ILMIY TADQIQOTLAR JURNALI 19.10.2022
765
Suhbat metodi o‘qituvchi faoliyatining yangi-yangi qirralarini ochib beradi va bir
maqsadga qaratilgan mustahkam harakat birligini tug‘diradi.
Darslik bilan ishlash metodi. Taʼlim tizimida darslik bilan ishlash metodi asosiy
o‘rinlardan birini egallaydi. Binobarin, darslikdan foydalanmay biror fan, texnika yoki
sanʼat sohasini egallab bulmaydi. Darslik bilan ishlash taʼlim jarayonida o‘qish-o‘qitish
ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun yordam bersa, ikkinchi tomondan,
o‘quvchilarning kelajakdagi faoliyati uchun zarur bo‘lgan ilmiy va ilmiy-ommabop
adabiyotlarni mustaqil o‘qib-o‘rganish madaniyatini tarkib topdirish bilan birga u
bolalarni ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirishda katta ahamiyatga ega.
O‘quv adabiyoti bilan ishlash murakkab psixik jarayonni o‘z ichiga oladi. O‘qish
jarayoni o‘qituvchi tomonidan bayon qilinayotgan bilimlarni o‘quvchilarning eshitib,
o‘qishlarinigina emas, balki o‘quv materiallarini (maʼlumotlarni) kitob matnidan
ko‘rib, ongli idrok qilish faoliyatini ham taraqqiy ettirishni nazarda tutadi.
Darslik bilan ishlash metodi ikki shaklda olib boriladi:
dars jarayonida darslik va o‘quv adabiyoti bilan ishlash;
darslik va o‘quv adabiyotlari bilan sinfdan va maktabdan tashqari
mustaqil ishlash.
Kitob bilan ishlashning har ikkala shakli o‘quv fanlari buyicha deyarli hamma
sinflarda qo‘llanishi mumkin. O‘quvchilarni darslik va boshqa o‘quv maʼlumotlari bilan
birga qo‘shimcha adabiyot, ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar, shuningdek gazeta,
jurnallardan foydalanishga ham o‘rgatish kerak.
Demonstratsiya va illyustratsiya o‘quv maʼlumotlarini aniq usullar orqali bevosita
idrok qilish jihatidan muhim ahamiyatga ega. O‘rganilayotgan buyum va hodisalarni
to‘liq va aniq tasavvur etgan taqdirdagina o‘quvchilarning olgan bilimlari chuqur va
puxta buladi.
O‘quvchilar kunlik hodisa va voqealarni demonstratsiya metodi orqali bevosita
ko‘rib, idrok qilishlari natijasida ular haqida mustaqil fikr yuritish, tahlil qilish, tegishli
xulosalar chiqarishga muvaffaq bo‘la oladilar. Bu metod dars davomida yoki darsning
ayrim qismlarida qo‘llaniladi.