O‘TTIZ YETTINCHI BOB SADAQA BALOLARNI DAF QILISHI HAQIDA Faqih Abu Lays Samarqandiy aytadilar: Abul Farj Azdiy rivoyat qiladi: "Iso ibn Maryam
alayhumassalom bir qishloqdan o‘tdilar. Bu qishloqda kir yuvuvchi kishi bor edi. Qishloq
ahli: "Ey Iso, kir yuvuvchi kiyimlarimizni yirtadi va ko‘p vaqt ushlab qoladi. Uni duoibad
qiling, Alloh uni kiyim yuvishdan salomat qaytarmasin", dedi. Iso alayhissalom: "Ey
Parvardigor, uni kiyim to‘plab yuvadigan joyidan salomat qaytarmagin", deb duo qildilar.
So‘ngra kir yuvuvchi kiyimlarni yuvib, ularni bo‘yash uchun ketdi. U o‘zi bilan uch dona
non olgan edi. Tog‘da ibodat qiluvchi bir obid kishi kir yuvuvchiga salom berib: "Meni
ovqatlantiradigan noning bormi, falon-falon kundan beri ovqat yemayapman, hech
bo‘lmasa, bir ko‘ray yoki hidini hidlay", dedi. Kir yuvuvchi unga bitta nonini berdi. Obid:
"Ey kiyim yuvuvchi, Alloh sening gunohingni kechirsin, qalbingni poklasin", dedi. Bu
so‘zidan keyin ikkinchi nonini berdi. Obid: "Ey kiyim yuvuvchi, Alloh sening oldingi va
keyingi gunohlaringni kechirsin", dedi. So‘ngra uchinchi nonini ham berdi. Obid: "Ey
kiyim yuvuvchi, senga Alloh jannatdan bir uy bino qilsin", dedi. Kir yuvuvchi kechqurun
uyiga salomat qaytdi. Qishloq ahli aytdilarki: "Ey Iso, kiyim yuvuvchi qaytib keldi-ku?"
Iso aytdilar: "Menga uni chaqirib kelinglar". U huzurlariga kelganidan keyin: "Ey kir
yuvuvchi, bugun nima ish qilganingni ayt", dedilar. U aytdiki: "Anovi tog‘da
yo‘lovchilardan biri kelib, mendan taom so‘radi. Uch dona nonim bor edi. Har birini
berganimda shu-shu so‘zlar bilan duo qildi". Iso (a.s.): "Ey kiyim yuvuvchi, xaltangni
keltirgin, men bir uning ichiga qaray-chi", dedilar. U kishi xaltani ochib ko‘rsalar, og‘ziga
temir urilgan qop-qora ilon yotardi. Iso alayhissalom aytdilar: "Ey qora ilon, sen bu
kishiga yuborilmagandingmi?" Ilon: "Ha, – dedi, – lekin bir yo‘lovchi tog‘dan tushib,
undan ovqat so‘radi. Har bir non berganda uni duo qildi. Uning oldida bir farishta, omin,
deb turdi. So‘ng Alloh bir farishtani yubordi, u meni temir bilan yuganlab tashladi". Iso
alayhissalom aytdilar: "Ey kir yuvuvchi, amalingni qaytadan boshla, Alloh taolo
sadaqangni barakotidan gunohlaringni kechirdi".
Solim ibn Abu Ja’d aytadilar: "Bir xotin bolasi bilan ketayotgan edi, bo‘ri bolasini olib
qochdi. Xotin bo‘rining orqasidan ketayotib, bitta nonini taom so‘ragan gadoga berdi.
Shunda bo‘ri qaytib kelib, bolasini unga topshirdi. Foyibdan ovoz keldi: "Bir luqmaga bir
luqma".
Mug‘ays ibn Sumo aytadilar: "Bani isroillik bir rohib oltmish yil tog‘dagi chaylada ibodat
qilgan ekan. Bir kuni osmon gumbaziga qarabdi, shunda uni yer qiziqtirib qolibdi. "Yerga
tushsam, undagi narsalarga qarasam", debdi va o‘zi bilan non olib tushibdi, yo‘lda unga
bir xotin yo‘liqibdi, unga fitnalanib, nafsini ushlay olmay, unga qo‘shilib qo‘yibdi. Shu
holda ajali yetibdi. Bir tilanchi kelib non so‘rabdi, unga nonini beribdi, so‘ngra o‘libdi. Uni
oltmish yillik ibodati torozining bir pallasiga va xatolari torozini ikkinchi pallasiga
qo‘yilibdi. Xatolari oltmish yillik ibodatidan og‘ir kelibdi, keyin sadaqa qilgan nonni
keltirishibdi. Amallari bilan birga toroziga qo‘yilganda, xatolaridan og‘ir chiqibdi. Shunda,
sadaqa yomonlikning yetmish eshigini yopadi, degan ekanlar.
450. Qatoda aytadilar: "Bizga, sadaqa suv o‘tni o‘chirgandek, xatolarni o‘chiradi", deb
aytildi".