18
4.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanini o‘rganishning ahamiyati.
Ma’lumki dunyoda mavjud 3,5 mingdan ziyod xalqlarning faqat 200 tadan
ziyodi o‘z davlatchiligiga ega. Xalqlarning o‘z mustaqil davlatchiligiga ega bo‘lishi,
shubhasiz, shu hududda yashovchi barcha aholi uchun keng rivojlanish
imkoniyatlarini ochib beradi. Mazkur imkoniyatlar o‘zbek xalqi davlatchiligiga
bevosita taalluqlidir.
Taraqqiy etgan millatlarning o‘z tarixini yaxshi bilishi, tarixiy yodgorlik va
obidalarini e’zozlashi, ularni ko‘z qorachig‘idek asrashining ko‘pgina sabablari bor.
Bu, eng avvalo, tarix insoniyat paydo bo‘lganidan to hozirgacha davom etib
kelayotgan ijtimoiy jarayon oynasi ekanligi bilan bog‘liqdir. Ikkinchidan esa, butun
insoniyat shu tarixga qarab, o‘z o‘tmishi va borligini anglaydi, kelajak rejalarini
belgilaydi. Boshqacha bir ma’noda tarix buyuk faylasuf va donishmanddir. Uning
mana shu dono falsafasini to‘g‘ri anglagandagina, xalqlar o‘z kelajagi uchun
mustahkam poydevor yaratadi.
Xristianlik falsafasi asoschisi A.Avgustian (354-430 yy.) hozirgi eramiz
boshidayoq, ya’ni bundan bir ming olti yuz yil oldin tarixning xalq va millatning
taqdirida tutajak o‘rnini ko‘rsatib, shunday degan edi: “G‘aflatda yotgan xalqni
uyg‘otish uchun, avvalo, uning tarixini uyg‘ot” Qadimgi Rimda esa “Tarix -
hayotning muallimidir” degan yozuv shior sifatida shahardagi peshtoqlardan biriga
yozib qo‘yilgan edi. XIII asr Sharq tarixchisi Shahobiddin Muhammad an-Nasaviy
ham bu fikrni o‘zining quyidagi to‘rtligida yanada teran ma’noda mana bunday
bayon etadi:
Kimki tutmas qalbida tarixini,
U inson ham emas, olim ham emas.
Biroq kimki uqsa o‘tmishini,
Ko‘p boyitar o‘z turmushini.
XXI asrga rivojlanishning zamonaviy taraqqiyot yo‘li bilan kirib kelgan, boy
madaniyati va bebaho ma’naviyatiga ega bo‘lgan o‘zbek xalqi o‘zining ming yilliklar
qa’riga kirib borgan tarixiy o‘tmishi bilan alohida o‘rin egallaydi. Hozirgi
O‘zbekiston Respublikasi hududlarida bo‘lib o‘tgan tarixiy-madaniy jarayonlar,
ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishlar, turli davrlarda xalq farovonligi va taraqqiyotini
ko‘zlab o‘tkazilgan ko‘plab islohotlar, shuningdek, yuksalish va inqiroz holatlari,
chet el bosqinchilariga qarshi ozodlik kurashlari yurtimizning serqirra va rang-
barang tarixidan dalolat beradi. Shu bois ham bu tarix eng qadimgi davrdan boshlab
ko‘p ming yillar davomida ajdodlarimiz va xalqimiz tarixi sifatida nafaqat
o‘zbekistonlik, balki xorij olimlari tomonidan ham tan olinib o‘rganildi, tadqiq etildi
va ayni paytda ham shu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlar izchillik bilan davom
etmoqda.
O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgach, sovet davridagi tarixga
munosabatdan farqli o‘laroq o‘tmish tarixiga munosabat tubdan o‘zgardi. Haqqoniy
tarixni tadqiq etish boshlanib, avvalo, tarixni davrlashtirishdagi besh formatsiyali
noilmiy “izm”lardan voz kechildi. Zero, tarix ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyalar
almashinuvi bo‘lmasdan, balki bir-birini almashtirib va to‘ldirib turuvchi, ma’lum
19
xalqlar va elatlar, etnik guruhlar tomonidan yaratilgan sivilizatsiyalar hosilasi hamda
zanjiri ekanligi respublika olimlari tomonidan yakdillik bilan e’tirof etildi.
