8
1.2 Insoniyat tarixidagi yozuv turlari.
Yozuv — muayyan bir tilda qabul etilgan va kishilar o`rtasidagi muloqatga
xizmat qiladigan yozma belgilar yoki tasvirlar tizimi. Yozuv — kishilik jamiyati
madaniy taraqqiyotining tom maʼnodagi ibtidosi, bashariyatning uzoq va murakkab
tadrijiy takomili jarayonidagi omillarning eng asosiylaridan biri. Yozuv tildan ancha
keyin paydo boʻlgan (tovush tili 400—500 ming yillar ilgari yuzaga kelgan,
Yozuvning paydo bo`lganiga esa 4—5 ming yillar bo`lgan). Og`zaki til (nutq)ning
zamon (vaqt) va makon (masofa) nuqtai nazaridan cheklanganligi va uni bartaraf
etish zaruriyati yozuvning paydo bo`lishiga olib kelgan. Og`zaki til talaffuz
vaqtidagina va ayni paytda muayyan masofadagi (tovush to`lqinlari yetib borishi
mumkin bo`lgan) kishi uchungina mavjuddir. Boshqa sharoitlarda tilga ehtiyoj
paydo bo`lishi bilan inson dahosi bu ehtiyojni qondira oluvchi vositalarni qidira
boshlagan, natijada belgilar tizimidan iborat yozuv dunyoga kelgan. Yozuvning
paydo bo`lishi va taraqqiyoti jamiyat rivoji, shuningdek, muayyan masofadagi
kishilarning o`zaro aloqa qilish ehtiyoji, siyosiy, huquqiy, diniy va estetik
xarakterdagi axborotlarni qayd etish, saqlash zaruriyati bilan bevosita bog`liq.
Masalan, qadimgi turkiy tillarda “yozmoq”, tushunchasi “bit(i)moq” feʼli (“bitik” —
yozuv, kitob) bilan ifodalangan. Bu feʼlning oʻzagi xitoycha “bi” (mo`yqalam) so`zi
bilan aloqador bo`lib, dastlabki maʼnosi “o`ymoq, o`yib bezamoq”, undan keyin
“yozmoq” demakdir. Slavyan tillardagi “pisati” (rus. “pisat” — “yozmoq”,)
feʼlining maʼnosi ham dastlab mo`yqalamda rasm chizish bilan bog`liq boʻlgan (rus.
“jivopis” — rangtasvir so`zi bilan qiyoslang). Bu feʼlning o`zagi lot. “pingere” (rasm
solmoq) so`zi bilan aloqadordir, “pisati” feʼlining dastlabki maʼnosi, ko`rinadiki,
“rasm solmoq”, “bezamoq” dan iborat bo`lgan. Gotcha “melian” (yozmoq) feʼlining
dastlabki maʼnosi ham mo`yqalamda “rasm solmoq” boʻlib, bu feʼl hozirgi nemis
tilida “malen” shaklida va “rasm solmoq” maʼnosida qo`llanadi. Yunon tilidan
Peter T. Daniels, «The Study of Writing Systems», in
The World`s Writing Systems, ed. Bright and Daniels, p. 3
9
ko`pgina tillarga o`tgan “grafika” so`zi ham etimologik jihatdan o`yish, tirnash
tushunchalarini ifodalaydi. Bu misollar yozuvning rasm bilan benihoya bog`liq
ekanligini yaqqol ko`rsatadi, yozuv jarayoni mexanikasini ham ochib beradi.
Rasmlar yordamida muayyan fikr axborotni ifodalash, yuborish mumkin ekanligini
odamlar juda qadim davrlarda anglab yetganlar. Shuning uchun ham rasmli yozuv
(piktografiya) dunyodagi mavjud barcha yozuvlarning kelib chiqishi uchun asos
bo`lgan deyish mumkin. Piktografiyaning og`zaki til bilan bog`liq bo`lmaganligi
uning turli til vakillari tomonidan ham tushunilaverishini taʼmin etgan, ammo unda
ifodalangan mazmunning turlicha, ixtiyoriy talqin etilishiga yo`l qo`ygan, abstrakt
tushunchalarni bunday yozuv orqali ifodalash deyarli mumkin bo`lmagan. Davlat
tuzumi rivojlanib, turli yozishmalarga va bu yozishmalarning ayni bir xil talqin
qilinishiga bo`lgan ehtiyoj kuchayib borgan sari piktografik yozuvning ojiz
tomonlari ko`proq ko`zga tashlana boshlagan. Bu hol piktografik yozuvning
taraqqiyotiga, ideografik va iyeroglifik yozuvning shakllanishiga olib kelgan.
Rasmlarning soddalashuvi, ularning o`zlari ifoda etgan buyumlarning nomiga,
ramziga aylanishi va asta-sekin bu ramzlarning og`zaki til bilan doimiy bog`lanishi
yozuvning takomillashib borishini belgilab beradi. Yozuv belgilari ideografik,
iyeroglifik belgilar sifatida muayyan so`zlarning ifodachilariga aylanadi, bu yozuv
“so`z yozuvi” yoki “logografik yozuv” nomi bilan umumlashtiriladi. Eng qadimgi
logografik yozuv tizimlari (misr iyeroglifikasi, shumer mixxatlari, xitoy
iyeroglifikasi va b.) mil. av. 4-ming yillikning oxiridan mil. av. 2-ming yilliklarning
boshlarigacha bo`lgan davrda shakllangan. Haqiqiy maʼnodagi yozuv tizimlari
dastlab Qadimgi Sharqda vujudga kelgan. Yozuvning keyingi taraqqiyot bosqichi
bo`g`in yozuvi bo`lib, u mil. av. 2-ming yilliklarning o`rtalarida paydo bo`lgan.
Tildagi so`zlar soniga qaraganda bo`g`inlar soni ancha kam, shuning uchun ham
bo`g`in yozuvi logografik yozuvga nisbatan sezilarli darajada oz belgilar tizimi bilan
ish ko`radi. Masalan, devanagari (hind)yozuvi bo`g`in yozuvidir.
Peter T. Daniels, «The Study of Writing Systems», in
The World`s Writing Systems, ed. Bright and Daniels, p. 3
10
Harf tovush yozuvining shakllanishi butun yozuv taraqqiyoti tarixida inqilob
bo`lgan. Bu yo`nalishdagi ilk yozuv finikiy yozuvidir. Finikiy alifbosining paydo
bo`lishi insoniyat uchun yozuvini takomillashtirish borasida olg`a qo`yilgan qadam
bo`lgan. Birinchi marta sof tovush yozuvi, sanoqli harflardan iborat mukammal
alifboning yuzaga kelishi jamiyatdagi yozuvni biladigan kishilar doirasini
kengaytirib yuborgan. Shuning uchun ham finikiy yozuvi juda tezlik bilan boshqa
xalqlar orasida ham tarqalgan. Bu jarayon mil. av. IX asrdan boshlangan.
Finikiyaliklar bilan iqtisodiy va madaniy aloqada bo`lgan qo`shni xalqlar mazkur
yozuv bilan tanishib, tez orada uni o`z tillariga moslashtirib olganlar. Hozirgi kunda
bizga maʼlum bo`lgan harftovush tizimidagi yozuvlarning 4/5 qismidan ko`prog`i
finikiy yozuvidan kelib chiqqan. Nutqni eng kichik bo`laklarga — tovushlarga
ajratib tasavvur qilish, idrok etish dastlabki paytlarda u qadar oson ish bo`lmaganligi
sababli harftovush yozuvi yoki alifboli yozuvning paydo bo`lishi jarayoni uzoq
davom etdi. Bunda inson dastlab nutqni so`zlarga, keyin bo`g`inlarga, undan keyin
esa tovushlarga ajratib tasavvur qila olishday behad murakkab va uzoq yo`lni bosib
oʻtgan. Tildagi tovushlarni alohida-alohida idrok qilish tovush yozuvning
ibtidosidir. Harftovush yozuvning muhim afzalligi uning kam miqdordagi, yaʼni
20—30 atrofidagi belgilar bilangina ish ko`ra olishidir. Harftovush yozuvi dunyo
xalqlari orasida juda tez tarqalgan va bu jarayon, asosan, o`zlashtirish, u yoki bu
tilning xususiyatini hisobga olgan holda moslashtirish yo`li bilan bo`lgan.
Har bir xalq qadimda o`z yozuvlariga ega bo`lgan. Tarixiy taraqqiyot natijasida
ularning yozuvlari ham asta-sekinlik bilan o`zgarib borgan. Qadimgi yozuvlarning
ko`pchiligi unitilib ketilgan, ammo ulardan hozirgi kungacha saqlanib qolgan
shakllari ham mavjud. Dastlab insonlar o`z fikrlari bayon qilish uchun yozuvdan
foydalanishgan.
Robinson, Andrew «The Origins of Writing» in David Crowley and Paul Heyer (eds) Communication in History:
Technology, Culture, Society (Allyn and Bacon, 2003).
Dostları ilə paylaş: |