E.Masharipov va A.Aliqulovlarning «Amir Temurning To’xtatamishxon ustidan g’alabasi» (996), Z.Fahriddinovning «Zafar» (1997), M.Nuriddinovning «Said Baraka Amir Temurni hokimiyat ramzi -nog’ora va g’alaba bayrog’i bilan taqdirlamoqda» singari syujetli asarlarda Amir Temur yengilmas sarkarda, o’z xalqining shavkatli o’g’loni sifatida gavdalantirilgan. Bu ko’p figurali kompozitsiyalar o’zida ochiq harakat maydonini namoyon etadiki, Amir Temur doimiy tarzda markaziy, bosh qiyofa tarzida talqin etiladi. Buyuk sarkardaning yaratuvchanlik faoliyati S.Abdullaev polotnolarida aks etgan bo’lib, mazkur asarlarda u buyuk me’moriy obidalar fonida tasvirlanadi. («Amir Temur Bibixonim masjidi qurilishida», «Osmoning beg’ubor bo’lsin Turkiston»).
Ushbu kompozitsiyalarni shakllantirishda tarixiy vositalar va liboslar ham ahamiyat kasb etadi. Bunda mazkur davrga tegishli bo’lgan yozma manbalar, me’moriy va san’at obidalari talqin etilishi muhim o’rin egallaydi. Fikrimizning dalili sifatida A.Aliqulovning etnografiyaga urg’u berilgani - ya’ni maishiy hayot buyumlari, davr binolari interьeri, kashtachiligi, gilam, qurol-aslahalari qunt bilan ishlangan «Asov ot», «Dor», «Mashshoqlar» (1997) kabi kompozitsiyalarini keltirishimiz mumkin.
A.Aliqulov va u bilan hamkorlikdagi mualliflarning ke-yingi yillarda ishlarida ularni o’z plastik tillarini topishga uringanliklari natijasida birmuncha boshqacharoq uslubda ishlanganligini e’tirof etish joiz. Rassomlar yosh tomoshabinlar teatri interьeri uchun ishlangan «Jahon xalqlari ertaklari» mavzusidagi devoriy suratda yorqin yassi-bezakdorlik tarzida mashhur ertaklar qahramonlari dunyosini gavdalantiradi. Rassomlar interьerning ma’lum me’moriy qismlaridan shunchalar muvaffaqiyatli va unumli foydalanishganki, kirish eshiklari, shunindek devoriy yassi qismlari kompozitsiyaning mazmuniy va plastik jihatlari bilan uyg’unlashtirilgan. Devoriy rangtasvirning kompozitsiya va rangdagi yechimi yuksak mahorat bilan bajarilgan.
A.Aliqulov boshchiligidagi guruh (A.Agahanyan, B.Olimxonov, SH.Bahriddinov) Toshkentdagi Olimpiya shuhrati muzeyi interьerining devoriy surati yechimi o’ziga xos, ya’ni harakatchan tarzda yechilgan ilk rejali kompozitsiyaning monoxrom siluetidagi antik atletlarga qarama-qarshi holatda sharq kurashchilari, kamondozlari va chavandozlari qiyofalari tasvirlangan. SHuningdek, shu guruh rassomlari tomonidan Mudofaa muzeyi interьeri uchun (1990 yillar oxiri) ham mahobatli jangga oid rangtasvir eng yaxshi sifatlarini aks ettiruvchi asarlar yaratildi.