Tasodifiy ravishda topib olingan mol-mulk (topilma) talon-torojning predmeti bo`lishi mumkin emas. FK 192-moddasiga muvofiq, yo`qolgan ashyoni topib olgan shaxs bu haqda uni yo`qotgan yoki egalik huquqiga ega bo`lgan, o`ziga ma`lum shaxslargan darhol xabar berishi hamda topilgan ashyoni shu shaxsga qaytarishi shart.
Agar ashyo bino ichida yoki transportda topilgan bo`lsa, u shu binoning yoki transport vositasining egasiga topshirilishi lozim. Topilma topshirilgan shaxs uni topib olgan shaxsning huquq va majburiyatlarini o`z zimmasiga oladi.
Topilgan ashyo qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo`lgan shaxs noma`lum bo`lsa yoki uning manzili ma`lum bo`lmasa, ashyoni topib olgan shaxs topilma to`g`risida militsiyaga, tegishli davlat organlariga yoki fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organiga ma`lum qilishi shart.
Ashyoni topib olgan shaxs uni o`zida saqlab turishga yoki saqlash uchun militsiya yoki tegishli davlat organi yoxud fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organiga yo ular ko`rsatgan shaxsga topshirishga haqlidir.
Xazina ham talon-toroj qilish jinoyatining predmeti bo`lishi mumkin emas.
NOTA BENE!
Xazina – yerga ko`milgan yoki boshqa usullarda yashirilgan pul yoki qimmatbaho narsalar. Ularning egasini aniqlash mavjud bo`lmaydi yoki u qonunga muvofiq ravishda mulkka egalik qilish huquqini yo`qotgan bo`ladi va bu mulk xazina yashirilgan joy (yer maydoni, uy-joy va h.k.) egasining egaligiga o`tadi.
Obyektiv tomondan talon-toroj o`zganing mol-mulkini o`z foydasiga yoki boshqa shaxslar foydasiga g`ayriqonuniy ravishda, bepul tortib olishda ifodalanadi.
O`zbekiston Respublikasi qonunlarida talon-toroj qanday usulda sodir etilganiga qarab uning uchun javobgarlik differensiatsiya qilingan.
Jinoyat kodeksida talon-torojningquyidagi shakllari nazarda tutilgan:
1) bosqinchilik (O`zR JK 164-moddasi);
2) tovlamachilik (O`zR JK 165-moddasi);
3) talonchilik (O`zR JK 166-moddasi);
4) o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish (O`zR 167-moddasi);
5) firibgarlik (O`zR JK 168-moddasi);
6) o`g`rilik (O`zR JK 169-moddasi).
Qonunga xiloflik har qanday talon-torojning zaruriy belgisi hisoblanadi.