati bilan izohlash mumkin. Milliy harakatga kommunistlarning munosabatini V. I. Lenin Kominternning II kongressida (1920 y.) o‘zining «Milliy va mustamlaka masalalari bo‘yicha doklad"ida quyidagicha ifodalagan: «Hech bir shak-shubha yo‘qki, har qanday milliy harakat faqat burjua-demokratik harakati bo‘lishi mumkin, chunki qoloq mamlakatlardagi aholining asosiy ommasi burjua-kapitalistik munosabatlarning namoyandalari bo‘lgan dehqonlardir»
1.
Bu mantiqqa amal qilinsa, sotsializm uchun kurashayotgan kommunistik partiya ikki yo‘ldan borishi mumkin. Birinchisi - milliy ozodlik harakatini qurol kuchi bilan yo‘q qilish kerakligi (Turkistonda milliy masalani hal qilish jarayonida shunday usul ham qo‘llangan), lekin bu yo‘lni ochiqdan-ochiq rasmiy siyosat sifatida qo‘llash mumkin emas. Shuning uchun ikkinchi yo‘lni, ya’ni bolsheviklar yo‘lini tutish kerak. Uning mohiyati millatlarning o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilashlari huquqini, ya’ni ajralib chiqib, mustaqil davlat tuzish huquqini shior sifatida tan olib, milliy ozodlik harakatini sotsializm g‘oyasiga bo‘ysundirish choralarini ko‘rishdan iborat. Bu choraning mazmunini V. I. Leninning Turkiston va shu kabi qoloq, sanoat proletariati deyarli yo‘q mamlakatlarda rahbarlik rolini bolsheviklar o‘z zimmalariga olishi lozimligi haqidagi g‘oyasi tashkil etadi
2. Boshqacha aytganda, bolsheviklar milliy manfaatlarni inkor qiladilar. Bunga yuqorida bayon etilgan hodisalar, ya’ni sovet hukumati tarkibiga mahalliy millat vakillarining kiritilmaganligi, Turkiston milliy muxtoriyatining yo‘q qilinganligi aniq dalil bo‘la oladi.
Prezident I. A. Karimov ta’kidlaganidek: «Buyuk davlatlarning sivilizatsiyadorlik harakati mumtozlik va atrofdagilarga mensimay qarashdan iborat halokatli ruhiyatni vujudga keltirib va mustahkamlabgina qolmadi, balki zo‘rlik bilan joriy qilingani, milliy nafsoniyat va iftixorini kamsitgani, milliy madaniyatlar va ma’naviy qadriyatlarni toptagani, ularning ifodachilarini jismonan yo‘q qilib tashlagani uchun bunday harakat tegishli qarshilikka uchrar edi»
3. Bolsheviklarning o‘z siyosatini amalga oshirishda aynan shunday yo‘l tutganliklari, shuningdek o‘sha qaqshatqich bostirish, riyokorlik, bosqinchilik, xunrezlik usullarini qo‘llaganliklari, aholi eng quyi tabaqalarining ham qarshilik harakatiga qo‘shilishiga va bu harakatning yanada ommaviylashib ketishiga sababchi bo‘ldi. Fikrimizni asoslash uchun bir necha misollar keltiramiz.
1918-1920 yillarda Rossiyada fuqarolar urushi davom etayotganligi, Turkistonda avvallari g‘alla yetishtirilgan yerlarga paxta ekishga o‘tilganligi sababli bu yerda ochlik hukmronlik qildi. Bolsheviklarning oziq-ovqat siyosatini amalga oshirishlari ham aynan shu davrga to‘g‘ri keldi. Unga ko‘ra, Qizil Armiyani davlat emas, balki u o‘zini o‘zi ta’minlashi kerak edi. Demak, armiya o‘ziga kerak bo‘lgan mahsulotni xalqdan yig‘ib olishi kerak bo‘lgan. Maxsus tuzilgan harbiy oziq-ovqat guruhlari (ular tarkibida mahalliy millat vakillari bo‘lmagan) tub aholining ehtiyojlarini hisobga olmasdan, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri talaganlar. Bundan tashqari, ishchilarning oziq-ovqat guruhlari ham bo‘lgan. O‘sha davrdagi mahalliy hokimiyat ham doimo Moskvaning oziq-ovqat tayyorlash bo‘yicha topshiriqlarini oshirib bajarishga tayyor turgan. 1921 yilda (Turkistonda ochlik hukm surayotgan paytda) V. I. Lenin markazga 58 vagon don va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari yuborish to‘g‘risida topshiriq bergan. Turkiston hukumati bu vazifani qariyb uch barobar oshirib bajarishga, ya’ni 150 vagon jo‘natishga qaror qiladi
1. Zo‘rg‘a kunini ko‘rib turganlarning bor-yo‘q narsalarini tortib olgan, mol- mulkini yashirganlarni otib tashlashga buyruq bergan sovet hukumati olib borayotgan tadbirlarga qarshilikning ommaviy tus olishi, aholining o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun qo‘liga qurol olishi tabiiy edi.
Yana bir dalil. 1922 yilda Turkiston Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining to‘rtinchi plenumi «bosmachilik» harakati bilan bog‘liq masalani maxsus muhokama qildi. Plenumda Turkiston Xalq Komissarlari Sovetining raisi Qayg‘isiz Otaboyev nutq so‘zladi. Sovetlarning Turkistonda olib borayotgan nomaqbul siyosatini ko‘rsatish uchun ana shu nutqdan bir necha ko‘chirmalar keltiramiz:
«Bizning 4 yil mobaynida olib borayotgan barcha ishlarimiz bu yerdagi mahalliy aholining asrlar davomida shakllangan turmush tarziga, urf-odati va an’analariga butunlay zid edi. Vaziyat bilan hisoblashishga uquvimizning yo‘qligi hammamizning kasalligimizdir...
Biz o‘zimizning uquvsiz siyosatimiz bilan aholining o‘zimizga qarshi qo‘zg‘alishiga sabab bo‘libmiz... Buxoro inqilobining mohiyatini tushuntirar ekan, notiqlar bizning inqilobimiz boshqa inqiloblardan shunisi bilan farq qiladiki, bu inqilob faqat amirgagina emas, ayni paytda xudoga ham qarshi qaratilgan, deb javrashayapti. Bu gapni shahri sharif hisoblangan Buxoroda, din g‘oyat mustahkam o‘rin olgan, butun turmush tarzi to‘laligicha diniy asosga qurilgan, aholisi o‘ta dindor va mutaassib hisoblangan Buxoroda aytishyapti! Tabiiyki, bu holda biz, butun aholini o‘zimizga qarshi qo‘zg‘aymiz...
...Farg‘ona frontining qo‘mondoni o‘rt. Konovalov bosmachilarning turgan joyi haqida xabar topib, Bozorqo‘rg‘onga yo‘l oldi va otradning harakati haqida bosmachilarga xabar berilishidan qo‘rqib, yo‘lda uchragan barcha o‘zbeklarni otib tashladi. Otrad Bozorqo‘rg‘on yaqinida yana bosmachilar bilan to‘qnashib, kichik jang qildi. O‘rt. Konovalov bu yerdan jo‘nab ketayotib, Bozorqo‘rg‘onga qo‘shni bo‘lgan Nikolskoye qishlog‘i krestyanlariga Bozorqo‘rg‘onni bosmachilardan tozalashni taklif qiladi. Nikolskoye krestyanlari 23 kun mobaynida Bozorqo‘rg‘onni «tozalaydilar». «Tozalash» shunday olib borildiki, avval «faqat» talaydilar, keyin aholini otib tashlaydilar: erkaklarni bosmachilarga hamdard deb, bolalarni esa kelajakda bosmachi bo‘lishlari mumkin deb o‘ldirdilar... Krestyanlar bosmachilarni tugatganliklari, qishloq aholisi qaytib kelib, murdalarni ko‘mishlarini, endi qishloq aholisiga dushmanlik qilmasliklarini e’lon qiladilar. Qishloqqa qaytib kelgan aholi otilganlarni qabristonda dafn etish marosimini o‘tkazayotganida krestyanlar bu yerga ham hujum qilib, oxirgilarini (dafn etishda qatnashayotganlarini. -
