O‘zbekiston tarixi



Yüklə 1,22 Mb.
səhifə9/18
tarix19.09.2023
ölçüsü1,22 Mb.
#145327
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   18
Ўзбекистон тарихи-2005 академия

Birinchi bahona - SSSR kapitalistik dunyo qurshovida bo‘lganligi uchun urush xavfi ostida qoldi. Demak, bolsheviklarning fikricha, barcha iqtisodiy imkoniyatlar markazlashtirilib, og‘ir sanoatni tezlik bilan rivojlantirish, mamlakatning mudofaa qudratini mustahkamlash lozim edi.
Bugungi kunda tarixchi olimlar urush xavfi siyosiy maqsadlarda bo‘rttirib ko‘rsatilganligini tan olmoqdalar. Ushbu fikrni isbotlash uchun bir necha dalillarni keltirish mumkin:

  1. fuqarolar urushi davridagi, o‘ta qiyin iqtisodiy sharoitda chet el intervensiyasiga barham bergan sovet davlati yangi iqtisodiy siyosat tufayli o‘zini o‘nglay olganidan keyin mudofaani mustahkamlash uchun favqulodda choralar ko‘rishiga zarurat bo‘lmagan;

  2. SSSRdagi iqtisodiy va siyosiy barqarorlikning guvohi bo‘lgan yetakchi mamlakatlar, jumladan Angliya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Italiya, AQSH (1933 y.) bu davlatni rasman tan ola boshlagan edilar. SSSR 1934 yilda jahondagi 30 mamlakatni birlashtirgan Millatlar Ligasiga qabul qilindi1. Bular xalqaro miqyosda SSSRning mavqei mustahkamlanganligidan dalolat berardi;

v) agar urush xavfi mavjud bo‘lsa, nima uchun kapitalistik dunyo SSSR bilan savdo-sotiqni rivojlantirdi? Mavjud ma’lumotlarga qaraganda, SSSRdan Yevropa mamlakatlariga g‘alla sotish hajmi 1930-31 yillarda 52 marta oshgan2. Eksport evaziga olingan mablag‘ o‘sha mamlakatlarning o‘zidan, asosan, og‘ir sanoatni rivojlantirish bilan bog‘liq ishlab chiqarish vositalarini xarid qilishga sarflangan.
Urush xavfini 1939 yilda boshlangan Ikkinchi jahon urushi bilan asoslash esa tarixiylik qoidasining buzilishiga olib keladi, chunki 30-yillar boshlarida amalga oshirilgan markazlashtirish choralarini undan keyin boshlangan urush bilan asoslash mantiqan noto‘g‘ri bo‘ladi.
Ikkinchi bahona - Stalinning rasmiy ravishda e’lon qilingan «Sotsializm mustahkamlanib borgan sari sinfiy dushman qarshiligi ham kuchayib boradi» degan soxta g‘oyasi. Bu «bashorat»ni ittifoqdosh respublika partiya tashkilotlari o‘zlariga dasturilamal qilib olishga majbur edilar, aks holda, sinfiy dushmanning borligini inkor qilganlarning o‘zlari sotsializmning dushmaniga aylanib qolishlari aniq edi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Kommunistik partiyasi IV qurultoyining (1929 y.) qarorida zikr qilingan quyidagi ko‘rsatmaning amal qilishi tabiiy edi: «Partiya qurultoy i bizning davlatimizda sinfiy kurashni yashirishga qaratilgan har qanday urinishni rad qiladi. Sinfiy kurashning keskinlashuvini xaspo‘shlash, aslida, bizni sinfiy dushman oldida qurolsizlantiradi»3. Xo‘sh, sinfiy dushman kim edi?
Agar kommunistik partiyaning mantig‘iga rioya qilinsa, sotsializm qurishga qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lganlar, birinchi navbatda, mulk egalari va ularning manfaatini ifoda etuvchi siyosiy kuchlardir. Shunday ekan, qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lganlarning mavqei O‘zbekistonda qanchalik kuchli edi, degan savol tug‘iladi. Bizningcha, Stalinning vahimasi mutlaqo o‘rinsiz edi. Chunki 1930 yillar arafasida sanoat sohasida mulkdorlar sinfi (agar ba’zi hunarmandlar hisobga olinmasa) butunlay tugatilgan, qishloq aholisining tarkibida boy va quloq dehqonlar (yollanma ishchi kuchidan foydalanadiganlar) bor-yo‘g‘i 1,4 % ni tashkil qilar edi1. Kommunistik partiyadan o‘zga partiyalar jamiyat hayotidan tag-tomiri bilan sug‘urib tashlangan edi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, tashqi va ichki dushmanning sotsializm qurilishiga xavf solishi haqidagi bahonalar kommunistik partiya boshchiligidagi sovet hokimiyatining mavqeini, har qanday yo‘l bilan bo‘lsa- da, mustahkamlashga qaratilgan edi.
Kommunistik partiya rahbariyati asl maqsadlarini yashirgan holda, o‘z mavqeini mustahkamlash yo‘llarini ham o‘ylab topdi. Bular industrlashtirish (sanoatlashtirish), qishloq xo‘jaligini jamoalashtirish (kolxozlashtirish) va madaniy inqilobni amalga oshirish ko‘rinishida namoyon bo‘ldi. Kommunistik partiya o‘z qo‘lidagi barcha vositalardan - tashviqot va targ‘ibot, qo‘rqitish va tazyiq o‘tkazish apparatidan - keng foydalanib, aholini bir muddat qiyinchiliklarga sabr-toqat qilishga chaqirdi, kelajakda farovon hayotning ta’minlanishiga ishontirishga harakat qildi va bu yo‘lda muayyan natijalarga ham erishdi.
Kommunistik partiyaning 1934 yilda bo‘lib o‘tgan XVII syezdida Stalin SSSRda sotsializmning asoslari yaratilganligini tantanali ravishda e’lon qildi. Bu quyidagilarni anglatardi:

  • xususiy mulkning Ittifoq miqyosida tugatilganligi, bir markazdan boshqariladigan umumdavlat mulki yaratilganligi va shu yo‘l bilan har qanday demokratiyaning asosi bo‘lgan iqtisodiy erkinlikka barham berilganligi;

  • kommunistik mafkura davlat mafkurasi sifatida qaror topganligi va hurfikrlikka, ma’naviy erkinlikka chek qo‘yilganligi;

  • ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida ishchilar nomidan Kommunistik partiya, aniqroq aytganda, uning apparati diktaturasining o‘rnatilganligi, muxolafatdagi siyosiy kuchlarning tugatilganligi va siyosiy huquqlarning poymol qilinganligi.

Haqiqat nuqtai nazaridan tan olish kerakki, aynan shu 30-yillarda, barcha qiyinchiliklarga qaramay, ishchi va dehqonlarning ochlik va tazyiqlarga chidashi, matonatli mehnati tufayli ko‘plab sanoat korxonalari qurildi, yoppasiga kolxozlashtirish amalga oshirildi, maktab, texnikum, oliy o‘quv yurtlari ochildi. Ammo yutuq qurilgan korxonalar, tuzilgan kolxozlar soni bilan emas, balki xalq xo‘jaligidagi aniq ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, ayniqsa, samaradorlik darajasi bilan o‘lchanadi. Birinchi besh yillikda rejalashtirilgan juda ko‘p ko‘rsatkichlarga esa aslida erishilmay qoldi.
Paxtachilikdagi ko‘rsatkichlar ham maqtovga sazovor emas. Birinchi besh yillik yakuni bo‘yicha rejadagi 1,91 mln. o‘rniga atigi 1,27 mln. tonna paxta yetishtirildi. Hosildorlik 1928 yilda o‘rtacha bir gektarga 8,1 sentnerdan 5,9 sentnerga tushib ketdi2. Amaliy tajribaga, ilm-fanga asoslanmagan siyosatga, muayyan shaxslarning xohish-irodasiga bo‘ysundirilgan iqtisodiy boshqarish turli o‘pirilishlarga, nomutanosibliklarga olib keldi va sotsialistik deb atalmish mamlakatlarda an’anaga aylanib qoldi.
SSSR rahbariyatining 30-yillardagi iqtisodiy siyosati qanday natijalarga olib kelganligidan qat’i nazar, u o‘zining asosiy maqsadiga, ya’ni ma’muriy boshqaruv tizimini yaratishga erishdi.
Ma’muriy-boshqaruv tizimining o‘zagini Kommunistik partiya, aniqrog‘i, uning uncha katta bo‘lmagan siyosiy byurosi va boshqaruv apparati tashkil qildi. Boshqaruv apparati esa bir shaxsning, ya’ni partiya bosh kotibining irodasiga bo‘ysundirildi. Mamlakatda qat’iy tartib o‘rnatildi. Unga ko‘ra, ijtimoiy hayotdagi barcha masalalar siyosiy, iqtisodiy, madaniy, mafkuraviy, harbiy, huquqiy va boshqa muammolar dastlab partiya organlarida muhokama qilinib, bir qarorga kelinib, undan keyin qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi organlarga topshiriq berilgan.
Partiyaning ittifoq, respublika, viloyat, shahar va tuman organlarida har bir soha bo‘yicha o‘z bo‘limlari bo‘lgan. Masalan, uning tashkiliy, targ‘ibot- tashviqot, og‘ir sanoat, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va boshqa sohalar bilan shug‘ullanuvchi bo‘limlari faoliyat ko‘rsatgan. Sohalar bo‘yicha vazirliklarning rahbarlari Vazirlar Mahkamasidan ko‘ra ko‘proq partiya markaziy komitetining bo‘limlariga itoat etgan, chunki ularning hayot- mamoti asosan o‘sha yerda hal bo‘lgan.
Ma’muriy buyruqbozlik tizimiga xos bo‘lgan yana bir xususiyat - huquqni muhofaza qiluvchi organlarning (Stalin davrida ular ko‘proq jazolovchi, qatag‘on qiluvchi organ sifatida namoyon bo‘ldi) hattoki partiya tashkilotlaridan ham xoli qilinib, bevosita partiya bosh kotibiga bo‘ysundirilib qo‘yilganligidir.
1930-1940 yillarda shakllangan ma’muriy buyruqbozlik tizimi ayrim juz’iy o‘zgarishlarni nazarga olmaganda, to SSSR tarqalib ketgunga qadar saqlanib qoldi.
1950-1960 yillarda partiya bosh kotibi N. S. Xrushchyov Stalinning o‘limidan so‘ng bu tizimning qo‘pol, yaqqol ko‘zga tashlanadigan qusurlarini tanqid qildi, sovetlarning mavqeini tiklashga, ittifoqdosh respublikalarning vakolatlarini kengaytirishga erishmoqchi bo‘ldi. Ammo u ham kommunistik partiyaning rahbarlik vazifasiga til tekkizmadi. Aksincha, 1977 yilga kelib yangi bosh kotib L. I. Brejnevning tashabbusi bilan kommunistik partiyaning jamiyatni boshqarishdagi rahbarlik vazifasi SSSRning uchinchi Konstitutsiyasida maxsus belgilab qo‘yildi, ya’ni partiyaning faoliyati har qanday nazoratdan xoli bo‘lishi ta’minlandi. Bu esa, o‘z navbatida, partiya xodimlarining qonunbuzarliklariga yo‘l ochib berdi.
Xo‘sh, ma’muriy buyruqbozlik tizimining salbiy tomonlari nimalardan iborat edi?
Bu tizimning qabih tomoni shundan iboratki, u jamiyatning turli siyosiy, g‘oyaviy qarashlar raqobati va erkin tanlov asosida rivoj lanishiga chek qo‘ydi. Natijada jamiyat o‘zini muvofiqlashtirib boruvchi mexanizmiga ega bo‘lmay qoldi. Shu bois, SSSR nafaqat ishlab chiqarishni rivojlantirish, balki mehnatkashlarning turmush darajasini yuksaltirish borasida ham rivojlangan G‘arb mamlakatlaridan ortda qoldi. Mamlakatda yuzaga chiqayotgan turli siyosiy, ijtimoiy, milliy muammolarni o‘z vaqtida va adolatli hal qilish imkoniyati bo‘lmaganligi bois, SSSRning o‘zi siyosiy inqirozga uchrab, tarqalib ketdi.
Davlatning, to‘g‘rirog‘i, ma’muriy buyruqbozlik tizimining manfaatiga ustun ahamiyat berilishi mehnatkashlarning qaqshatqich ekspluatatsiya qilinishiga olib keldi. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, G‘arb mamlakatlarida milliy daromadning 70 %, SSSRda esa 20 % gina mehnatkashlarga oylik maosh sifatida qaytarilardi1. Maxsus o‘ylanib joriy qilingan ushbu tartib aholining boyishiga yo‘l qo‘ymagan va uni tobelikda saqlab turish uchun kerak bo‘lgan. Eng oddiy ishchidan tortib, yuqori lavozimdagi amaldorgacha hech kim o‘z rahbarlariga qarshi chiqa olmagan.
Yuqoridan turib rejalashtirish va taqsimlashga asoslangan tizim ma’naviyatning ham inqirozga yuz tutishiga olib keldi. Turli darajadagi hokimiyat organlariga moddiy va boshqa boyliklarni taqsimlash funksiyasining berilishi mansab vakolatini suiiste’mol qilish, poraxo‘rlik, laganbardorlik kabi illatlarning avj olishiga imkon yaratdi. Sekin-asta aholining ongida «bermasang, hech narsaga erisha olmaysan» degan tushuncha qaror topdi. Buning ustiga, mulkning umumiyligi (aniqrog‘i, egasizligi) ommaviy miqyosdagi tashmachilikni tabiiy hol sifatida baholashga va boqimandalik kayfiyatining shakllanishiga turtki bo‘ldi.
Ma’muriy buyruqbozlik tizimi o‘z faoliyati davomida faqat markazning manfaatlarini inobatga olganligi uchun ittifoqdosh respublikalarning
huquqlarini poymol qildi, ularning ehtiyojlari bilan hisoblashmadi. Natijada respublikalarning rivojlanishida nomutanosiblik va bir tomonlamalik avj oldi. Xususan, O‘zbekistonda paxta yakkahokimligi o‘zining barcha salbiy oqibatlari bilan respublikaga juda katta ziyon keltirdi.
Nihoyat, ma’muriy buyruqbozlik tizimi ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida nafaqat sotsializm qurish g‘oyasiga qarshi chiqqanlarni, balki sotsializmni o‘zicha talqin qilganlarni, hattoki unga nisbatan betaraf qolganlarni ham qatag‘on qilish siyosatiga asos soldi. Kommunistik partiyaning rahbarlari, mafkurachilari sotsializm beradigan «erkinlik», «demokratiya»ni bir tomonlama talqin qildilar, ya’ni umumiy mulkni - davlat mulki, hurfikrlilikni - kommunistik e’tiqod, demokratiyani - yuqoridan o‘rnatilgan tartib, farovonlikni - davlat tomonidan belgilangan me’yoriy taqsimlash, milliylikni - kommunistik baynalmilallik, ijtimoiy tenglikni - sinfiy yondashish bilan almashtirdilar. Ular shu tariqa o‘zlarining hukmronligini mustahkamlashga harakat qildilar va buning uchun barcha choralarni ko‘rdilar.

