5 mavzu gnoseologiya a007a4c8ca028358a58bf353c8ff4093
Nazariya – hodisalarning muayyan turkumi, bu turkumdagi hodisalarning mohiyati va
ularga nisbatan amal qiladigan borliq qonunlari haqidagi bilimlarning mantiqiy asoslangan va
amaliyot sinovidan o’tgan tizimidir. U o’rganilayotgan hodisalarning mazmunini yorituvchi
tabiat va jamiyat umumiy qonunlarining kafsh etilishi natijasida shakllanadi. Gipoteza borliqning
muayyan bo’lagini tushuntirish yoki talqin qilishga qaratilgan g’oyalar majmuini o’z ichiga
oladi. Nazariya tarkibiga uning asoslari sifatida mavjud bo’lgan va yuzaga kelishini belgilagan
barcha elementlar kiradi. Dastlabki nazariy negiz, ya’ni jamuljam holda tadqiqot ob’yekti haqida
umumiy tasavvurni, ob’yektning ideal modelini tashkil etuvchi ko’p sonli tamoyillar, aksiomalar,
qonunlar nazariyaning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Nazariy model’ ayni vaqtda asosiy
nazariy tamoyillar tizimiga tayanuvchi kelgusi tadqiqotlar dasturi hamdir.
Nazariya tushuntirish, bashorat qilish, amalda sinash va sintez qilish kabi muhim
funksiyalarni bajaradi. Nazariya ilmiy dalillar tizimini tartibga soladi, ularni o’z tarkibiga kiritadi
va o’zini tashkil etuvchi qonunlar va tamoyillardan oqibatlar sifatida yangi dalillarni yaratadi.
Puxta ishlab chiqilgan nazariya fanga ma’lum bo’lmagan hodisalar va xossalarni bashorat qilish
imkoniyatiga ega bo’ladi. Nazariya odamlar amaliy faoliyatining negizi bo’lib xizmat qiladi,
ularga tabiiy va ijtimoiy hodisalar dunyosida yo’l ko’rsatadi. Nazariyada ilmiy g’oyalar, ya’ni
unda aks ettirilgan ob’yektlar turkumi doirasida amal qiluvchi fundamental qonuniyatlar
haqidagi bilimlar markaziy o’rinni egallaydi. Ilmiy g’oya mazkur nazariyani tashkil etuvchi
qonunlar, tamoyillar va tushunchalarni mantiqan izchil yaxlit tizimga birlashtiradi.
Nazariya boshqa nazariyalarga kirish va shu yo’l bilan ularni qayta qurish qobiliyatiga
ega. U har xil nazariyalarning birlashishi va dunyoning ilmiy manzarasi o’zagini tashkil etuvchi
tizimga aylanishini rag’batlantiradi. Nazariya butun bir davrning tafakkur uslubini belgilashga
qodir bo’lgan yangi g’oyalarga zamin yaratadi. O’z shakllanish jarayonida nazariya mavjud
tamoyillar, kategoriyalar va qonunlar tizimiga tayanadi va yangi tamoyillar, kategoriyalar va
qonunlarni kashf etadi.