9-Tema: Mavzu: Xarakter, qobiliyat va harakat inson faoliyatning birligi sifatida
Mashg’ulot rejasi:
1.Psixologiyada xarakter muammosi
2.Xarakter akstentuatsiyasi
3.Qobiliyat haqida tushuncha
4. Pedagogik qobiliyat
Psixologiyada xarakter muammosi
Har bir odam har qanday boshqa odamdan o‘zining individual psixologik xususiyati bilan ajralib turadi. Bu jarayonda asosiy e’tibor xarakter muammosiga qaratiladi. “Xarakter” so‘zi grekcha so‘zdan olingan bo‘lib “ tamg‘a, belgi“ degan ma’noni anglatadi. Ijtimoiy turmushda hayot va faoliyat ko‘rsatayotgan har qanday shaxs o‘zining individual-psixologik xususiyatlari bilan boshqa insonlardan ajralib turadi va bu farqlar uning xarakter xislatlarida ifodasini topadi. Shu boisdan insonning barcha individual xususiyatlarini xarakter xislati tarkibiga kiritib bo‘lmaydi. CHunonchi aqlning topqirligi, xotiraning barqarorligi, ko‘rishning o‘tkirligi kabi individual psixologik xususiyatlar bunga misoldir.
Psixologiya fanida xarakterga turlicha ta’rif berilishiga qaramay, uning asosiy belgilari ta’kidlanganligi bilan bir-biriga muvofiq tushadi. Masalan, shaxs xulqining tipik usullar bilan bog‘liq faoliyat muomala va munosabatda namoyon bo‘luvchi, mujassamlanuvchi uning barqaror xususiyatlari majmuasi xarakter deyiladi. Shaxsning jamiyatga nisbatan munosabatlari uning asosiy belgisi hisoblanadi.
Xarakterning asosiy xususiyati uning doimo faoliyatda, insonning atrof-olam va odamlarga munosabatida namoyon bo‘lishidan iborat. Inson xarakterini aniqlashda o‘sha odamning jasurlik, vijdoniylik, samimiylik namoyon qilganini emas, balki, bu odam jasur, to‘g‘riso‘z, samimiy inson deb aytiladi, ya’ni, inson xarakterining xususiyatlari insonning o‘ziga tegishli bo‘ladi. Lekin barcha xususiyatlarni ham insonga xos deb bo‘lmaydi, ular ahamiyatga molik va barqaror bo‘lishi lozim.
Xarakter – bu insonning o‘ziga xos asosi, o‘zagi. Xarakterda fokusdagi kabi insonning faoliyat, muloqot va bilish sub’ekti sifatida eng ahamiyatli xususiyatlar jamlanadi. Xarakter hayot davomida tarkib topib boradi va vaqt o‘tishi bilan o‘zgarishi mumkin.
Xarakter odam ko‘zlagan maqsadi va uni amalga oshirish vositasi yoki usullarida hulq-atvor mazmuni va shaklida ifodalanishi mumkin.
Shakllanishi, rivojlanishi va vazifa bajarishida inson xarakteri temperament bilan uzviy bog‘langan. Fanda xarakter va temperament o‘zaro munosabatlariga doir hukmron nuqtai nazarlardan to‘rt xil asosiysi: xarakter va temperamentning o‘xshatilishi (E. Krechmer, A. Rujitskiy); xarakter va temperamentni qiyoslash, ular o‘rtasidagi qarama-qarshilikni ta’kidlash (P. Viktorov, V. Virenius); temperamentni xarakterning elementi, mag‘zi, o‘zgarmas qismi sifatida tan olish (S.L. Rubinshteyn, S. Gorodetskiy); temperamentni xarakterning tabiiy asosida sifatida qabul qilish (L.S. Vigotskiy, B.G. Ananev) kabilarni ajratib ko‘rsatish mumkin.[2]
Xarakter va temperament uchun umumiy bo‘lgan xususiyat sifatida odam fiziologik xususiyatlari va birinchi galda, asab tizimi tipiga bog‘liqlik hisoblanadi. Temperament xarakterdagi hulq-atvor mutanosibligi yoki nomutanosibligi, ta’sirlanishning harakatchanligi yoki sustligi va h.k.lar kabi qirralarni belgilaydi. Lekin temperament xarakterni oldindan belgilab bermaydi. Temperamentning bir xil xossalariga ega bo‘lgan odamlarning xarakterlari umuman turlicha bo‘lishi mumkin. Temperament xususiyatlari xarakterning u yoki bu qirralarining shakllanishiga yordam berishi yoki qarshilik ko‘rsatishi mumkin.
Xarkter qirralari deganda insonning umumiy sharoitlardagi hulq-atvorini aniqlovchi psixik xossalar tushuniladi. Jasurlik yoki qo‘rqoqlik xavfli vaziyatlarda namoyon bo‘ladi, muloqotchanlik yoki odamovilik – muloqot vaziyatida, xotirjamlik yoki dovdirash – stress vaziyatlarida namoyon bo‘ladi.
Xarakterning alohida xossalari bir-biriga bog‘liq va ular xarakter tuzilishi deb ataladigan yaxlit hosilani tashkil etadi. Xarakter tuzilishida qirralarning ikki xil guruhini ajratadilar. Birinchi vaziyatda xarakterning barcha qirralarni psixik jarayonlar bilan bog‘liqligi uchun iroda, emotsional va aqliy qirralarni ajratadilar.
Xarakterning irodaviy qirralari – hulq-atvor va faoliyatni ongli, tushunchaviy-vositali boshqarishning barqaror individual-tipologik xususiyatlari. Xarakterning irodaviy qirralari insonning qiyinchiliklarni engish bilan bog‘liq faoliyatini ongli boshqarish malakasi va bunga shayligini, hulq-atvorni ma’lum tamoyillar va vazifalarga muvofiq ravishda yo‘naltirishni belgilaydilar. Xarakterning irodaviy qirralariga maqsadga yo‘nalganlik, mustaqillik, qat’iyatlilik, dadillik, o‘zini tuta bilish, jasurlik, matonat, intizomlilik, sabr va x.k.lar kiradi. Iroda sifatlarining turli xillari shaxs xarakterining iroda tuzilishini belgilaydi . Iroda tuzilishining asosiy xususiyatlariga xarakterning yaxlitligi – turli vaziyatlarda qarashlar va fikrlarning barqarorligi, so‘z va xarakat birligi; xarakterning kuchi – insonning xarakatchanligi, davomli zo‘riqish vaziyatlarida qiyinchiliklarni engishi; xarakter mustahkamligi – xarakter kuchining asoslaganlik bilan birligi; vazminlik – faollik va bosiqlikning qulay nisbati, hulq-atvorning bir tekisdaligi, o‘z imkoniyatlarini turli sharoitlarda qo‘llash kiradi.
Xarakterning emotsional qirralari – xarakatning bevosita, o‘z-o‘zidan boshqarilishning barqaror individual-tipologik xususiyatlari. Xarakterning emotsional qirralari xaqida so‘z yuritganda qo‘zg‘alish ko‘rsatkichi, insonning real xodisalarga, nimani yoqtirish va yoqtirmasligi, befarqligi, ustunlik qiluvchi kayfiyat ko‘zda tutiladi. Eng muhim emotsional xususiyat insonning ustunlik qiluvchi kayfiyati, uning emotsional barqarorligi hisoblanadi. Hissiyotlar bilan bir qatorda shaxs xarakterining qirralari sezgilarning o‘ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi. Barqaror sezgilar kengligi va chuqurligi, voqeiyligi, aqliy va irodaviy soha bilan uyg‘unligi – shaxsning muhim xarakterologik xususiyati hisoblanadi. Xarakterning emotsional qirralariga: shiddatlilik, ta’sirchanilik, qiziqqonlik, faoliyatsizlik, befarqlik, hozirjavoblik va boshqalar kiradi.
Xarakterning intellektual qirralari – aqliy qobiliyatlarning barqaror individual–tipologik xususiyatlari. Xarakterning intellektual qirralari xaqida so‘z yuritganda, avvalambor, aqlning tarkib topgan sifati ko‘zda tutiladi. Intellektual sifatlar bo‘yicha nazariy yoki amaliy aql egalari, aql egiluvchanligi va chuqurligining turli darajalari, tafakkur jarayonlari kechishining tezligi, tajriba elementlarining ijodiy o‘zgarishiga, qobilyatning turli–tumanligiga, yangi muammolarni tuzish va hal etish mustaqilligiga ko‘ra farqlanadilar. Xarakterning intellektual qirralariga qiziquvchanlik, mulohazalilik, sinchkovlik va boshqalar kiradi.
Boshqa vaziyatda xarakter qirralari shaxs yo‘nalganligiga muvofiq ravishda ko‘rib chiqiladi. SHaxs yo‘nalganligining mazmuni odamlarga, faoliyatga, atrof-olam va o‘ziga bo‘lgan munosabatda namoyon bo‘ladi. Xuddi shunday, insonning atrof-olamga munosabati yoki ma’lum mulohazalar mavjudligida, dunyoni sezish va bilishda, tamoyillarning mavjud emasligida namoyon bo‘ladi. Insonning jamiyatga, boshqa odamlarga munosabatini shaxs sifati va inson xarakteri, uning axloqiyligini belgilab beradi. Boshqa odamlarga nisbatan munosabatlar tizimi to‘rt xil asosiy chizmada birlashadi: «Men yaxshiman va barcha odamlar yaxshi» – yaxlit-yo‘nalishli chizma, xayrixohligi, yuqori ijtimoiy kommunikativlik, xushchaqchaqlik, mutanosib o‘zini baholash va xuddi shu darajadagi intilishlar, qiyin vaziyatlarda psixikasining barqarorligi bilan ajralib turuvchi ijtimoiy-moslashgan shaxslarga xos. «Men yomonman, barcha boshqa odamlar esa yaxshi» - o‘zini past baholovchi va past darajadagi intilishlarga ega, qat’iyatsiz, o‘z imkoniyatlaridan doimo shubhalanadigan, qiyin vaziyatlarda psixik beqarorlikni namoyon qiladigan, ijtimoiy aloqalarni o‘rnatishga qiynaladigan odamlarga xos bo‘lgan hayot chizmasi. «Men yaxshiman, barcha boshqa odamlar esa yomon» - intilishlarning ortiqcha darajasiga ega va o‘zini yuqori baholaydigan odamlarga xos chizma. Ularga takabburlik, xudbinlik, shafqatsizlikka o‘tuvchi qat’iyatlilik, o‘ziga alohida harakatlar huquqini o‘zlashtirish xos bo‘ladi. «Men yomonman va barcha odamlar ham yomon» - hayotdan faqat yomonlik kutib yashaydigan tuzalmas pessimistlarning nuqtai nazari.
Insonning mehnatga va boshqa faoliyat turlariga munosabati mehnatsevarlik, ishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, vijdonan bajarish va boshqalarni belgilab beradi. Ushbu guruhning salbiy sifatlariga ishyoqmaslik, tanballik, darbadarlik va boshqalar kiradi.
Narsalarga inson mehnatining mahsuli sifatida munosabat bildirish puxtalik, tejamkorlik va boshqalarda, salbiy sifatlar – g‘arazgo‘ylik, xasislik, cheksiz manfaatdorlik, mezonlarga, «dabdabali hayotga» to‘xtovsiz havasdir.
Har bir odamda o‘ziga nisbatan munosabati – «Men-konsepsiya»siga intilish mavjud. Haqiqiy «Men» obrazi bir qator tarkibiy qismlar: kognitiv – tashqi ko‘rinish obrazi, ahloqiy sifatlar, psixik xususiyatlar, ijtimoiy ahamiyatlilik; emotsional – o‘ziga hurmat, o‘zidan mamnunlik, o‘zini tahqirlash va boshqalar; davo-irodaviy – o‘zini tasdiqlash tilagi, boshqa idividlar tomonidan afzalliklarining tan olinishidan iborat.
Inson shaxsining barcha qirralarini shartli ravishda motivatsion va instrumental turlariga bo‘linishi mumkin. Motivatsion qirralar faoliyatni qo‘zg‘atadi va yo‘naltiradi, instrumental esa unga ma’lum uslub beradi. Xarakter shaxsning motivatsion qirrasi kabi faoliyat maqsadini tanlashda namoyon bo‘ladi. Lekin, maqsad aniqlab olinganda, xarakter instrumental vazifasida namoyon bo‘ladi, ya’ni, ko‘zlangan maqsadga erishish vositalarini belgilab beradi.
Xarakter shaxs namoyon bo‘lishining asosiy ifodalaridan biri bo‘lib hisoblanadi. SHuning uchun shaxs qirralarini xarakter qirralari sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Bunday qirralarga, birinchi navbatda, shaxs xossalarining faoliyat maqsadini tanlashni belgilaydiganlarni keltirish lozim. Bularga muvofiqlik, tejamkorlik yoki ularga qarama-qarshi bo‘lgan sifatlar kiradi. Ikkinchidan, xarakter tarkibiga ko‘zlangan maqsadlarga erishishga qaratilgan faoliyatda namoyon bo‘ladigan qat’iyatlilik, maqsadga yo‘nalganlik, izchillik kabi qirralar kiritiladi. Uchinchidan, xarakter tuzilishiga temperament bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan instrumental qirralar, masalan, ekstraversiya – introversiya, xotirjamlik – xavotirlanish, vazminlik – impulsivlik, ta’sirchanlik – rigidlik va boshqalar kiradi.