  1. Sovet davlati qatag‘onlik siyosatining O‘zbekistondagi og‘ir oqibatlari

Sovet imperiyasi tarixining eng fojiali, qonli sahifalaridan biri ommaviy qatag‘onning maxsus uyushtirilishi bo‘ldi. Insoniyat tarixi tinchlik davrida o‘z xalqiga nisbatan shu qadar tajovuzkor siyosat olib borgan hech bir davlatni bilmaydi. Bunday holat sodir bo‘lishining sabablarini aniqlash jamiyatda tinchlik, xotirjamlik va barqarorlikni ta’minlashga ulkan hissa bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Avvalo, shuni ta’kidlab o‘tishimiz joizki, shu bugungi kungacha qatag‘onlik siyosati to‘g‘risida so‘z yuritilganida nima uchundir, asosan, XX asrning 30-50-yillari ko‘rsatib o‘tiladi. Aslida, qatag‘onlik SSSRda sotsializm qurish va uni mustahkamlashga xizmat qilgan sovet davlatining birinchi kunidan to oxirgi soatlarigacha davom etgan, kommunistik dunyoqarash bilan asoslangan maxsus siyosat sifatida tahlil qilinmog‘i lozim. Undan tashqari, bu siyosat ayrim shaxslargagina emas, balki hurfikrlilikka, milliylikka, inson farovonligiga, qolaversa, demokratiyaga, jamiyatdagi bir qancha toifa va sinflarga qaratilganligini tan olish kerak bo‘ladi. Xususiy mulkning tugatilishi va davlat tasarrufiga o‘tkazilishi, ishlab chiqarilgan mahsulotning miqdori va sifatini e’tiborga olmay, mehnatga deyarli bir xilda haq to‘langani manfaatdorlikni kamaytirishi turgan gap edi. Kommunistik partiyaning rahbarlari buni yaxshi tushunganlar. Ishyoqmaslarga nisbatan V. I. Leninning fikricha, ming xil choralar ko‘rish mumkin. Masalan, 10-15 kun qamab qo‘yish, hojatxonalarni tozalashga majbur qilish, safga turg‘izib, har o‘ntasidan bittasini otib tashlash va h.k1.
Leninning bu taklifi keyinchalik qonun darajasiga ko‘tarildi va sotsialistik ishlab chiqarishda ishtirok etmagan kimsalar jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yildi. Masalan, 1960 yil 27 oktabrda tasdiqlangan RSFSR Jinoyat kodeksining 209-moddasida daydilik yoki gadoylik bilan hayot kechirayotganlarga bir yildan ikki yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. RSFSR Oliy Soveti Prezidiumining 1984 yil 13 dekabrdagi qarori bilan yuqorida ko‘rsatilgan toifalarga mehnat qobiliyatiga ega bo‘la turib, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanmaganlar ham kiritilgan1. Aniqroq aytganda, har qanday davlat korxonalarida (kolxoz, artellar ham nazarda tutilyapti) ishlamaganlar tekinxo‘r hisoblanib, jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan. RSFSRning kodekslari namunaviy hisoblangan va boshqa ittifoqdosh respublikalar uning qoidalarini deyarli o‘zgarishsiz o‘z kodekslarida aks ettirganlar.
Endi ko‘z o‘ngingizga keltiring. Agar mazkur qonunga amal qilinsa, erkin mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan qanchadan-qancha shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘ladi, shunday bo‘lgan ham. Demokratiyaga xilof ushbu tartibni joriy qilishdan maqsad bitta - hech kim quyushqondan chiqib ketmasligi kerak. Agar biron kimsa erkin mehnat faoliyati bilan shug‘ullansa, mavjud tuzumni mensimay qo‘yib, unga qarshi chiqishi mumkin. Hokimiyat esa bunga aslo yo‘l qo‘ya olmas edi. Uning asosiy prinsipi - tobelik, manqurtlikni shakllantirish bo‘lgan.
Bizningcha, eng ommaviy qatag‘on qishloq aholisiga, birinchi navbatda, dehqonlarga nisbatan amalga oshirilgan. Dehqonlarga turli yo‘llar bilan tazyiq o‘tkazilgan. Masalan, boylardan yollanma ish kuchidan foydalanyapti, deb yerlari tortib olingan. 1921-1922 yillarda yer-suv islohoti bahonasida 1,3 mln. desyatina (desyatina - taxminan 1 gektar) yer tortib olinib, davlat va jamoa xo‘jaliklari tuzilgan2. Qarshilik ko‘rsatgan dehqonlar jinoiy javobgarlikka tortilganlar yoki chet elga qochib qutilganlar.
Sovet tizimi amal qilgan dastlabki davrda dehqonlarni nazorat qilishning bir turi kontraktatsiya edi. To‘rt jildlik «O‘zbekiston SSR tarixi»da qayd qilinishicha, kontraktatsiya davlat uchun may da tovar dehqon xo‘jaligini rivojlantirish ustidan nazorat o‘rnatishning muhim vositasi bo‘lib, davlat shu kontraktatsiya orqali stixiyali bozor munosabatlarini cheklab turish imkoniyatiga ega bo‘lgan. 1928 yildayoq O‘zbekistonda paxta va pilla tayyorlashning 100 %, qorako‘l teri tayyorlashning 82 %, jun tayyorlashning 70 % va q3uruq meva tayyorlashning taxminan 60 % kontraktatsiya asosiga ko‘chirildi . Keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, hatto «yangi iqtisodiy siyosat» amalda bo‘lgan vaqtda ham o‘zbek dehqonlari erkin faoliyat ko‘rsatish imkoniyatidan mahrum bo‘lganlar.
Kolxozlashtirish davriga kelib dehqonlarni qatag‘on qilishning yangi usuli, ya’ni ularni ota-bobolari asrlar davomida yashab kelgan joylardan badarg‘a qilish qo‘llanila boshlandi. Undan tashqari, avvallari boy va quloqlar qatag‘on qilingan bo‘lsa, endi bu chora o‘rtahol dehqonlarga nisbatan qo‘llanila boshlandi. Faqat 1930 yilning o‘zida O‘zbekistonda 2648 nafar o‘rtahol dehqonning xo‘jaligi «quloq» sifatida tugatildi va 1944 ta oila
O‘rta Osiyodan ko‘chirib yuborildi3. Xususan, Ukrainaning Xerson viloyatidagi Skadovsk, Kaxovka va boshqa cho‘llarning o‘ziga O‘rta Osiyodan deyarli 10 ming oila, jumladan O‘zbekistondan 3 ming oila ko‘chirilgan4. Ko‘chirilganlarning ko‘pchiligi o‘zga yurtlarda vatangado bo‘lib, o‘lib ketganlar. Qatag‘on 30-yillardagidek dahshatli tus olmagan bo‘lsa-da, keyinchalik ham davom etgan.
O‘zbekiston Kompartiyasining qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan 1957 yildagi plenumining qaroriga muvofiq, 1958 yilgacha yangi ochilayotgan qo‘riq yerlarga 40 ming nafar kolxozchini ko‘chirish talab qilingan. Ushbu kolxozchilar ko‘chishni xohlaganmi yoki yo‘qmi, joylardagi sharoit yashash uchun qulaymi-yo‘qmi - bular inobatga olinmagan . Bu topshiriqlarni bajarmagan partiya, sovet, xo‘jalik rahbarlari intizomiy, ma’muriy, partiyaviy jazo olishi, hattoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin edi.
Qishloq aholisini tobelikda saqlab turishning yuqorida keltirilgan usullardan tashqari, boshqa bir qancha yo‘llari ham qo‘llanilgan, jumladan mehnat haqiga oylik maosh u yoqda tursin mahsulot ham berilmay, hech narsa bilan rag‘batlantirilmaydigan «mehnat kuni» berilgan. Yana bir antiqa usulni eslatib o‘tish lozim. Ma’lumki, chor Rossiyasida krepostnoylik huquqi 1861 yilda bekor qilingan. Sobiq Ittifoqda esa boshqacharoq ko‘rinishda XX asrning 70-yillarigacha saqlanib qolgan. Kolxozchilarga shaxsiy pasport berilishi joriy qilinmaganligi sababli, ular o‘z ixtiyorlari bilan boshqa yerga ko‘chib ketolmas, ish joylarini o‘zgartira olmas edilar. Kolxozchi yoshlarning biron yerga o‘qishga borishi, mutaxassislikka ega bo‘lishi, biron amalga ega bo‘lishi faqat kolxoz raisining xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lib, kolxozchi doimo unga qulluq qilishga majbur bo‘lgan. Qamchisidan qon tomgan raislar to‘g‘risidagi gaplar shunchaki afsona emas.
Kommunistik partiya uyushtirgan qatag‘onlik siyosati sovet va partiya apparatini tozalashga qaratilgan tadbirlarda namoyon bo‘ldi. Ijtimoiy hayotni tashkil qilish va boshqarishda ming yillar davomida shakllangan urf- odatlarlarga, milliy manfaatga hurmat bilan qarash lozimligi g‘oyasini ustun deb bilmasa ham, imkon qadar u bilan hisoblashish kerakligini eslagan milliy kadrlar partiya va sovet organlaridan badarg‘a qilinganlar. Bu borada 30- yillargacha O‘zbekistonda bir necha guruh barchaga namuna qilib «tozalangan».
Ularga quyidagilar kiradi:

  • «o‘n sakkizlar guruhi». Bu guruhga, jumladan Fayzulla Xo‘jayev (o‘sha vaqtda O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari kengashining raisi), Inomjon Xidiraliyev (O‘zbekiston SSR Yer-suv ishlari xalq komissari) va respublikada yuqori lavozimlarda ishlagan boshqa xodimlar, hammasi bo‘lib 18 nafar kishi kirgan. Ular yer-suv islohotiga qarshi chiqqanlik va boy- quloqlarning manfaatini himoya qilganlikda ayblanganlar hamda o‘z vazifalaridan olib tashlanib, qatag‘on qilinganlar. F. Xo‘jayev omma oldida o‘z xatolarini tan olganligi uchun vaqtinchalik kechirilgan. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi qayta tashkil qilinayotganligi, ya’ni fermer, dehqon xo‘jaliklarining faoliyat ko‘rsatishiga imkon yaratilayotganligini nazarda tutsak, o‘sha davrda dehqonlarga qarshi qanchalik mantiqsiz siyosat olib borilganligi ayon bo‘ladi;

  • Inog‘omovchilar guruhi» («Inagamovщina» deb tamg‘a bosilgan). Rahim Inog‘omov o‘sha davrda O‘zbekiston xalq maorifi komissari bo‘lgan. U va uning atrofidagilar «mahalliy millatchilik»da, «o‘lib borayotgan milliy burjuaziyani himoya qilish»da ayblanganlar. Aslida esa ular sho‘ro hokimiyati milliy mustamlakachilikdan boshqa narsa emasligini, kommunistik partiya yuritgan milliy shovinistik siyosatni keskin tanqid qilgan edilar. Bunday tanqid uchun asoslar yetarli bo‘lgan. Masalan, 1928 yilda respublikada faqat bitta oliy o‘quv yurti (SAGU) bo‘lib, unda 4200 nafar talaba o‘qigan, ulardan faqat 131 kishi, ya’ni 3,2 % mahalliy millatlarga mansub bo‘lgan. Mahalliy millatlarning davlat idoralari va vazirliklarda faoliyat ko‘rsatayotgan vakillari bor-yo‘g‘i 15 % ni tashkil qilganligi ham mutaxassislar yetishmasligidan dalolat berar edi1. Bundan, albatta, milliy kadrlar yo‘q edi, degan xulosa kelib chiqmasligi kerak, chunki yetuk ziyolilar yetarli bo‘lgan, lekin ularning arzimas qismigina sovetlar siyosatini ma’qullashi mumkin edi. Tanqid asosli bo‘lgan, lekin u kommunistik rahbarlarning dunyoqarashiga zid ekanligi sababli, guruh qatnashchilari jinoy javobgarlikka tortilganlar va keyinchalik jismonan yo‘q qilinganlar;

  • «Qosimovchilar guruhi» («Kasыmovщina»). Bu guruhga 30 kishi atrofida, jumladan O‘zbekiston SSR Oliy sudining raisi Sa’dulla Qosimov boshchiligidagi sud va prokuratura xodimlari kirgan. Guruh qatnashchilari Munavvarqori Abdurashidxonov boshchiligidagi «Milliy istiqlol» tashkilotining a’zolariga xayrixohlik qilganlikda, poraxo‘rlikda, mansablarini suiiste’mol qilganlikda ayblanganlar. «Jinoyatchilar» ustidan o‘tkazilgan sudlov Samarqandda deyarli yarim yil davom etgan (1930 y.) va juda katta dabdaba bilan o‘tgan. Sudga Samarqand shahar korxonalaridan vakillar taklif qilingan. Masalaning mohiyatiga tushunmasdan oldindan tayyorlangan vakillar ehtirosga berilib, barcha «jinoyatchilarga» o‘lim jazosini qo‘llashni talab qilganlar.

