www.ziyouz.com kutubxonasi
317
819. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kim bir
xotinga mahri misl (odatdagi mahr) bo‘yicha uylansa-yu, mahr bermaslikni niyat qilsa, u
zinokordir. Kim birovdan qarz so‘rab, qaytarmaslikni niyat qilsa, u o‘g‘ridir”.
820. Hasan Basriy (r.a.) Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Xotinlar bilan yaxshi
muomalada bo‘linglar. Chunki ular sizlarning oldlaringizda yordamchi, nafslari uchun
hech narsaga molik emaslar. Ularni Allohning omonati, deb olingizlar. Avratlarini Alloh
taoloning so‘zi bilan o‘zingizga halol qildingizlar”.
Faqih aytadilar: “Xotinning er ustidagi haqqi beshtadir:
1. Uning satrdan chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik. Chunki ayol avratdir. Ayolning satrdan
chiqishi gunoh va erkaklik g‘ururining toptalishidir.
2. Unga tahorat, namoz va ro‘za kabi zarur ilmlarni o‘rgatish.
3. Uni haloldan ovqatlantirish. Chunki go‘sht haromdan o‘ssa, olov bilan eriydi.
4. Unga zulm qilmaslik. Chunki ayol er uchun omonatdir.
5. Agar xotin haddidan oshsa, bundan ham yomonroq holatga tushib qolmasligi uchun
unga nasihat qilish”.
Zikr qiladilarki, bir kishi Umar ibn Xattob oldlariga xotinidan shikoyat qilish uchun keldi.
Eshikning oldiga yetganida xotini Ummu Gulsumning u kishiga qattiq gapirgani eshitildi.
Haligi kishi: “Men xotinimdan shikoyat qilish uchun kelgan edim. Bu kishida ham menga
o‘xshash g‘am bor ekan”, deb o‘ylab, ortiga qaytdi. Umar (r.a.) uni ko‘rib qoldilar-da,
chaqirdilar va nima uchun kelganini so‘radilar. Haligi kishi: “Xotinimdan shikoyat qilish
uchun keluvdim, ammo xotiningizning so‘zlarini eshitib, ortga qaytdim”, dedi. Shunda
Umar (r.a.) aytdilar: “Menda uning haqqi bo‘lgani uchun qilmishlarini kechib yuboraman.
Avvalo, u men bilan do‘zax orasini to‘sadi, u tufayli qalbim haromni xohlamaydi.
Ikkinchidan, u mening xazinabonim, agar uydan chiqsam, qo‘riqchimdir. Uchinchidan, u
mening kiyimlarimni yuvib, tozalaydi. To‘rtinchidan, u farzandlarimni tarbiya qiladi.
Beshinchidan, u men uchun non pishiradi, ovqat tayyorlaydi”. Keyin haligi kishi: “Meniki
ham sizniki kabi, siz kechibsiz, men ham kechiraman”, dedi.
821. Anas ibn Molik (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar. Aytdilarki: “To‘rt
xil nafaqasi (sarf-xarajati) uchun banda qiyomat kuni hisob bermaydi: ota-onasiga
qilgan nafaqasi, saharlik uchun qilgan nafaqasi, iftorlik uchun qilgan nafaqasi, oilasiga
qilgan nafaqasi”.
822. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Dinorlar (pullar) to‘rtta: Alloh yo‘lida infoq qilgan
dinoring, miskinlarga bergan dinoring, qulni ozod etishga bergan dinoring va ahlingga
infoq qilgan dinoring. Dinorlarning ajri ulug‘rog‘i ahlingga infoq qilgan dinoringdir”.
__________________