2009 yil, 7 sentyabr, Konьya.
Uni noodatiy ovozlar birdan uyg'otib
yuborganida, uning karavoti yoniga qo'yilgan
kresloda uxlayotgan edi. Ella ko'zlarini ochib,
quloq soldi. Qorong'uda kimdir notanish
so'zlarni aytardi. U ko'chada odamlarni
namozga chaqirishayotganini (azon
aytilayotganini) darrov ilg'amagan edi. Yangi
kun boshlanmoqda edi. Lekin u bu kun
nimagadir barham berishini his etardi.
Azonni birinchi marta eshitgan har qanday
odamdan so'rasangiz, u ham ayni shu gapni
aytadi. Bu chaqiriq ham go’zal, ham sirli.
Lekin unda odamda qandaydir qo'rquv
uyg'otadigan allanima ham bor. Ishqqa
o'xshash nimadir.
Ella shu ovozdan titrab, uyg'onib ketdi.
Qorong'uda bir necha bor ko'zlarini tez-tez
qisib, nihoyat, bu ovoz tashqaridan
kelayotganini angladi. Ella o'zining
Massachusetsda emasligini darrov anglay
olmagan edi. U eri va uch farzandi bilan
yashab kelgan kenggina uy boshqa hayotida -
uzoq va tumanli o'tmishida - qolgan edi, u
go'yo umuman bo'lmaganday, haqiqiy hayoti
emas, balki ertakday bo'lib qolgan edi.
Ha, bu yer Massachusets emas. U hozir
zaminning boshqa qismida, Turkiyada, Konya
shahrining shifoxonasida edi. Va hozir u bir
tekis nafas olishini eshitib turgan erkak uning
yigirma yillik eri emas, balki o'tgan yilning
serquyosh yozida uni deb eridan qochib ketgan
sevgilisi edi.
«Nahotki kelajagi yo'q erkakni deb eringni
tashlab ketsang? - deb unga bir xil savol
berishardi hamma dugonalari va qo'ni-
qo'shnilari. - Bolalar nima bo'ladi? Ular seni
kechirisharmikin?»
Ella stol ustidagi kechki chiroqni yoqdi, uning
iliq va sarg'ish yorug'ida o'zi uxlab qolgan bir
necha soat ichida hech qanday o'zgarish
bo'lgan-bo'lmaganini bilish uchun atrofga nazar
soldi. U o'zi ko'rgan shifoxonalar palatalari
ichida eng kichkinasi edi; aslida u shifoxona
palatalarini uncha ko'p ko'rmagan ham edi.
Karavot xonaning deyarli hammasini egallagan
edi. Karavotdan tashqari xonada yog'och shkaf,
kichkina kvadrat shaklidagi stolcha, stul, bush
vaza, turli dorilar solingan patnis, yonida esa
shu sayohatga chiqishlaridan oldin Aziz
o'qiyotgan «Men va Rumiy» degan Shamsning
kitobi ham bor edi.
Ular to'rt kun oldin Konyaga kelishgan edi va
birinchi kunlarini oddiy turistlardan hech farq
qilmay o'tkazishgan edi: yodgorliklar,
muzeylar, arxeologiya qazilmalarini ko'rishdi,
milliy taomlarni tatib ko'rishdi va hammasini
fotosuratga tushirishdi. Kechagi kunga qadar
hammasi yaxshi edi. Restoranda
ovqatlanayotgan vaqtlarida birdan Aziz yiqildi,
uni o'sha yerdagi eng yaqin shifoxonaga olib
borishga to'g'ri keldi. Shundan buyon Ella
undan nari ketmas va nimani kutayotganini o'zi
bilmagani holda, garchi umid bo'lmasa ham,
o'zi juda kech tuhfa etgan sevgilisini o'zidan
tortib olayotgan Xudo bilan qattiq bahslasha-
bahslasha kutardi.
- Sevgilim, uxlayapsanmi? - shivirlab so'radi
Ella. U Azizni bezovta qilishni istamasdi, lekin
u Ellaga hushyor holda kerak edi.
Javob bo'lmadi, faqat nafas maromi o'zgardi.
- Uxlamayapsanmi? - qattiqroq shivirlab yana
so'radi Ella.
- Uxlamayapman, - sekin javob berdi Aziz. -
Sen nimaga uxlamayapsan?
- Ertalabki ibodat... - dedi sekin Ella, go'yo bu
bilan hamma narsani tushuntirish mumkinday:
uning sog'lig'i yomonlashganini ham, o'zining
uni yo'qotishdan qo'rqayotganini ham, o'zining
telbalarcha sevgisini ham.
Aziz karavotda Elladan ko'z uzmay o'tirib oldi.
Lampaning yengil yorug'ida oq yostiqlar
fonida uning chiroyli yuzi oppoq oqarib
turardi, shunga qaramay, unda quvvat, hatto
abadiylik namoyon edi.
- Ertalabki ibodat boshqacha, - shivirladi Aziz.
- Musulmonlar har kuni ado etadigan besh vaqt
namoz orasida tonggi namoz eng asosiyligi va
eng samimiyligini bilasanmi?
- Nima uchun?
- Chunki, menimcha, odamning uyqusi
bo'linadi, bu esa unga yoqmaydi. Biz uxlashni
afzal ko'ramiz. Shuning uchun ertalabki
namozda boshqa namozlarda bo'lmagan
«Uxlashdan ibodat afzal» degan satr bor.
«Lekin, baribir, ikkalamizga ham biroz uxlagan
yaxshiroqmidi, - o'yladi Ella. - Agar biz birga
uxlay olsak edi». U yengilgina, osuda uyquni -
o'zidagi og'riqni bosadigan ko'p yillik butkul
dong qotiradigan uyquni orzu qilayotgan edi.
Birmuncha vaqtdan keyin azon tugadi. Oxirgi
sas to'xtagach, dunyoga chidab bo'lmas
jimjitlik cho'kdi. Ular bir yil birga bo'lishgan
edi. Bir yillik ishq. Bu vaqtning katta qismida
Aziz sayohat uchun yetarlicha kuch-quvvatga
ega bo'lgan edi, lekin keyingi ikki hafta ahvoli
yomonlashdi.
Ella uning yana uyquga ketayotganini kuzatib
turdi, uning sokin va juda qadrli chehrasiga
termuldi. Uni qo'rquv qamrab oldi. Og'ir
xo'rsinib, palatadan chiqdi. Devorlari yashilga
bo'yalgan yo'laklardan yurib, qari va yosh,
erkak va ayol har turli odamlar tuzalayotgan va
vafot etayotgan palatalar, bo'limlardan o'tib,
yo'lak bo'ylab yurib ketdi. Ella o'ziga qiziqsinib
qarayotganlarni e'tibor bermaslikka harakat
qilardi, lekin oqish sochlari va moviy ko'zlari
uning begonaligini ko'rsatib turardi. U hech
qachon o'zini bunchalik yot his etmagan edi.
Bir necha daqiqadan keyin Ella shifoxona
bog'ida fontan yonida o'tirardi. Bu yerda
farishtaning kichik haykalchasi bor edi va suv
ostida bir nechta kumush tanga - kimlarningdir
orzu-istaklari nishonasi bo'lib - yiltirab yotardi.
Ella cho'ntaklarini kavladi, lekin allanimalar
yozilgan qog'ozchalardan boshqa hech nima
topmadi. U yoq-bu yoqqa qarab, yaqin orada
bir necha tekis qora toshchalarga ko'zi tushdi.
Ulardan birini oldi va ko'zlarini yumib,
orzusini, garchi ushalmasligini bilsa hamki,
ovoz chiqarmay aytib, toshni fontanga otdi.
Toshcha fontan devoriga urildi, chetga, to'ppa-
to'g'ri farishtaning tizzasiga borib tushdi.
«Aziz shu yerda bo'lganida edi, - xayol qildi
Ella, - bu bir nimaning belgisi ekanini bilgan
bo'lar edi».
Yarim soatlardan keyin palataga qaytib, u
yerda shifokor va hamshira borligini ko'rdi.
Aziz boshi bilan choyshabga o'rab qo'yilgan...
U ketdi...
Azizni o'zining sevimli insoni Rumiy kabi
Konyaga dafn etishdi.
U biron bir ikir-chikirni unutmaslikka harakat
qilib, dafn marosimini o'tkazishga e'tibor
qaratdi. Eski qabristonda katta magnoliya
daraxti ostida qabr uchun joy topdi. Keyin dafn
marosimida nay chalishga rozilik bergan so'fiy
mashshoqlarni izlab topdi, Azizning barcha
mamlakatlaridagi do'stlariga, dafn marosimiga
taklif etib, elektron xabarlar yozdi. Ella uzoq
mamlakatlardan, hattoki Keyptaun, Sankt-
Peterburg, Murshidobad, San-Pauludan
ko'pchilik odamlar kelganidan mamnun bo'ldi.
Ular orasida Azizning fotograf hamkasblari,
asrandi farzandlari, shuningdek, olimlar,
jurnalistlar, yozuvchilar, raqqoslar,
haykaltaroshlar, biznesmenlar, fermerlar, uy
bekalari bor edi.
Marosim iliq va xushkayfiyatlar bilan o'tdi,
unda barcha din, mazhab vakillari qatnashdi.
