O‘zgalar mulkini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilish talon-toroj uchun zarur bo‘lgan bir qator belgilarni aniqlash lozim. Ushbu belgilarning birortasining aniqlanmasligi qilmishni talon-toroj sifatida kvalifikatsiya qilishni istisno etadi. O‘zgalar mulkini talon-toroj qilish jinoyatlarining quyidagi belgilari mavjud:
Mulkni egallashda g‘arazli niyatning (g‘arazgo‘ylik) mavjudligi. G‘araz niyat foyda olish, naf, manfaat ko‘rishni nazarda tutadi. Qonunga ko‘ra, g‘arazgo‘ylik deganda, sodir qilingan jinoyatdan moddiy yoki boshqacha mulkiy yo‘sindagi foyda olish yoxud moddiy xarajatlardan qutilishga intilishda ifodalangan niyat tushuniladi.
O‘zganing mulkini huquqqa xilof ravishda egallash. Huquqqa xiloflik – aybdorning mulk egasi emasligi, qilmishni sodir etishga huquqiy asos va huquqi yo‘qligi, bunday mulkni o‘z foydasiga yoki boshqa shaxslar foydasiga aylantirishiga huquqi yo‘qligini anglatadi.
O‘zgalar mulkini talon-toroj qilishning navbatdagi belgisi bu o‘rnini qoplamaslikdir. O‘rnini qoplamaslik deganda, aybdorning talon-toroj qilingan mulk uchun ijtimoiy foydali mehnat yoki uning o‘rnini bosuvchi qiymatga ega harakatni amalga oshirmaslik, mulk qiymatidan kam haq to‘lash tushuniladi.
Qilmishni o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish deb baholash uchun mulk o‘zganing tasarrufida bo‘lishi va mulk o‘zganing tasarrufidan olinganligini baholash kerak. Chunki o‘zgalar mulkini talon-toroj qilish jinoyatida aybdor tajovuz qilgan mulk, mulkdorning bevosita egaligida bo‘lishi lozim.
O‘zgalar mulkini talon-toroj qilish jinoyatining yana bir muhim belgisi bu mulkdorga moddiy zarar yetkazishdir. O‘zgalar mulkini talon-toroj qilish jinoyatlarining barcha shakllari sodir etilishida mulkdorga moddiy zarar yetkaziladi.
Moddiy zarar deganda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar yetkazishni (ijobiy) va boy berilgan zararlar (egri zarar) tushuniladi.
Ijobiy zarar (to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilgan zarar) talon-toroj qilingan mulkning bahosi bilan aniqlanadi.
Talon-toroj qilingan mulkning miqdorini belgilashda mulkning qiymatidan kelib chiqib, jinoyatni sodir etish vaqtida bazaviy hisoblash miqdori bilan taqqoslash asosida aniqlanadi. Jinoyat predmeti bo‘lgan mulkning qiymatini aniqlashda, uning mulkdor tomonidan qay yo‘sinda sotib olinganligiga qarab, jinoyat sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan va tegishli hujjatlar bilan tasdiqlangan chakana, bozor yoki komission narxlardan kelib chiqish lozim. Narx mavjud bo‘lmaganda va talon-toroj miqdori to‘g‘risida nizo kelib chiqqan hollarda, mulk qiymati ekspert xulosasiga asosan aniqlanadi [4].
O‘zgalar mulkini talon-toroj qilish jinoyatlarining sub’ektiv tomoni faqat to‘g‘ri qasdda ifodalanadi. G‘arazgo‘ylik motivi barcha talon-toroj jinoyatlarining zaruriy belgisi hisoblanadi. O‘zgalar mulkini talon-toroj qilish jinoyatlarining sub’ekti har qanday 16 yoshga to‘lgan shaxs bo‘lishi mumkin.
Firibgarlikda yolg‘on ma’lumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati (masalan, aybdor shaxs o‘zini mansabdor shaxs yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida ko‘rsatishi) taalluqli bo‘lishi mumkin.
Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to‘lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida aldov usullarini qo‘llash va hokazo kiradi.
