www.ziyouz.com kutubxonasi
176
berish ham yakka Alloh uchun.
Keyin "as-salamu alayka ayyuhan nabiyyu" deydi, ya’ni, ey Muhammad, sizga salom
bo‘lsin, Rabbingizning risolatini yetkazdingiz va ummatingizga nasihat qildingiz; "va
rahmatullohi", ya’ni, Allohning roziligi siz uchun vojibdir; "va barokatuhu", ya’ni, sizga
va ahlingizga Allohdan barakotlar bo‘lsin; "as-salamu alayna va ‘ala ibadillahis-solihin",
ya’ni, bizlarga, bizdan oldin o‘tgan barcha payg‘ambarlar va siddiqlarga hamda ularning
yo‘llarini qiyomat kunigacha ushlaganlarga Allohning mag‘firati bo‘lsin; "ashhadu al-laa
ilaha illalloh", ya’ni, osmon va yerda undan boshqa ma’bud yo‘q; "va ashhadu anna
Muhammadan ‘abduhu va rosuluhu" – Payg‘ambarlarning oxirgisi va pokdomoni, barcha
yaratilganlarning eng yaxshisi, deb guvohlik beraman.
Keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga salovot o‘qiydi. O‘zi va mo‘minlar uchun
duo qiladi. Keyin o‘ng va chap tomoniga salom beradi.
Sizlar masjiddan chiqqanimdan keyin xiyonatimdan, yomonligimdan omon, salomat
bo‘lgan mo‘min birodarimsizlar, degan ma’noda o‘ng va chap tomonga salom beriladi.
386. Hasan Basriydan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
"Namoz o‘quvchi uchun uch karomat bor: yaxshilik uning boshiga osmon bulutlaridan
sepiladi, maloikalar uni qadamidan to osmon bulutlarigacha o‘rab olishadi, farishta,
banda kim najot topishini bilsa edi, namozdan hech ham chiqmas edi, deb nido qiladi.
Bu karomatlarning hammasi namoz o‘quvchilar uchundir".
Namozxon namozining qadrini bilmog‘i va unga bergan narsalari hamda bu ishga
muvaffaq qilib qo‘ygani uchun Alloh taologa hamd aytmog‘i lozim.
Qatodadan rivoyat qilinadi: Doniyol alayhissalom Muhammad sollallohu alayhi
vasallamning ummatlarini sifatladilar. Aytdilarki: "Ular o‘qigan namozlarni agar Nuh
qavmi o‘qiganida edi, daryoga g‘arq bo‘lmasdi. Agar Od qavmi o‘qiganida, tug‘mas
shamol ustlariga yuborilmas edi. Agar Samud qavmi o‘qiganida, ularni chaqmoq olib
ketmas edi".
Keyin Qatoda aytdilar: "Sizlar namozni o‘zlaringizga vojib qilib olingizlar, chunki u
mo‘minlar uchun yaxshi xulqdir".
387. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Ummatim rahm ko‘rgan
ummatdir. Alloh ixloslari, duolari, namozlari va zaiflari sabab ulardan balolarni daf
qiladi".
_______________