Ular, uning o'z istagiga binoan, marosimni
bayram qilib o'tkazishdi. Bolalar betashvish
o'yinlar qilishdi. Meksikalik shoir o'zlarining
urflariga binoan hammaga «pan de los
muertos» (o'lganlar uchun non deb atalgan
yeyiladigan narsa) ulashib chiqdi, Azizning
shotlandiyalik do'sti esa hech kim o'limga
qo'rqish kerak bo'lgan hodisa, deb
hisoblamasligi uchun hammaning ustidan gul
yaproqlarini sochib chiqdi. Marosimni
kuzatgan ko'zlari sinovchan va samimiy
tabassumli shu yerlik qari bukchaygan chol bu
marosimni, ko'p asrlar avval Konyada Mavlono
uchun o'tkazilgan dafn marosimini hisobga
olmaganda, eng devonavor marosim deb aytdi.
Dafn marosimidan keyin ikki kun o'tgach,
nihoyat yolg'iz qolgan Ella yonidan o'tayotgan
oilaviy juftliklarni, unga nimadir tiqishtirishni
istagan do'kondor- lar va ko'chalardagi
sotuvchilarni kuzatib yurib shaharni aylandi.
Hamma odamlar ko'zlari yig'idan qizarib
ketgan amerikalik ayolga tikilib qarashardi. U
bu yerda begona edi. To'g'risi, u hamma yoqda
ham begona edi.
Nomerga qaytib, oteldan chiqish va aeroportga
yo'l olishdan oldin Ella jaketini echib,
shaftolirang angor junidan tikilgan sviterini
kiydi. Bolalari orasida faqat bittasiga, uning o'z
tuyg'ulariga bo'ysunish istagini qo'llab-
quvvatlagan Janetga telefon qildi. Orli bilan
Avi hamon u bilan gaplashishni istamas edilar.
- Oyi! Ahvolingiz qanday? - samimiy
jonkuyarlik bilan so'radi Janet.
Ella go'yo qizi uni ko'rib turgandek jilmaydi.
Keyin zo'rg'a eshitiladigan qilib dedi:
- Aziz vafot etdi.
- Oh, oyijon, siz bilan hamdardman.
Qisqa jimlik cho'kdi, har ikkisi ham yana nima
deyish kerakligini o'ylashardi. Jimlikni Janet
buzdi.
- Oyijon, uyga qaytasizmi?
Ella o'yga toldi. Qizining so'zlarida aytilmagan
savollar bor edi: u o'zaro bir-birovlarini
ayblash va xafalashuvlar tuguniga aylanib
bo'lgan nikohni bekor qilish jarayonidan voz
kechib, Nortgemptonga, eriga qaytadimi? U
nima qilmoqchi?
Uning puli ham, ishi ham yo'q edi. Lekin u
ingliz tilidan dars berishi, jurnalda ishlashi,
hatto omadi kelsa, albatta, biron joyda yaxshi
muharrir bo'lib ketishi ham mumkin.
Ella bir zumgina ko'zini yumib, yaqin orada
o'zini shodu xurram va o'ziga ishongan
qiyofada bo'la olishini tasavvur etdi. Uning hali
shu vaqtga qadar faqat o'z kuchiga ishonib
yashashiga to'g'ri kelmagan edi, lekin, ne
ajabki, u o'zini yolg'iz qolgan deb his
etmayotgan edi.
- Qizalog'im, seni juda sog'indim, - dedi u. -
Ukang va singlingni ham sog'indim. Meni
ko'rgani kelasanmi?
- Albatta, oyijon... biz boramiz... Lekin siz
nima qilmoqchisiz? Rostdan ham bu yerga
qaytishni istamaysizmi?
- Men Amsterdamga boraman, - javob qildi
Ella.
- U yerda derazalari kanallarga qaragan kichik-
kichik kvartiralar ijaraga beriladi. Pulim bunga
etadi. Yana velosipedda uchishni o'rganishim
kerak. Boshqasini hali bilmayman...
Rejalashtirishni istamayman, azizam. Bir kun
bilan, hozirning o'zi bilan yashamoqchiman.
Ko'raylik-chi, nima bo'lar ekan? Bu
Qoidalardan biri, agar tushunsang?
- Oyi, bu qanaqa qoida? Nima deyapsiz?
Ella deraza yoniga keldi va ajabtovur tiniq
ko'm-ko'k lojuvard osmonga qaradi.
- Bu qirqinchi qoida, - dedi sekin Ella. - «Ishq
bo'lmasa, hayot ham kerak emas. Ishqning qay
xilini izlasam ekan - ruhiysinimi yo
jismoniysinimi, ilohiysinimi yoki
dunyoviysinimi, g'arbga xosinimi yoki sharqqa
xosinimi, deb o'zingdan so'rama... Ajratishlar
yana boshqa ajratishlarga olib keladi....
Ishqning xos nomi yo'q. U qanday bor bo'lsa,
shundayicha bor - oddiy va sof tuyg'u. Ishq obi
hayotdir. Oshiqlik esa olov. Olov suvga oshiq
bo'lgan chog'da butun koinot butkul boshqacha
aylana boshlaydi».
Dostları ilə paylaş: |