Aldashni, firibgarlikning usuli sifatida quyidagi ikki turga ajratish mumkin:
faol aldash;
faol bo‘lmagan aldash (passiv).
Faol aldash, yolg‘on bo‘lgan ma’lumotlarni yetkazish vositasi yordamida mulkdorni chalg‘itishida tashkil topadi. Masalan: qalbaki hujjatlarni namoyish qilish yoki boshqa harakatlar bilan mulkdorning mulkini aybdor egaligiga o‘tkazishda jabrlanuvchida xato tasavvurga ega bo‘lishi.
Faol bo‘lmagan aldash (passiv), jabrlanuvchiga yuridik ahamiyatga ega faktik holatlar haqida aybdor xabar berishi shart bo‘lgan, ma’lumotlarni gapirmaslik va bu kabi xabarlarni yetkazmasligida tashkil topadi [5]. Bu kabi holatlar natijasida aybdorga mulkni berayotgan shaxsda, mulkni berish uchun qonuniy asoslar borligiga chalg‘ishi mumkin bo‘lgan holatlarni tushunish kerak. Masalan: mulkdor hayotidan mahrum etishidan avval advokatga o‘ziga tegishli bo‘lgan mulklarni yaqin qarindoshlariga o‘tkazib berish to‘g‘risidagi ma’lumotlarning uning yaqin qarindoshlariga aytmasdan o‘z foydasiga o‘tkazish bilan bog‘liq harakatlarni sodir etishi. Aldash jabrlanuvchida mulkni aybdor egaligiga o‘tkazishida, tashqi tomondan qonuniy asoslar mavjud bo‘lgani holda kelishuvga olib kelishi mumkin. Masalan: aybdorlar ichki ishlar idoralari kiyimini kiyib qalbaki hujjatlarni namoyish qilgan holda jabrlanuvchining xonadonida tintuv o‘tkazadi va muayyan qimmatliklarga ega bo‘lgan mulklarni olib, mulkni olib qo‘yish to‘g‘risida bayonnoma tuzadi hamda voqea joyidan yashirinadi.
O‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni egallashga qaratilgan firibgarlik aybdorda o‘zganing mulkiga egalik qilish yoki tasarruf etish uchun yuridik jihatdan tasdiqlangan imkoniyat paydo bo‘lgan paytdan (masalan, ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqi yoki qonunga muvofiq ro‘yxatga olinishi shart bo‘lgan boshqa mulkka nisbatan huquq ro‘yxatga olingan paytdan; shartnoma tuzilgan vaqtdan; mulkka nisbatan shaxsning huquqi tan olingan sud qarori kuchga kirgan kundan; vakolatli davlat organi aybdorda yoki boshqa shaxslarda mulkka nisbatan egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish uchun asoslar mavjudligi to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan) tugallangan hisoblanadi.
Agar shaxs o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni mazkur mulk yoki huquq unga berilishi sharti bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarmaslik niyatida olgan yoki egallagan bo‘lsa, qilmish aybdorda o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishga nisbatan qasd faqat o‘zganing mulki yoki unga bo‘lgan huquq qo‘lga kiritilgunga qadar paydo bo‘lgan holdagina firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Q.Abdurasulova “jinoyat sodir etish vaqtida g‘araz ham ta’magirlik niyati kabi ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish asosida, moddiy foyda olish istagida yotadi. Ta’magirlik maqsadi firibgarlikning zaruriy belgisi hisoblanadi, [6] deb ta’kidlaydi.
M.X.Rustambaev firibgarlik sub’ektiv tomondan to‘g‘ri qasddan g‘araz maqsadda sodir etiladi, g‘araz maqsadning mavjudligi firibgarlikning zaruriy belgisi hisoblanadi, deb yozadi [7].
Aldov shaxs tomonidan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritishni yengillatish maqsadida ishlatilgan bo‘lib, mulkni olib qo‘yish jarayonida mulk egasi yoki boshqa shaxs uning asl niyatini sezib qolgan, aybdor buni anglasada, biroq mulk egasining erkiga zid ravishda mulkni olishni yoki ushlab turishni davom ettirgan hollarda, qilmish talonchilik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim (masalan, shaxs mobil telefonni uning egasidan vaqtincha foydalanish uchun so‘rab olib, so‘ngra talon-toroj qilingan telefon bilan yashiringan holda). Aybdor tomonidan talon-torojni yashirish maqsadida talon-toroj qilingan mulk o‘rniga boshqa, qiymati kamroq mulk almashtirib qo‘yilgan hollarda ham qilmish talon-toroj qilingan mulk qiymatidan kelib chiqqan holda kvalifikatsiya qilinadi. Bunda talon-toroj qilingan mulk o‘rniga taqdim etilgan mulk qiymati aybdordan moddiy zararni undirish, shuningdek jazo turi va miqdorini belgilash chog‘ida hisobga olinadi [8].
O`zR Fuqarolik kodeksining 167-moddasiga muvofiq O`zbekiston Respublikasida mulkning xususiy va ommaviy shakllari mavjud. Fuqarolar, xo`jalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, ijtimoiy fondlar va boshqa nodavlat shaxslar xususiy mulk huquqining subyektlari hisoblanadilar.
Respublika mulki va ma`muriy hududiy tuzilmalar mulki (munitsipal mulk)dan iborat bo`lgan davlat mulki ommaviy mulkdir.
Yer, yer osti boyliklari, suv, havo havzasi, o`simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy boyliklar, respublika davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mol-mulki, davlat ahamiyatiga ega bo`lgan madaniy va tarixiy boyliklar, respublika budjetining mablag`lari, oltin zaxirasi, davlatning valuta va boshqa fondlari respublika mulkidir, shuningdek korxonalar va boshqa moddiy boylikka ega bo`lgan komplekslar, o`quv, ilmiy, ilmiy tadqiqot muassasalari va tashkilotlari, davlatning budjet mablag`lari va boshqa mablag`lari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan intellektual faoliyat natijalari, boshqa mol-mulklar ham respublika mulki bo`lishi mumkin (O`zR FK 214-moddasi).
Davlat hokimiyati mahalliy organlarining mol-mulki, mahalliy budjet mablag`lari, munitsipal uy-joy fondlari va kommunal xo`jalik korxonalari va boshqa mulkiy komplekslar, xalq ta`limi, madaniyat, sog`liqni saqlash muassasalari, shuningdek boshqa mol-mulklar munitsipal mulk hisoblanadi (O`zR FK 215-moddasi).
Moddiy yoki ma`naviy qimmatga ega bo`lgan ashyolar, ya`ni inson mehnati sarflangan ashyolar talon-torojning predmeti bo`lishi mumkin.
Talon-torojning predmeti moddiy dunyo predmeti sifatida muayyan asoslarga, belgilar (vazn, sifat, hajm va h.k.)ga ega bo`lishi kerak. Shu munosabat bilan elektr energiyasidan, gazdan g`ayriqonuniy foydalanish o`zganing mulkini talon-toroj qilishning predmeti bo`la olmaydi. Biroq bunday harakatlar boshqa jinoyat tarkibi – aldash yoki ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan mulkiy zarar yetkazish, deb topilishi mumkin (O`zR JK 170-moddasi). Shuningdek intellektual mehnat mahsulini o`zlashtirib olish (adabiy o`g`irlik) talon-torojning predmeti bo`lmaydi, bunday harakatlar mualliflik yoki ixtirochilik huquqlarini buzish jinoyatining tarkibini vujudga keltiradi (O`zR JK 149-moddasi).
Davlat mulkining obyektlari bo`lgan – yer, yer osti boyliklari, o`rmonlar talon-torojning predmeti bo`lishi mumkin emas. Biroq, yer, yer osti boyliklaridan foydalanish qoidalari buzilganda, aybdor yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish uchun javobgarlik belgilangan JK 197-moddasiga ko`ra jazolanadi.