  1. yil 18 iyunda Qosimov, Alimov, Spiridonovlar otib o‘ldirishga, qolganlar esa 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlar. Tez kunda hukm ijro etilgan.

Mazkur guruhlardan boshqa yana bir qancha katta va kichik guruhlar ham «fosh» qilingan, ularning a’zolari jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Yuqorida keltirilgan materiallardan aniq bir xulosaga kelish mumkin. Javobgarlikka tortilganlarning «aybi», agar shunday deyish mumkin bo‘lsa, bitta, u ham bo‘lsa o‘z xalqining manfaatlarini, milliy qadriyatlarini himoya qilishdir.
Respublikamiz Prezidenti I. A. Karimov yuqoridagi sudlov ishlari kelib chiqishining sababini quyidagicha izohlagan: «Kommunistik ideologlar va siyosatchilar... odamlarda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usining o‘sish jarayonini ataylab tajovuzkor, siyosiy tus berilgan millatchilik bilan almashtirib qo‘ygan edilar... Markaz ittifoqdosh respublikalar va milliy chekka o‘lkalardagi e’tiqodiga ko‘ra, ilg‘or va xalqiga sadoqatli kishilarni «millatchilikda» ayblab, qatag‘on qilgandi2.
Ulug‘ Vatan urushi arafasida va uning yakuniy davrida «millatchi», «sotqin» tamg‘alarining bosilishi sovet imperiyasi milliy siyosatining eng muhim ko‘rinishlarida namoyon bo‘ldi. 1940 yillarning o‘rtalarida qrim tatarlari, mesxeti turklari, chechenlar, qalmiqlar, nemislar va shu kabi 20 ga yaqin butun boshli xalqlar turli bahonalar bilan O‘zbekistonga ko‘chirib keltirildi3. Qrim tatarlari o‘z vatanlariga qaytish, o‘zlariga yopishtirilgan «sotqin xalq» tamg‘asini yo‘q qilish uchun deyarli yarim asr kurashdilar. Bu surgunning asoratini qrim tatarlari shu bugungi kungacha sezib turibdilar.

  1. yilda bir qism aholining mesxeti turklari bilan yuz bergan to‘qnashuvi bir qancha qurbonlarga olib keldi va respublikamizdagi barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Qatag‘onlik siyosatining yana bir mudhish ko‘rinishlaridan biri dinga, ruhoniylarga va, umuman, har qanday insonning diniy e’tiqodiga qaratilgan tajovuz bo‘ldi.
Kommunistik partiyaning islom diniga munosabati O‘zbekiston Kompartiyasining 1927 yilda bo‘lib o‘tgan VI plenumi qabul qilgan «Musulmon ruhoniylari va maktab to‘g‘risida»gi qarorida qayd qilingan. Uning mohiyatini quyidagi ko‘rsatmalar ifodalaydi:

  • islom o‘zga dinlar kabi madaniyat, proletariat g‘oyalarini rivojlantirish va sotsializm qurilishini taraqqiyotga erishtirish yo‘lidagi to‘siqdir;

  • ruhoniylarning tinch islohotchi yoki taraqqiychi deb atalmish qismi o‘zga guruhlar kabi partiya va sovet hokimiyatining asosiy tadbirlarini amalga oshirishga qarshilik qiladigan antisovet kuchdir;

  • ruhoniylar islom dinini va uning tashkilotlarini yo‘qsillar diktaturasiga qarshi qurolga aylantirish, ularni mavjud sharoitga moslashtirish uchun barcha choralarni ko‘ryaptilar;

  • kommunizm va din bir-biriga butunlay qarama-qarshi ekanligini va ularni hech qachon birlashtirish mumkin emasligini kommunistlar, ayniqsa, faollar tushunib yetishlari kerak1.

Ushbu ko‘rsatma joylardagi partiya va sovet tashkilotlarining dinni tugatish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishlari uchun asos bo‘ldi. Prezident I. A. Karimov ta’kidlaganidek, «din sun’iy ravishda mafkuraviy kurashning o‘ta qizg‘in jabhalaridan biriga aylantirib qo‘yilgan edi. Islom dinining o‘ng minglab mo‘tabar ruhoniylari qatag‘on qilindi.
Minglab machitlar va yuzlab madrasalar buzib tashlandi»2. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, Oktabr qurolli qo‘zg‘olonigacha Samarqandda - 150, Toshkentda - 387 ta masjid va madrasa bo‘lgan bo‘lsa, 30-yillarning o‘rtalariga kelib ular deyarli qolmadi3. Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, nafaqat ruhoniylar qatag‘on qilindilar, balki hatto dehqonlar ham diniy e’tiqodlari uchun kamsitildilar. Masalan, faqat Andijon viloyatining Qorasuv tumanida 536 nafar dehqon islom diniga e’tiqodi uchun siyosiy huquqlaridan mahrum qilindi4. Odamlar salla o‘raganliklari, uylarida Qur’on yoki arab imlosida yozilgan boshqa har qanday kitob saqlaganliklari uchun ham qatag‘onga uchraganlar. O‘rta asrlardagi Yevropa inkvizitsiyasi yoki fashistlar Germaniyasi vaqtidagidek eski kitoblarga o‘t qo‘yilgan. Umuman din, xususan, islom dini o‘zining haqiqiy mavqeiga faqat mustaqillik tufayligina ega bo‘ldi.
Qatag‘onlik siyosatidan eng katta zahmat chekkanlar qatoriga ziyolilarni kiritish lozim. Ma’lumotlarga qaraganda, faqat 1936 yilning oxiri va 1937 yil davomida O‘zbekistonning turli viloyatlaridan ilm-fan, adabiyot, jurnalistika, maorif va boshqa sohaning 5758 nafar ziyolilari qatag‘on qilinganlar, ulardan 4811 nafari otib o‘ldirilgan. Ular orasida bugun hammaga ma’lum bo‘lgan Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Sulaymon (Cho‘lpon), Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy (Julqinboy), Usmon Nosir kabi o‘zbek xalqi madaniyatining rivojlanishiga buyuk hissa qo‘shgan olijanob insonlar ham bor edi1. Biz bugun hammaga tanish bo‘lgan insonlarnigina sanab o‘tdik, aslida qatag‘on qilinganlarning ko‘pchiligi hali xalqimizga tanish emas. Ularning har biri haqida doston yozish mumkin.
Qatag‘onlikning eng yuqori nuqtasi 1936-1937 yillarga to‘g‘ri keldi. Bu davrda eng yuqori lavozimda ishlayotgan partiya va sovet rahbarlarini jismonan yo‘q qilish boshlandi. 1937 yil 16-19 sentabrda O‘zbekiston Kompartiyasining III plenumi bo‘lib o‘tdi. Plenumda, jumladan VKP(b) MKning O‘zbekiston Kompartiyasiga xati, KPSS MK vakili A. A. Andreyevning A. Ikromov to‘g‘risidagi axboroti va A. Ikromovning tushuntirishi ko‘rib chiqildi. Masalaning Plenum kun tartibiga kiritilishiga VKP(b) MKning I. Stalin va V. M. Molotov imzosi bilan yo‘llangan xati asos bo‘ladi. Xatda, xususan quyidagilar qayd qilinadi:

