Isxakov S. A. Musulmon huquqi: IIV oliy ta’lim muassasalari uchun darslik / S. A. Isxakov, A. R. Raxmanov



Yüklə 0,75 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə9/70
tarix24.04.2023
ölçüsü0,75 Mb.
#101857
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   70
islom huquqi

Imom al-Buxoriy – buyuk muhaddis. Buyuk muhaddis va uning 
ijodi haqida to‘xtalishdan oldin musulmon huquqining asosiy manba-
laridan biri – sunnaning vujudga kelishi tarixini eslash o‘rinlidir. Arabcha 
«sunna» so‘zi odat, an’ana, xatti-harakat tarzi degan ma’nolarni 
ifodalaydi. Muhammad (s.a.v.)ning musulmonlar uchun ibrat hisoblangan 
so‘zlari, amallari va xatti-harakatlari islomda sunnani tashkil etadi. Sunna 
ko‘plab hadislardan tarkib topgan. «Hadis» so‘zi dastlab xabar, yangilik 
degan ma’nolarni anglatgan, so‘ngra maxsus ma’noni ifoda etgan, ya’ni 
Muhammad (s.a.v.)ning aytgan so‘zlari, qilgan ishlari, ko‘rsatmalari 
to‘g‘risidagi rivoyatlardan iborat bo‘lgan. Hadislarni naql qiluvchilar, 
rivoyatchilar, avvalo, payg‘ambarning sahobalari, uning vafotidan keyin 


29
esa asosan Madinada yashagan qarindoshlari, safdoshlari va shogirdlari, 
chunonchi xalifa Umar ibn Hattob va uning o‘g‘li Abdulloh ibn Umar 
(693-y. v.e.); xalifa Ali ibn Abu Tolib; taniqli sahoba Talha ibn az-
Zubayr; payg‘ambarning yaqin do‘sti Abu Hurayra (677-y. v.e.); Eronni 
fath etuvchilardan biri Abdulloh ibn Amir (679-y. v.e.); payg‘ambarning 
kotibi, Qur’on bilimdoni Zayd ibn Sobit; payg‘ambarning bevasi Oysha 
(678-y. v.e., aytishlaricha, 1210 ta hadisni rivoyat qilgan) shunday 
kishilar hisoblanadi. 
Qur’onni o‘rganish tufayli tafsir ilmi, hadislarni to‘plash va o‘rganish 
natijasida hadisshunoslik paydo bo‘lgan. Hadislarni to‘plash VII asrning 
o‘rtalarida boshlangan. Bir yarim-ikki asr mobaynida hadislar juda 
ko‘plab to‘plangan. Hadisshunoslikning «oltin asri» – IX asrga kelib, ular 
tartibga solinib, din, axloq va fiqhning asosiy manbasiga aylangan. 
Sahobalarning ismlari maxsus tartibga solingan va ular rivoyat qilgan 
hadislar jamlangan kitob «Musnad», mualliflarning keksalari «hurufi 
hijo» (alifbo) tartibiga qo‘yilib, har birining yo‘li bilan muallifga yetib 
kelgan rivoyatlarni to‘plagan kitob «Mu’jam» deyilgan. Islom olamida 
hadislarning «musannaf» (arabcha «tanlab olingan») turi keng tarqalgan. 
Musannafda hadislar mavzular bo‘yicha jamlangan bo‘ladi. Shu bois 
ma’lum soha yoki mavzuga oid hadisni musannaf to‘plamlardan qidirib 
topish osonroq kechgan. Tarixan musnad ilgariroq, musannaf esa 
keyinroq vujudga kelgan.
Islom olamida hadis to‘plamlarining eng mashhuri oltita bo‘lib, ular 
«al-kutub as-sitta» («olti kitob») deb ataladi. Sunniylik yo‘nalishi 
musulmonlari orasida bu to‘plamlar keng tarqalgan. Ular quyidagilar:
1) «Al-jome’ as-sahih» («Ishonchli to‘plam») yoki qisqacha «as-
Sahih». Uni Abu Abdulloh Muhammad al-Buxoriy tuzgan. Shu bois u 
«Sahihi Buxoriy» ham deb ataladi. To‘plam islom olamida katta dovrug‘ 
qozongan va Sharqda juda ko‘p marta nashr etilgan; 
2) «Sahihi Muslim». Tuzuvchisi Muslim an-Nishopuriy (817–875). U 
300 mingga yaqin hadisni o‘rganib chiqib, ulardan 12 mingi, ya’ni to‘rt 
foizini haqiqiy deb topgan; 
3) «As-sunan» («Sunnalar»). Tuzuvchisi Ibn Mojja (886-y. v.e.); 
4) Abu Dovud as-Sijistoniy (888-y. v.e.)ning to‘plami; 
5) Muhammad at-Termiziy (802-y. v.e.)ning «Al-jome’ al-kabir»
(«Katta to‘plam») nomli to‘plami;
6) Abu Dovudning shogirdi Nasoiy (915-y. v.e., hozirgi Ashxabod 
yaqinidagi Niso shahridan) tuzgan «As-sunan» to‘plami.


30
Ta’kidlaganimizdek, Abu Abdulloh Muhammad al-Buxoriyning «Al-
jome’ as-sahih» to‘plami ahamiyatiga ko‘ra islom olamida birinchi 
o‘rindadir. Islom olamida bu to‘plam boshqa muhaddislar tuzgan 
to‘plamlar orasida eng ishonarli va mukammalidir. Unda Muhammad 
(s.a.v.) hadislaridan tashqari yana fiqh, islom urf-odatlari, axloq-odob, 
ta’lim-tarbiya, shuningdek o‘sha davr tarixi va etnografiyasiga doir 
ko‘plab ma’lumotlar berilgan. Unga 600 ming hadisdan saralangan 7275 
ta eng sahihlari kiritilgan. Mazkur to‘plam Misr va boshqa mamlakatlarda 
juda ko‘p marta chop etilgan hamda unga yirik ulamolar ko‘plab sharhlar 
yozganlar.
Buyuk muhaddisning to‘liq ism-sharifi Abu Abdulloh Muhammad 
ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mug‘ira ibn Bardizboh al-Ju’fiy al-Buxoriy 
(810–870)dir. Imom al-Buxoriy hijriy 194 yilning shavvol oyida 
Buxoroda tavallud topgan. Otasi Ismoil o‘sha davrning yetuk muhaddisi 
Molik ibn Anasning shogirdi va yaqini bo‘lib, tijorat bilan shug‘ullangan. 
Onasi ham taqvodor, diyonatli va oqila ayol bo‘lgan. Otasi vafot etgach, 
uning tarbiyasi bilan volidasi shug‘ullangan. U 5–6 yoshidan islomiy 
ilmlarni o‘zlashtirishga, Muhammad (s.a.v.)ning hadislarini o‘rganish va 
yodlashga kirishgan. Taniqli muhaddislar al-Doxiliy, Muhammad ibn 
Salom al-Poykandiy, Muhammad ibn Yusuf al-Poykandiy, Abdulloh ibn 
Muhammad al-Masnadiy kabilardan saboq olgan. 
Muhaddislar azaldan safarlarga chiqishdan oldin o‘z yurtlaridagi 
roviylardan barcha hadislarni yozib olgan bo‘lishlari shart edi. Shundan 
keyin boshqa shahar yoki mamlakatga safar qilishlari mumkin edi. 
Buxoriy 16 yoshga yetguncha o‘z yurtidagi mashoyixlardan ko‘plab 
hadislarni tinglab, yozib olgan, so‘ngra xalifalikning turli viloyatlariga 
safarga chiqqan. Buxoriy 825-yilda onasi va Ahmad ismli akasi bilan 
Makkaga kelib, haj ibodatini ado etgan. Onasi va akasini Buxoroga 
qaytarib yuborib, o‘zi Makkada qolgan. Bu yerdagi mashoyixlarning 
ilmiy yig‘inlarida qatnashgan, 827-yilda Madinaga borib, u yerdagi 
mashhur ulamolar Ibrohim ibn al-Munzir, Mutrif ibn Abdulloh, Ibrohim 
ibn Hamza kabilar bilan hamsuhbatda bo‘lgan, ulardan hadislarga doir 
saboqlar olgan. O‘sha vaqtlarda Muhammad (s.a.v.)ning sahobalari, 
ularning izdoshlari ham turli mamlakatlarga tarqalib ketgan edilar. 
Bunday vaziyatda payg‘ambarning hadislarini to‘plash undan turli shahar 
va mamlakatlarga borishini taqozo qilgan edi. Tarixnavislarning 
ta’kidlashlaricha, Buxoriyning Hijoz, Makka, Madina, Toif va Jiddaga 
qilgan turli safarlari olti yil davom etgan. So‘ngra u Basra, Kufa va 
Bag‘dodga safar qilgan. Shom va Misrda bo‘lgan. Buxoriy yana, 


31
Xuroson, Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray va Jibol kabi shaharlarda ham 
bo‘lib, u yerlardagi olimlardan ham saboqlar olgan va hadislar to‘plagan. 
Xorijiy safarlardan keyin Buxoroga qaytib, hadislarini targ‘ib etishga 
kirishgan. Uning bunday savobli sa’y-harakatlari Buxoroning o‘sha 
davrdagi hukmdori Xolid ibn Ahmad az-Zuhliyga ma’qul kelmagan. Shu 
sababli Buxoriy o‘z yurtini tark etib, Poykend, keyinchalik Samarqand 
yaqinidagi Hartang qishlog‘iga kelib, muqim yashashga majbur bo‘lgan 
va shu yerda vafot etgan.
Buxoriy butun faoliyati davomida ilm kishilarini ma’naviy va moddiy 
qo‘llab-quvvatlagan. Tijoratdan topgan daromadining besh yuz dirhamini 
oyiga faqiru miskinlarga, ilm toliblariga hadya qilgan. Shaxsiy hayotida 
dabdabaga berilmagan, sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymagan. Buxoriy umri 
davomida hadislarni to‘plash va tizimga solish bilan shug‘ullangan, ularni 
sahih (to‘g‘ri, ishonchli) va g‘ayri sahih (xato, zaif)ga ajratgan. Bu vazifa 
hadischi roviylarning hayot va yashash tarzi, tug‘ilgan va vafot etgan 
sanalari, ularning o‘zaro muloqotlarini chuqur o‘rganish hamda tahlil 
qilish orqali amalga oshirgan.
Buxoriy noyob qobiliyati, o‘tkir zehni, quvvai hofizasining kuchliligi 
bilan o‘sha davr ilm ahllarini lol qoldirgan. Uning atoqli alloma bo‘lib 
yetishuvida oila va madrasa ta’limidan tashqari, ustozlarining xizmatlari 
va ta’siri katta bo‘lgan. Turli mamlakatlardagi mashhur diniy ulamolar – 
Makkada Abdulloh ibn Zubayr al-Xo‘jandiy, Ahmad ibn Muhammad 
Azraqiy, Abdulloh Muqriy; Madinada Abdulaziz Uvaysiy, Mutrif ibn 
Abdulloh; Basrada Abu Osam an-Nabil; Balxda Yahyo ibn Basr, Utayba 
ibn Said; Kufada Abu Naim al-Fazl; Bag‘dodda Sarih ibn an-Nu’mon, 
Ahmad ibn Tanbal; Shomda Muhammad al-Forobiy, Odam ibn Abu 
Ilyos; Misrda Ahmad ibn Shuayb, Ahmad ibn Solih; Marvda Ahmad ibn 
al-Hasan; Nishopurda Is’hoq ibn Ibrohim Rohvayh al-Hamzamiy, 
Muhammad ibn Yahyo Zuhaliy, Yahyo ibn Yahyo Tamimiy, Bashr ibn 
al-Hakim kabilar Buxoriyning ustozlari edilar. Buxoriyga hadis ilmidan 
saboq bergan ustozlar sal vaqt o‘tmay, o‘zlarining qobiliyatda unga 
shogird darajasida ekanliklarini e’tirof eta boshlaganlar. Ustozi Is’hoh ibn 
Rohvayh ishonch bilan Buxoriyga bolalik chog‘idayoq: «Siz (hadis) aytib 
turing, boshqalar yozib olsin», – deya tayinlar ekan, ustozi Abdulloh ibn 
Munir esa kamtarlik bilan: «Men al-Buxoriyning shogirdlaridanman», – 
der ekan. Unga zamondosh muhaddis Abdulloh ibn Abdurahmon 
Samarqandiy: «Ikki haramaynda (Makka va Madinada), Hijozda, Shomda 
va Iroqda ko‘p olimlarni ko‘rdim, lekin Muhammad ibn Ismoildek (ko‘p 
va sahih) hadis jamlaganni ko‘rmadim. Ul kishi bizdan ko‘ra 


32
bilguvchiroq, faqihroq va talabchanroqdir», – degan. Imom Buxoriyning 
shogirdlari ham son-sanoqsiz bo‘lgan. Buyuk qomusiy olim Abu Nasr 
Forobiy: «Birgina «Al-jome’ as-sahih»ni ul zotdan eshitgan kishilarning 
sanog‘i to‘qson ming kishi bo‘lgan», – deb yozgan.
Hadis ilmining ravnaqiga o‘ta fidoyilik, aql-zakovatini baxshida etish 
Buxoriyga shon-sharaf keltirdi, u islomning eng buyuk allomalaridan biri 
sifatida dunyoga tanildi. Buxoriy umri davomida yozib olgan va yod 
bilgan 600000 hadisdan 7275 ta sahihlarini ajratib, «Al-jome’ as-sahih» 
to‘plamiga kiritgan. Unda Muhammad (s.a.v.)ning hadisi shariflari 
«Iymon», «Tahorat», «Namoz», «Zakot», «Haj», «Nikoh», «Taloq», 
«Savdo-sotiq kitobi», «Ichimliklar», «Vakolat kitobi», «Hadyalar», 
«Guvohliklar kitobi», «Sulh kitobi», «Vasiyat kitobi», «Maloikalar 
haqida» kabi 100 bobga ajratilib, tartib bilan bayon qilingan. Har qaysi 
bobda mavzuga doir hadislar ishonchli roviylarning isnodlari (manbalari) 
bilan keltirilgan. Buxoriyning «Al-jome’ as-sahih» to‘plami shunday 
ulkan ma’naviy qudratli xazinaki, undagi hadislar o‘z zamonasida va 
keyinchalik ham musulmon huquqi, kalom va fiqh ilmlarida Qur’oni 
karim oyatlaridan keyin shar’iy hukmlarga asos bo‘lgan. Undagi ba’zi 
hadislarda zamonaviy tabiatshunoslik fanlarining ham negiziga doir 
ma’lumotlar borligini ta’kidlash mumkin. Masalan, «Suv haqidagi 
hikmatlar» kitobida barcha o‘simliklar va jonzotlar suvdan paydo 
bo‘lgani haqida qudsiy hadis keltirilgan1. Vaqf mulklari, merosxo‘r-
larning haqlari, ilm-ma’rifat o‘rganishning barcha musulmon erkak va 
ayollarga farzligi haqidagi hadisi shariflar muhim hayotiy muammolarni 
hal etishda musulmon huquqidagi hukmlar, qozilarning fatvolariga 
tayanch manba bo‘lgan.
Buxoriyning «Al-jome’ as-sahih» asari tomonidan fiqh ilmi bo‘yicha 
dasturilamal ekanligini zamondoshlari tan oldilar va X asrga kelib 
sunniylik to‘plamlari orasida Muslimning «as-Sahih»i kabi asosiy o‘rinni 
egalladi1. Buxoriyning ko‘plab asarlari orasida «Tafsir al-Qur’on» 
(«Qur’on tafsiri») ham alohida muhim ahamiyatga ega. Uning asarlari 
musulmon dunyosining barcha madrasa va dorilfununlarida Muhammad 
(s.a.v.) sunnasiga doir asosiy darslik hamda qo‘llanmalar hisoblanadi. 
Jamoat arboblari, ulamolar va din peshvolari Buxoriy asarlarining 
mohiyatiga tayanib ish ko‘radilar.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, Buxoriyning o‘lmas merosiga 
munosabat tamoman o‘zgardi va uning o‘z yurtdoshlariga bag‘riga 
qaytarildi. Buxoriyning ilmiy merosini o‘rganish, targ‘ib qilish va 
xotirasini abadiylashtirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. 1998-yil 


33
23-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga binoan 
Samarqandda imom al-Buxoriy tavalludining hijriy-qamariy taqvim 
bo‘yicha 1225 yillik yubileyi tantanalari o‘tkazildi. Alloma dafn etilgan 
Chelak tumanidagi Hartang qishlog‘ida ulkan yodgorlik majmui yaratildi. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov imom al-Buxoriy 
yodgorlik majmuining ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘zlagan 
nutqida: «Imom al-Buxoriy hazratlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun 
musulmon olamining faxr-iftixoridir. Ul tabarruk zotning hayoti tom 
ma’nodagi ilmiy va insoniy jasorat, bukilmas iroda, so‘nmas e’tiqod 
timsolidir. Olti buyuk muhaddisning ikkinchisi hisoblangan Imom 
Muslimning al-Buxoriyga qarata: «Ey, ustozlarning ustozi, muhaddis-
larning sultoni, hadislarning tabibi! Poyingizni o‘pishga ijozat bering!» 
deya qilgan xitobi ahli islomning ulug‘ bobomizga hurmat va e’tirofi 
naqadar yuksakligini ko‘rsatadi»
1
, – deya ta’kidlagan edi. 

Yüklə 0,75 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   70




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin