Foizlar ko‘rinishidagi daromadlar deganda boshqa yuridik shaxslarga berilgan
qarzlar va kreditlar uchun hisoblangan foizlar tushuniladi. Ushbu foizlarning miqdori
tuzilgan shartnomalar asosida hisoblanadi. Foiz ko‘rinishidagi hisoblangan daromadlar
4830 “ Olinadigan foizlar” schyotining debetida va 9530 “Foizlar ko‘rinishidagi
daromadlar” schyotining kreditida aks ettiriladi. Yil oxirida 9530- schyotning kreditida
to‘plangan summa uning debetiga va 9900 “Oxirgi moliyaviy natija” schetining kreditiga
yoziladi va shu asosda u yopiladi.
Valyuta kurslari farqlaridan olingan daromadlar deganda korxonaning valyuta
schyotida saqlanayotgan chet valyutasi va chet el valyutasidagi debitorlik qarzlar
bo‘yicha hisoblangan ijobiy kurs farqlari tushuniladi. Ushbu daromad har oyning oxirida
5210 “Mamlakat ichidagi valyuta schyotlari”, 5220 “Chet eldagi valyuta schyotlari”,
4000 “Olinadigan schyotlar”, 4300 “Ta’minotchi va pudratchilarga berilgan bo‘naklar
hisobi schyotlari” va boshqa chet el valyutasida hisobi yuritilgan debitorlik qarzlar
schyotlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Banki e’lon qilgan kurslar
asosida hisoblanadi. Hisoblangan ijobiy kurs farqlari yuqorida keltirilgan schyotlarning
debetida va 9540 “Valyuta kurslari farqlaridan olingan daromadlar” schyotining kreditida
aks ettiriladi. Yil oxirida 9540- schyotning kreditida to‘plangan summa uning debetiga va
9900 “Oxirgi moliyaviy natija” schetining kreditiga yoziladi va shu asosda u yopiladi.
Uzoq muddatli ijaradan olingan daromadlardeganda mulkni bir yildan ko‘p
muddatga ijaraga berishdan olingan daromadlar tushuniladi. Ushbu daromadning
summasi tuzilgan lizing (ijara) shartnomasi asosida hisoblanadi. Hisoblangan daromad
summasi 4830 “Olinadigan foizlar”, 6230 “Boshqa muddati uzaytirilgan daromadlar”
schyotlarining debetida va 9550 “Uzoq muddatli ijaradan olingan daromadlar”
schyotining kreditida aks ettiriladi. Yil oxirida 9550- schyotning kreditida to‘plangan
summa uning debetiga va 9900 “Oxirgi moliyaviy natija” schetining kreditiga yoziladi va
shu asosda u yopiladi.