Xarakterlar tipologiyasi ma’lum tipik qirralarning mavjudligida tarkib topadi. Xarakterning tipik ifodalari va qirralari deb, odamlarning ba’zi guruhlari uchun umumiy ko‘rgazmali bo‘lgan xarakter qirralari va ifodalariga aytiladi. Bunga muvofiq ravishda xarakter tipi deganda odamlarning ba’zi guruhi uchun umumiy bo‘lgan individual xarakter qirralaridagi ifodasi tushuniladi. Inson xarakterlarining barcha tipologiyalari quyidagi umumiy g‘oyalardan kelib chiqadi: a) inson xarakteri ontogenezda nisbatan erta rivojlanadi va hayotning qolgan qismi davomida o‘zini u yoki bu darajada barqaror shaxs tuzilishi sifatida namoyon qiladi; b) xarakter tarkibidagi shaxs qirralarining birikmasi tasodifiy bo‘lmaydi; v) ko‘pchilik odamlar xarakterining asosiy qirralari muvofiq ravishda guruhlarga bo‘linishi mumkin.
Xarakter tipologiyalarining yaratilishi har doim ham ilmiy metodlarga tayangan holda amalga oshirilmagan. Tipologiyalar yaratishning usullaridan biri inson xarakteri va harakatlarini uning tug‘ilgan sanasi orqali tushuntirib berishdir. Bu tamoyil bo‘yicha inson taqdiri va xarakterini bashorat qilishning turli-tuman usullari munajjimlar bashorati nomini olgan.
Xarakterni tadqiq qilishga fiziognomika – insonning tashqi ko‘rinishi va uning ma’lum shaxs tipiga mansubligi o‘rtasidagi aloqa haqidagi ta’limot ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu ta’limotning asosiy g‘oyasi tashqi belgilarga asoslangan holda u yoki bu tipga mansub bo‘lgan insonning psixologik xarakteristikasini aniqlash mumkinligi taxminlaridan iborat. Inson xarakterini bilishning asosiy yo‘li bosh tuzilishi, kalla qutisining shakli, mimikasini o‘rganish deb hisoblagan I.K. Lafaterning fiziognomik tizimi keng ommalashgan edi.[2]
Xarakterologiyaning alohida yo‘nalishi sifatida inson individual xususiyatlarini uning tana holati bo‘yicha aniqlashga asoslangan yondoshuvni ajratish mumkin. Ba’zi psixologlarning fikriga ko‘ra, inson tana holati, yurish-turishi, o‘tirishi va qay holatda uyquga ketishi bo‘yicha inson xarakterini ochib berish mumkin.
Fiziognomikadan tashqari, xiromantiya (yunonchadan qo‘l – fol ochish) ham qiziqarli tarixga ega. Xiromantiya – bu inson xarakteri qirralari va taqdirini qo‘l kaftining teri relefi bo‘yicha bashorat qilish tizimi. Ilmiy psixologiya xiromantiyani inkor etadi, lekin, barmoqlardagi chiziqlarni o‘rganish irsiyat bilan bog‘liq bo‘lgan yangi soha – dermatoglifikaning paydo bo‘lishiga turtki berdi. tadqiqotlar jarayonida har bir odam kaft chiziqlarning shakllanishi miyaning rivojlanishi kabi ona qornidagi rivojlanishning 3-4 oyida sodir bo‘ladi, bu jarayonga ota-ona irsiy belgilari yoki homilaning xromosoma nuqsonlari bir xilda ta’sir ko‘rsatadi. SHuning uchun barmoqlar chiziqlarini organizmning anatomik yoki fiziologik xususiyat sifatida o‘rganish lozim, dermatoglifika esa xarakterologiyaning asosiy yo‘nalishlari qatoridan joy olishi mumkin.
Xarakter tipologiyasining quyidagi asosiy turlarini aytib o‘tish mumkin: inson xarakteri xususiyatlarini insonning tashqi ko‘rinishi, tana tuzilishi, gabitus bilan bog‘lovchi konstitutsion nazariyalar (E. Krechmer, Rostan, Lombrozo, U. SHeldon va boshqalar); xarakter xususiyatlarini uning aksentuatsiyasi – psixikaning psixopatiya quyi chegarasi bo‘lib hisoblanadigan xarakterning alohida qirralari va ular yig‘indisining o‘ta ifodalanganligi bilan bog‘lovchi aksentual nazariyalar (K. Leongard, A.E. Lichko va boshqalar); shaxsning etakchi yo‘nalganligi bo‘yicha nazariyalar (E. SHpranger, M.I. Enikeev); shaxsning ijtimoiy muhitga moslashishning umumiy usuli bo‘yicha nazariyalar (M. Enikeev); insonning hayotga, jamiyatga, ma’naviy qadriyatlarga munosabati asosidagi xarakterlarning ijtimoiy tipologiyasi (E. Fromm); ekstraversiya-introversiya (K. YUng) bo‘yicha nazariyalar shular jumlasidandir.[1]
«Aksentuatsiya» tushunchasi psixologiyaga K. Leongard tomonidan kiritilgan edi. Xarakter aksentuatsiyasi – xarakter alohida xossalarining boshqalarga ziyon keltirish hisobiga ortiqcha rivojlanishi, buning natijasida atrofdagilar bilan o‘zaro aloqalar yomonlashadi. Leongardning fikriga ko‘ra, shaxs aksentuatsiyasi, avvalambor, boshqa odamlar bilan muloqotda namoyon bo‘ladi. SHuning uchun, muloqot uslublarini baholashda aksentuatsiyaning ma’lum tiplarini ajratish mumkin. K. Leongard quyidagi tiplarni keltiradi:
1. Gipertim tip o‘ta muloqotchanligi, sergapligi, imo-ishoralar, mimika va pantomimikaning kuchli ifodalanganligi bilan xarakterlanadi. Bunday odamda suhbatning boshlang‘ich mavzusidan chetlashishi kuzatiladi. Xizmat va oiladagi vazifalariga etarlicha jiddiy e’tibor bermasligi vajidan atrofdagilar bilan tasodifiy nizolar sodir bo‘lib turadi. Bu tipdagi odamlar ko‘p hollarda nizolar tashabbuskori bo‘lib chiqadilar, lekin atrofdagilardan bu haqda tanbeh eshitsalar, hafa bo‘ladilar. Ushbu tip odamlarining ijobiy sifatlaridan chaqqonlik, faoliyatga chanqoqlik, ruhiy ko‘tarinkilik, tashabbuskorlik kabilarni keltirish mumkin. SHu bilan birga, ular ba’zi bir yoqimsiz qirralar: engil tabiatlilik, ahloqsiz harakatlarga moyillik, o‘ta ta’sirchanlik, xomxayollik, o‘z vazifalariga etarlicha jiddiy yondoshmaslik kabilarga ega. Ular qat’iy intizom, zerikarli faoliyat majburiy yolg‘izlik sharoitlariga qiyin moslashadilar.
2. Distim tip – bu tip past muloqotchanlik, kamgaplik, ustun tushkunlik kayfiyati bilan xarakterlanadi. Bunday odamlar, odatda, uydan chiqmaydilar, shovqindan qiynaladilar, nizolarga qo‘shilmaydilar, odamovilik turmush tarzini kechiradilar. Ular do‘stlarini qadrlaydilar va ularga bo‘ysunishga tayyor bo‘ladilar. Ushbu tip odamlarining ijobiy sifatlaridan: jiddiylik, vijdoniylik, haqgo‘ylik kabilarni keltirish mumkin. Lekin ularda yoqimsiz sifatlar ham mavjud, bulardan: sustlik, tafakkurning sekinlashganligi, harakatlarining qovushmaganligi, individuallikdir.
3. Sikloid tip – ularga kayfiyatning davriy ravishda tez-tez o‘zgarib turishi xosdir, buning natijasida atrofdagi odamlar bilan muloqot tarzi ham o‘zgarib turadi. Ko‘tarinki kayfiyat davrida bunday odamlar kirishimli, ruhiy tushkunlik davrida odamovilik kabi qirralarga ega bo‘ladilar. Ruhiy ko‘tarinkilik davrida ular o‘zlarini gipertim aksentuatsiyasi xarakterli odamlar kabi, tushkunlik davrida distim aksentuatsiyali odamlar kabi tutadilar.
4. Qo‘zg‘aluvchan tip – ularga past muloqotchanlik, verbal va noverbal ta’sirlanishning sustligi xos. Ko‘p hollarda bunday odamlar mijg‘ov va badqovoq, qo‘pollik va koyishga, nizolar chiqarishga moyildirlar, bunda o‘zlari faollik ko‘rsatadilar. Ular jamoa bilan chiqishmaydilar, oilada xukumronlik qiladilar. Emotsional xotirjamlik xolatda ushbu tipdagi odamlar vijdonli, puxta, xayvonlar va yosh bolalarni yaxshi ko‘radilar. Lekin emotsional qo‘zg‘alishda ta’sirchan, jizzaki bo‘lib, o‘z xarakatlarini yaxshi nazorat qila olmaydilar.
5. Suqiluvchi tip – ularga o‘rtacha muloqotchanlik, mijg‘ovlik, nasihatgo‘ylikka moyillik, kamgaplik xosdir. Nizolarda bunday odam, odatda, tashabbuskor, faol tomon sifatida namoyon bo‘ladi. U qo‘l urgan har bir ishida yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga intiladi, o‘ziga o‘ta talabchan, ijtimoiy adolatga alohida sezgir, shu bilan birga, jizzaki, salga ranjiydigan, shubhalanuvchi, qasoskor; ba’zida o‘ta o‘ziga ishongan, izzattalab, rashkchi, yaqinlari va ishdagi qo‘l ostidagilarga nisbatan o‘ta talabchan.
6. Rasmiyatchi tip – bunday tipdagi odam nizolarga bormaydi, sust tarafni egallaydi. Xizmatda rasmiyatchi, atrofdagilarga ko‘plab rasmiy talablar qo‘yadi. SHu bilan birga, u bajonudil liderlikda boshqalarga yon beradi. Ba’zan u yaqinlarining ozodagarchiligiga katta talab qo‘yadi. Uning ijobiy qirralari: vijdoniylik, puxtalik, jiddiylik, ishdagi ishonchlilik, yoqimsiz va nizolarni keltirib chiqaradigan qirralari esa – rasmiyatchilik, mijg‘ovlik, hadeb noliyverish hisoblanadi.
7. Xavotirli tip – bunday tipdagi odamlarga muloqotga kirishuvchanlikning past bo‘lishi, jur’atsizlik, qat’iyatsizlik, tushkun kayfiyat xosdir. Ular atrofdagilar bilan nizolikka bormaydilar, bunda sust o‘rinni egallaydilar, bunday vaziyatlarda tayanch izlaydilar. Ular quyidagi ijobiy qirralarga ega: samimiylik, o‘zini tanqid qilish, ishchanlik. O‘zining himoyasizligi oqibatida, shuningdek, ko‘p hollarda boshqalarning gunohiga javobgar, masxara bo‘lib qoladilar.
8. Emotiv tip – bunday odamlar yaxshi aloqalar o‘rnatilgan saralanganlar tor doirasidagi muloqotni afzal ko‘radilar. Sust tarafni egallagan holda nizolarga bormaydilar. Hafagarchiliklarini ichlariga yutadilar. YOqimli qirralari: mehribonlik, hamdardlik, kuchli mas’uliyat hissi, ishchanlik. YOqimsiz qirralari: o‘ta ta’sirchanlik, yig‘loqilik.
9. Namoyishkor tip – aksentuatsiyaning bu tipi aloqalarni oson o‘rnatishi, liderlikka intiluvchanlik, hukmronlik va maqtovlarga chanqoqligi bilan xarakterlanadi. Ushbu tipga mansub odamlar o‘ziga o‘ta ishonganligi va intilishlarining yuksakligi bilan atrofdagilarning g‘ashiga tegadi, muntazam ravishda nizolarni keltirib chiqaradilar, lekin o‘zlari faol himoyalanadilar. Ular sertakalluflik, ustalik, boshqalarni orqasidan ergashtirish, tafakkur va harakatlarning o‘ziga xosligi kabi ijobiy sifatlarga ega. Salbiy qirralari: xudbinlik, riyokorlik, maqtanchoqlik, ishyoqmaslikdir.
10. O‘ta hayajonli tip–bunday odamlarga yuqori muloqotchanlik, sergaplik, oshiqlik xosdir. Ular ko‘p bahslashadilar. Lekin nizogacha olib bormaydilar. Nizoli vaziyatlarda ham faol, ham sust holatda bo‘ladilar. SHu bilan birga, bunday tipdagi odamlar do‘stlari va yaqinlariga e’tiborli va sadoqatli bo‘ladilar. Ular altruistlikka moyil, ularga hamdardlik hissi, yaxshi did xos bo‘lib, sezgilarning yorqinligi va samimiyligini namoyon qiladilar. YOqimsiz qirralari: vahimachilik, vaqtinchalik kayfiyatga berilganlik kabilardir.
11. Ekstravert tip – bunday odamlar yuqori muloqotchanlik bilan ajralib turadilar, ularning do‘stlari, tanishlari ko‘p, ular sergap, istalgan ma’lumotni qabul qiladilar, ayrim holatlarda atrofdagilar bilan nizolarga boradilar, bunda, odatda, sust tarafda bo‘ladilar. Do‘stlar bilan muloqotda, ishda va oiladagi ko‘p holatlarda liderlikda boshqalarga yon bosadilar, bo‘ysunishni va chetda turishni afzal ko‘radilar. Boshqalarni tinglay olishga shaylik, iltimoslarni bajarish, ishchanlik kabi yoqimli qirralarga egadirlar. YOqimsiz qirralari: ta’sirlarga beriluvchanlik, engil tabiatlilik, o‘ylamasdan harakat qilish, ko‘ngilochar qiziqishlarga, gap-so‘z va mish-mishlarni tarqatishda ishtirok etishga ishtiyoqmandlik.
12. Introvert tip – ular past muloqotchanlik, odamovilik, voqelikdan uzilganlik, falsafa so‘qishga moyillik bilan xarakterlanadi. Bunday odamlarni yolg‘izlikni xush ko‘radilar; atrofdagilar bilan shaxsiy hayotlariga takallufsizlik bilan aralashish holatlaridagina nizolarga borishlari mumkin. Ular ko‘pincha odamlarga nisbatan kuchsiz bog‘langan emotsional sovuqqon odamlardir. Vazminlik, qat’iy e’tiqodlilik kabi ijobiy qirralarga egadirlar. Salbiy qirralari ham mavjud – qaysarlik, tafakkur rigidligi, o‘z g‘oyalarini qat’iy ravishda himoya qilish hisoblanadi.
Keyinchalik A.E. Lichko o‘smirlar aksentuatsiyalarini ta’riflash asosida xarakterlar tasnifini taklif etdi.
M.I. Enikeev shaxs muhitga moslashishining umumiy usuli asosida xarakterning quyidagi tiplarini keltiradi:[2]
1. Uyg‘unlashgan yaxlit tip – munosabatlarning barqarorligi va, shu bilan birga, atrof-muhitga yuqori moslashganlik bilan ajralib turadi. Bunday tipdagi xarakterli odamda ichki nizolar bo‘lmaydi, uning tilaklari bajarayotgan ishi bilan mos tushadi. Bu muloqotchan, irodali, e’tiqodli odam.
2. Ichki nizoli, lekin tashqaridan muhit bilan uyg‘unlashgan tip – ichki intilishlar va, muhit talablariga mos ravishda katta zo‘riqish bilan amalga oshiriladigan, tashqi hulq-atvor o‘rtasidagi qarama-qarshilik bilan ajralib turadi. Bunday tipdagi xarakterli odam ixtiyorsiz harakatlarga moyil, lekin ular doimo iroda kuchi tomonidan tutib qolinadi. Munosabatlari tizimi barqaror, lekin kommunikativ xossalari etarlicha rivojlanmagan. Bu har kungi kurashdan voz kechgan oqil kuzatuvchi tipidir.
3. Moslashganligi kuchsiz nizoli tip – emotsional va ijtimoiy vazifalar, impulsivlik, salbiy xissiyotlarning ustunligi, kommunikativ xossalarning rivojlanmaganligi, o‘zini anglashning etarlicha tarkib topmaganligi o‘rtasidagi kelishmovchilik bilan ajralib turadi. Bunday tipdagi xarakterli odamlarning hayotidagi voqealar soddalashtirilgan chizma bo‘yicha sodir bo‘ladi: o‘zgaruvchan extiyojlari ularning shaxsiy fikrlari bo‘yicha qiyinchiliklarsiz darhol qondirilishi kerak. Bunday odamlar hayotiy faoliyatning asosiy mexanizmi – zavqlanish (gedonizm). Bunday tipdagi odamlar barcha og‘ir vaziyatlarni keskin kelishmovchilik sifatida idrok qiladilar va anglanmagan psixologik soxta himoya – voqealikni buzib aks ettirilishi (injiqliklar, qaysarlik, mevasiz orzular va shirin xayyollar olamiga g‘arq bo‘lish) ga murojaat qiladilar.
4. Xarakterning variativ tipi – muhitga tashqi baqaror nuqtai nazar orqali moslashadigan; shaxs rivojlanishining quyi darajasi, xulq-atvor barqaror umumiy usulining mavjud emasligi xaqida dalolat beradi. Bunday tipdagi odamlar ichki olamining soddaligi bilan farqlanadi; ularning yashash uchun kurashi to‘g‘ri chiziq bo‘yicha amalga oshiriladi, ular shubhalanish va ikkilanishlarni namoyon qilmaydilar, alohida ichki chegaralarga ega emas, ularga to‘siqlarning faqat tashqi turi ma’lum. Ichki olamni tashqi sharoitlarga moslashtirish, to‘g‘rilash, monandlash – bunday odamlar moslashishining umumiy usullari shulardan iborat.[2]
Xarakterlar tipologiyasining asosini shaxsning etakchi yo‘nalganligi ham tashkil etishi mumkin. Mashxur nemis faylasufi va psixologi Eduard SHpranger shaxsning etakchi yo‘nalganligi bo‘yicha quyidagi tiplarni keltiradi:
1. Ilmiy odam. Faqat yagona ehtiros – tushuntirishga, aloqalarni o‘rnatishga, nazariy bilimlarni ishlab chiqishga olib boruvchi ehtirosga egadir. Uning kechinmalari voqeiy hayotdan uzilgan bo‘lib, bilish imkoniyatining mavjud emasligidan tushkunlikka tushishi, nazariy kashfiyotdan zavqlanishi mumkin. Unga faqat bilish metodlarining sofligi – qanday bo‘lsada, haqiqatga erishish qadrliroqdir.
2. Iqtisodchi odam. Bu, albatta, ishlab chiqarish bilan bog‘liq odam bo‘lishi shart emas. Eng asosiysi, shaxs turli sohalari va turmush tarzini belgilab beruvchi bosh motiv sifatida foydalilik motivining mavjudligidir. Barcha hayotiy aloqalarda bunday odam foyda chiqishini birinchi o‘ringa qo‘yadi. U maksimal darajada foyda olish uchun xom ashyo, kuch va vaqtni tejay oladi. Bunday odamni ishbilarmon odam deb atash to‘g‘riroq bo‘lar edi.
3. Estetik didli odam. Sof estetik hulq-atvorga hirs qo‘yish xos emas. Olam bilan bevosita aloqada bo‘lish doimo og‘riqli kechadi, bu yashash uchun kurash bilan bog‘liq. Lekin boshqa olam borki, bunda og‘riq quvonch kabi shirin, azob tortish shodlanish kabi ilohiylashgandir: bu fantaziya olami. Estetik tipni ko‘rib chiqishda moddiy asar yaratuvchi san’at arboblari emas, balki o‘zini yaratuvchi, estetik tipli ichki tuzilishiga ega bo‘lgan odamlar ko‘zda tutiladi.
4. Ijtimoiy odam. Ijtimoiy deb atalgan alohida hayot shakli o‘zgalar manfaati yo‘lida o‘zidan voz kechish ehtiyoji etakchi hayotiy ehtiyojga aylanganida yuzaga keladi.
O‘zining yuksak ifodasida ijtimoiy yo‘nalganlik mehr-muruvvatdan tashkil topgan. Biror odamni, unda haqiqat yoki go‘zallik, yoki oliyjanoblik qadriyati namoyon bo‘lganligi sababli sevish mumkin. Mehribonlik odamlarda yashirin holatdagi ma’lum qadriyatlar tashuvchilarni ochib beradi va ular o‘z hayoti mazmunini bu odamlarga sadoqatli bo‘lishda topadi.
5. Siyosiy odam. Inson uchun qudratga ega bo‘lish asosiy ahamiyat kasb etgan alohida holat. Bunday odamning olamni his etishi umumiyligi bilan ajralib turadi, umumiylik o‘z mavqeini belgilash, muvaffaqiyatga erishish, hayotiy quvvat, turmushdagi harakatda namoyon bo‘ladi. Bunday odamlar yuqori ijtimoiy darajaga intiladilar va faqat o‘sha darajadagina dohiy sifatida, shon-shuhrat pog‘onasida o‘zlarida mamnunlik his qiladilar.
6. Diniy e’tiqodli odam. Bu ma’naviy hayot yo‘li diniy qonunlar asosida hayotning yuksak mazmuniga erishishga qaratilgan odam. Diniy e’tiqodli odamlar hulq-atvorida altruizm yo‘nalishi dominantlik qiladi. Hayotlarining oliy mazmunini odamlarga oliyjanoblik bilan beminnat xizmat ko‘rsatish – zarar ko‘rganlar, yaralanganlar, shikastlanganlar, muhtojlar, tahqirlanganlar va yolg‘izlarga yordam ko‘rsatishda deb biladilar.
Diniy aqidaparastlar dindor odamlar ong osti sohasiga inson psixikasining murakkab ichki tuyg‘usi – ishonch mexanizmi bilan qamrab olgan holda mustahkam singdirib boradilar. Dindor odam hulq-atvori o‘zgarib boradi – psixikasida insonga nisbatan yaxshilik, mehribonlik g‘oyalari dominantlik qila boshlaydi.
Xarakter tiplarining boshqa tasniflari ham mavjud. Xuddi shunday, insonning hayotga, jamiyatga va ahloqiy qadriyatlarga munosabati asosidagi xarakterlar tipologiyasi keng tarqalgan. Uning muallifi – E. Fromm ushbu tasniflashni xarakterlarning ijtimoiy tipologiyasi deb nomladi. Turli odamlar hulq-atvorini kuzatishdan to‘plagan ma’lumotlarni umumlashtirib, ularni klinikadagi amaliyot bilan solishtirgan holda, E. Fromm ijtimoiy xarakterlarning quyidagi asosiy tiplarini keltirib chiqardi.
1. «Mazoxist-sadist». SHaxsiy hayotidagi muvaffaqiyatlari va omadsizliklarini, shuningdek, kuzatiladigan voqealar sababini sharoitlarda emas, balki, odamlarda ko‘rishga moyildir. Bu sabablarni bartaraf etishga intilib, tajovuzkorligini omadsizlik sababi bo‘lib ko‘ringan odamga yo‘naltiradi. Bunday odam mustaqil bilim olish, o‘z ustida ishlash, odamlarni yaxshi tomonga o‘zgartirish bilan ko‘p shug‘ullanadi. O‘zining qat’iy harakatlari, cheksiz talablari va intilishlari bilan ba’zan o‘zini va atrofdagilarni toliqtirib qo‘yadi. Bunday odam, ayniqsa, atrofdagilar ustidan hukronlik qila boshlaganida, «ezgu niyatlar»dan kelib chiqqan holda odamlarni dahshatga sola boshlaydi.
Bunday odamlarni xarakterlagan holda, E. Fromm: «Eng ko‘p namoyon bo‘ladigan mazoxist qarashlar – bu shaxsiy norasolik, muhtojlik, notavonlik hissi» deb yozgan edi. Mazoxist-odamlar o‘zini kamsitish va kuchsizlantirishni namoyon qiladilar, o‘zini tanqid qilish va azoblashdan rohatlanadilar, o‘zlariga be’mani bekorchi ayblovlarni qo‘yadilar, barcha holatlarda bunga aloqador bo‘lmasalarda, aybdorlikni o‘zlariga olishga harakat qiladilar.
Fromm fikriga ko‘ra, bunday tipdagi odamlarda deyarli har doim sadistlikka moyillik mavjud bo‘ladi. Bu ularning odamlarni o‘zlariga tobe qilishlarida, ularning ustidan to‘liq hukmronlikka ega bo‘lishlarida, ulardan manfaatdor bo‘lishlarida, ularga azob berishlarida, ularning azoblanishlaridan rohatlanishlarida namoyon bo‘ladi. Bunday tipdagi odam Fromm tomonidan avtoritar shaxs deb nomlangan. Masalan, Gitler, Stalin va boshqalar bunday tipdagi odamlar edi.
2. «Buzg‘unchi». Ushbu odamda frustratsiya, umidlarning chilparchin bo‘lishiga sabab bo‘lgan ob’ektga nisbatan ifodalangan tajovuzkorlik va uni bartaraf etishga faol intilish bilan xarakterlanadi. «Buzg‘unchilik,- deb yozadi Fromm,- bu chidab bo‘lmaydigan kuchsizlik hissidan xalos bo‘lish». Buzg‘unchilikka, odatda, xavotirlanish va kuchsizlik hissini boshidan kechiruvchi, aqliy va emotsional imkoniyatlarini joriy qilishi cheklangan odamlar o‘zining hayotiy muammolarini hal etish vositasi sifatida murojaat qiladilar.
