O’zbekiston va jahon moliyaviy bozorlarining amaldagi holati tah
3. O’zbekiston moliya bozori rivojlanish tendensiyalari tahlili Ma’lumki moliya bozorlarining samaradorligi, jozibadorligi to’g’ridan-to’g’ri ularning likvidligiga bog’liq. Tan olish kerakki bugun kunda O’zbekiston moliya bozori likvidligi talab darajasida emas. Ikkilamchi bozorning mavjud holati va aholi boshqa qimmatli qog’ozlar bozori ishtirokchilarining moliya bozoridagi faoliyatini susaytirmoqda.
Iqtisodiyotning real sektori va moliya bozoridagi uzilishlar sababli korxonalarga investitsiya mablag’larini jalb qilish uchun moliya bozorining zamonaviy vositalaridan foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelinyapti. Uy xo’jaliklarining moliya bozoriga kirib borishi orqali ularning korporativ qimmatli qog’ozlar bozoridagi salmog’ini oshirish masalasi yechimini kutayotgan dolzarb muammolardan biri bo’lib qolmoqda.
Bundan tashqari, kreditlash, jamg’arma-depozit, pul o’tkazmalari, hisob-kassa amaliyoti, sug’urtalash, inkassatsiya, moliyaviy kafolatlash va valyuta oldi-sotdisi kabi moliyaviy xizmatlar ko’rsatish yurtimizda lozim darajada, yoinki, xalqaro standartlar asosida yo’lga qo’yilmagan. Iqtisodiy rivojlangan davlatlar tajribasida keng qo’llaniladigan birja, lizing, reytinglash, qayta sug’urtalash, brokerlik, mulkni baholash, moliyaviy maslahat berish, moliyaviy resurslarni ishonchli boshqarish kabi xizmatlarni ko’rsatish kutilgan natijalarni bermayapti.
Respublikamiz moliya bozoridagi ilmiy tadqiqot olib borgan iqtisodchilaming fikricha, uning shakllanishi va rivojlanishi mamlakatda olib borilgan iqtisodiy islohotlar asosida besh bosqichni bosib o’tgan.
1-bosqich: 1991-1993-yillar. Milliy moliya bozori poydevorining yaratilishi va bozor iqtisodiyotiga xos bo’lgan institutsional tarkibning shakllanishi bilan tavsiflanadi.
2-bosqich: 1994-2000-yillar. Milliy moliya bozorida bozor iqtisodiyotiga xos bo’lgan mexanizmlarning ishlashiga zamin yaratilishi va moliya bozoridagi dastlabki raqobat muhitining shakllanishi bilan tavsiflanadi.
3-bosqich: 2001-2006-yillar. Moliya bozorining erkinlashtirilishi va yangi moliya bozori segmentlarining rivojlanishini o’zida mujassamlashtiradi.
4-bosqich: 2007-2011-yillar. Moliya bozorining kapitallashuv darajasining oshirilishi, tartibga solish va modernizatsiyalash jarayonlarining jadallashuvi hamda uning shaffofligini oshirish bilan tavsiflash mumkin.
5-bosqich: 2012-yildan keyingi davrni o’zida namoyon etadi va bu davrda moliya bozori barqarorligini oshirish hamda uni yuqori xalqaro reyting ko’rsatkichlariga erishgan holda rivojlanishini ta’minlashga ustuvorlik berilmoqda.