  1. hibsga olingan Buxarin, Xo‘jayev, Razumov, Rumyansev, Polonskiy, Xo‘janov, Antonov, Risqulovlarning ko‘rsatuvlari;

  2. Ikromovning Buxarin, Xo‘jayev, Antonov, Razumov, Rumyansevlar bilan yuzlashtirish protokollari;

v) Ikromovning arizasi bilan tanishib chiqib, VKP(b) Markaziy Komiteti o‘rt. Ikromov burjua millatchilari va o‘zbek xalqining ashaddiy dushmanlari (Xo‘jayev, Xo‘janov, Boltaboyev, Tojiyev, Karimov) va boshqalarga nisbatan siyosiy ko‘rlik qilibgina qolmay, ba’zan ularga homiylik ham qilgani.
Aftidan Ikromovning Moskvadagi o‘ng trotskiychi aksilsho‘roviy guruhlar rahbarlari (Buxarin, Antipov va boshqalar) bilan aloqasi bo‘lganligini inobatga olib, ushbu xatni O‘zbekiston Kompartiyasi MKning plenumida ko‘rib chiqish taklif qilinadi.
O‘zbekiston Kompartiyasi MK quyidagicha qaror qabul qildi. O‘zbekiston KP(b) MKning Birinchi kotibi Ikromov:

  1. hozirgi kunda fosh etilgan xalq dushmanlarining partiya va sovet organlaridagi rahbarlik lavozimlariga chiqib olishlariga to‘la imkon berganligi;

  2. hozirgi kunda hibsga olingan xalq dushmanlari - Karimov, Sexer, Boltaboyev, Shermuhammedov va boshqalarni himoya qilgani hamda fosh etilishiga xalaqit berganligi, ular bilan yaqindan aloqada bo‘lib, oddiy partiya a’zolarining ashaddiy xalq dushmani F. Xo‘jayevni tanqid qilishiga yo‘l qo‘ymaganligi;

v) o‘zining 1923 yilda trotskiychilar bilan aloqada bo‘lganligini O‘zbekiston partiya tashkilotidan yashirganligi aniqlandi, deb hisoblaydi.
MK plenumi Ikromov homiyligida o‘zbek xalqining ashaddiy dushmanlari bo‘lgan trotskiychi o‘ng va burjua millatchi unsurlar (Xo‘jayev, Sexer, Boltaboyev, Nemsovich, Manjara, Moor, Shermuhammedov, Karimov, Zyakina, Tojiyev va b.) MK byurosi va boshqa muhim lavozimlarga ko‘tarilib olganliklari hamda uzoq vaqt dushmanlik faoliyati bilan shug‘ullanganliklarini aniqladi.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, O‘zbekiston KP(b) MKning III plenumi shunday qaror qiladi: «Ikromov MKning Birinchi kotibi vazifasidan ozod qilinsin, O‘zbekiston KP(b) MK tarkibidan chiqarilsin, partiyadan o‘chirilsin, u haqdagi ish tergov organlariga berilsin va darhol hibsga olish talab etilsin»2.
Stalin va Molotov imzo chekkan xatlar va O‘zbekiston KP(b) MKning qarori yuzasidan bir qancha savollar va e’tirozlar tug‘iladi.
Birinchidan, xatga 1937 yil 10 sentabrda imzo chekilgan, plenum qarori 1937 yil 21 sentabrda qabul qilingan, o‘ng trotskiychilar guruhi (ular qatoriga sovet davlatining N. I. Buxarin, A. I. Rikov kabi sobiq rahbarlari bilan birga, A. Ikromov va F. Xo‘jayev ham kiritilgan edi) ustidan sud jarayoni 1938 yil

  1. martda boshlanib, hukm 13 mart kuni e’lon qilindi. Taajjub, nima uchun sud qaroridan deyarli 7 oy ilgari F. Xo‘jayev va boshqalar xalq dushmani deb e’lon qilindi? Bu hol, bir tomondan, insonlarning taqdiri partiyaning eng oliy rahbarlari qo‘lida bo‘lganligini, sud hokimiyati hech qanday huquqqa ega bo‘lmaganligini tasdiqlasa, boshqa tomondan, partiya sudlovga to‘g‘ridan- to‘g‘ri ko‘rsatma berganligidan dalolat brmoqda.

Ikkinchidan, Stalinning xatida Ikromov trotskiychilar bilan aloqada bo‘lganlikda ayblanyapti. To‘g‘ri, Trotskiy 20-yillarda partiya va sovet idoralarida eng yuqori lavozimlarda ishlagan va A. Ikromov respublika rahbari sifatida u bilan aloqada bo‘lganligi tabiiy. Agar shu mantiqqa rioya qilinadigan bo‘lsa, Stalin va Molotov ham Trotskiy bilan u badarg‘a qilinguncha ish yuzasidan doimo muloqotda bo‘lganliklari inobatga olinib, ularni ham xalq dushmaniga aylantirish mumkin-ku?
Uchinchidan, O‘zbekiston KP(b) MK plenumi qarorining «a» bandiga e’tibor qiling. Unda A. Ikromov fosh etilgan xalq dushmanlarining rahbarlik lavozimlariga chiqib olishlariga imkon yaratganlikda ayblanyapti. Ammo, agar F. Xo‘jayev nazarda tutilayotgan bo‘lsa, u 1924 yilda A. Ikromovdan kattaroq lavozimda ishlagan va shu bois, ayblov oddiy mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Undan tashqari, partiyada o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, shaxs respublika bo‘yicha bironta e’tiborga molik lavozimga tayinlanishi yoki saylanishidan avval partiya markaziy komitetida, xususan Stalin va boshqa rahbarlar huzurida suhbatdan o‘tishi shart bo‘lgan. Demak, «xalq dushmanlari»ning yuqori lavozimlarga tayinlanishida Stalin va uning safdoshlarining ham aybi bor. U holda, nima uchun ular javobgarlikka tortilmadilar?
To‘rtinchidan, A. Ikromov oddiy partiya a’zolarining F. Xo‘jayevni tanqid qilishlariga yo‘l qo‘ymaganlikda ayblanyapti. O‘zingiz o‘ylang, rasmiy ravishda sud ayblovi e’lon qilinmagan shaxsning mitingda jinoyatchi deb qoralanishi qaysi huquqqa to‘g‘ri keladi? Bu sharoitda aybsizlik prezumsiyasi nima bo‘ladi? Undan tashqari, miting qatnashchilari tergov materiallari bilan tanish bo‘lmasa, qaysi asosga ko‘ra F. Xo‘jayevni tanqid qilishlari mumkin. Maqsad aniq - mitingchilar yuqoridan kelgan ko‘rsatmalarni ko‘r-ko‘rona tasdiqlashlari va sudni bu materiallar bilan qurollantirishlari lozim bo‘lgan.
Beshinchidan, plenumning yana bir qarori, ya’ni A. Ikromovni darhol hisbga olishning talab qilinishi. Sudlovga, tergovga bevosita aloqasi bo‘lmagan partiya Markaziy komitetining bunday talabni qo‘yishi endilikda taajjublanarli emas, chunki u huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifalarini ham o‘zlashtirib olgan va ular ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatgan edi.
Keltirilgan dalillardan, kommunistik partiyaning qonunchilik bilan umuman hisoblashmaganligidan tashqari, o‘z foydasi uchun har qanday soxtalashtirilgan ishdan ham qaytmaganligi ko‘rinib turibdi. Lekin Stalin uchun buning ahamiyati yo‘q edi. 1938 yil 13 martda sud mazkur guruhga kirgan 15 kishini, jumladan F. Xo‘jayev va A. Ikromovni oliy jazoga - otib o‘ldirishga hukm qildi. Ertasiga hukm ijro etildi.
O‘zbekistonning kelajagi uchun ulkan hissa qo‘shgan buyuk insonlarning hayoti ana shunday fojiali tugadi. Shubha yo‘qki, A. Ikromov, F. Xo‘jayevda ham xato va kamchiliklar bo‘lgan, aybsiz - Parvardigor. Lekin bir narsa aniq

