Vismut (Bi). Ichimlik suvida mavjud bo'lgani uchun suv va oziq-ovqatlar orqali organizmga bir sutkada 20 mkg tushadi. Vismut jigar, buyrak va ichki sekretsiya bezlarida oz miqdorda bo'ladi. Vismut tuzlari organizmga tushib, oson gidrolizlanadi va oz eriydigan birikmalar hosil qiladi. Me’da ichak sistemasida aminoguruh tutgan ligandlar bilan barqaror kompleks hosil qiladi va toksik ta’sir etadi, ya’ni aminokarboksipolipeptidaza birikmalari kabilarni ingibirlaydi. Vismut ionlari yurak faoliyatini susaytiradi. Asosan buyrakda to‘planib, uning faoliyatini buzadi, terida yig‘ilib, dermatit kasalligini keltirib chiqaradi. Vismutning eruvchan birikmalari zaharlidir. Surma (Sb).Organizmda 1 • 10-6 % uchraydi. Tibbiy-biologik xossalariga va farmakologik ta’siriga ko‘ra, u margimushga o‘xshaydi, ammo uning birikmalari nisbatan kamroq zaharli. Surma va uning birikmalari suyaklarda, buyrak va taloqda to‘planadi. Surmaning 0,12 g miqdori odam uchun letal miqdor hisoblanadi. Qalay (Sn). Yer po‘stida 8 • 10-3% uchraydi. Bu metall organizmda 1 • 10-4 % ni tashkil etadi. Organizmga ozuqa bilan sutkasiga 1 mg tushib turadi, konservalangan mahsulotlarda uning miqdori 38 mg gacha yetadi. Qalay jigar, o ‘pka, buyrak va eritrotsitlarda to‘planadi. U anemiyaga sabab bo‘ladi, oqibatda, qizil qon tanachalari va gemoglobin kamayadi. Uning organizmda ko‘payishi teri, yuqori nafas olish organlarini zaharlaydi va asab kasalliklarini chaqiradi. Qalay bilan zaharlangan 59% bemorlarda ensefalopatiya, 38% ida aqliy zaiflik kuzatiladi.