2. O‘rta Osiyo moddiy madaniyati va memorchiligi. IX asrda Somoniylar davlatining
tashkil topgandan so‘ng XII asrga qadar asta – sekin Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar va
Xorazmshohlar davlati vujudga keldi. IX – XII asrlarda O‘rta Osiyoda ushbu mustaqil
markazlashgan davlatlarning vujudga kelishi ijtimoiy – iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni,
xususan san’at rivojini ta’minladi.
IX – XII asrlarda O‘rta Osiyoda moddiy madaniyat o‘ziga xos uslub va shakllarda
to‘xtovsiz rivoj topib bordi. Xalq ichidan chiqqan mahalliy ustalar, me’morlar, naqqoshlar,
kulollar, zargarlar, miskarlar tomonidan yurt dovrug‘ini olamga tanitgan ajoyib me’morchilik
obidalari, san’at namunalari bunyod etildi. Me’morlik va san’at yangi taraqqiyot bosqichiga
o‘tdi. Bu davrga kelib, me’morlik sohasida katta o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Qurish texnikasi
mukamallashdi, qurilishda pishiq g‘ishtning keng qo‘llanilishi me’morlikning murakkab
kompozitsiyalarini yaratish imkoniyatini berdi. Egri ravoqli tomlar bilan bir qatorda, gumbazli
binolar qurilishi ham keng yo‘lga qo‘yila boshlandi. Pishiq g‘ishtlarni turlicha terish natijasida
bino devorlarining o‘ziga xos bezagini yaratish tendensiyasi ortdi. Ark va yarimarklar
me’morlikda eshik, darcha va tokcha — taxmonlarda ishlatila boshlandiki, bular ham shu davr
binolarining o‘ziga xos ko‘rinishida muhim rol o‘ynadi. Bu davrda naqshinkor mehmonxonalar,
kurkam istirohat bog‘lari hamda antiqa hovuzlar bunyod etildi, bular so‘zsiz, keyingi madaniy
taraqqiyotda muhim rol o‘ynadi.
IX – XII asrlarda O‘rta Osiyo (musulmon) me’morchilik san’atiga xos atamalar: Peshtoq — madrasa, masjid, maqbara, karvonsaroy va boshqa binolarning old tomoni —
kirish qismi. Gumbaz — qubba shaklidagi suyri fazoviy hajmdagi tom.
Ravoq — toqning bir turi; bino devorlaridagi deraza va eshik o‘rinlarining yuqori
qismiga qo‘yiladigan mehrobiy yoysimon qurilma.