  • ular o‘zbek xalqi va Vatan kelajagi, uning ravnaqi uchun halol xizmat qilganlar, markazning tazyiqini susaytirish borasida bor imkoniyatlardan foydalanganlar. Afsuski, ular aynan shu xizmatlari uchun «aybdor» bo‘ldilar, chunki bu xalqning o‘zligini tanishiga va oxir-oqibat mustaqillikka chiqishiga olib kelishi mumkin edi. Rasman qo‘yilgan ayblar - Sovetlarga qarshi kurash, trotskiychilarga qo‘shilish, chet el razvedkasiga xizmat qilish va boshqalar esa KPSSning XX syezdidan keyin uydirma ekanligi to‘liq isbotlandi. Lekin ular yuridik jihatdan oqlangan bo‘lishlariga qaramay, siyosiy tomondan faqat O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyingina

oqlandilar.
Siyosiy qatag‘onlar eng avjiga chiqqan davrlarda «nomaqbul shaxslarni» «aksilsho‘roviy» harakatlari uchun javobgarlikka tortish jarayonini tezlashtirish maqsadida jahon yuridik amaliyotida umuman uchramagan yangi usul joriy qilindi, ya’ni «uchlik» tashkil qilindi. Hududning partiya, sovet va ichki ishlar komissariati rahbarlaridan iborat mazkur organ javobgarlikka tortish masalasida qaror chiqaradigan oxirgi instansiya bosqichi bo‘lgan. «Uchlik»da aksariyat vaqtda Ichki ishlar xalq komissarligi vakilining fikri ustun ahamiyatga ega bo‘lgan. Ana shu organning tashabbusi bilan O‘zbekistonda 1937-1939 yillarning o‘zida 41 ming nafar shaxs qamalgan, ulardan 37 mingi jazoga hukm qilingan, 6 ming 920 kishi otib tashlangan. Umuman, 1939-1953 yillarda 61 ming 799 kishi qamaldi. Shulardan 56 ming 112 kishi turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, 7 ming 100 kishi esa otib tashlangan1.
«Uchlik»larning qanchalik jadallik bilan ish olib borganligini quyidagi misolda ko‘rsatish mumkin. Ushbu organda kotiblik vazifasini bajargan shaxsning keyinchalik tan olishicha, «uchlik» har soatda 100 ga yaqin ishni ko‘rgan, hukm esa ikki xil: oliy jazo - otib o‘ldirish yoki yozishma olib borish cheklangan holda, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish bo‘lgan. Qaror chiqqanidan so‘ng, hukm darhol ijro etilgan1. Qatag‘onlik shu bilan yakunlanmadi. U urushdan keyingi yillarda yana davom etdi. Uning oxirgi nuqtasi 1983-1990 yillarga to‘g‘ri keldi.
Bu davrga kelib sovet imperiyasi inqirozining ba’zi ko‘rinishlari ochiq- oydin namoyon bo‘la boshladi. Partiya va sovet apparatining barcha bosqichlarida faoliyat ko‘rsatayotgan rahbar xodimlarning poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa jinoiy harakatlarga berilib ketganliklari tufayli ijtimoiy hayotni qayta izga tushirish amrimahol bo‘lib qoldi. SSSR rahbariyati vaziyatni qo‘ldan chiqarmaslik uchun favqulodda choralarni ko‘rishga majbur bo‘ldi. Buning uchun bironta ittifoqdosh respublika misolida o‘rnak bo‘larli jazo tadbir o‘tkazish zarur edi.
Uni amalga oshirish uchun O‘zbekistondan qulay respublika yo‘q edi. Chunki ittifoqda katta obro‘ga ega bo‘lgan SH. Rashidov olamdan o‘tgan, uning o‘rnini markaz izmidan chiqmaydigan I. B. Usmonxo‘jayev egallagan edi. Boz ustiga, kimning topshirig‘i bo‘lishidan qat’i nazar, uning O‘zbekistondagi vaziyatni o‘zgartirishda yordam berishni iltimos qilib Moskvaga murojaat qilganligi qo‘l keldi.
Bundan tashqari, partiya Markaziy Komitetining o‘z tadbirini o‘tkazish uchun O‘zbekistonni tanlaganligining yana bir sababi - o‘zbek xalqining hokimiyatga haddan tashqari hurmat bilan qarashi, ortiqcha sabr- toqatliligidir. Natijada «O‘zbeklar ishi», «Paxta ishi» deb nomlangan qatag‘onlar uyushtirildi. Ko‘pdan-ko‘p halol mehnatkashlar, xo‘jalik, sovet, partiya rahbarlari qo‘shib yozishni tashkil qilishda, poraxo‘rlikda, mansab vakolatini suiiste’mol qilganlikda ayblandilar. Hech kim bu qusurlar kelib chiqishining tub sabablarini surishtirib o‘tirmadi. Bunga hojat ham yo‘q edi,
chunki «yuqoridan» nima qilish haqida aniq ko‘rsatmalar berilgan edi.
Moskvadan maxsus yuborilgan Gdlyan va Ivanov boshchiligidagi tergov guruhi, ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, 1983-1989 yillarda O‘zbekistonda taxminan 22 ming nafar, yana boshqa ma’lumotlarga qaraganda, undan ham ko‘proq odamni hibsga oldi. Deyarli barcha viloyatlarning birinchi rahbarlari, tuman rahbarlarining ko‘pchiligi jinoiy javobgarlikka tortildilar. Faqat mustaqillik yillaridagina nohaq javobgarlikka tortilgan shaxslarning insoniy qadr-qimmatlari tiklandi. Faqat, mustaqillik tufayligina har qanday insoniy qadriyatlarni tahqirlaydigan qatag‘onlik siyosatiga chek qo‘yildi.
Xulosa qilib aytganda, KPSS uyushtirgan qatag‘onlik siyosatining tub maqsadi va asosiy sabablari quyidagilar edi:

  • unchalik katta bo‘lmagan muayyan guruhga kirgan shaxslarning hokimiyatni o‘z shaxsiy manfaatiga xizmat qildirish uchun yaratilgan ma’muriy buyruqbozlik tizimini mustahkamlash;

  • jamiyatni boshqarishda yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolarni o‘zga shaxs va guruhlarning zimmasiga yuklash;

  • jamiyat a’zolarini qo‘rquvda, tobelikda saqlash, ularni manqurtga aylantirish.

