Mifologik dunyoqarash. «Mif» tushunchasi yunoncha mythos so„zidan
kelib chiqqan bo„lib, afsona, rivoyat degan ma‟noni anglatadi. Mif –turli xalqlarning dunyoning kelib chiqishi, tabiat hodisalari, fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi tasavvurini ifodalovchi muayyan tarzda tizimga solingan dunyoqarashdir. Mifda bilimlar, diniy e‟tiqodlar, ma‟naviy madaniyatning turli elementlari,
san‟at, ijtimoiy hayot kurtaklari birlashgan bo„lib, shu tariqa ibtidoiy odamlar
dunyoqarashi ma‟lum darajada tartibga kelgan, ularning dunyo haqidagi qarashlari
esa muayyan tizimga solingan. Mazkur tizimga solishning muhim shakllari epos,
ertaklar, afsonalar, rivoyatlar bo„lib, miflar avvalo ular orqali ifodalanadi. Shu
tariqa to„plangan bilimlar va tajriba keyingi avlodlarga o„tishi ham ta‟minlanadi.
Mifologik dunyoqarashning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, bu oddiy rivoyat emas, balki og‘zaki «muqaddas» matnning arxaik ongdagi voqea- hodisalarga, insonga va u yashayotgan dunyoga ta’sir ko‘rsatuvchi muayyan borliq sifatidagi in’ikosidir. Mif, insoniyat tarixining ilk bosqichlarida, odamlar
xulq-atvori va o„zaro munosabatlarini tartibga solish funksiyasini bajargan, chunki
unda axloqiy qarashlar, insonning borliqqa estetik munosabati o„z ifodasini topgan.
Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat
narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson
bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega bo„ladi.
Shunday qilib, mif kimningdir uydirmasi yoki «o„tmish sarqiti» emas,
balki shunday bir o„ziga xos tilki, inson uning yordamida qadim zamonlardanoq
dunyoni tavsiflagan, o„zining o„sib borayotgan tarqoq bilimlarini umumlashtirgan,
talqin qilgan, tasniflagan va muayyan tizimga solgan.