E. A.) bir yo‘la qirib tashlaydilar» .
Biz Qayg‘isiz Otaboyevning nutqidan kichik bir lavha keltirdik. Aslida nutq dahshatli misollarga to‘lib-toshib yotibdi. Nutqning asosiy maqsadi «bosmachilikka» qarshi kurash jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatib, sovet hokimiyatini mustahkamlashga qaratilgan. Shunday bo‘lsa ham Q. Otaboyevning mardligiga qoyil qolish kerak. Balki u o‘z xalqining kelajak baxti sovet tuzumi bilan bog‘liqligiga samimiy ishongandir. Bu - uning fojiasi edi. Lekin «xalqlar otasi» Stalin hech qachon, hech kimni kechirgan emas. 1937 yilgi qatag‘onlarda Otaboyevning yo‘q qilib yuborilishi uning 1922 yildagi nutqi bilan ham bog‘liq bo‘lsa, ajab emas.
«Bosmachilik»ning milliy ozodlik kurashi ekanligini o‘sha davrda Turkistondagi ba’zi bir rusiyzabon rahbarlarning o‘zlari ham tan olganlar. Masalan, 1919-1922 yillarda Turkiston armiyasining Revolyutsion Harbiy Soveti va Turkkomissiya a’zosi F. I. Goloshchyokin o‘z bayonotida quyidagilarni yozadi: «U yoqda (Farg‘onada) siyosiy va iqtisodiy hayotda faqat o‘ta tartibsizlik va dahshat bor. Sinfiy kurash yo‘q, aksincha, milliy kurash shiddatli tus olgan, bosmachilik esa sho‘ro hokimiyati va guruhlarimiz sa’y-harakati tufayli vujudga kelgan... partiyaning barcha a’zolari bosqinchilik qilmoqda, pora olmoqda»
1.
Bolsheviklarning zo‘ravonlik, mahalliy aholini kamsitish siyosatini 1920 yilda V. I. Leninning o‘zi ham tan olgan. «Bosmachilik» harakati avj olgan, Turkistonda siyosiy inqiroz davom etayotgan davrdagi ahvol RKP(b)ning siyosiy byurosida ko‘riladi va shu masala bo‘yicha qaror qabul qilinadi. Ana shu qarorning muqaddimasidan ko‘chirma keltiramiz: «RKP Markaziy
Komiteti Turkiston RKPning asosiy vazifasi Rossiya samoderjaviyesining ellik yildan ortiqroq imperialistik siyosati natijasida kelgindi yevropalik aholi bilan tub aholi o‘rtasida vujudga kelgan keskin munosabatlarni tugatish, deb hisoblaydi. Bu munosabatlar mustamlakachilik psixologiyasi bilan g‘oyat zaharlangan rus ishchilarining juda kichik guruhining qo‘lida bo‘lib, bu munosabatlar Sovet hokimiyatining 2,5 yili mobaynida yaxshi tomonga o‘zgarish u yoqda tursin, balki o‘ziga xos «kommunistik» harakatlar tufayli yanada kengroq keskinlashib ketdi, qullikka tushirilgan tub aholi bu harakatlarni eski chor hokimiyati agentlari harakatining davomi deb biladi, ular aslida ham shunday harakatlardir»
2.
Ushbu qaror V. I. Leninning topshirig‘i bilan tayyorlangan va tasdiqlangan. Ko‘rinib turibdiki, u bizning ba’zi sovetshunos olimlarimizdan farqli o‘laroq, Turkistondagi ahvolni yaxshi bilgan va vaziyatni to‘g‘ri talqin qilgan. To‘g‘ri, qarorga bir qancha tadbirlar qatori, jumladan V. I. Lenin o‘z qo‘li bilan yozgan quyidagi band ham kiritildi: «Hokimiyatni ishonchli kommunistlar kontroli ostida - asta-sekin, lekin og‘ishmay mehnatkashlarning mahalliy Sovetlariga bera borish muntazam ravishda o‘ylanib, tayyorlanib, amalga oshirilsin»
3. Hokimiyatni faqat ishonchli kommunistlar kontroli ostida topshirish kerak emish, chunki bunday nazorat bo‘lmasa, hokimiyat qo‘ldan ketib qolishi mumkin-da. Undan tashqari, kim ishonchli kommunist bo‘lishi mumkinligini faqat markaziy hokimiyatgina belgilashi katta sir emas. Demak, Turkistondagi mahalliy sovetlar markaziy hokimiyat ishongan kommunistlarning nazoratida bo‘ladi.
Xullas, Sovetlarning mustamlakachilik siyosati natijasida kelib chiqqan qurolli to‘qnashuv mahalliy aholi boshiga misli ko‘rilmagan kulfatlarni keltiradi. Turkiston Ijroiya Qo‘mitasining raisi bo‘lgan N. To‘raqulov Sovetlarning «bosmachilikka» barham berishga qaratilgan harakatlari natijasida 200 ming odam qurbon va mayib-majruh bo‘lganligi haqidagi ma’lumotlarni keltiradi
4.
Bu raqamni ham tekshirib ko‘rish kerak, chunki sho‘ro hukumatining boshlig‘i sifatida N. To‘raqulov haqiqatni to‘liq ochib berish imkoniga ega bo‘lmagan, deb o‘ylaymiz. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, bu raqam bir necha marta kamaytirilgan. Chunki, masalan, M. Cho‘qayev o‘zining «Turkiston Sovetlar hukmronligida» (Parij, 1935) nomli kitobida bu qatag‘onlar natijasida 1,1 mln. odam halok bo‘lganligini xabar beradi
1.
Bundan dahshatliroq ma’lumotlar ham bor. Masalan, R. Shamsutdinov Vatan istiqloli uchun kurashda 5 million 600 ming kishi shahid bo‘ldi, chet ellarda muhtojlik azobini tortdi, Sibir surgunlarida halok bo‘ldi va mayib- majruh bo‘lib qoldi, deb yozadi
2. Balki bu raqamlar biroz bo‘rttirib berilgandir. Albatta, aniq raqamni keltirish qiyin, chunki bunday ma’lumotlar keltirilgan hujjatlarning topilishi amrimahol. Fuqarolar urushida, ochlikdan, qatag‘onlar natijasida halok bo‘lganlarni hisobga olish va bu to‘g‘rida ochiq- oydin axborot berishdan sovetlar hokimiyati manfaatdor bo‘lmagan. Lekin millionlab emas, hattoki bir inson huquqining poymol etilishi, joniga jabr qilinishining o‘zi fojiadir.
Ma’lum bo‘lishicha, 1917-1920 yillarda, ya’ni uch yil ichida Turkistonning ekin maydonlari 40 foizga kamayib ketdi, chunki, bir tomondan, erkaklar birodarkushlik urushida qatnashayotgan bo‘lsalar, ikkinchi tomondan, bolsheviklar olib borgan «harbiy kommunizm» siyosati ishlab chiqarishdagi manfaatdorlikni so‘ndirdi. Natijada qishloq xo‘jalik mahsulotlari 2 martaga yaqin, qoramollar soni 2,5 marta kamayib ketdi, sug‘orish tarmoqlari vayron bo‘ldi. Savdo-sotiq to‘xtaganligi natijasida Turkiston xo‘jaligiga 298 mingta omoch, 394 mingta ketmon va boshqa ish qurollari yetishmas edi
3. Natijada ochlik hukm sura boshladi.
Biroq bu ochlik bolsheviklarni deyarli tashvishga solmadi. Masalan, bolshevik Tobolinning fikricha, ochlikka qarshi kurashishga mo‘ljallangan mablag‘larning frontlarni ta’minlashga sarflangani inqilob uchun ma’qulroq (chunki bu borada maqsadga erishib bo‘lmaydi)
4. Shu dunyoqarashning o‘ziyoq Turkistondagi mahalliy xalqqa kulfat keltirgan kommunistik g‘oyaning insoniylik normalaridan yiroqligidan dalolat beradi.
Istiqlolchilik harakatining asl mohiyati mahalliy aholining ozodligi, mamlakatning mustaqilligi uchun kurash ekanligini tan olib, uning ba’zi nuqsonlari haqida so‘z yuritmaslik xolislikka xilof.
Milliy ozodlik harakati tarkibida siyosiy maqsadni ko‘zlagan Madaminbek va boshqa qo‘rboshilarning ham bo‘lganligini, ularning dastalarida rus ofitserlari ham xizmat qilganligini, ular istiqlolchilarni xorijdan, ayniqsa, Afg‘oniston tomondan qurol-yarog‘ bilan ta’minlanganligini, 1919 yilda Farg‘onada Madaminbek boshliq muvaqqat hukumat tuzilganligi va uning xorij bilan aloqada bo‘lganligini, ayni paytda ba’zi guruhlarning tinch aholini talash bilan ham shug‘ullanganliklarini inkor qilmaymiz. Lekin shu kabi ayrim dalillar asosida butun milliy ozodlik harakatini qoralash insofdan emas, chunki ushbu faktlarning har biri ortida qandaydir obyektiv asos bor.
Madaminbek va boshqa qo‘rboshilar xalqni bolsheviklar istibdodiga qarshi kurashga ko‘tarar ekan, harakatdagi Qizil Armiya bilan to‘qnashishga to‘g‘ri kelishini yaxshi tushunganlar. Bor quroli ketmonu belkurakdan iborat bo‘lgan musulmon dehqonini harbiy ishga o‘rgatishda kimdan foydalanish kerak? Agar rossiyalik mutaxassislar bunda yordamga kelgan bo‘lsa, buning nimasi yomon? Umumiy dushmanni bartaraf qilishda nima uchun ulardan foydalanish mumkin emas? Qurol-yarog‘ni Rossiya bermaydi. Shuning uchun uni faqat chet eldan olish mumkin.
Yana shuni e’tirof etish joizki, milliy ozodlik harakatida ishtirok etayotgan guruhlarning moddiy ta’minoti faqat mehnatkash xalqning gardanida edi. Qayerdadir aholi istiqlolchilarga xayrixohlik bildirib, ularni ixtiyoriy ravishda oziq-ovqat bilan ta’minlagan bo‘lsa, boshqa yerda oziq- ovqat kuch ishlatib olinganini ham inkor etib bo‘lmaydi.
Istiqlolchilik harakatida uchragan ayrim ma’naviy nuqsonlarning ham muayyan sabablari bor: birinchidan, hokimiyat uchun kurash ketayotgan vaqtda ushbu harakatga putur yetkazadigan, o‘zining qabih siyosiy maqsadlaridan boshqa narsani ko‘rmaydigan unsurlar kirib qolmasligiga hech kim kafil bo‘la olmaydi? Bu borada sovetparastlikda umuman ayblab bo‘lmaydigan Boymirza Hayitning fikricha, «bosmachilik» harakatining eng bo‘sh joyi rahbariyat masalasi edi, chunki ularning birontasi ham hokimiyat uchun kurashda o‘z da’vosidan kecha olmadi, ba’zida bu ixtilof o‘zaro qonli kurashga ham olib kelardi. Milliy harakatni boshqarib turadigan siyosiy kuch ham yo‘q edi. Buning ustiga islohotchilar bilan xurofotga berilgan ruhoniylar o‘rtasidagi nizo ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatar edi. Ana shu nizo «Qo‘qon muxtoriyati»ning tugatilishiga asosiy sabab bo‘ldi\
Ikkinchidan, ochlikdan o‘lim bo‘sag‘asida turgan yoki ishsizlik, notinchlik tufayli ro‘zg‘or tebrata olmayotgan odamning miyasida faqat olijanob, insoniy tuyg‘ular barq urib turadi, deyish xomxayoldan bo‘lak narsa emas. Axir, insonning ongi real muhit bilan bog‘liq-ku. Istiqlolchilik harakati inqirozga uchrashining yana bir obyektiv sababi uning tarkibiy qismi bilan bog‘liq. Eslatib o‘tganimizdek, uning asosiy qismini dehqonlar tashkil qilgan. Dehqonning jamiyatdagi o‘rni ham, istiqboli ham, oilasining baxti, sog‘lig‘i ham yeri va undan olingan mahsulotga bog‘liq. Shu bois, uning milliy ozodlik harakatidagi ishtiroki mana shu bir parcha yerini saqlab qolishga qaratilgan, qolaversa, u qishloq, nari borsa, tuman doirasidan chetga chiqmaydi. Deqqon uzoq vaqtga oilasini tashlab ketolmaydi, chunki u och qolishi mumkin.