Shunday qilib, sobiq Ittifoqning qatag‘onlik siyosatidan mustaqil O‘zbekistonga siyosiy befarqlik, mutelik, boqimandalik ruhiyati meros bo‘lib qoldi. Respublikamiz xalqi faqat mustaqillik tufayligina o‘z qaddini, qadr- qimmatini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

12-ma’ruza
SOVETLAR DAVRIDA O‘ZBEKISTONNING IQTISODIY VA MA’NAVIY QARAMLIGI HAMDA BUNING OQIBATLARI
1. Sovetlar davrida O‘zbekiston xalq xo‘jaligini qayta tashkil qilish natijalari va muammolari
Sovet imperiyasi hukmronlik qilgan deyarli 74 yil mobaynida xalq xo‘jaligini tashkil qilish va boshqarishning jahon tajribasidan o‘zgacha uslubi yuzaga keldi. Ushbu tizimga xolisona baho berish - ancha qiyin ish. Buning bir qancha sabablari bor.
Bugungi kunda mustaqillikka erishgan respublikamiz ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotiga faol ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan 30-40 yoshlardagi fuqarolar sovet ta’lim tizimida tarbiya ko‘rib, mutaxassislikka ega bo‘lganlar, ularning dunyoqarashi ham kommunistik mafkura tazyiqi ostida shakllangan. Shuning uchun nafaqat katta yoshdagi, balki nisbatan yosh bo‘lganlarning ham bir qismida sho‘rolar tizimiga qanday dir xayrixohlik bor, deb o‘ylaymiz. Ularning fikrini tasdiqlaydigan dalillar ham topiladi.
Tan olishimiz kerakki, sho‘rolar davrida sanoat korxonalari keng ko‘lamda qurildi, qishloq xo‘jaligini tashkil qilishning yangicha shakllari yaratildi, ta’lim tizimi tubdan o‘zgartirildi va muayyan natijalarga erishdi. Ushbu tashkilot va muassasalarning faoliyati markazning manfaatlariga moslashtirilganligi boshqa masala. Xalqning turmush darajasi ham bir joyda muqim to‘xtab qolgani yo‘q.
Natijalarga baho berishdan oldin bir narsani eslatib qo‘ymoqchimiz. Muammoni tahlil qilar ekanmiz, o‘tmishda O‘zbekiston iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy boshqaruvni tashkil qilishda uning asosiy yo‘nalish va usullarini mustaqil belgilay olmaganligini yodda tutishimiz lozim. U to‘laligicha markazning irodasiga bo‘ysunishga majbur edi. Shuning uchun u yoki bu faoliyatga beriladigan baho, birinchi navbatda, sobiq Ittifoq hokimiyatiga taalluqli, deb hisoblamoq kerak.
Undan tashqari, sho‘rolar davrida hayot to‘xtab qolgani yo‘q. Ko‘plab sanoat korxonalari qurildi, millionlab gektar yangi yerlar o‘zlashtirildi. Bularni ko‘r-ko‘rona inkor etib bo‘lmaydi. Boz ustiga, sodir bo‘lgan o‘zgarishlar asosida, birinchi navbatda, O‘zbekiston xalqining mashaqqatli mehnatlari, qiyinchiliklar va yetishmovchiliklarga chidam-bardoshi, sabr- toqati yotadi.
Shunday ekan, sho‘rolar davridagi 74 yil davomida yuzaga kelgan o‘zgarishlarga xolisona baho berish uchun qanday mezonlarni, usullarni qo‘llash kerak? Bu borada birmuncha noaniqliklar mavjud.
Bizningcha, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti o‘z asarlarida o‘tmishga baho berish metodologiyasi haqida aniq-oydin fikrlarni bayon qilgan. Jumladan I. A. Karimov shunday deb ta’kidlaydi: «Bizning maqsadimiz... bir necha avlod mehnati bilan yaratilgan narsalarni yo‘qotmaslik, ularning eng yaxshilarini saqlab qolish, demokratik me’yorlarga, milliy manfaatlarimizga, mustaqilligimizga mos kelmaydiganlarini qayta tashkil etishdan, mazkur tuzilmalarni yangi mazmun bilan boyitishdan iboratdir. O‘zbek xalqining boy madaniyati, ta’lim, maorif tizimi, fan totalitarizmdan qolgan meros deb parchalab tashlanishi mumkin emas...»1. Ushbu mavzuning bosh muammosini ana shu merosning qaysi qismidan voz kechish, qaysi birini saqlab qolishni aniqlash tashkil qiladi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, kelajakka zamin yaratish ma’nosini bildiradi.
1917 yilda jamiyat ijtimoiy hayotini kuch ishlatib o‘zgartirishga kirishgan kommunistlar iqtisodiyotni tashkil qilishda oldindan belgilangan aniq prinsiplarga amal qilish kerakligini nazariy jihatdan o‘zlashtirib olgan bo‘lishlariga qaramay, amaliyotda bir qancha o‘zaro zid bosqichlarni bosib o‘tishga majbur bo‘ldilar. Bular «harbiy kommunizm», «yangi iqtisodiy siyosat» va bevosita «sotsialistik ishlab chiqarish» kabilardir.
Sho‘ro hokimiyati iqtisodni tashkil qilishda sotsialistik ishlab chiqarishga o‘tish masalasini amaliy vazifa sifatida taxminan 1929 yilda kun tartibiga qo‘ydi.
Avvalo, sotsialistik ishlab chiqarishning asosini nima tashkil qiladi, degan savolga javob berish lozim. 1977 yilda qabul qilingan sobiq Ittifoq Konstitutsiyasining 10-moddasida ko‘rsatilishicha, SSSR iqtisodiy tizimining negizini asosiy ishlab chiqarish vositalariga davlat (umumxalq) va kolxoz- kooperativ mulki shaklidagi sotsialistik mulk tashkil qiladi1. Ana shu norma va prinsipni sotsialistik ishlab chiqarishning bosh mezoni sifatida qaror toptirish uchun harakat, yuqorida eslatganimizdek, 30-yillarning boshlarida boshlandi.
Iqtisodiyotni qayta tashkil qilishda bolsheviklar partiyasining rahbariyati ikki g‘oyaga tayandi. Bular sanoatlashtirish (industrlashtirish) va jamoalashtirish (kolxozlashtirish) g‘oyalaridir.

Yüklə 1,22 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   18




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin