2008 yil, 3 iyul, Boston.
Boston hech qachon hozirgidek jonli va
chiroyli bo'lmagan, o'ylardi Ella. Nahotki,
ko'zlarim ko'r bo'lgan-u, shu paytgacha bu
chiroyni ko'rmagan bo'lsam?
Aziz Bostonga besh kunga kelgan edi. Va Ella
har kuni Aziz bilan uchrashish uchun
Nortgemptondan Bostonga kelardi. «Kichik
Italiya»da oddiygina nonushta qilishardi, nafis
san'at muzeyida bo'lishdi, Boston-Kommon va
Uoterfrant bog'larida sayr qilib yurishdi,
akvariumda kitlarni kuzatishdi, Garvard-
skverdagi kichkina kafeda qahva ichishdi. Shu
bilan birga ular tinmay ko'p narsalarni,
masalan, turli mamlakatlarning taomlarini,
meditasiya uslublarini, aboregenlar san'atini,
gotik asarlarni, tabiatdagi qushlarni o'rganishni,
bog'dorchilikni, pomidor yetishtirishni, tushlar
ta'birini muhokama qilishar, tinimsiz bir-
birlarining gaplarini bo'lishardi. Ella qachon
bunchalik ko’p gapirganini eslay olmaydi ham.
Ko'chada bir-birlariga tegmasdan yurishga
harakat qilishardi, lekin doim noqulay ahvolga
tushib qolaverishardi. Ella, qo'l ushlashib olsak
yaxshi bo'larmidi, deb o'ylab qo'yardi. Nihoyat,
birdan Ellada o'zi hech qachon kutmagan
jasorat paydo bo'ldi. U restoranlarda va
ko'chalarda Azizni qo'ltiqlab olar, hatto uni
o'par edi. U boshqalar uni ko'rishiga nafaqat
befarq edi, hattoki ko'rishlarini ISTAR edi
ham.
Aziz Amsterdamga qaytib ketadigan kuni
ertalab nomeriga kirishdi. U yerda tez orada
boshlanadigan hijrondan darak berib, jomadon
xomush turardi.
- Men senga bir nimani aytishim kerak, - dedi
Ella. - Nazarimda, buni aytish uchun juda uzoq
taraddud ko'rdim.
Aziz bir qoshini ko'tardi.
- Men ham senga bir nimani aytishim kerak, -
dedi ovozida bezovta ohang bilan u.
- Unda sen birinchi aytaqol.
- Yo'q, sen birinchi aytaver.
Nim tabassumini saqlagancha Ella fikrlarini
to'plab olish uchun ko’zlarini yerga oldi.
- Hali sen Bostonga kelmasingdan oldin bir
kuni biz Devid bilan uzoq gaplashgan edik. U
sen haqingda so’ragan edi. Chunki u mendan
beruxsat pochtamni o'qigan ekan. Undan qattiq
jahlim chiqdi, lekin haqiqatni Undan
yashirmadim. Ya'ni sen bilan mening
oramizdagi bor Haqiqatni.
Ella o'zining endi aytadigan gapiga Aziz
qanday qarashini bilmay, qurquvda ko’zlarini
yerdan oldi.
- Qisqasi, men erimga boshqa insonni
sevishimni aytdim.
Ko'chadan barcha ovozlarni bosib ketadigan o't
o'chiruvchilar mashinasining chinqirig'i
eshitilardi. Ella xatar borligini his etdi, lekin
yarim yo'lda to'xtamadi.
- Aytadigan gapim uncha sog'lom ko'rinmasligi
mumkin. Men bu haqida juda ko'p
o'ylaganman. Lekin men sen bilan
Amsterdamga ketishni istayman.
Aziz deraza yoniga bordi va ko'chada nimalar
bo'layotganini bilmoqchi bo'lib qaradi.
Yaqinroqdagi bir uydan osmonga qalin qora
tutun buriqsayotgan edi. Aziz jimgina shu uyda
yashovchilarni duo qildi, keyin shoshilmay
nimalarnidir gapirdi, uning gaplari Ellada
xuddi butun shaharga qaratilgandek tasavvur
uyg'otdi.
- Men seni jon deb Amsterdamga olib ketgan
bo'lardim, lekin senga baxtli kelajak va'da qila
olmayman.
- Nima demoqchisan? - dedi qo'rqa-pisa Ella. U
kelib yoniga o'tirdi, qo'llarini o'z qo'llariga oldi,
parishon holda ularni silab turib dedi:
- Sen menga birinchi marta xat yozganingda,
bu hayotimdagi eng yomon davr edi.
- Hayotimda boshqa ayol bor,
demoqchimisan?..
- Yo'q, sevgilim, yo'q, - Aziz istehzoli kuldi,
lekin tez orada yuzi yana jiddiylashdi. - Aslo
bunday emas. Men senga o'z hayotimning uch
davri haqida gapirganim esingdami?
«So'fiy» so'zining birinchi uch harfi. Lekin sen
bir marta ham to'rtinchi davr haqida
so'ramagansan, men senga bu haqida aytishni
juda istagan bo'lsam ham, negadir sira mavridi
kelmagan edi. Lekin «i» harfi bilan ham
uchrashuv bo'lgan edi. Nima bo'lgani haqida
bilishni istayganmi?
- Ha, - dedi Ella, eshitishi mumkin bo'lgan
narsadan qo’rqqani holda. - Ha, istayman.
Aziz Ellaga iyul oyining kunduzida, otelda,
Amsterdamga uchadigan reysga bir necha soat
vaqt qolganda, o'zining 1977 yil qanday qilib
yangi ism olib, so'fiy bo'lgani, shu bilan birga,
o'zining aytishicha, yangi taqdir ham qabul
qilgani haqida gapirib berdi.
Shundan buyon u kasbiga ko'ra fotograf va
qalb amriga ko'ra darbadar darvish sifatida
dunyo kezib yurgan ekan. U oltita qit'ada chin
do'stlar orttiripti, u ularga xuddi o’z oila
a'zosiday yaqin ekan. Aziz garchi boshqa oila
qurmagan esa-da, Sharqiy Evropada ikki
yetimning otasi bo'lipti. Shams Tabriziyni
hamisha xotirasida saqlash uchun bo'yniga
quyosh shakli bor marjon taqib yurar, so'fiy
darvishlar an'analariga ko'ra sayohatlar qilar,
ma'ruzalar o'qir va targ'ibotlar qilar ekan.
Ikki yil oldin esa unga kasal ekani ma'lum
bo'lipti.
Kasallik qo'ltig'i ostidagi shishni sezishdan
boshlanipti, afsuski, u buni kech payqapti.
Qabariq melanoma, ya'ni rakning o'limga olib
keluvchi shakli ekan. Shifokorlar tekshirib,
metastaz ichki organlarga ham tarqab ketganini
aytishipti.
O'shanda Aziz ellik ikki yoshda bo'lgan. Unga
ko'pi bilan ellik besh yoshga qadar yashashi
mumkinligini aytishgan.
Ellaning lablari bir nima deyishga chog'langan
kabi qimirladi, lekin tili kalimaga kelmadi,
og'zi xuddi cho'lda qaqrab qolganday quruq
edi. Yuzlaridan ikki tomchi yosh dumaladi,
lekin u tezgina artib tashladi.
Aziz har bir so'zini dona-dona aytib, gapida
davom etdi. Shundan keyin hayotida yangi va
muayyan ma'noda mahsuldor davr boshlangan
ekan. Yerda hali u ko'rishni istagan ko'pgina
yerlar bor ekan, u birinchi navbatda o’sha
yerlarga borish yo'llarini izlab topipti.
Amsterdamda butun dunyoda filiallari bor
bo'lgan so'fiylik jamoasiga asos solipti.
Indoneziya, Misr so'fiylari bilan birga
konsertlarda havaskor sifatida nay chalipti va
hatto Kordova, Ispaniyadagi yahudiy va
musulmon mistiklari guruhi bilan birga
alьbomlar chiqaripti. Keyin Marokkoga
qaytipti va yo'lining boshida uchratgan birinchi
so'fiylar takkasini ziyorat qilipti. Ustoz
Sammid allaqachonlar vafot etgan ekan, Aziz
uning qabrini ziyorat qilipti, duolar o'qipti va
meditasiya qilipti.
- Shundan keyin o'zim hamisha yozishni
istagan, lekin dangasalik qilibmi yoki jur'at qila
olmaganim uchunmi, hamisha orqaga surib
kelgan romanni yozish uchun faol hayotdan
chekindim. - Aziz Ellaga ko'z qisib qo'ydi.
- Men buni juda ham istagan edim. Asarni
«Shirin shakkoklik» deb atadim va hech
qanday ijobiy natija kutmagan va har qanday
natijaga tayyor holda uni amerika agentligiga
yubordim. Birmuncha vaqtdan keyin esa
Bostondagi sirli bir ayoldan g'alati elektron xat
oldim.
Ella jilmayishdan o'zini tiya olmadi. Bu
tavozeli hamdardlik tabassumi edi, u og'riqli va
mehrli edi.
Aziz o'sha daqiqalardan buyon avvalgidek
bo'la olmaganini aytdi. Eng to'g'ri kelmaydigan
vaqtda, u o'limga tayyorlanayotgan odamdan
sevuvchi odamga aylandi. Shunga qadar
muhim va o'zgarmas bo'lib tuyulgan narsalar
birdan qo'zg'olib, charxpalakday aylanib ketdi.
Ruh, hayot, o'lim, e'tiqod va ishq - shulardan
barchasining ma'nolarini u qaytadan anglab
chiqdi. Uning aslo o'lgisi kelmas edi.
O'z hayotining final bosqichini u «So'fiy»
so'zidagi «i» harfi bilan atadi. U bu bosqichni
eng qiyin bosqich ekaniga iqror bo'ldi, chunki
u o'zini barcha ichki konfliktlarni boshdan
kechirib bo'lgan deb o'ylagan, o'zini ruhan etuk
va maqsadiga erishgan inson deb hisoblagandi.
- So'fiylar o'lishdan oldin o'lishni o'rganadilar.
Va men qadam-baqadam barcha bosqichlardan
o'tib kelgandim. Keyin esa, hammasini aniqlab
bo'ldim, deb o'ylay boshlaganimda, yo'q yerdan
bir ayol paydo bo'ldi. u menga yozadi, men
unga javob yozaman. Har bitta elektron xatidan
keyin, nafasimni ichimga yutib, uning xatini
kutaman. So'zlar qimmati har qachongidan
baland bo'lib ketdi. Hamma narsa butkul bo'm-
bo'sh ekranga aylandi, men unda harflar paydo
bo'lishini intizor kutaman. Keyin birdan bu
ayolni yaxshiroq bilgim kelayotganini
anglayman. U bilan ko'proq vaqt birga bo'lgim
keladi. Menga bu hayot kamlik qilayapti. Men
endi o'limdan qo'rqayotganimni va mendagi
qaysidir qism shu vaqtgacha men hurmat qilib
kelgan va men bosh egib kelgan Xudoga qarshi
isyon ko'tarmoqchi bo'layotganini anglayman.
- Lekin hali vaqtimiz bor... - dedi Ella qayta
tilga kirib.
- Shifokorlar o'n olti oy deyishgan, - garchi
o'zini beparvo tutishga harakat qilayotgan esa-
da, qat'iy qilib dedi Aziz. - Ular xato qilishlari
mumkin. To'g'ri aytgan bo'lishlari ham
mumkin. Bilmayman. Quloq sol, Ella, men
senga faqat HOZIRni taklif eta olaman. Menda
bori shu, xolos. Aslida hammada ham shunday,
hamma ham kecha ham emas, kelajak ham
emas, faqat hozir bor. Biz shunchaki tasavvur
etishni yoqtiramiz...
Ella yerga qaradi va xuddi to'g'ri o'tirishga
kuchi yetmayotganday bukchayib qoldi.
Ojizlikka qarshilik ko'rsatmoqchi bo'ldi, lekin
kuchi etmadi, yig'lab yubordi.
- Iltimos, yig'lama. Sen men bilan
Amsterdamga uchib ketishingni dunyodagi
hamma narsadan ko'proq istayman. Men senga:
«Yur, dunyo kezaylik. Olis mamlakatlarin
ko'raylik, har xil odamlar bilan tanishaylik va
birgalikda Rabbimiz yaratmishlaridan
zavqlanaylik» degim keladi.
- Bu menga yoqadi, - tabassum qildi Ella va
xuddi yig'lamasin deb qo'liga qo’g'irchoq
berilgan bolaga o'xshab ketdi.
Azizning qovog'i solindi, oyna tomonga
o'girilib oldi.
- Men esa qo'rqaman. Men hatto senga
teginishga ham qo'rqaman, boshqa narsalarni
esa qo'yaverasan. Men o'z kelajagim yo'q
bo'laturib, qanday qilib sendan men bilan birga
bo'lishingni, oilangni tashlashingni so'ray
olaman?
Ella yelkalarini qisdi, lekin baribir dedi:
- Tushkun bo'lishning nima keragi bor? Axir
sen xastalikka qarshi kurasha olasan-ku! Sen
men uchun shunday qilishing kerak. Biz uchun.
- Nima uchun kurashishimiz kerak ekan? -
e'tiroz qildi Aziz. - Biz hamisha kurash haqida
gapiramiz - Inflyasiyaga, OITSga, rakka,
korrupsiyaga, terrorizmga, hatto ortiqcha
kilogrammlarga qarshi kurash haqida...
- Men so'fiy emasman, - dedi betoqatlik bilan
qandaydir xirillagan begona ovozda Ella.
Xayolidan o'zini-o'zi o'ldirib, hayotdan ko'z
yumgan otasi, undan keyingi judolik azoblari,
agar vaziyat boshqacha bo'lganda hayot qanday
bo'lishi mumkinligi haqidagi achchiq va
nadomatli o'ylar g'izillab o'tdi.
- Sen so'fiy emasligingni bilaman, - istehzoli
kuldi Aziz. - Bo'lishing kerak ham emas.
Rumiy bo'lsang bas. Sendan faqat shuni
so'rayman.
- Nimani nazarda tutayapsan?
- Yaqinda mendan, sen o'zingni Shams deb
hisoblaysanmi, deb so'ragan eding. Esingdami?
Sen meni unga o'xshaysan, degan eding. Buni
eshitishdan qanchalar baxtiyor bo'lsam hamki,
lekin men Shams emasman. O'ylashimcha, u
ancha buyuk bo'lgan. Lekin sen Rumiy bo'la
olasan. Agar ishq seni ishg'ol etishiga va seni
o'zgartirishiga imkon bersang - avval o'z
borliging bilan, keyin esa yo'qliging bilan...
- Men shoir emasman, - dedi Ella.
- Rumiy ham shoir emas edi. Lekin keyin
bo'ldi.
- Tushunmayapsan. Xudo haqi, men oddiy uy
bekasiman, uch farzandning onasi! - xitob qildi
Ella va qiynalib tin oldi.
- Asliyatimiz qanday bo'lsa, biz shundaymiz, -
shivirladi Aziz. - Va biz hammamiz
o'zgaramiz. Bu bir sayohat. Sen shu sayohatni
amalga oshira olasan. Agar jasoratli bo'lsang
va men ham jasoratli bo'lsam, biz nihoyat
Konyaga bora olardik. Men o'sha yerda o'lishni
istayman.
Ella xo'rsindi:
- Bas qil.
Aziz Ellaga uzoq qarab qoldi, keyin yerga
qaradi. Yuzida boshqa ifoda paydo bo'ldi,
ovozida esa begonalik bor edi, bu ovoz xuddi
shamol uchirgan yaproq kabi uzoqdan
kelayotganday edi.
- Shuningdek, Ella, - shoshmasdan dedi u, - sen
uyga qaytishing mumkin. Bolalaring oldiga -
uyingga bor. O'zing hal qil, sevgilim. Sen qaysi
birini tanlasang ham, bu mening tuyg'ularimga
ta'sir qilmaydi. Men seni hamma vaqt yaxshi
ko'raveraman.
Dostları ilə paylaş: |