1247 yil, dekabr, Konya.
Hamma odamlarning ko'zida biz er-xotin edik.
To'yimizdan keyin yetti oy o'tdi. Bu vaqt ichida
Shams men bilan biron marta ham erdek
yashamadi. Men odamlardan haqiqiy ahvolni
yashirishga urinardim, lekin ular to'g'risini
bilishadi deb o'ylardim. Nazarimda, bu
sharmandali holat peshanamga yozib
qo'yilganday ko'rinib turardi, unga qarab
hamma tushunib olayotganday tuyulaverardi...
Shams mening xonamga kirmas edi
demayman. Kirardi, albatta. Lekin har safar
kechqurun kirmoqchi bo'lsa, oldindan mendan
ruxsat so'rardi. Va har safar men unga:
- Ha, albatta. Axir erimsiz-ku! - deb javob
qilardim.
Keyin kun bo'yi duolar o'qib, nafasimni
ichimga yutib, qachon nikohimiz haqiqiy
hodisa bo'lishini kutardim. Lekin u eshigimni
faqat birga gaplashib o'tirish uchun taqillatardi.
U men bilan birga kitob o'qishni yaxshi
ko'rardi. Biz u bilan bir nechta kitobni - «Layli
va Majnun», «Farhod va Shirin», «Yusuf fia
Zulayho», «Atirgul va bulbul»ni o'qidik.
Ularning hammasida ham, boshlariga ne
savdolar tushsa ham, sevishganlar o'z
sevgilaridan kechmaydilar. Bu kitoblar meni
g'ussaga soladi. Bu balki men o'zim hech
qachon bunday muhabbat ta'mini totib ko'ra
olmasligimni bilganim uchundir.
Kitob o'qimagan vaqtlarimizda Shams islom
so'fiy darvishlarining qirq asosiy qoidasi
haqida hikoyalar qiladi. Bir marta qaysidir
qoidani tushuntira turib, boshini tizzamga
qo'ydi. Keyin sekin ko'zlarini yumdi va jim
bo'lib qoldi. Uxlab qoldi, men uning uzun
sochlarini siladim, peshonasidan o'pdim. U
ko'zini ochgunicha bir umr o'tgandek bo'ldi.
Keyin u meni o'ziga tortdi va ohista o'pib
qo'ydi. Bu eng baxtli onlar edi.
O'tgan yetti oy mobaynida men ham bir necha
marta uning xonasiga bordim. Va har safar uni
ogohlantirmasdan borganimda, qo'rqqanimdan
yuragim siqiladi, chunki u meni qanday qarshi
olishini bilmayman. Shamsning kayfiyatini
oldindan bilib bo'lmaydi. Ba'zan u shunday
mehribon va muloyim bo'lardiki, men barcha
kechmishlarim uchun uni kechirishga tayyor
bo'lardim, ba'zan esa juda injiq bo'lib qolardi.
Bir marta uni yolg'iz qolishiga
qo'ymayotganimni aytib, eshigini qattiq yopib
oldi. Shu tarzda men undan ranjimaslikka
odatlandim, shu bilan birga, men ham u
muroqaba (meditasiya) qilayotganida unga
xalal bermaydigan bo'ldim. Bir necha oy
mobaynida men o'zimni nafaqat boshqalar
ko'zi uchun, o'zim uchun ham juda
mamnundek ko'rsatib yurdim. O'zimni Shams
qiyofasida hamfikr, ustoz, suhbatdosh, hatto o'z
o'g'limni ko'rishga majbur etdim, ammo
faqatgina erni ko'ra olmas edim. O'zim yoki
uning kayfiyatidan kelib chiqib men unga har
xil qiyofalar berardim.
Ma'lum vaqtga qadar bu meni qanoatlantirib
keldi. Ortig'ini kutmasdan, faqat
suhbatlashishni kutadigan bo'ldim. Uning fikr-
mulohazalarimni qadrlashi va rag'batlantirishi
meni behad shodlantirardi. Men undan ko'p
yangi narsalar o'rgandim, keyinroq esa o'zim
ham uni nimalarnidir o'rgatishim
mumkinligini, masalan, u tushunchaga ega
bo'lmagan oilaviy hayotga o'rgatishim
mumkinligini angladim. Shuningdek, hech kim
uning kulgisini menchalik keltira olmas edi.