3. «Konformist-avtomat». Bunday individ, qiyin ijtimoiy va shaxsiy hayotiy muammolar bilan to‘qnash kelganida, o‘ziga o‘xshamay qoladi. U so‘zsiz, ushbu vaziyatda ko‘pchilikka xos bo‘lgan tafakkur tipi va hulq-atvor usulini darhol o‘zlashtirgan holda sharoitlarga, turli ko‘rinishdagi jamiyatga, ijtimoiy guruh talablariga bo‘ysunadi. Bunday odamning deyarli hech qachon shaxsiy fikri ham, ifodalangan ijtimoiy qarashi ham bo‘lmaydi. U shaxsiy «Men»ini, individualligini yo‘qotgan va ma’lum sharoitlarda undan kutilgan, aynan, o‘sha hislarni boshidan kechirishga odatlangan. Bu ongli yoki ongsiz moslashuvchi tipi.
K.YUng tomonidan taklif etilgan xarakterlarning ekstravert va introvert tiplarga mansubligiga bog‘liq ravishda tasniflanishi keng ommalashdi. Ekstraversiya-introversiya hozirgi zamon psixologiyasida temperament ifodalanishi sifatida ko‘rib chiqiladi. Birinchi tip shaxsning ob’ektlari sub’ekt qiziqishlari, hayotiy quvvatini o‘ziga tortuvchi atrof-olamga qaratilganligi bilan xarakterlanadi, bu esa ma’lum ma’noda shaxs sub’ektiv olami hodisalari o‘rnining kamsitilishiga olib keladi. Ekstravertlarga ta’sirchanlik, tashabbuskorlik, hulq-atvorning egiluvchanligi, muloqotchanlik xosdir. Introvertlar esa shaxs qiziqishlarining shaxs ichki olami hodisalarida qayd qilinishi, odamovilik, o‘zini tahlil qilishga moyillik, moslashishlarining qiyinligi bilan xarakterlanadilar. SHuningdek, konform va mustaqil, dominant va bo‘ysunuvchi, me’yoriy va ayrim, hamda boshqa tiplarga bo‘linish imkoniyati ham mavjud.
Xarakterga tegishli xarakter muammosini hal etish uchun asos bo‘ladigan ko‘plab ilmiy muammolar mavjud. Bunday masalalardan biri grafologiya hisoblanadi, bu yo‘nalish dastxatni shaxsning psixologik xossalarini aks ettiruvchi ifodali harakatlarning bir turi sifatida ko‘rib chiqadi. Asrlar davomida to‘plangan grafologiya ma’lumotlari ikki qator dalillar – dastxat xususiyatlari va xarakter o‘rtasida aloqa o‘rnatar edilar. Har bir odam o‘ziga xos dastxatga ega. Bu dalil xarakterning dastxatga bog‘liqligi masalasini ko‘rib chiqish uchun asos bo‘la oladi.
Lekin hozirda dastxat va xarakter aloqasini tasdiqlovchi yoki inkor etuvchi ma’lumotlar mavjud emas. Dastxatning emotsional holat va oliy nerv faoliyatining ayrim tipologik xossalariga bog‘liqligi to‘liqroq dalillarga ega.
Biz xarakterlar tipologiyalarini ko‘rib chiqdik, lekin inson shaxsining murakkabligi va xilma-xilligini ko‘rsatib o‘tilgan tipologiyalarga to‘laligicha jamlab bo‘lmaydi. Har birimizning biror bir tipga yoki tiplardan bir nechtasiga moyilligimizni etarlicha baholamaslik ham xatolikdir. SHuning uchun xarakterlar tipologiyasi bilan tnanishib chiqish odamning kuchli tomonlaridan to‘liqroq foydalanish, zaiflarini kamaytirish imkonini beradi, shuningdek, insonlar qarori va harakatarining yashirin mexanizmlariga yo‘l topgani uchun boshqa odamlarning qulfi-dilini ochishga yordam beradi.
O
Jinsiy diformizm va individning psixologik tavsifi
damlar xarakterining ba’zi xususiyatlari ularning qaysi jinsga tegishliligi bilan belgilanadi. Jinsiy psixik xususiyatlar faqat biologik omillar bilan emas, balki tarixiy tarkib topgan erkak va ayol ijtimoiy rollarining bo‘linishi, jinsiy belgilar bo‘yicha mehnatning taqsimlanishi, erkaklik va ayollikning madaniy-tarixiy stereotiplariga muvofiq ravishda qizlar va o‘g‘il bolalarni an’anaviy tarbiyalashdagi farqlar bilan ham bog‘liqdir. Jinsiy indentifikatsiya – individ o‘zini ma’lum jinsga tegishli deb bilishi uning jinsiy ijtimoiylashuvi, jinsga muvofiq holda o‘zini anglashning rivojlanganligi, ijtimoiy-jinsiy rolni egallash bilan bog‘liq. Individning jinsiy o‘zini anglashi to‘g‘ri jinsiy hulq-atvorni mustahkamlaydigan va bo‘lishi mumkin nuqsonlarni qoralaydigan ijtimoiy muhitda shakllanadi.
Jinsiy me’yorlar, erkak va ayol stereotiplari tizimi odamda «erkak obrazi» yoki «ayol obrazi»ni shakllantiradi. Birlamchi jinsiy o‘zini identifikatsiyalash 2 yoshgacha shakllangan bo‘ladi, 6-7 yoshlarda esa o‘yin, hulq-atvor uslubini tanlashda, jinsiy segregatsiya (jins umumiyligining shakllanishi)da namoyon bo‘ladigan jinsiy mayllar jadallik bilan shakllanadi
Ayniqsa, o‘smirlikda jinsiy-rolli yo‘nalish tengdoshlar muloqotida etakchi o‘rinni egallagan holda kuchayadi. Bunda an’anaviy erkaklik xususiyatlariga ayollik xususiyatlariga nisbatan bir muncha ortiqcha baho beriladi.
O‘smirlikda jinsiy o‘xshashlik tanqidiy anglanadi. Ayrim o‘smirlarda bu yoshda dismorfobiya – jinsiy nomuvofiqlikdan qo‘rqish sindromi yuzaga kelishi mumkin. Jismoniy va psixologik ijtimoiy rivojlanishning nomutanosibligi og‘ir kechiriladi, jinsiy rolli o‘z mavqeini o‘rnatish jadallik sodir bo‘ladi, shaxsning psixoseksual yo‘nalganligi shakllanadi.
Qanday psixologik xususiyatlar individning jinsga mansubligi bilan bog‘liq? Bu muammo bo‘yicha ilmiy ma’lumotlar etarli darajada emas. Ba’zi tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, qizlar nutq qobiliyatlari bo‘yicha o‘hil bolalardan ustun keladilar, o‘g‘il bolalar ko‘rish-fazoqiy qobiliyatlari bilan ustundirlar, erkaklar ayollarga nisbatan tajavozkorroq va beqarordirlar, ayollarning aqliy qobiliyati va idroki ko‘proq tahlil qilishga moyildir. Qizlar va ayollar og‘ir murakkab faoliyat turlarini yaxshiroq eplaydilar. Inson tashqi ko‘rinishi ayollar tomonidan izchilroq idrok qilinadi. Ayollar emotsional ta’sirchandirlar. Ayol psixikasi irsiyat tomonidan, erkaklarniki – muhit ta’sirlari tomonidan belgilangandir.
Ta’sirlanish, xavotirlanish, raqobatchilik va dominantlikning jinsiy farqlari haqida fikrlar bildiriladi. Ayollar uchun hulq-atvorning ko‘proq emotsional-ekspressiv, erkaklar uchun – jismli-instrumental uslublari xosdir.
Jamiyat madaniy rivojlanishining yuqori darajalari ijtimoiy ishlab chiqarishda erkak va ayollarning qarama-qarshiligini engishga nisbatan nuqtai nazar bilan xarakterlanadi, ayollar tomonidan «erkaklar» kasbining egallanishi, ularda muvofiq keladigan psixik sifatlarning shakllanishiga olib keladi. Lekin bu jinsiy rolli intilishlarning ayrim noaniqligini, shaxslararo munosabatlarda nizolarni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan jinsiy rollar an’anaviy stereotiplarining tubdan o‘zgarishini keltirib chiqaradi.
«Mukammal erkak» va «mukammal ayol» obrazlari hozirda to‘la aniqlanmagan.
Xulosa o‘rnida Parijda chop etiladigan oynoma o‘tkazgan so‘rovnoma savollarini keltiramiz. Quyidagi savollar berilgan edi: «Erkaklarning qaysi sifatlarini ayollar asosiy deb hisoblaydilar, va erkaklar nazarida ayollarning kamchiligi nimadan iborat?».
Xuddi shunday, ayollarning fikriga ko‘ra, erkaklar o‘zlarida kasbiy muvaffaqiyatlari, tashqi ko‘rinishlari, ayniqsa, jismoniy ko‘rsatkichlari, insoniy fazilatlari, matonat, shaxsiy holat, kiyim-boshni qadrlaydilar. Ayollar nazdida erkaklar o‘zlarining ziyoliligi, hazilkashligi, umumiy madaniyati, xushmuomalaligi, xususiy mulki bilan jozibadordirlar, ularga suyansa bo‘ladi.
Ayollar nazarida erkaklarning asosiy kamchiliklari:
a) ishda – ustunlik hissi, maqtanchoqlik, ichki hisning etishmovchiligi, hukmronlikka intilish, ikkiyuzlamachalik, qo‘rqoqlik, qo‘pollik
|
b) hayotda – xudbinlik, munofiqlik, tashabbussizlik, ayollarni himoya qilmaydilar, ayollarga kamroq achinadilar, xushmuomala emaslar, ayollarni orzu qilishga majburlamaydilar
|
v) oilada – TV oldida o‘tiradilar, ayollarga quloq tutmaydilar, tanbaldirlar, samimiy emaslar, qovoqlarini uyub o‘tiradilar, ovqat ustida gazeta o‘qiydilar, o‘z onalarini maqtaydilar, ayolning didlariga mos kiyinganligini yashiradilar
|
Erkaklar nazarida ayollarning kamchiliklari: zaif aqliy xususiyatlar, ziyraklik, hazilkashlik, chaqqonlik, hozir javobgarlikning etishmasligi, arzimagan narsalardan hafa bo‘lish, betartiblilik, betayinlik.
Odamlarning xarakteri turli yoshlarda yanada ifodaliroq namoyon bo‘lishi mumkin. Ba’zilar yoshlik davrida ko‘zga yaqin, boshqalar – etuklik davrida faol, samarali va go‘zal bo‘ladilar. Ba’zilar keksayganda samimiy, xayrixoh, ko‘ngilchan bo‘lib qolganlarida, shuningdek, oqilligi, hamda xolisona insonparvarligi bilan foydali bo‘lganlarida, ayniqsa, jozibadorroq bo‘ladilar. Balki, individ xarakterida ma’lum yoshda to‘liq namoyon bo‘lishga qaratilgan biror bir xususiyat mavjud bo‘lsa kerak.
Inson hayotining yakuniga kelib, illyuziyalar batamom yo‘qoladi, xarakter o‘z samimiyati bilan to‘liq namoyon bo‘ladi, yuzaga kelgan ijtimoiy-rolli xususiyatlar kuchsizlanadi. Va inson, o‘zini, o‘zining haqiqiy munosabatlarini taniydi. Hayot qaytadan oqillik tusiga ega bo‘ladi, ehtiroslar tinchiydi, inson barcha narsalarning haqiqiy bahosini bilgan holda o‘zini erkin sezadi. Va inson, nihoyat, undagi eng qadrli narsa uning o‘zi ekanligini tushunib etadi.
Layoqat va qobiliyat. Qobiliyatlar tuzilishi. turlari.
Qobiliyat insonning shunday psixologik xususiyatidirki, bilim, ko‘nikma, malakalarini egallash shu xususiyatlarga bog‘liq bo‘ladi. Lekin, bu xususiyatlarning o‘zi bu bilim va ko‘nikmalarga taalluqli bo‘lmaydi. Malaka, ko‘nikma va bilimlarga nisbatan odamning qobiliyatlari qandaydir imkoniyat tarzida namoyon bo‘ladi. Qobiliyatlar imkoniyatlardan iborat bo‘lib, biror bir ishdagi mahorat darajasi haqiqatdir. Bolada namoyon bo‘ladigan musiqaga qobiliyati uning musiqachi bo‘lishi uchun imkoniyatlar, maxsus ta’lim berilishi, qat’iylik, salomatligining yaxshi bo‘lishi, musiqa asbobi, notalar va boshqa ko‘pgina sharoitlar bo‘lishi kerak. Bularsiz qobiliyatlar taraqqiy etmay turiboq so‘nib ketishi mumkin.
Qobiliyatlar faqat faoliyatda namoyon bo‘ladi. SHuning uchun ham faqat ana shu qobiliyatlarsiz amalga oshirilishi mumkin bo‘lmagan faoliyatlardagina namoyon bo‘ladi. O‘quvchida ham zaruriy ko‘nikma va malaka tizimi hamda mustahkam bilimlar tarkib topish uslublari yo‘qligiga asoslanib, jiddiy tekshirib ko‘rilsa, shoshilinch ravishda unda qobiliyatlar yo‘q, deb xulosa chiqarish pedagogning jiddiy psixologik xatosi bo‘ladi.
Masalan, Albert Eynshteyn o‘rta maktabda uncha yaxshi o‘qimaydigan o‘quvchi hisoblangan va uning kelajakda genial bo‘lishidan hech narsa dalolat bermas edi. [2]
Qobiliyat bilim va malakalarning o‘zida ko‘rinmaydi, balki ularni egallash tizimida namoyon bo‘ladi ya’ni, boshqacha qilib aytganda mazkur faoliyat uchun muhim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish jarayonida turli sharoitlarda qanchalik tez, chuqur, engil va mustahkam amalga oshirishida namoyon bo‘ladi.
Qobiliyatlar individual psixologik xususiyatlar bo‘lishi bilan aql sifatlari xotira xususiyatlariga, hissiy xususiyatlar va shu kabilarni qarama-qarshi qo‘yib bo‘lmaydi, hamda qobiliyatlarni shaxsning bu xususiyatlari bilan bir qatorga qo‘yish ham mumkin emas. Agar shu sifatlarning birortasi yoki ularning yig‘indisi faoliyat talablariga javob bersa yoki bu talablar ta’siri bilan tarkib topsa bu shaxsning mazkur individual xususiyatlarini qobiliyatlar deb hisoblashiga asos bo‘ladi.
Qobiliyat kishining psixologik va fiziologik tuzilishi xususiyatidir. Qobiliyat bilim olish uchun zaruriy shart-sharoit bo‘lib, shuning bilan birga u ma’lum darajada bilim olish mahsuli hamdir. Umumiy va maxsus bilimlarni o‘zlashtirish, shuningdek, kasbiy ko‘nikmalarni egallab olish jarayonida qobiliyat mukamallashib va rivojlanib boradi. Qobiliyatga yaqinroq turadigan tushunchalar ko‘nikma va malakadir. Ular faoliyat mexanizmini tashkil qiladilar. Hamda ular qobiliyat bilan birgalikda mahoratga erishishni ta’minlaydilarki, buning natijasida mehnatda katta yutuqlar qo‘lga kiritiladi. Qobiliyatli, ammo noshut inson ko‘p narsaga erisha olmaydi. Qobiliyat ko‘nikmada ro‘yobga chiqadi. [1]
Darhaqiqat, qobiliyatli kishining ko‘nikma va malakalari ko‘p qirrali va mukammallashgan bo‘ladi. SHuning bilan birga ko‘nikma va malalakalar etishmagan qobiliyatni bir muncha to‘ldirish yoki undagi kamchilikni tugatish mumkin. Ko‘nikmalarni umumlashmasi mohirlik deb ataladi. Mohirlik ham qobiliyatning o‘zginasidir.1[3]
Har qanday qobiliyat ham murakkab bo‘lib, u kishiga turli-tuman talablar qo‘yadi. Agar shaxs xususiyatlari tizimi shu talabga javob bera olsa kishi faoliyatni muvaffaqiyat bilan amalga oshirish uchun o‘z qobiliyatliligini ko‘rsata oladi, agarda xususiyatlardan qaysi biri rivojlanmagan bo‘lsa, shaxs mehnatning muayyan turiga nisbatan ham qobiliyatli deb baholanadi. Har bir qobiliyatning o‘ziga xos tuzilishi mavjud. Qobiliyat tarkibida tayanch va etakchi xususiyatlarni, muayyan asosiy yoki yordamchi xususiyatlarni farq qilish lozim.
Barcha qobiliyatlar uchun asosiy tayanch xususiyat kuzatuvchanlik, bilish ko‘nikmasidir. Bu individual narsaning o‘ziga xos tomoni, ijodiy faoliyat uchun boshlang‘ich materialni ko‘ra bilish demakdir. Qobiliyatning etakchi xususiyati ijodiy tasavvur qilishlik hisoblanadi.
Quyidagilarni yordamchi xususiyat deb hisoblash mumkin: xotira (u faoliyat talablariga muvofiq ravishda o‘ziga xos tuzilishda bo‘ladi), emotsionallik, ya’ni his tuyg‘uga beriluvchanlik (bu xususiyat shaxsning faoliyatini oshiradi) va shunga o‘xshashlar. Amaliy faoliyatning ba’zi ko‘rinishlarida shaxsning irodasi oldingi o‘ringa chiqadi. Qobiliyat tuzilishidagi turli xususiyatlarning tarkibi faoliyatning turli davrlarida yoki ijodiyotning bosqichlarida turlicha bo‘lishi mumkin. Demak, tuzilish ham barqaror, ham o‘zgaruvchandir.
Rus psixologi B.M.Teplov va uning shogirdlari ishlarida oliy nerv faoliyati tiplarining xislatlari ta’siri tufayli shaxs qobiliyatlarining tuzilishida qandaydir sifat xususiyatlari paydo bo‘lishini aniqlashga urinishgan. Jumladan, nerv tizimining alohida sezgirligi ma’lum qobiliyat nishonasi sifatida vujudga kelishi mumkin.
Qobiliyatlar B.M. Teplovning fikricha, muntazam rivojlanish jarayonida mavjud bo‘ladilar. SHuningdek, ta’kidlab o‘tish lozimki, har bir faoliyatning bajarilish samaradorligi bir xil emas, balki, turli qobiliyatlar uyg‘unligiga bog‘liq. Ba’zi qobiliyatlar rivojlanishiga zarur nishonalarning mavjud emasligi, ularning tanqisligi boshqa qobiliyatlarning yuksak darajada rivojlanganligi hisobiga to‘ldirilishi mumkin.[2]
Rus psixologiyasida qobiliyatlar muammosini o‘rganishda ikki yo‘nalish mavjud. Birinchisi – asab tizimi asosiy xossalarining aloqalari va insonning umumiy psixik qobiliyatlarini tadqiq etuvchi psixofiziologik yo‘nalish (E.L. Golubeva, V.M. Rusalov). Boshqa yo‘nalish – qobiliyatlarni individual, o‘yin, o‘quv, mehnat faoliyatida tadqiq qilish (A.N. Leontevning faoliyatga yondoshuvidan). Bu yo‘nalish faoliyat bo‘yicha qobiliyatlarning rivojlanish aniqlovchilarini o‘rganadi, bunda iste’dod nishonalari ahamiyatga olinmaydi. Keyinchalik S.L. Rubinshteyn maktabida (A.V. Brushlinskiy, K.A. Abdulxanova-Slavskaya) qobiliyatlar muammosini o‘rganishga o‘zaro kelishuvga asoslangan nuqtai nazar tarkib topdi. Bu qarashning tarafdorlari bo‘lgan olimlar, odamda yuzaga keladigan qobiliyatlarni iste’dod nishonalari asosida, faoliyat usullarining rivojlanishi sifatida ko‘rib chiqqan edilar.[2]
Qobiliyatlarning rivojlanishi uchun dastlab iste’dod nishonalaridan iborat bo‘lgan muayyan asos bo‘lishi zarur. Iste’dod nishonalari ostida, qobiliyatlar rivojlanishining tabiiy asosini tashkil etuvchi asab tizimining anatomik-fiziologik xususiyatlari tushuniladi. Masalan, qobiliyatning tug‘ma nishonalari sifatida turli analizatorlar rivojlanishining xususiyatlari namoyon bo‘lishi mumkin. Xuddi shunday, eshitish idrokining muayyan xarakteristikalari musiqiy qobiliyatlarning rivojlanishi uchun asos sifatida yuzaga kelishi mumkin. Intellektual qobiliyatlarning nishonalari esa, avvalambor, miyaning u yoki bu darajadagi qo‘zg‘aluvchanligida, asab jarayonlarining harakatchanligida, vaqtincha aloqalarning hosil bo‘lish tezligida, ya’ni, I.P. Pavlov genotip – asab tizimining tug‘ma xususiyatlari deb atagan miya faoliyatining shular kabi vazifalarida namoyon bo‘ladi.[1]
Miya, his-tuyg‘u organlari, harakat (tug‘ma nishonalar) tuzilishining tug‘ma anatomik-fiziologik xususiyatlari odamlar o‘rtasidagi individual farqlarning tabiiy asosini belgilab beradi.
Ko‘pchilik psixologlarning fikricha, nishonalar – bu asab tizimining irsiyat tomonidan belgilangan (tug‘ma) anatomik-fiziologik xususiyatlari. Lekin olimlarning ayrimlari, masalan, R.S. Nemov, odamda ikki xil nishonalarning: tug‘ma (tabiiy) va orttirilgan (ijtimoiy) turlari mavjudligini faraz qiladilar.
Nishonalarning rivojlanishi – bu tarbiya sharoitlari va jamiyat rivojlanishining xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy shartlangan jarayon. Jamiyatda u yoki bu kasbga ehtiyoj tug‘ilgan sharoitda nishonalar rivojlanadi va qobiliyatlarga aylanadi; nishonalar rivojlanishining ikkinchi muhim omili tarbiyalash xususiyatlari hisoblanadi.
Nishonalar maxsus bo‘lmaydi. Odamda muayyan turdagi nishonalarning mavjudligi qulay sharoitlarda ular asosida ma’lum qobiliyatning rivojlanishi zarurligini bildirmaydi. Bir xil qobiliyatlar asosida faoliyat talablarining xususiyatiga ko‘ra turli xil qobiliyatlar rivojlanishi mumkin. Xuddi shunday, eshitish qobiliyati va ohang hissiga ega bo‘lgan odam musiqa ijrochisi, dirijer, raqqosa, qo‘shiqchi, musiqa tanqidchisi, pedagog, bastakor va h.k. bo‘lib etishishi mumkin. SHu bilan birga, nishonalar kelajakdagi qobiliyatlar xarakteriga ta’sir etmasligini inkor etish yaramaydi. Xuddi shunday, eshitish analizatorining xususiyatlari aynan ushbu analizator rivojlanishining alohida darajasini talab etadigan qobiliyatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.[2]
Qobiliyatlardan farqli ravishda nishonalar insonning ularga murojaat qilishi yoki qilmasligi, amaliyotda foydalanishi yoki foydalanmasligidan qat’iy nazar, uzoq vaqt davomida mavjud bo‘lib, saqlanishi mumkin.
SHunday qilib, nishonalar o‘zida qobiliyatlarni jamlamaydi va ularning rivojlanishini kafolatlamaydi, deb aytish mumkin. Ular faqat qobiliyatlar rivojlanishining shartlaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Qobiliyatlarning juda ko‘p turlari mavjud. Hozirgi zamon psixologiyasida inson qobiliyatlarining tasniflanish turlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning ichidagi umumiy tasniflashga ko‘ra qobiliyatlar ikki guruhga: umumiy va maxsus qobiliyatlarga bo‘ladi. Bu guruhlarning har biri oddiy va murakkab, guruh ichida esa alohida turlarga bo‘linadi.
Umumiy boshlang‘ich qobiliyatlar – bu qobiliyatlar turli darajadagi ifodalanishda bo‘lsada, barcha odamlarga xos. Ularga psixik aks ettirishning asosiy shakllari: sezish, idrok qilish, esda olib qolish, qayg‘urish, fikrlash, xayol surish, qaror qabul qilish va amalga oshirish kiradi. Bu qobiliyatlarning boshlang‘ich ifodalari mos bo‘lgan sensor, mnemik, tafakkur, irodaviy samaralar bilan bajariladigan psixik harakat. Mashqlar natijasida u muvofiq ko‘nikmaga aylanishi mumkin.
Maxsus boshlang‘ich qobiliyatlar – bu qobiliyatlar barcha odamlarga xos bo‘lmay, ular psixik jarayonlarning qandaydir sifat tomonlarining ma’lum ifodalanishini taqazo etadi. Ko‘z bilan chamalash – bu ko‘rish orqali idrok qilinadigan ob’ektlarning kattaliklarini, ular o‘rtasidagi va ulargacha bo‘lgan masofalarning turli aniqlikda idrok qilish, baholash va taqqoslash qobiliyati, ya’ni, ko‘rish orqali idrok qilishning ma’lum sifati. Musiqaviy eshitish qobiliyati – bu musiqali tovushlarni farqlash va ularni aniq joriy etish qobiliyatida namoyon bo‘ladigan eshitish orqali idrok qilishning ma’lum sifati sanaladi. Musiqali eshitish qobiliyati – bu musiqali qobiliyatlarning tarkibiy qismlaridan biri. Maxsus odatdagi qobiliyatlar ta’lim jarayonida iste’dod nishonalari asosida rivojlanadi.
Umumiy murakkab qobiliyatlar – bu umuminsoniy faoliyat turlari: mehnat, ta’lim, o‘yin, bir-biri bilan muloqotga bo‘lgan qobiliyatlar. Ular u yoki bu darajada barcha odamlarga xos. Bu guruhga mansub qobiliyatlarning har biri shaxs xossalarining murakkab tarkibini tashkil etadi.[1]
Maxsus murakkab qobiliyatlar turli darajada emas, umuman barcha odamlarga xos bo‘lmagan qobiliyatlar. Ular inson madaniyati tarixi jarayonida yuzaga keladigan ma’lum kasbiy faoliyatga bo‘lgan qobiliyatlar hisoblanadi. Ular, odatda, kasbiy qobiliyatlar deb ataladi.
«Umumiy psixologiya» (Sankt-Peterburg, 2002) darsligining muallifi A.G. Maklakov qobiliyatlarni tabiiy yoki odatdagi qobiliyatlar, va ijtimoiy-tarixiy kelib chiqqan maxsus qobiliyatlarga ajratadi.
Tabiiy qobiliyatlar odamlar va hayvonlar uchun xos bo‘lib, idrok qilish xotirada saqlash, oddiy muloqotga kirisha olish shular jumlasidandir. Biologik jihatdan asoslangan bu qobiliyatlar asosini shartli reflekslar hosil bo‘lish jarayoni tashkil etadi. Insondagi va yuksak darajada rivojlangan hayvonlardagi bu qobiliyatlar bir-biridan farq qiladi.
Maxsus insoniy qobiliyatlar ijtimoiy-tarixiy tabiatga ega bo‘lib, ijtimoiy hayot va taraqqiyotni ta’minlaydi. Maxsus insoniy qobiliyatlar o‘z navbatida umumiy va xususiy qobiliyatlarga bo‘linadi.
Umumiy qobiliyatlar insonning turli faoliyatlari muvaffaqiyatini ta’minlovchi aqliy qobiliyatlar xotira va nutqning rivojlanganligi, qo‘l harakatlarini aniqligi va boshqa xususiyatlardan iborat. Maxsus qobiliyatlar deb, inson yutuqlarini amalga oshirish uchun alohida turdagi iste’dod va uning rivoji zarur bo‘lgan maxsus faoliyat turlarida aniqlaydigan qobiliyatlar tushuniladi. Bunday qobiliyatlarga musiqa, matematika, lingvistik, texnikaviy, badiiy, adabiy, sportga bo‘lgan qobiliyatlarni kiritish mumkin.
Qobiliyatlar muammosini tadqiq qiluvchilarning ko‘pchiligining fikriga ko‘ra, umumiy va maxsus qobiliyatlar nizoga bormaydilar, ular o‘zaro bir-birini to‘ldirgan va boyitgan holda birgalikda mavjud bo‘ladilar. Bundan tashqari, ayrim holatlarda umumiy qobiliyatlar rivojlanganligining darajasi ma’lum faoliyat turlariga nisbatan maxsus qobiliyatlar sifatida namoyon bo‘lishi mumkin.
Inson umumiy qobiliyatlari sirasiga muloqotda, odamlar bilan o‘zaro aloqada ifodalanadigan qobiliyatlarni ham kiritish zarur. Bu qobiliyatlar ijtimoiy belgilangan bo‘lib, insonning jamiyatdagi hayoti jarayonida shakllanadilar. Xuddi shunday, nutqni muloqot vositasi sifatida o‘zlashtirmasdan, insonlar jamiyatiga moslashish malakasiga ega bo‘lmasdan turib, ya’ni, odamlar harakatini to‘g‘ri idrok qilish va baholash, ular bilan o‘zaro munosabatda bo‘lish va turli ijtimoiy vaziyatlarda yaxshi aloqalarni o‘rnatish, insonning normal hayoti va psixik rivojlanishining imkoniyati bo‘lmas edi.[1]
Nazariy va amaliy qobiliyatlar bir-biridan birinchisining insondagi abstrakt-nazariy fikrlashga, ikkinchisining esa – aniq amaliy faoliyatga moyilligini belgilab beradilar.
Qobiliyatlar, shuningdek, o‘quv va ijodkorlik qobiliyatlariga bo‘linadi. Ular bir-biridan, birinchisining o‘qitish samarasini, inson tomonidan bilim, malaka va ko‘nikmalarning o‘zlashtirilishini belgilashi bilan, boshqalarining kashfiyotlar, moddiy va ma’naviy madaniyatning yangi shakllarini yaratish imkoniyatini belgilashi bilan farq qiladi.
Qobiliyatlar rivojlanishi uchun sharoitlarning mavjudligi yoki mavjud emasligiga ko‘ra, ular yashirin va dolzarb bo‘lishi mumkin.[1]
YAshirin qobiliyatlar sifatida ma’lum faoliyat turida joriy qilinmaydigan, lekin ijtimoiy sharoitlarning o‘zgarishida dolzarb qobiliyatga aylana oladigan qobiliyatlar tushuniladi. Dolzarb qobiliyatlarga ayni damda zarur bo‘lgan va aniq faoliyat turida joriy qilinadigan qobiliyatlar kiritiladi. YAshirin va dolzarb qobiliyatlar inson qobiliyatlari rivojlanadigan ijtimoiy sharoitlar xarakterining bilvosita ko‘rsatkichlari sifatida namoyon bo‘ladi. Aynan ijtimoiy sharoitlar xarakteri yashirin qobiliyatlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi va imkoniyat yaratadi, ularning dolzarb qobiliyatlarga aylanishini ta’minlaydi yoki ta’min etmaydi.
Har bir faoliyat bajarilishining samaradorligi doimo bir qator qobiliyatlarga bog‘liq. Xuddi shunday, masalan, yozuvchi bo‘lish uchun qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, kuzatuvchanlikning o‘zigina kifoya qilmaydi. YOzuvchi uchun kuzatuvchanlik, obrazli xotira, tafakkurning qator sifatlari, yozma nutq bilan bog‘liq sifatlar, diqqatni jamlashga bo‘lgan va boshqa qobiliyatlar birinchi darajali ahamiyatga ega. Boshqa tomondan, istalgan ma’lum qobiliyat tarkibi turli faoliyatlar talablariga javob beruvchi universal yoki umumiy sifatlar, hamda faqat yagona faoliyatni muvaffaqiyat bilan ta’minlovchi maxsus sifatlarni o‘z ichiga oladi.[1]
Qobiliyatlar tarkibida ikki guruhdan iborat tarkibiy qismlarni ajratish mumkin. Ayrimlari etakchi o‘rinni egallasa, boshqalari yordamchi bo‘lib hisoblanadi. Xuddi shunday, tasviriy qobiliyatlar tarkibida etakchi xossalarning o‘rni ko‘rish analizatorining yuqori tabiiy ta’sirchanligi – chiziqlar, nisbatlar, shakllar, yorug‘ va soya tomonlar, ranglar uyg‘unligi, maromi hissi, shuningdek, rassom qo‘lining sensomotor sifatlari, yuqori darajada rivojlangan obrazli xotira va boshqalarga berilgan. YOrdamchi sifatlarga esa badiiy xayol xossalari, emotsional mayl, tasvirga emotsional munosabat va h.k.larni kiritish mumkin. Tasviriy faoliyatga bo‘lgan qobiliyatlarni V.P. Kirienko o‘rgangan.
Musiqa qobiliyatlari B.M. Teplov tomonidan tadqiq etilgan. Musiqiy qobiliyatlar tarkibida u quyidagi asosiy tarkibiy qismlarni ajratadi: musiqiy eshitish qobiliyati, marom hissi va musiqiy xotira shular jumlasidandir. SHuningdek, Teplov aynan misiqiy faoliyat bilan shug‘ullanishda talab etiladigan, musiqiylik deb atalgan, individual-psixologik xususiyatlarning majmuini ajratib ko‘rsatdi. Uning belgisi o‘rnida B.M. Teplov ayrim mazmunning ifodasi sifatidagi musiqiy kechinmani hisoblaydi. Bundan tashqari, musiqaga nisbatan emotsional hozirjavoblik, Teplov bo‘yicha,- bu musiqiylikning asosi.[2]
Matematik qobiliyatlar ustida V.A. Krutetskiy ish olib borgan. Matematik qobiliyatar tarkibida matematik xotira, miqdoriy va fazoviy munosabatlar sohasidagi mantiqiy tafakkur qobiliyati, matematik materialning tezda kengaytirilgan holda umumlashtirish, bir operatsiyadan ikkinchisiga oson va erkin o‘tish, mulohaza va echimlarning aniqligi, oddiyligi, tejamkorligi va omilkorligiga intilish katta ahamiyatga ega. Matematik qobiliyatlar o‘zagini V.A. Krutetskiy tafakkurning matematik yo‘nalganligi tashkil etadi deb hisoblaydi. YOrdamchi xossalar sifatida sensor va aqliy sohalardagi individual-psixologik xususiyatlari matematik faoliyat talablariga javob beradigan, mos bo‘lgan sohadagi ma’lum bilim, malaka va ko‘nikmalarning aniq zahirasini ko‘rsatadi.
Pedagogik qobiliyatlarni N.V. Kuzmina, F.N. Gonobolinlar tadqiq qilganlar. Pedagogik qobiliyatlar tuzilishida pedagog odobi, kuzatuvchanlik, bolalarga muhabbat, bilimlarni berishga ehtiyoj, perseptiv, kommunikativ, tashkilotchilik va boshqa qobiliyatlar majmuasi etakchi sifatlar o‘rnini egallaydi. YOrdamchi sifatlarga artistlik mahorati, notiqlik, hazilkashlik va boshqalar kiradi.
Tashkilotchilik qobiliyatlari muammosini uzoq vaqt L.I. Umanskiy tadqiq qilgan. Muallif tashkilotchilik qobiliyatlari tarkibini aniqladi. Qobiliyatli tashkilotchi shaxsi uchun L.I. Umanskiy fikricha quyidagi sifatlar zarurdir, bular: shaxsning yo‘nalganligi, uning shayligi, umumiy sifatlari (muloqotchanlik, rivojlanganlikning umumiy darajasi, amaliy ong, kuzatuvchanlik, faollik, tashabbuskorlik, qat’iyatlilik, tashkilotchilik, mustaqillik, o‘zini tuta bilish), maxsus xossalar (tashkilotchilik hissi, psixologik odob, emotsional-irodali ta’sirchanlik, jamoatchilik faolligi, talabchanlik, tanqidiylik, tashkilotchilik faoliyatiga moyillik, shaxsning individual xususiyatlari shular jumlasidandir.
O‘quvchilarning texnikaviy qobiliyatlari M.G. Davletshin tomonidan o‘rganilgan. Texnikaviy qobiliyatlar tarkibida muallif tomonidan tayanch va etakchi xossalar, shuningdek, yordamchi sifatlar ko‘rsatilgan. Texnikaviy qobiliyatlarning tayanch xossasi bo‘lib texnikaviy kuzatuvchanlik hisoblanadi (inson idrokining mashina, asosiy bo‘g‘inlar va tuzilmalarning tuzilish tamoyiliga, ularning o‘zaro ta’siriga yo‘nalganligi). Etakchi xossalar bo‘lib texnikaviy tafakkur va texnikaviy xayol hisoblanadi (texnikani tushunish, amaliy zakovat, texnikaviy moslamani tahlil qilish, qismlardan yaxlitlikni yasash qobiliyati, fazoviy tasavvurlarning jonliligi va aniqligi, shakllar va masofalarni yodda olib qolish, konstruktiv fantaziya). YOrdamchi xossa qo‘l epchilligi hisoblanadi.
Lingvistik qobiliyatlarni A.X. YUgay o‘rgangan. Lingvistik qobiliyatlar tarkibida u fonematik eshitish qobiliyati (tilning sezgirligi), lingvistik tafakkur va verbal xotirani ajratdi.
Qobiliyatlarning mavjud emasligi odamning u yoki bu faoliyatni bajarishga yaroqsizligini bildirmaydi, chunki ega bo‘lmagan qobiliyatlarning o‘rnini to‘ldirish psixologik mexanizmi mavjud. Ko‘p hollarda faoliyat bilan faqat qobiliyatlilar emas, balki ularga ega bo‘lmaganlarning ham shug‘ullanishiga to‘g‘ri keladi. Agar odam bu faoliyat bilan shug‘ullanishni davom ettirishga majbur bo‘lsa, u ongli ravishda yoki anglanmagan holda, o‘z shaxsining kuchli sifatlariga tayanib, qobiliyatlar etishmovchiligini to‘ldirishga harakat qiladi. E.P. Ilinning fikriga ko‘ra, bu to‘ldirish egallanadigan bilim va ko‘nikmalar, yoki faoliyatning individual-tipik uslubini shakllantirish orqali, yoki boshqa, rivojlanishi yuksakroq bo‘lgan qobiliyat orqali amalga oshirilishi mumkin. Etishmagan qobiliyat juda keng muayyan insondagi yuksak rivojlangan qobiliyatlar bilan to‘ldirilishi mumkin. Aynan, shu xususiyat insonning turli sohalarda samarali faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratadi.[2]
Qobiliyatlarda bir qancha darajalarni ajratish mumkin: layoqat, mohirlik, iste’dod, geniallik.
Qobiliyat deb, insonni u yoki bu faoliyatning samarali bajarilish imkoniyati bilan ta’minlovchi layoqatlarning o‘ziga xos uyg‘unligiga aytiladi. Ushbu ta’rifda qobiliyatga bog‘liq ravishda faoliyatning samarali bajarilishi emas, balki, faqat shunday bajarilishi mumkin bo‘lgan imkoniyatga e’tibor qaratish lozim. Faoliyatni samarali tarzda amalga oshirish uchun muvofiq keladigan qobiliyatlar uyg‘unligining mavjudligi emas, balki, zarur bilim va ko‘nikmalarning egallanganligi ham muhimdir. Qobiliyat faqat u yoki bu faoliyatda muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini belgilaydi, bu imkoniyatning joriy qilinishi esa muayyan qobiliyatlarning rivojlanish darajasi va qanday bilim va ko‘nikmalarning egallanganligi bilan belgilanadi.