Agar o`rmonga shikast yetkazilgan bo`lsa, aybdorning qilmishi – ekinzor, o`rmon yoki boshqa dov-daraxtlarga shikast yetkazganlik, ularni nobud qilganlik uchun javobgarlik belgilangan JKning 198-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Ov qilish, baliq tutish qoidalarini yoki hayvonlarning boshqa turlarini ushlash qoidalarini buzish, noyob hayvonlarni tutish yoxud dori-darmon, oziq-ovqat va manzarali o`simlik turlarini yig`ish yoki tayyorlash to`g`risidagi belgilangan tartib yoki shartlar buzilganda, aybdor shaxsning harakatlari hayvonot yoki o`simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish, deb topiladi O`zR JK 202-moddasiga ko`ra javobgarlikni vujudga keltiradi.
Shu obyektlarga tajovuz qilish talon-toroj qilishdan farqlanadi, chunki faqat inson mehnati sarflangan, almashuv qiymatiga, ya`ni moddiy qimmatiga ega bo`lgan mol-mulkkina talon-torojning predmeti bo`lishi mumkin. Masalan, tayyorlab qo`yilgan yog`ochni o`g`rilash, qo`riqxonada o`stirilgan hayvonlarni talon-toroj qilish, maxsus moslashtirilgan hovuzlarda yetishtirilgan baliqlarni tutish, baliqchilik xo`jaliklari ovlagan baliqlarni egallab olish shular jumlasidandir.
Qimmatbaho metallar yoki toshlarni o`zboshimchalik bilan qazib olish talon-toroj qilish hisoblanmaydi, balki qimmatbaho metallar yoki toshlarni topshirish qoidalarini buzish (O`zR JK 185-moddasida) nazarda tutilgan mustaqil jinoyat hisoblanadi. Agar qimmatbaho metallar yoki toshlar ularni qazib oluvchi korxonalarning hududidan topib olingan bo`lsa, bunday harakatlar ham talon-toroj sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunday korxonalarning hududi, qazish ishlari olib borilayotgan maydon, tayyorlangan maydonchalar, xandaqlar, ya`ni qimmatbaho metallar yoki toshlarni qazib olish, ular bor joylarda qidiruv ishlarini olib borish uchun tayyorlangan joylar korxonalarning hududi deb qaraladi.
O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 96-moddasiga muvofiq, mulkiy huquqlar belgilangan shaklda va zaruriy rekvizitlarga rasmiylashtirilgan va mulkka bo`lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar qimmatli qog`ozlar hisoblanadi va ular taqdim etilgan taqdirdagina mazkur huquqlarni amalga oshirish yoki boshqa shaxslarga berish mumkin.
Taqdim qiluvchiga pul beriladigan qimmatli qog`ozlargina talon-torojning predmeti bo`lishi mumkin. Taqdim qiluvchiga pul berilmaydigan qimmatli qog`ozlar talon-toroj predmeti bo`la olmaydi, chunki ular aybdorga qimmatli qog`ozda mavjud bo`lgan mulkiy huquqni olish imkoniyatini bermaydi.
Obligatsiyalar, veksellar, cheklar, depozit va jamg`arma sertifikatlari, bankning taqdim qiluvchiga pul beriladigan jamg`arma daftarchasi, aksiyalar va qonunda qimmatli qog`ozlar, deb belgilangan kog`ozlar qimmatli qog`ozlar hisoblanadi.
Lotereya biletlari, pochta markalari, otkritkalar, konvertlar, yonilg`i-moylash materiallari uchun talonlar, metroda yurish jetonlari ham talon-tarojning predmeti bo`lishi mumkin. Biroq poyezd, samolyot chiptalari talon-toroj qilish predmeti bo`la olmaydi. Chunki ular o`zicha moddiy boylik hisoblanmaydi, qo`shimcha hujjatlar (masalan, pasport) taqdim etilgandagina moddiy boylikka aylanishi mumkin.
Shunga o`xshash ashyolarni egallab olish, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirganlik JK 227-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi. Agar shaxs shu hujjatlardan foydalanishga qasd qilgan bo`lsa, uning qilmishi jinoyatlar jamiga ko`ra aldash yoki ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan mulkiy zarar yetkazishga (O`zR JK 170-moddasi) tayyorgarlik ko`rish, deb hisoblanadi.