Lekin bu menga yetarli emas edi. Qancha
urinmay, u meni sevmaydi, degan fikrdan
qutula olmas edim. To'g'ri, men unga
yoqardim, u meni qadrlardi. Lekin bular sevgi
emas edi. Bu fikr esa menga azob berardi,
jismu jonimga tinchlik bermay, ich-ichimdan
kemirardi. Men do'stlardan ham, qo'shnilardan
ham nari yurardim. O'z xonamda yolg'iz
qolishni va marhumlar bilan gaplashishni afzal
ko'radigan bo'ldim. Zero, tiriklardan farqlanib,
marhumlar hech qachon hech kimni
ayblashmaydi.
Tiriklardan esa faqat Cho'l atirguli mening eng
yaqin dugonamga aylandi.
Ikkimiz ham odamlardan uzoq bo'lishni
istaganimiz uchun o'zaro tez yaqinlashib oldik.
U ham so'fiy bo'ldi. Cho'l atirguli
ishratxonadan qochib kelib, xilvatda yangi
hayot boshlagan. Bir kuni men unga jasurligi
va qat'iyatliligiga havas qilishimni aytdim. U
bosh chayqab dedi:
- Men yangi hayot boshlaganim yo'q.
Shunchaki, qilgan ishim - o'lmay turib o'ldim,
xolos.
Bugun Cho'l atirgulining oldiga butkul boshqa,
odatdagidan tashqari sabab bilan bordim. Men
u bilan o'zimni qo'lga olib va juda xotirjam
gaplashmoqchi edim, lekin uyiga kirgan
zahotim o'kirib yig'lay boshladim.
- Kimyo, nima bo'ldi, ishlaring yaxshimi?
- Unchalik emas, - iqror bo'ldim men. - Menga
yordamingiz kerak.
- Ha, albatta. Ayt, nima qilishim kerak?
- Shams tufayli... U menga yaqinlashmayapti.
Ya'ni... - g'o'ldiradim men. - Men unga
yoqishni istayman. Menga O'rgating.
Cho'l atirguli og'ir xo'rsindi.
- Kimyo, men qasam ichganman, - dedi u
deyarli achchiqlanib,- Men Xudoga
musaffoligimni saqlashga va erkaklarga yoqish
to'g'risida o'ylamaslikka qasam ichganman.
- Lekin siz qasamingizni buzmaysiz-ku, faqat
menga ozgina yordam berasiz, xolos, -
yalindim men. - Men Shamsni baxtli qilishni
istayman.
- Shams ma'rifatli inson, - xuddi birov eshitib
qolishidan xavfsiraganday pichirlab dedi Cho'l
atirguli. - Sen to'g'ri ish qilmayapsan,
menimcha.
- Lekin u erkak-ku! - e'tiroz bildirdim men. -
Axir hamma erkaklar Odam Atoning o'g'illari
emasmi? Ma'rifatlimi yoki ma'rifatsizmi,
hammasida ham jism va qon bor-ku! Shamsda
ham, to'g'rimi?
- Ha, to'g'ri, lekin...
Cho'l atirguli shoshib tasbehini oldi va
xayolchan boshini egib, uni o'gira boshladi.
- Iltimos, - gapimdan qaytmay turib oldim men.
- Men faqat sizga ishonib ayta olaman. Yetti oy
o'tdi. Har kuni ertalab yuragimda og'ir yuk
bilan uyg'onaman, har kuni kechqurun
ko'zlarimda yosh bilan uxlayman. Boshqa
chiday olmayman. Men erim bilan
yaqinlashishim kerak!
Cho'l atirguli javob bermadi. Men ro'molimni
yechdim, uni boshidan ushlab o'zimga
qaratdim.
- To'g'risini ayting. Men xunukmanmi?
- Yo'q, albatta, Kimyo. Sen chiroyli ayolsan.
- Shunday bo'lsa menga yordam bering. Menga
erkak yuragiga qanday kirishni o'rgating.
- Azizam, bilsang edi, erkak yuragiga kirish
ayolni yo'ldan ozdiradi, uni o'zini unutishga
olib keladi.
- Baribir, - javob berdim men. - Men orqaga
qayta olmayman.
Dostları ilə paylaş: |