Tarixning yaratuvchisi va ijodkori xalqdir. Bo‘lib o‘tgan tarixiy-madaniy
jarayonlar, voqea va hodisalar, islohotlarni xalqsiz va tarixiy shaxslarsiz tasavvur
etish aslo mumkin emas. Tarix - xalqning fikr hamda tafakkurining hosilasidir.
Aynan shuning uchun ham tarix - ibrat maktabi bo‘lib, o‘tmishda yo‘l qo‘yilgan
nuqsonlarni anglash va ulardan tegishli saboq chiqarish, hushyorlik va ogohlikka,
buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi turishga undovchi, milliy birlik, hamkorlik va
bag‘rikenglikka chaqiruvchi beqiyos ahamiyatli maktabdir. Shundan kelib chiqib
ta’kidlash lozimki, qadim o‘tmish bilan bugungi kunning, o‘tmish ajdodlarimiz bilan
bugungi avlodlarimiz o‘rtasidagi bog‘liqlikni unutmasdan yanada mustahkamlash
milliy taraqqiyotning asosiy kafolati hisoblanadi. Bunday bog‘lanishda esa tarix
asosiy ko‘prik vazifasini bajaradi.
Haqqoniy yozilgan Vatan tarixini o‘rganish va o‘qitish u soxta tarixiy
tushuncha va tarixiy xotirasizlikka barham beradi, milliy g‘oya va mafkuraning
takomillashuvini tezlashtiradi. Xalqimiz undan ruhiy quvvat olib, dushmanga bosh
egmaslik, mustamlaka ilkiga tushmaslik, boshqalarga bo‘ysunmaslik, begona g‘oya
va mafkura hamda zug‘umlar ta’siriga berilmaslik ma’naviyatiga ega bo‘ladi.
Shuning uchun ham tarixni o‘rganish va o‘qitish zarur. Tarixni mukammal bilish,
uning mazmun va mohiyati, falsafasini teran anglash millat uchun yuksak fazilat
hisoblanadi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani oldida turgan asosiy vazifa
quyidagilardan iboratdir: birinchidan, yoshlarga va bo‘lajak mutaxassis kadrlarga
chuqur milliy va umuminsoniy tarixiy, g‘oyaviy-siyosiy, ilmiy-nazariy
dunyoqarashni singdirish; ikkinchidan, yoshlarda milliy tafakkur, g‘urur va o‘zlikni,
milliy vijdon va umuminsoniy barkomollikni tarbiyalash; uchinchidan, yoshlarda
otashin vatanparvarlik va milliy jasoratni, millat va Vatanga sadoqatni rivojlantirish;
to‘rtinchidan, yoshlarga milliy va tarixiy qadriyatlami e’zozlash, asrab-avaylash
ruhini singdirish, ularda yuksak axloqiy fazilatlar (halollik, poklik, odillik,
rostgo‘ylik, mehnatsevarlik, kamtarinlik, imon va e’tiqodlik)ni tarbiyalash;
beshinchidan, yoshlarni Vatan va xalq, millat, ota-ona, farzand, tabiat va jamiyat
oldidagi muqaddas burchlarini chuqur his etish va ularga sadoqatlik ruhida kamol
toptirish.
2017-yildan boshlab O‘zbekiston milliy tiklanishdan - milliy yuksalish tomon
yo‘l oldi. Bunda Respublikamiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari
surilgan, mamlakatni zamonaviy asnoda rivojlantirishga qaratilgan Harakatlar
strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar katta ahamiyat kasb etmoqda. 2021-yil
oxirlaridan bu strategiya - Taraqqiyot strategiyasi nomini oldi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi fani uzviy ravishda yuqoridagilar va
bulardan boshqa o‘zining xilma-xil imkoniyatlaridan kelib chiqib, komil insonni
tarbiyalashga katta hissa qo‘shadi. Vatan tarixining davlat boshqaruvi va qurilishida,
jamiyat va insoniyat taraqqiyotida, millat va xalq hayotida tutgan o‘rni hamda
ahamiyati benihoya katta ekanligi qadim-qadimdan e’tirof etib kelinmoqda. Shuni
20
alohida ta’kidlash kerakki, tarixning bu ajoyib xislati va tarbiyaviy ahamiyati,
kuch-qudratini barchamiz teran his etishimiz va anglab yetmog‘imiz lozimdir.
Dostları ilə paylaş: |