Milliy ozodlik harakatidagi ayrim salbiy jihatlarni tan ola turib, Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ba’zi bir tangliklar, xalqning o‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan turli-tuman siyosiy taraflarga bo‘linib ketishi, avvalo, bolsheviklarning jamiyatni qurol kuchi bilan o‘zgartirish borasida olib borayotgan siyosatining mahsuli ekanligini inkor etib bo‘lmaydi. Bu
birinchidan. Ikkinchidan, shafqatsizlik, razillik, inson huquqlarini poymol qilishda bolsheviklar «bosmachilar»dan o‘n chandon o‘tkazib yuborganliklarini yuqorida keltirilgan ko‘plab misollardan bilib oldik.
Endi Turkistonda Sovetlar hokimiyatining qaror topishi sabablariga to‘xtalamiz. Nazarimizda, bu birinchi navbatda bolsheviklarning riyokorona siyosati bilan bog‘liq. Ular milliy ozodlik harakatiga qarshi nafaqat qurol kuchi bilan kurashdilar, balki mahalliy aholini aldash, chalg‘itish borasida ham ustasi farang bo‘lib chiqdilar.
Bunga misol qilib 1921-1922 yillarda bolsheviklar amalga oshirgan mahalliy aholiga yon berish siyosatini keltirish mumkin. «Bosmachilik» harakatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol kuchi bilan yengib bo‘lmasligiga ko‘zlari yetganidan keyin bolsheviklar o‘z siyosatlarini o‘zgartirdilar. Jumladan ular vaqfning qaytarilishiga, eski maktablar ochilishiga, shariat va qozilik sudlovining tiklanishiga rozilik bildirdilar, o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgan bosmachilarni afv etishni va’da qildilar
1. Lekin bu tadbirlar vaqtinchalik bo‘lib, bolsheviklar o‘z mavqeini mustahkamlab olganlaridan so‘ng bu milliy an’analarni tag-tomiri bilan qo‘porib tashladilar.
Sovet hukumatining eng katta siyosiy o‘yinlaridan biri 1924 yilda O‘rta Osiyoda o‘tkazilgan milliy davlat chegaralanishidir. Go‘yoki millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini hayotga tatbiq etish va milliy davlat tuzish maqsadida, ikki mustaqil davlat - Buxoro XSR va Xorazm XSR tag-tugi bilan yo‘q qilib tashlandi. Ularning o‘rnida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkmaniston respublikalari tashkil qilindi.
Yuqorida bayon etilgan fikrlar va mulohazalar asosida «bosmachilik» tushunchasini sovetparast tarixchilar kommunistik mafkuraga amal qilib yaratganlar, aslida u milliy ozodlik harakati bo‘lgan, deb to‘la ishonch bilan ayta olamiz. Har bir siyosiy jarayonda bo‘lganidek, ushbu harakatning ham salbiy tomonlari bo‘lgan. Lekin 20-30-yillarda millatning ozodligi yo‘lida berilgan qurbonlar zoye ketmadi. Tarix, Prezident I. A. Karimovning so‘zlari bilan aytganda, shovinizm pirovardida davlatning o‘ziga zarba berishini, uning poydevorini kuchsizlantirishini, ichki ziddiyatlarini kuchaytirishini va uning Sovet imperiyasi kabi parchalanib ketishini 1991 yilga kelib isbotladi
2.