1247 iil, dekabr, Konya.
Bu asov, jasur, zukko Shams ishq haqida juda
ko’p narsa biladi. Lekin bir nimani bilmasligi
aniq: rad etilgan sevgi azobini.
Cho'l atirguli meni pardoz-andozlar qilib,
kiyintirib qo'ygan kuni juda to'lqinlanib ketdim
va esu hushim joyida emas edi. O’zimda
shunday o'zgarish bo'lishi mumkinligi
xayolimga ham kelmagan edi. Vujudimga tegib
turgan nafis ipak mato, atir isi, tilimdagi gulob
ta'mi va boshqalar hammasi, bir tomondan,
meni asablantirar, ikkinchi tomondan, menga
kutilmagan jasorat ham baxsh etgan edi. Uyga
qaytib, birinchi galda o'zimni ko'zguga soldim.
Suluvgina edim.
Uyda hamma uxlashini kutib, keyin katta
ro'molni yelkamga tashlab, oyoq uchida
Shamsning xonasiga ravona bo'ldim.
- Kimyo, men seni kutmagan edim, - dedi u
eshikni ocharkan.
- Men sizni ko'rishim kerak edi. - Shunday
dedim-u, taklifini kutmasdanoq ostonadan
o'tdim. - Iltimos, eshikni yopib qo'ying.
Shams hayron bo'lganini yashirmay,
iltimosimga bo'ysundi.
Ikkimiz uning xonasida yolg'iz edik, menga
diqqatimni to'plab olishim uchun vaqt kerak
edi. Men unga orqa o'girdim, chuqur
xo'rsindim-da, ro'molni tashlab, ko'ylagimni
echa boshladim. O'sha zahoti orqamda
erimning og'ir nigohini his etdim. Xonaga
sovuq jimjitlik cho'kdi. Nafasim tiqilib qoldi,
turli yomon xayollar miyamda gir aylanardi,
lekin men Shams qarshisida xuddi jannatdagi
xur kabi turaverdim.
Yoqimsiz sukut xukm surardi, faqat tashqarida
esayotgan shamolning uvillashini eshitib
turardik.
- Bu nima qiliq? - sovuq ohangda so'radi
Shams.
Men birdan ovozdan qoldim, shunga qaramay
o'zimni majburlab dedim:
- Sizni istayman.
Shams atrofimda yarim aylanib, qarshimda
to'xtadi va meni ko'zlariga qarashga majbur
etdi. Tizzalarim bukilay-bukilay deb turardi,
lekin men bunga so'z bermaslikka harakat
qilardim. Aksincha, uning tomoniga bir qadam
qo'ydim va Cho'l atirguli o'rgatganday, unga
taqaldim, quloqlariga nafis sevgi so'zlarini
shivirladim.
Shams xuddi cho'g' tekkanday sakrab o'zini
nari oldi.
- Sen o'zingcha meni istayapman, deb
o'ylaysan, aslida o'zingning kamsitilgan
«men»ingni yupatmoqchisan.
Men Cho'l atirguli aytganday qilib, qo'llarim
bilan uning bo'ynidan quchoqladim va qattiq
o'pdim... Atigi bir daqiqa har ikkimizni ham
ehtirosli istak o'z girdobiga tortayotganini his
etdim, lekin Shams yulqinib qo'limdan chiqib
ketdi.
- Kimyo, sen mening hafsalamni pir qilding, -
dedi u. - Endi esa, iltimos, xonamdan chiq.
Shams meni qattiq xafa qiladigan bu so'zlarni
yuzida hech qanday ifodasiz - na g'azab va na
jahlsiz aytdi. Va men ularning qaysi biridan -
aytgan so'zlarining ma'nosidanmi yoki yuzida
hech qanday hissiyot yo'qligidanmi - ko'proq
xafa bo'lishim kerakligini
ham bilolmay qoldim.
Hayotimda bundan ortiq xo'rlikka duch
kelmagan edim. Men yerda yotgan ko'ylagimni
olishga egildim, lekin qo'llarim qaltiraganidan
sirpanchiq ko'ylagim ushlab ololmasdim.
Shuning uchun ro'molning o'ziga o'ralib oldim.
Yig'lagancha, og'ir nafas olib, yarim yalang'och
xonasidan chiqdim, undan ham, uning
muhabbatidan ham qochib ketdim,
tushundimki, bu muhabbat faqat mening
tasavvurimda ekan. Shundan buyon Shamsni
biron marta ham ko'rmadim. O'sha kundan
boshlab o'z xonamdan tashqariga boshqa
chiqmadim. Ertayu kech to'shakdan turishga
majolim yetmay, yotib qoldim. Bir hafta o'tdi,
yana bir hafta o'tdi va men kunlarni ham
boshqa sanamay qo'ydim. Menda butkul mador
qolmadi.
O'limning isi borligi haqida hech o'ylamagan
ekanman. Bu is tuzlangan zanjabil yoki
qarag'ayning ignalari kabi, lekin ancha o'tkir va
achchiq, biroq badbo'y emas. Men o'limni
xonamga kirib kelganida, u meni qalin va nam
tumanga chulg'ab olayotganida his etdim. Meni
bezgak tutdi, hushimni yo'qota boshladim va
hatto alahladim ham. Meni juda ko'p do'stlar va
qo'shnilar ko'rgani kelish- di... Kira yonimdan
nari ketmadi. Uning rangi siniqqan, ko'zlari
ichiga cho'kkan edi. Gavhar ham yonimda,
ikkinchi tomonimda, yuzlarida kulgichlar
paydo bo'ladigan o'zining yoqimli tabassumi
bilan kulimsirab turardi.
- La'nati bid'atchi! - derdi Sofiya. - Bechora
qizning yuragini chilparchin qildi. Hammasi
o'sha tufayli bo'ldi.
Men unga e'tiroz bildirmoqchi bo'ldim, lekin
ovozim chiqmadi.
- Nimaga unday deysan? - e'tiroz bildirdi Kira.-
Hammasi Xudoning qo'lida. Odamning irodasi
Xudonikiga teng kelarmidi?
Lekin Kiraga hech kim quloq solmas, men
o'zim-ku, Hech kimni ishontiradigan holatda
emas edim. Lekin nimaiki deya olganimda
ham, natija bir xil bo'lib chiqishini tez ilg'ab
olgandim. Shamsni yomon ko'rgan odamlar
mening kasalimda undan nafratlanish uchun
yana bir sabab topishdi, lekin men uni hech
nimaga qaramay sevardim.
Mana, nihoyat, men barcha ranglar bir rangga,
hamma ovozlar bir guvillashga aylanadigan
holatga tushdim, Odamlarni tanimaydigan va
so'zlarni ajratmaydigan holga.
Shams meni ko'rgani keldimi, kelmadimi,
bilmayman. Kelmagan bo'lsa kerak. Kelganida
ham xotinlar uni yonimga yo'latmagan
bo'lishardi. Balki kelgandir ham, to'shagim
yonida o'tirib, qo'limdan tutib yoki soatlab nay
chalib yoki duo o'qib o'tirgandir. Shunga
ishongim keladi.
Nima bo'lsa ham, endi buning ahamiyati yo'q.
Mening undan jahlim chiqmadi va xafa ham
bo'lmadim. Bu menga Xudoning marhamati va
yupanchi bo'ldi. Shamsning oldiga pardoz-
andoz qilib, ipak ko'ylaklar kiyib kirib, kasal
bo'lib qolganimdan keyin o'n kun o'tgach, men
yo'qlik daryosiga sho'ng'idim va o'z yuragimga
to'liq muvofiqlashgan holda suzib ketdim.
Bu oqim meni hayotdan o'lim sari oqizib ketdi.
Ella
Dostları ilə paylaş: |