Qobiliyatli insonlarning individual farqlari qiziqishlarning yo‘nalganligi bilan belgilanadi. Xuddi shunday, ayrimlar matematikaga, boshqalar tarixga, uchinchilar esa jamoatchilik ishiga qiziqadilar.
Inson qobiliyatlarini xarakterlaganda ko‘pincha, ular taraqqiyotining mohirlik deb ataluvchi, ya’ni, ma’lum faoliyatda mukammallikka erishish darajasi alohida ko‘rsatiladi. Insonning mohirligi haqida so‘z yuritilganda, avvalambor, uning ishlab chiqaruvchi faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanish qobiliyati nazarda tutiladi. Lekin bu, mohirlik orttirilgan malaka va ko‘nikmalarning yig‘indisi, degani emas. Mohirlik yuzaga keladigan muammolarni ijodiy hal qilishga psixologik shaylikni taqazo etadi. «Mohirlik – bu «nima» va «qanday»larning bir vaqtning o‘zida kelishi»,- deb bejizga aytilmagan, bu bilan, usta uchun ijodiy masalani anglash bilan uni echish usullarini topishning o‘rtasida uzilish mavjud emasligi ta’kidlanadi.[1]
Qobiliyatlar rivojlanishining keyingi darajasi – iste’dod. «Iste’dod» so‘zi muqaddas kitoblarda uchraydi, bunda kumush o‘lchov birligi nazarda tutilgan, kumushni xo‘jayinidan olgan tanbal ishchi uni tijoratga ishlatib, foyda olishning o‘rniga, erga ko‘mib qo‘ygan («Iste’dodini erga ko‘mgan» iborasi shundan paydo bo‘lgan). Hozirda iste’dod deb, maxsus qobiliyatlar (musiqiy, adabiy, matematik va boshqqalar)ning yuqori rivojlanish darajasiga aytiladi. Iste’dod faoliyatda namoyon bo‘ladi va rivojlanadi. Iste’dodli odam faoliyati yangiligi, yondoshuvning o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Iste’dod – bu qobiliyatlar yig‘indisi. Alohida chegaralab qo‘yilgan qobiliyat, yuqori darajada rivojlangan bo‘lsada, iste’dod deb atalishi mumkin emas. Masalan, buyuk iste’dodlar ichida yaxshi xotira va yomon xotira egalarini aniqlash mumkin. Bu inson ijodiy faoliyatida xotira – muvaffaqiyatga erishishning omillaridan biri ekanligiga bog‘liq. Lekin natijalarga aqlning teranligi, boy fantaziya, kuchli iroda, chuqur qiziqishlarsiz erishib bo‘lmaydi.[1]
Qobiliyatlar taraqqiyotining oliy darajasi geniallik deb ataladi. Insonning ijodiy yutuqlari jamiyat hayoti, madaniyat rivojida butun bir davrni tashkil etganida geniallik haqida so‘z yuritiladi. Genial odamlar juda ozchillikni tashkil etadi. Inson tamaddunining besh ming yillik tarixida ular 400 ta odamdan oshmaydi. Geniyni xarakterlovchi iste’dodning yuqori darajasi faoliyatning turli sohalarida o‘ta qobiliyatli bo‘lish bilan bog‘liq. Bunday allomalardan Arastu, Leonardo da Vinchi, R. Dekart, G.V. Leybnits, M.V. Lomonosov va boshqalarni keltirish mumkin. Xuddi shunday, M.V. Lomonosov fanning turli sohalari: kimyo, astronomiya, matematikada buyuk natijalarga erishgan, va shu bilan birga, rassom, adabiyotshunos, tilshunos bo‘lib, she’riyatni juda yaxshi bilgan. Lekin bu holat geniyning barcha individual sifatlari bir xil darajada rivojlanganligini bildirmaydi. Uning qaysidir tomoni ustunlik qilishi, qaysidir qobiliyatlari yorqinroq namoyon bo‘lishi mumkin.
SHunday qilib, ma’lum qobiliyatlar rivojlanishi me’yorlarining aniq manzarasini namoyon qiluvchi qobiliyatlarning rivojlanish darajalarini ko‘rib chiqdik.[1]
O
Talantning paydo bo’lishi va tuzilishi.
datda, qobiliyatlar insonga shaxsning barcha individual psixologik xususiyatlari kabi tabiat tomonidan tug‘ma ravishda tayyor holda berilmaydi. Balki hayot davomida va faoliyat jarayonida shakllanadi. Ilmiy psixologiya qobiliyatlarning tug‘maligi nazariyasini inkor etib shaxs qobiliyatlarining noma’lum tabiiy omillar tomonidan azaliy belgilanishi to‘g‘risidagi tasavvurlarga qarshi zarba beradi. [1]
Qobiliyatning tug‘maligini inkor qilish absolyut tabiatga ega emas. Psixologiyada qobiliyatning tug‘ma ekanligini tan olinmas ekan, bu bilan miyaning tuzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan differensial xususiyatlarning tug‘maligini inkor qilmaydi. Qobiliyat taraqqiyotining dastlabki tabiiy sharti sifatida namoyon bo‘ladigan miya tuzilishining sezgi a’zolariga va funksional xususiyatlariga layoqat deb ataladi. Layoqat ko‘p qirralidir. SHaxs tomonidan qo‘yilgan talablarning tabiatiga bog‘liq ravishda aynan bir xil layoqatlar asosida har xil qobiliyatlar rivojlanishi mumkin. [2]
F.A.Gallning fikricha, odamning hamma qobiliyatlari “aql” va “qobiliyat” sifatlari miya yarim sharlarida o‘zining maxsus qat’iy markazlariga ega, ya’ni bu sifatlarning taraqqiyot darajasi miya tegishli qismlarining miqdoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir. SHuning uchun odamning kalla suyagiga bir qarash yoki boshidagi do‘mboqchalarni shunchaki paypaslab ko‘rish orqali go‘yo odamning qobiliyatlarini aniqlasa bo‘ladi. Layoqatning miya miqdori, massasi va og‘irligiga bog‘liqligi haqidagi faraz ham bekor qilingan. Katta yoshdagi odam miyasining o‘rtacha og‘irligi 1400 grammga yaqin bo‘ladi. U.S. Turgenev miyasining og‘irligi 2001 gramm, D.G Bayronniki 1800 grammni, mashhur ximik YU.Libixniki 1360 grammni, yozuvchi Afransniki 1017 gramni tashkil qilgan. Eng katta miya aqliy jihatdan nuqsoni bor odamga taalluqli ekanligi aniqlangan.[2]
1675 yilda F.Galtonning “Talantning irsiyatga bog‘liqligi qonunlari va oqibatlari” degan kitobi nashr etildi. Bunda muallif bir necha yuzlab mashhur kishilarning qarindoshlik aloqalarini o‘rganib, talant ota-onadan irsiyat yo‘li orqali o‘tadi degan xulosaga kelgan. Biroq Galtonning xulosalari ilmiy jihatdan asoslanmagan edi. Baxlar oilasida musiqaga bo‘lgan talant dastavval 1550 yilda ma’lum bo‘lgan. Bu talant 1800 yillarda yashagan qandaydir Regina Susanadan so‘ng tamom bo‘lgan. Umuman Baxlar oilasida 57 dan ko‘p musiqachi bo‘lgan. Ularning 20 tasi mashhur bo‘lgan. [1]
Bend degan skripkachilar oilasida 9 ta mashhur musiqachi bo‘lgan. Goydon oilasida 2 ta mashhur musiqachi bo‘lgan. Ko‘pchilik hollarda mashhur odamlarning nasl-nasablarini o‘rganish biologik irsiyatdan emas, balki hayot sharoitining nasdan naslga o‘tishidan, ya’ni qobiliyatlar taraqqiyotiga yordam berishdan ekanligi ma’lum bo‘ladi.
XX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan layoqatni miyaning mikrotuzilishi va sezgi a’zolari bilan bog‘lovchi faraz mahsuldor bo‘lib hisoblanadi. Miya hujayralarini tadqiq etish iste’dodli nerv hujayralarining morfologik va funksional xususiyatlarida farq borligini aniqlash mumkinligi faraz qilinadi. Layoqatlar bilan nerv jarayonlarining ayrim differensial xususiyatlari hamda oliy nerv faoliyatining tiplari o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligi to‘g‘risida faraz ham haqiqatga yaqindir.[1]
Rus psixologi B.M.Teplov va uning shogirdlari ishlarida oliy nerv faoliyati tiplarining xislatlari ta’siri tufayli shaxs qobiliyatlarining tuzilishida qandaydir sifat xususiyatlari paydo bo‘lishini aniqlashga urinishgan. Jumladan, nerv tizimining alohida sezgirligi ma’lum qobiliyat nishonasi sifatida vujudga kelishi mumkin.
Qobiliyatning tabiiy sharti, layoqati nerv tizimining tuzilishi va funksiyalarining hususiyatlari tarkibida ekanligi haqidagi barcha morfologik va funksionallik sifatlar singari umumgenetika qonunlariga bo‘ysunish farazining haqqoniyligini dalillaydi. F.Galtonning irsiyat qonunlari to‘g‘risidagi g‘oya qobiliyatning tabiiy shartlangan xususiyatlari tavsifini ochib bera olmaydi. CHunki unda dalilga muhtoj juda ko‘p o‘rinlar mavjuddir. SHuning uchun qobiliyat tabiatini biologik irsiyatdan emas, balki turmush muhitining nasldan naslga o‘tishidan qidirish maqsadga muvofiqdir, agarda insonning taraqqiyoti ijtimoiy-tarixiy qonunlar bilan boshqarilishi tan olinar ekan, qobiliyatning taraqqiyoti biologik irsiyat qonunlarga bo‘ysunishi mumkin emas. [2]
YUqoridagi mulohazalarga asoslangan holda xulosa qilish mumkinki, qobiliyat va layoqatlar tabiiy zaminga bog‘liq bo‘lsa-da, lekin ular faqat tabiatning in’omi emas, balki insoniyat tarixiy taraqqiyotining bebaho mahsulidir. Xuddi shu bois qobiliyatlarning namoyon bo‘lishi shaxslar tomonidan ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish davomida ijtimoiy shartlangan bilimlar va ko‘nikmalarni tarkib toptirishning yaqqol usullariga bevosita bog‘liqdir. SHuning uchun qobiliyatlar taraqqiyotining uzluksiz ta’lim tizimiga bog‘liq ekanligini ta’kidlab o‘tish muhim ahamiyatga ega.
Bu konsepsiyaning natijaviy xulosasi bo‘lib, har bir odamda turli qobiliyatlarni shakllantirish mumkinligi haqidagi holat hisoblanadi. Ushbu fikrning tarafdori, amerikalik olim U. Ushbining tasdiqlashiga ko‘ra, qobiliyatlar, avvalambor, inson bolaligida shakllangan aqliy faoliyat dasturi bilan belgilanadi. O‘z dasturiga muvofiq ravishda ayrim odamlar ijodiy masalalarni echadilar, boshqalar esa nimani o‘rgangan bo‘lsalar, shuni bajara oladilar. Hozirda bu konsepsiyaning tarafdorlari AQSHda qobiliyatli bolalarni «o‘stirish»ning maxsus markazlarini tashkil qilmoqdalar. Xuddi shunday, Filadelfiya institutida inson qobiliyatidan yanada yaxshiroq foydalanish uchun har daqiqa g‘animat deb hisoblab, miyaga tanballik qilishga imkoniyat yaratmaslik maqsadida bolalarning aqliy rivojlanishi bo‘yicha mashg‘ulotlarni 4-5 yoshdan boshlaydilar
Hayotiy kuzatuvlar va maxsus tadqiqotlar qobiliyatlar tabiiy shartlarining mavjudligini inkor etish yaramasligini ko‘rsatadilar.[2]
Rossiya psixologiyasida qobiliyatlar muammosi bo‘yicha mashhur psixologlardan B.M. Teplov, A.N. Leontev, V.D. Nebыlitsin, N.S. Leytes va boshqalar shug‘ullanganlar. Rossiya psixologiyasida tarkib topgan nuqtai nazarni qisqacha shunday ta’riflash mumkin: inson qobiliyatlari o‘z tabiatiga ko‘ra bioijtimoiydir.[2]
SHunday qilib, bir tomondan, qobiliyatlar rivojlanishida irsiyat katta ahamiyatga ega, chunki inson asab tizimi anatomik-fiziologik tuzilishining xususiyatlari ma’lum darajada iste’dod nishonalarini belgilab beradi. Lekin, ikkinchi tomondan, qobiliyatlarning rivojlanishi ko‘plab ijtimoiy sharoitlarga bog‘liq, ularning sirasiga tarbiyalash xususiyatlari, jamiyatning u yoki bu faoliyatga ehtiyoji, ta’lim tizimining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqalarni kiritish zarur.
Qobiliyatlar muammosi bilan O‘zbekiston psixolog olimlaridan E.G. G‘oziev, R.Z. Gaynutdinov, M.G. Davletshin, B.R. Qodirov, V.A. Tokareva va boshqalar shug‘ullanadilar.[2]
Qobiliyatlarning rivojlanishida shartli ravishda bir nechta bosqichlarni ajratish mumkin. Har bir odam o‘z rivojlanishida u yoki bu ta’sirlarga, biror-bir faoliyat turlarini egallashga nisbatan yuqori sezuvchanlik davrlaridan o‘tadi. Bola 2-3 yoshiga etganida og‘zaki nutqi jadal rivojlanadi, 5-7 yoshda o‘qishni egallashga tayyor bo‘ladi. Bolalar maktabgacha davrning o‘rta va katta yosh bosqichlarida rolli o‘yinlarni berilib o‘ynaydilar va rolga kirishib ketib, o‘zlarida uni gavdalantirishga bo‘lgan qobiliyatni sezadilar. SHuni ta’kidlash muhimki, faoliyatning maxsus turlarini egallashga bo‘lgan shaylik davrlari ertami kechmi yakun topadi, agar bu qulay davrda qandaydir xususiyat rivojlantirilmay qolgan bo‘lsa, keyinchalik bunday rivojlantirish o‘ta qiyinlashadi yoki amalga oshmaydi. SHuning uchun bola qobiliyatlarining rivojlanishi uchun uning shaxs sifatida rivojlanishining barcha bosqichlari muhimdir.
Istalgan qobiliyat rivojlanishining birlamchi bosqichi uning uchun zarur bo‘lgan organik hosilalarning etilishi yoki ularning asosida kerakli fundamental organlarning shakllanishi bilan bog‘liq. Odatda, bu tug‘ilishdan boshlab, 6-7 yoshgacha bo‘lgan davrda sodir bo‘ladi. Ushbu bosqichda barcha analizatorlar faoliyatining takomillashuvi, bosh miya po‘stlog‘i alohida sohalarining rivojlanishi va ular vazifasining bo‘linishi amalga oshriladi. Bu bolada umumiy qobiliyatlarning shakllanishi va rivojlanishining boshlanishi uchun qulay sharoit yaratib beradi, bu qobiliyatlarning ma’lum darajasi maxsus qobiliyatlar keyingi rivojlanishining sharti bo‘lib hisoblanadi.[2]
Maxsus qobiliyatlarning rivojlanishi maktabda, ayniqsa, kichik va o‘rta sinflarda davom ettiriladi. Maxsus qobiliyatlarning rivojlanishiga avval bolalarning turli xil o‘yinlari yordam beradi, so‘ngra esa ularga o‘quv va mehnat faoliyati o‘z ta’sirini o‘tkaza boshlaydi.
O‘yinlar jarayonida ko‘pchilik harakatli, konstruktorlik, tashkilotchilik, badiiy-tasviriy va boshqa ijodkorlik qobiliyatlarining rivojlanishi sodir bo‘ladi. O‘yinlarning muhim bo‘lgan o‘ziga xos xususiyati ularda bir emas, birdaniga bir qancha qobiliyatlar yaxlit majmuasining rivojlanishi hisoblanadi.[1]
Bola shug‘ullanayotgan barcha faoliyatlar hammasi ham, u o‘yin, yasash yoki chizish bo‘lsin qobiliyatlarning rivojlanishi uchun birday ahamiyatga ega bo‘lmaydilar. Qobiliyatlarning rivojlanishiga ko‘proq, bolani o‘ylashga majbur qiladigan ijodkorlik faoliyati yordam beradi. Bunday faoliyat har doim biror yangilik yaratish, o‘zi uchun yangi bilimni kashf etish, o‘zida yangi imkoniyatlarni aniqlash bilan bog‘liq va u bilan shug‘ullanish uchun, hamda yuzaga keladigan qiyinchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan zarur kuchlarni ishga solishga kuchli rag‘bat bo‘ladi. Bundan tashqari ijodkorlik faoliyati ijobiy o‘zini baholashni mustahkamlaydi, talablar darajasini oshiradi, o‘ziga ishonch va erishilgan yutuqlardan mamnunlik hissini uyg‘otadi.
Agar bajarilayotgan faoliyat eng maqbul qiyinchiliklar sohasida, ya’ni, bola imkoniyatlari chegarasida joylashgan bo‘lsa, u holda qobiliyatlarning rivojlanishiga olib keladi.
Qobiliyatlarning rivojlanishi ko‘p darajada iste’dod nishonalarining joriy etilishiga imkon yaratuvchi sharoitlarga bog‘liqdir. Bunday sharoitlardan biri oiladagi tarbiya xususiyatlaridir. Agar ota-onalar o‘z bolalarida qobiliyatlarning rivojlanishi haqida qayg‘urar ekanlar, bolalarda biror-bir qobiliyatning aniqlanish ehtimolligi o‘z hollariga tashlab qo‘yilgan bolalarga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi.[1]
Qobiliyatlar rivojlanishi mumkin bo‘lgan sharoitlarning boshqa guruhini makromuhit xususiyatlari belgilab beradi. Makromuhit deb, inson tug‘ilib, o‘sgan jamiyat xususiyatlariga aytiladi. Makromuhitning ijobiy omili bo‘lib, jamiyatning o‘z a’zolaridagi qobiliyatlarning rivojlanishi haqida g‘amho‘rlik ko‘rsatishidagi vaziyat hisoblanadi.
Qobiliyatlarning rivojlanishida muhim o‘rinni motivatsiya va u sababli yuzaga keladigan zo‘riqishli faollik egallaydi. Xuddi shunday, iste’dodli bolalar o‘zlari intilayotgan faoliyatga nisbatan moyillik bildiradilar. Ular muntazam va jadal ravishda toliqmay, o‘zlariga qiziqarli faoliyat bilan shug‘ullanadilar.
Qobiliyatlarning rivojlanishini insonga tabiat tomonidan berilganlarning etilishi kabi tabiiy iste’dod nishonalarining ham miqdor jihatdan o‘sishi sifatida tushunish yaramaydi. Qobiliyatlarning rivojlanishi insonga uning faoliyati jarayonida, bu faoliyatning turli-tumanligi va mazmundorligi, unda kuchlarni maksimal darajada ifodalanishi bilan qo‘yiladigan talablar orqali belgilanadi. Bundan kelib chiqadiki, faoliyatni qobiliyatlar shakllanishining manbai va omili, mehnatsevarlik, qat’iyatlilik va ishchanlikni esa – hayotda orttirilgan qobiliyatlar shakllanishining muhim shartlari sifatida ko‘rib chiqish lozim. Inson amaliyotda foydalanmay qo‘ygan rivojlantirilmagan qobiliyat vaqt o‘tishi bilan yo‘qoladi. Faqat muntazam mashqlar tufayli biz o‘zimizda maqbul qobiliyatlarni mustahkamlab, rivojlantirib boramiz[1]
Qobiliyatlarni samarali tarzda rivojlantirish uchun «chegara nazariyasi» xulosalarini hisobga olgan holda, unga binoan, inson o‘zining jismoniy yoki aqliy imkoniyatlari chegarasida faoliyat yuritib, o‘z qobiliyatlarini to‘liq namoyon etadi va rivojlantiradi. Lekin bunda to‘siqlar tamoyilining xususiyatlarini hisobga olish zarur, unga binoan, to‘siq aynan ushbu odam uchun muvofiq bo‘lishi lozim.
Rivojlanishining birinchi bosqichida qobiliyatlar reproduktiv va taqlidiy xususiyatga ega bo‘ladilar, lekin o‘ziga xos, ijodiy elementlarning qanchalik tez va aniqroq namoyon bo‘lishi, iste’dod haqida so‘z yuritishga asos bo‘la oladi. Qobiliyatlar rivojlanishining ikkinchi bosqichida faoliyatdagi ijodiy elementlar, masalalarni tuzish va hal etishda mustaqillik xususiyatlari kuzatiladi. Xuddi shu tartibda o‘zida qobiliyatlarni rivojlantirish va tarbiyalash uchun ichki shartlar yaratiladi.[1]
Qobiliyatlar baravar rivojlanmaydi: bilim va tajribaning to‘planish me’yoriga ko‘ra, birlari – oldinroq, boshqalari – kechroq taraqqiy etadi. Barchasidan avval musiqiy, so‘ngra tasviriy qobiliyatlar (maktabgacha yoshda) rivojlanadi. SHe’riyatga bo‘lgan qobiliyat o‘smirlik yoshida jadal rivojlanadi, fanlarga bo‘lgan qobiliyatlar orasida matematikaga bo‘lgan qobiliyat erta rivojlanadi. Bir xil qobiliyatlar faoliyat va tarbiya sharoitlariga bog‘liq ravishda yoki juda tez, yoki juda sekin maromda rivojlanishi mumkin. Xuddi shunday, harakat usullarini shaxsan kashf etish yoki boshqalar tomnidan ishlab chiqilgan yangi harakat usullarini egallash mehnat mahsuldorligini oshirish bilan birga, qobiliyatlarning rivojlanishini tezlashtirishga yangi imkoniyatlar yaratadi. Aksincha, izlanishdan to‘xtash, xotirjamlik va o‘zidan mamnunlik qobiliyatlar rivojlanish maromini keskin pasaytirishi mumkin.
Qobiliyatlarni aniqlash va rivojlantirish muammosi kasbga yo‘naltirish va kasb tanlash munosabati bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Kasbga yo‘naltirishning zarurligi har bir odam duch keladigan o‘ta dolzarb muammo – hayot yo‘lini tanlash va kasbiy yo‘nalganlik bilan bog‘liq bo‘lgan o‘z taqdirini o‘zi belgilashi bilan bog‘liqdir. Kabga yo‘naltirishning, fransiyalik psixolog A. Leon tashishlash va tarbiyaviy deb nomlagan ikki konsepsiyasi tarixan tarkib topgan deb hisoblanadi. Maslahatchi testlar yordamida inson qobiliyatlarni aniqlaydi va ularni kasb talablari bilan solishtirish yordamida, uning yaroqliligi yoki yaroqsizligi haqida xulosa chiqaradi. Ko‘pchilik olimlar tomonidan ushbu konsepsiya mexanik konsepsiya sifatida baholanadi. Uning asosida qobiliyatlarga muhit ta’siriga kam beriluvchan barqaror tuzilmalar sifatida nazar solish yotadi.
Ikkinchi – tarbiyaviy – konsepsiya individni kasbiy hayotga tayyorlash, uning rejalashtirilgan tarbiyaviy ta’sirlarga mos ravishda o‘zini belgilab olishiga yo‘naltirilgan. Unda asosiy e’tibor turli faoliyat turlarini egallash jarayonida shaxs rivojlanishini o‘rganishga qaratiladi. Kasbga yo‘naltirish muammosini hal etish ikkala yondoshuv yagona zanjirning halqalarini tashkil etgan: individ qobiliyatlarini aniqlash va bo‘lajak kasbga tayyorlanishida ko‘mak berish holatidagina amalga oshiriladi.[2]
Kasb talablari va qobiliyatlarining nisbatini ko‘rib chiqib, E.A. Klimov kasbiy yaroqlilikni to‘rt darajaga bo‘ldi. Birinchi daraja – ushbu kasbga yaroqsizlik. U vaqtinchalik yoki umuman bartaraf etilmaydigan bo‘lishi mumkin. Ikkinchi daraja – u yoki bu kasb yoki guruhga yaroqlilik. Bu darajada odam u yoki bu mehnat sohasiga nisbatan qarshi ko‘rsatmalarga ega emas, lekin ko‘rsatmalar ham berilmagan bo‘ladi. Uchinchi darajada – ushbu faoliyat sohasiga muvofiqlik: qarshi ko‘rsatmalar yo‘q, ma’lum kasb yoki kasblar guruhi talablariga aniq mos keladigan ba’zi shaxs sifatlari mavjud. To‘rtinchi darajada – faoliyatning ushbu kasb sohasiga moyillik. Bu inson kasbga yaroqliligining oliy darajasi.
Har qanday holatda ham individning u yoki bu faoliyatga yaroqliligini oldindan belgilash faoliyatdagi qobiliyatlarning rivojlanishi haqidagi nizomdan kelib chiqqan holda tarkib topishi zarur. S.L. Rubinshteyn inson qobiliyatlari rivojlanishining asosiy qoidasini quyidagicha ifodalaydi: «Qobiliyatlar rivojlanishi spiral bo‘yicha amalga oshiriladi: biror darajadagi qobiliyatdan iborat bo‘lgan imkoniyatni joriy etish, undan yuqori darajadagi qobiliyatlarning keyingi rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Inson qobiliyati xususiy imkoniyatlarni joriy etish ochib beradigan yangi imkoniyatlar kengligi bilan belgilanadi».
Oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun kasbiy qobiliyatlarining shakllanishi o‘qitishning birinchi kunlaridan boshlab o‘quv-tarbiyaviy ishlarning yaxlit tizimi vositasida amalga oshirilishi muhimdir. Ma’lum kasb tomonidan talabaga qo‘yilayotgan psixologik talablarni tushungan holda, uning kasbiy qobiliyatlarini to‘g‘ri baholash va ularni rivojlantirish mumkin.[2]
Dostları ilə paylaş: |