O‘zbekistonning eng yangi tarixi (Oliy o‘quv yurtlari nomutaxassis fakultet talabalari uchun) Darslik Toshkent 2021



Yüklə 1,94 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə8/80
tarix06.10.2023
ölçüsü1,94 Mb.
#152660
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   80
Eng yangi tarix kitob

22 
2-
 
MAVZU. MUSTAQILLIKKA ERISHISH ARAFASIDA 
O‘ZBEKISTONDAGI IJTIMOIY-SIYOSIY JARAYONLAR. 
Reja: 
1.
XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va 
ma’naviy hayotidagi inqirozli holat. 
2.
Markazning O‘zbekistonda amalga oshirgan qatag‘on siyosati. “Paxta 
ishi”, “O‘zbeklar ishi” nomli soxta ishlar. 
3.
Aholi turmush tarzining og‘irlashuvi. Orol fojiasi. 
4.
O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning keskinlashishi. Farg‘ona 
voqealari. 
5.
Islom Karimov - O‘zbekiston rahbari. Mustaqillik Deklaratsiyasining 
qabul qilinishi. 
1.
 
XX asr 80-yillari o‘rtalarida respublika ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va 
ma’naviy hayotidagi inqirozli holat. 
70 yildan ziyod davom etgan sovet tuzumi va Kommunistik partiya yakka 
hukmronligi davrida O‘zbekistondagi milliy urf-odatlar va an’analarga qattiq zarba 
berildi. KPSS mafkuraviy siyosatining SSSR xalqlari ma’naviyatiga jiddiy salbiy 
ta’siri natijasida jamiyatda madaniy-axloqiy muhit zaiflashdi, ma’naviy qashshoqlik 
sovet jamiyatini inqirozga yetaklovchi kuchga aylandi. Bu holat oxir- oqibatda milliy 
tillarning jamiyat hayotidagi mavqeyining pasayishiga, uzoq yillar davomida 
shakllanib kelgan qadriyatlar, urf-odatlar, an’analarni “o‘tmishning zararli sarqiti” 
sifatida ta’riflashga, ma’naviyatning uzviy qismi bo‘lgan dinni “xurofot va bid’at” 
deb talqin qilinishiga va shu asosda millatlarni qaramlik holatida saqlab turishga asos 
bo‘ldi. Bu yo‘l, o‘z navbatida, “yagona madaniyat” barpo etishga qaratalgan davlat 
siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan edi. 
Tabiiyki, SSSRda istiqomat qilgan turli xalq va elatlarning madaniyati shakli 
jihatidan har xil edi. Shubhasiz, har bir xalqning zabardast madaniyat arboblari - 
atoqli olimlari, yozuvchilari, rassomlari, bastakorlari kabi o‘ziga xos jihatlari ko‘pdir. 
Ular, o‘z navbatida, jahon fani va madaniyatiga munosib hissa qo‘shib kelganlar. 
Garchi bu yutuqlarning aksariyati sotsialistik ruh berib turuvchi baynalminal 
madaniyat bo‘lsa-da, uning ko‘p jihatlari yuqori saviyaga mutlaq javob bermas edi. 
Ta’kidlash joizki, sovet turmush tarzining ajralmas qismi bo‘lgan sovet 
qonunlari o‘z andozasiga mos an’ana va urf-odatlarni faol targ‘ib etishi oqibatida 
umumsovet marosimlari va bayramlari an’ana tusiga aylana boshlagan edi. 
O‘zbekiston aholisining 60 foizdan ko‘pi, asosan, qishloq joylarida istiqomat 
qilganligi bois qishloq aholisi uchun o‘ylab topilgan mafkuraviy xarakterga ega 
bayramlar tashkil etildi. O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining 1956-yilgi 
qaroriga binoan paxta terimini boshlashdan avval, ya’ni avgust oyining oxirgi 
yakshanba kunlari “Qurultoy”, “Urug‘ qadash marosimi”, “Yoshlarni paxtakorlar 
safiga tantanali qabul qilish”, “Birinchi gul bayrami”, “Ilk maosh”, “Qizil karvon” 
(“Birinchi oq oltin karvoni”), “Paxta bayrami” (“Hosil bayrami”) nishonlandi. 


23 
Bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan, uzoq yillar davomida nishonlab 
kelingan “Navro‘z” bayrami ham aynan mana shu yillarda ta’qibga uchradi. Tarixdan 
ma’lumki, “Navro‘z” bayrami dehqonlar uchun yangi mehnat yili boshlanganini 
bildirar, bu bayram an’anaga muvofiq bahorda kun va tun tenglashganida nishonlanar 
edi. “Navro‘z” bayrami asrlar davomida kishilarda ona yerga, tabiatga muhabbat 
tuyg‘usini uyg‘otgan, kishilarni bir-biriga nisbatan mehr- muruvvatli va oqibatli 
bo‘lishiga chorlagan. Biroq XX asr 80-yillarining o‘rtalarida “Navro‘z” bayramini 
O‘zbekistonda umumxalq bayrami sifatida nishonlash masalasida paydo bo‘lgan 
to‘siqlar qattiq tortishuvlarga ham sabab bo‘ldi. “Navro‘z” bayramiga qarshi 
harakatlar ham milliy madaniyatlarni qoralash va cheklashga qaratilgan tadbirlarning 
biri edi. O‘zbekiston SSR Kompartiya plenumi (1984)dan so‘ng yuzaga kelgan 
vaziyat I.O‘smonxo‘jayev va R.Abdullayevaning “mafkuraviy bo‘shliqni” yuzaga 
keltirmaslik borasidagi sa’yi-harakatlari natijasida 1986-yilga kelib, “Navruz” 
bayrami bekor etildi. Islom diniga aloqasi bo‘lmagan bayramga “diniy” degan tamg‘a 
bosildi. 
1985-1986-yillarda respublika ommaviy axborot vositalari ham bu bayramni 
o‘z sahifalarida yoritmadi. Garchi “Navro‘z” bayrami sovet hukumati tomonidan 
e’tiborga loyiq deya hech qachon rag‘batlantirilmagan bo‘lsa-da, lekin sovet 
hokimiyatining barcha davrlarida bu bayram xalq orasida yashab, an’anaviy tarzda 
ham nishonlanib kelingan. 
Dastlab bu bayram, aprel oyining o‘rtalaridan sun’iy o‘ylab topilgan 
“Navbahor” nomli bayram bilan almashtirildi. Biroq bunday bayramlarning ta’qiqlab 
qo‘yilishi xalq noroziligiga sabab bo‘la boshlagani uchun milliy an’analar, 
marosimlar va bayramlarni qayta tiklash jiddiy masalaga aylandi. “Navbahor” deb 
atalgan yangi bayram moddiy zaminga ega bo‘lmagani sababli uzoq yashay olmadi. 
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, “Navro‘z” bayramini ta’qiqlash haqida 
respublikada aniq bir qaror qabul qilinmasada, lekin respublika rahbariyati turli 
yig‘inlarda bu bayram va uning “zararli” tomonlari haqida ma’ruza qilib, yangi 
madaniyatni shakllantirishda asosiy to‘siq deb ta’riflab keldilar. 
XX asrning 80-yillari O‘zbekistonda dinga va diniy qadriyatlarga qarshi yangi 
harakatlar bo‘lgani bilan ham xarakterlanadi. Bu yillarda mamlakatda diniy idoralarni 
qattiq nazorat ostiga olish, ularning sonini kamaytirish va faoliyatini doimo nazorat 
ostida olib turish kuchaydi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti 
I.A.Karimov dinning ma’naviy, ijtimoiy, tarixiy ildizlari, inson kamolotidagi o‘rni va 
ahamiyati ustida to‘xtalib, mustaqil taraqqiyotimizning ilk bosqichlaridayoq quyidagi 
teran fikrlarni aytgan edi: “Islom inson poklanishi, ruhiy qudrat olishi, qalban 
uyg‘onishi manbaidir. Shu paytgacha bizga din af’yundir, deb kelishdi. Dindorlar 
quvg‘in qilindilar. Ota-onasiga janoza o‘qiganlar jazoga tortildilar. Xullas, ne 
hunarlar ko‘rsatmasinlar islom yashashdan to‘xtamadi. Nega? Chunki u bizning 
ongimiz, shuurimiz, hayotimiz, borligimizdir. Bugun ana shu din orqali vujudimizga 
musaffolik, dilimizga inshoolloh poklik kirib kelmoqda. Axloq-odob, ma’rifat yana 
xonadonlarimiz fayziga, odamlar hislatiga aylanishida islomning o‘rni benihoya 
bo‘lmoqda”. 


24 
O‘tmish va ma’naviyatga bo‘lgan salbiy munosabat mustabid sovet 
tuzumining dinga bo‘lgan munosabatida yaqqol o‘z aksini topdi. Bu holni, jumladan, 
ikkinchi jahon urushidan keyin O‘zbekiston misolida ham ko‘rish mumkin. Ikkinchi 
jahon urushi davrida strategik maqsadlarga ko‘ra, dinga vaqtinchalik “yon berish” 
siyosati, urush tugagandan keyin tez orada kommunistik mafkura asosidagi 
davlatning u bilan “hamjihat” bo‘lishi maqsadga muvofiq emasligi yana bir karra 
namoyon bo‘ldi. 
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, bu davrda ta’lim infratuzilmasining ancha 
kengayishi mutaxassis kadrlarning tez ko‘payishiga yordam berdi. Respublikada 
mavjud bo‘lgan bir necha oliy o‘quv yurtlari O‘zbekiston SSR xalq xo‘jaligi uchun 
xizmat qiladigan mutaxassislarni ham yetishtirib berdi. 
Masalan, 1988-yilda faqat Toshkent shahrining o‘zida 19 ta oliy o‘quv yurti 
bo‘lib, unda 162,9 ming nafar talaba tahsil oldi. Lekin “kommunizmga intilish”da 
sinfiylik, partiyaviylik ruhidagi tarbiya maktablarda milliylikni siqib chiqardi. 
Mavjud oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida har yili o‘rta hisobda yuz mingdan ortiq 
mutaxassis tayyorlangan. 1984-yilga kelib, O‘zbekistonda 1 million 300 ming nafar 
oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar bo‘lgani holda, 5-6 yil o‘qib oliy 
ma’lumot olgan kadrlarning anchagina qismi o‘zlari mutaxassis bo‘lgan sohalarda 
ishlamadi. Sirtqi o‘quv tizimida chuqur bilimga intilishdan ko‘ra diplom olish uchun 
harakatlar kuchayib ketdi. Masalan, 1982-yil O‘zbekiston SSR Xalq Nazorat 
Qo‘mitasi va O‘zbekiston SSR Prokuraturasi o‘tkazgan tekshiruvlardan ma’lum 
bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyatidagi 251 hunar-texnika bilim yurtini bitirib chiqqan 
117 mutaxassis viloyatning Chiroqchi tumanidagi Moskva sovxozi va Ohunboboyev 
nomli kolxozlariga yuborilgan. Lekin ularning atigi 6 nafari o‘z sohasi bo‘yicha 
ishlagan, 73 nafari bo‘lsa tayinlangan joyiga kelmagan. 
Bunday ahvol sanoat shaharlarida ham mavjud bo‘lgan. O‘zbekiston SSR 
yengil sanoatining o‘zida dastgohlar va mashinalarga xizmat ko‘rsatishning 
tarmoqdagi normalarini o‘zlashtirish shaharlardagi yirik kombinatlarnikiga nisbatan 
ko‘p kuch talab qilgani holda, bu sohada ham master yordamchilari, elektriklar, 
santexniklar yetishmagan. Kommunistik mafkura o‘z hukmronligini ta’minlab 
borishida madaniyat ham, ayniqsa, muhim edi. Hukmron mafkura mahalliy 
ma’naviy-madaniy merosning tarbiyaviy ahamiyatini e’tiborga olmas edi. Davlat 
tomonidan qabul qilingan qator qaror va rejalar ham real imkoniyatlarni hisobga 
olmagan holda qabul qilinganligi uchun o‘zbek ma’naviy madaniyatida amalga 
oshirilgan ishlar ham o‘ziga xos yo‘nalishdan bordi va madaniyat sohalari 
siyosiylashgan madaniy yo‘lga moslashdi. 
Ayni paytda ta’limda, madaniyatda kommunistik g‘oyalar ustunlik qilib, 
umumsovet madaniyatining me’yor va mezonlari keng targ‘ib etilgani bilan bu davrda 
o‘zbek madaniyati rivoji faqat tanazzullar va tushkunliklardan iborat bo‘ldi deb e’tirof 
etish ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Madaniyat va san’at arboblari ijodidagi 
o‘zgarishlar jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan birgalikda davom etdi. Teatr, 
rassomchilik, qo‘shiqchilik, xususan, milliy qo‘shiqchilik, ayniqsa, maqom yo‘llarida 
ijod qilishda ko‘plab iste’dodli xonandalar yetishib chiqdi. O‘sha yillarda adabiyot 


25 
maydoniga kirib kelgan iqtidorli ijodkorlar asarlarida nisbatan erkin, yutuq va 
kamchiliklarni ko‘rsatib beruvchi ijodiy fikrlar paydo bo‘ldi. Xususan, A.Muxtorning 
“Ildizlar”, P.Qodirovning “Olmos kamar”, O‘.Umarbekovning “Bo‘ribosar”, 
Sh.Xolmirzayevning “Tabassum”, “Kimsasiz hovli”, M.Muhammad Do‘stning 
“Iste’fo”, T.Murodning “Oydinda yurgan odamlar” kabi asarlarida qisman bo‘lsada, 
davr mafkurasidan holi bo‘lishga, jamiyatdagi ba’zi kamchiliklarni ochib tashlashga, 
qadriyatlar qirralarini ko‘rsatishta harakat qilindi. 
H.G‘ulomning “Qoradaryo” romanida XX asr 80-yillarining o‘rtalariga kelib 
jamiyatdagi yuzaga qalqib chiqqan turli salbiy holatlarni Kampirravot darasidagi 
ulkan suv inshooti qurilishi misolida ko‘rsatib berildi. Mazkur asar o‘sha yillarda 
sovet mafkurasi bilan bog‘langan, O‘zbekiston Komnartiyasining XVI plenumidan 
so‘ng yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘liq deb tahlil etilgan bo‘lsada, lekin kishilar 
asta-sekin sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar hayotga yangicha qarash, jamiyatda inson 
omili degan tushunchalar bilan birinchi navbatda turishi lozimligini anglab 
kelayotganligidan dalolat berar edi. 
Tahlil 
etilayotgan 
yillarda 
E.Eshmuhamedov 
va 
kinodramaturg 
O.Agishevning “Dahoning yoshligi” filmi SSSR Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. 
K.Kamalovaning “Achchiq danak” filmi xalqaro kino festivalda sovrin bilan 
taqdirlandi. 
D.Sadimovning 
“Leningradliklar 
jigarbandlarim 
mening", 
A.Qobulovning “Bo‘ysunmas” R.Botirovning “Leytenant Nekrasovning xatosi”, 
M.Abzalovning “Suyunchi”, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, A.Hamroyevning “Vodillik 
kelin”, L.Fayziyevning hind kinochilari bilan hamkorlikda “Ali bobo va qirq 
qaroqchi” va “Sevgi afsonasi” kabi filmlari suratga olindi. Biroq oshkoralik yillari 
(1985) ham madaniyatni rivojlantirishdagi bu erkin harakatlarni yanada kengroq olib 
borish o‘rniga studiyaning rejasini bajarish orqasidan quvish holatlari yuqori edi. 
Masalan, SSSR Kinematografiya Davlat Komitetining O‘rta Osiyo bo‘yicha 
muharriri I.Razdorskiy va A.Medvedevlar o‘zbek xalqining boy madaniy turmushini, 
qolaversa, ichki dunyosini tushunmagan holda markaziy studiyalar qabul qilmagan 
o‘rtamiyona va bo‘sh ssenariylarni “O‘zbekfilm”ga muntazam jo‘natib turdilar. 
Natijada N.Rojkov, L.Makarov, B.Saakov, L.Galiyev, Ya.Filippov kabi bir qator 
kinodramaturglarning mahalliy xalq ma’naviyati va qadriyatlariga yot bo‘lgan oddiy 
ssenariylariga keng o‘rin berildi. 
Garchi “O‘zbekfil’m” jamoasi hozirgi kunga qadar xalq qalbidan muhim o‘rin 
olib kelayotgan “Alisher Navoiy”, “Maftuningman”, “Mahallada duv-duv gap”, 
“Nasriddin sarguzashtlari” kabi filmlarni yaratgan bo‘lsa-da, biroq bu jamoadagi 
kadrlar, asosan, markazda ta’lim olib kelganligi sababli, ular orasida o‘zbek tilini 
bilib, tushunadiganlar soni juda ozchilikni tashkil etar edi. 
1980-yillarning ikkinchi yarmiga kelib O‘zbekistonning mamlakat ijtimoiy- 
iqtisodiy hayotidagi tahlikali vaziyatda ziyolilar ham partiya ko‘rsatmalariga to‘la 
amal qilmaganlikda ayblana boshlandi. Ulardan sovet turmush tarzini ulug‘lovchi 
asarlar talab etilib, ijodiy uyushmalar faoliyati esa qattiq mafkuraviy nazorat ostiga 
olindi. Bunday yondashuv O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining 
1986-yil oktyabrda bo‘lib o‘tgan uchinchi plenumida yaqqol namoyon bo‘ldi. Unda 


26 
adabiyot, san’at va tarixni soxtalashtirish, milliy tarix va madaniyatni ilohiylashtirish 
avj olib ketganligi, tarixiy shahslarga baho berishda sinfiy yondashuv, ilmiylik, 
ob’yektivlik tamoyillariga e’tibor berilmayotganligi keskin tanqid ostiga olindi. 
Аyniqsa, voqea-hodisalarga baho berishda mafkuraviy manfaatlarning inkor 
etilayotganligiga urg‘u berildi. 
1986-yil 10-noyabrda O‘zbekiston SSR Fanlar Аkademiyasining yig‘ilishi 
bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Kompartiyasi mafkuraviy ishlar bo‘yicha kotibi 
R.H.Abdullayevaning ma’ruzasi tinglandi. R.H.Abdullayeva respublikada yuzaga 
kelgan salbiy illatlar, jumladan, qo‘shib yozish, davlatni aldash, poraxo‘rlik, kadrlarni 
tanlashdagi mahalliychilik va oshna-og‘aynigarchilik respublikaning avvalgi 
rahbariyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ekanligini ko‘rsatib, bunda 
mafkuraviy ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, ziyolilarning faoliyati partiya talablari 
asosida olib borilmaganini alohida ta’kidlab o‘tdi. 
Yig‘ilishda paxta sanoati, qo‘riq yerlarni o‘zlashtirish, respublikada yuzaga 
kelgan demografik jarayonlar, milliy munosabatlardagi muammolarni hal etishda, 
rivojlanishning o‘ziga xos bo‘lgan yo‘nalishlarida O‘zbekiston SSR FA olimlarining 
aniq taklif va mulohazalari yo‘qligiga ham urg‘u berildi. Shuningdek, O‘zbekiston 
Kompartiyasi Markaziy Komiteti kotibi tomonidan yoshlar ta’lim- tarbiyasida 
mafkuraviy jarayonlarning yetarli emasligi ko‘rsatilgani holda, Amir Temur, Bobur 
Mirzo shaxsiga berilgan ijobiy ta’riflarga o‘zgartirishlar kiritilmagani va bu o‘tmishni 
ulug‘lash holatlariga olib kelayotgani, respublika olimlari bu holatlarning oldini olish 
uchun hech qanday choralar ko‘rmagani alohida qayd etildi. 
Umuman olganda, kishilar ongini shakllantirish, milliy, diniy an’analar va 
qadriyatlarga munosabat masalasi jamiyat taraqqiyotidagi inson omili rolini belgilab 
beruvchi asosiy shartlardan biri bo‘lib kelganligi uchun sovet davlatining so‘nggi o‘n 
yilligida e’tiqodlarga munosabat masalasi juda chuqurlashib ketdi. Aynan mana shu 
yillardagi chora-tadbirlarni kishilarning ongi va turmush tarzidagi o‘tmish 
“sarqitlariga” qarshi kurashish, “reaksion” deb atalmish urf-odatlar, marosimlarga 
amal qilishga barham berish, baynalminal tarbiyani keng ko‘lamda amalga oshirish 
xalqimizning mustahkamlanib kelayotgan milliy ongiga zarba berish uchun harakat 
sifatida izohlasa bo‘ladi. Chunki xalqning ongi, e’tiqodi, turmush tarziga chuqur 
singib borayotgan diniy meros va qadriyatlarga qarshi kurash ham o‘sha yillarda olib 
borilayotgan mafkuraviy-tarbiyaviy ishlarning asosiy yo‘nalishi bo‘lib qoldi. 
SSSRdagi “qayta qurish” jarayoni avval boshdanoq siyosiy sohani qamrab 
oldi. Iqtisodiy islohotlar esa unga bo‘ysunuvchan ahamiyat kasb etdi. Oradan ko‘p 
o‘tmay, jadallashib borayotgan siyosiy jarayonlar (oshkoralik, demokratiya) bilan 
sust rivojlanayotgan iqtisodiyot o‘rtasida katta farq ko‘zga tashlana boshladi. Bu 
paytda SSSRning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston SSR ham qayta qurish girdobiga 
tortildi, uning qonuniyatlariga amal qildi. 
Qayta qurishning birinchi bosqichi (1985-1986-yillar), asosan, ma’muriy- 
tashkiliy tadbirlarning an’anaviy usullarda olib borilishi bilan xarakterlanadi. Mazkur 
bosqichda kun tartibiga qo‘yilgan vazifalardan biri ilmiy-texnika taraqqiyoti 
yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida jamiyatda tub iqtisodiy islohotlarni 


27 
jadallashtirish va uning asnosida inson omilini faollashtirishdan iborat bo‘ldi. 
Shuning uchun ham 1986-yil 1-mart kuni KPSS XXVII s’yezdining KPSS 
Markaziy Komitetining siyosiy ma’ruzasi yuzasidan qabul qilingan rezolyutsiyasida 
fan-texnika taraqqiyotini ta’minlash masalasiga katta e’tibor qaratilgan edi. 
Xullas, qayta qurishning dastlabki davrlarida asosiy e’tibor mamlakat 
iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratildi. Ammo bunday jarayonni ijtimoiy 
munosabatlarni takomillashtirmasdan amalga oshirish mumkin emasligi tezda ayon 
bo‘ldi. Shuning uchun 1986-yilda qayta qurish va ijtimoiy munosabatlar masalasiga 
alohida e’tibor qaratishga majbur bo‘lindi. Bunday siyosatning markazida esa 
jamiyatni 
demokratlashtirish, 
ma’muriy-buyruqbozlik 
va 
byurokratizmga, 
qonunsizlikka qarshi qurash turar edi. 
Bu davrda butun Sovet Ittifoqida bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham dastlab 
ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda ma’lum o‘zgarishlar yuz bera 
boshladi, kishilarning ijtimoiy faolligi oshdi, demokratiya sari ayrim qadamlar 
tashlandi, milliy o‘zlikni anglash jarayoni boshlandi. Ammo tub o‘zgarishlar va 
barcha sohalarda haqiqiy islohotlarni amalga oshirish yo‘lidagi urinishlar 
muvaffaqiyat qozonmadi. Statistik ko‘rsatkichlarda qayd etilishicha, 1986-yildan 
boshlab mamlakatning iqtisodiy ahvoli battar yomonlasha boshladi, 1987-yil 
yanvardan ishlab chiqarish sur’atlari keskin pasaya bordi, iqtisodiyotda inqirozli holat 
yuzaga keldi. Qayta qurishning birinchi bosqichi shu tarzda mag‘lubiyatga uchradi. 
Mamlakatda tub demokratik o‘zgarishlarni amalga oshirish, boshlangan 
islohotlarni oxiriga yetkazishning imkoni bo‘lmadi. Bu quyidagi uch sabab bilan 
izohlanadi: birinchidan, qayta qurishning aniq, izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab 
chiqilgan strategiya va taktikasi hamda yagona dasturi yo‘q edi. Ikkinchidan, 
kommunistik partiya rahbarlari (partokratiya) qayta qurish g‘alabasidan manfaatdor 
emas edi. Ular har qanday demokratiya va oshkoralik mavjud tuzumning kushandasi 
ekanligini yaxshi bilishardi. Uchinchidan, M.S.Gorbachyov g‘oyasi asosida qayta 
qurishni amalga oshirish mumkin emas edi. Sotsializmga xos sinfiy munosabatlar, 
davlat mulkchiligi, milliy va ijtimoiy sohadagi siyosat yakka partiyaviy rahbarlik, 
kommunistik mafkura, mustabid boshqaruv usuli hech qachon demokratiya bilan 
kelisha olmas edi. 
Ma’lumki, qayta qurish markazdan boshlandi. Mazkur jarayonning boshlanish 
paytida jamiyat a’zolari unga juda katta umid bog‘ladilar. Ro‘y berayotgan 
o‘zgarishlar, ayrim siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar kishilarda ertangi kun va 
porloq kelajakka ishonch ruhini yana uyg‘otdi. Dastlabki davrda qayta qurish 
rahnamolari, ya’ni yuqorining quyi bilan munosabatlarida ma’lum kelishuvchilik, 
xayrixohlik sezildi. 
Lekin keyinchalik vaziyat butkul o‘zgardi. 1986-1987-yillarga kelib, iqtisodiy 
inqirozning kuchayishi, ijtimoiy muammolarni hal etishdagi uquvsizlik demokratik 
jarayonlar va oshkoralikning yarim yo‘lda qolib ketishi - bularning barchasi jamiyat 
a’zolarida qayta qurishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirdi. Qayta qurishning uchinchi 
yilida uning to‘liq mag‘lub bo‘lishi aniq ko‘zga tashlanib qoldi. Amaliy ishlar, foydali 
tadbirlar o‘rniga siyosiy jabhadagi turli tadbirlar: siyosiy safsatabozlik, quruq 


28 
va’dalar, so‘z bilan ish birligining yo‘qligi jamiyatdagi loqaydlik holatini yanada 
kuchaytirdi. Ijtimoiy faollik o‘rnini sustkashlik, davlat va firqa siyosatiga 
ishonmaslik, befarqlik va sovuqqonlik egalladi. 
Qayta qurish siyosati ma’lum ma’noda oshkoralik, demokratiya va fikrlar 
xilma-xilligining kuchayishiga imkon yaratgan bo‘lsada, lekin bunday jarayonlarni 
madaniy shaklda, xalqaro andozalar asosida olib borishga yo‘l qo‘yilmadi. Buning 
ustiga respublika rahbariyati O‘zbekistonda demokratiya va oshkoralikning 
kuchayishiga turli to‘siqlar qo‘ydi. Bunga ko‘proq kommunistik mafkuraning 
yakkahokimligi, ma’muriy-buyruqbozlik tizimi asoratlari ta’sir qilar edi. Natijada 
tom ma’nodagi oshkoralikka erishib bo‘lmadi, demokratiya esa amalda navbatdagi 
siyosiy o‘yinlar ko‘rinishini oldi. Fikrlar xilma-xilligining turli ko‘rinishlari esa 
yuqorining siyosiy va g‘oyaviy masalalarda hurfikrlilik va demokratiyani ta’qib etishi 
asnosida yuz berdi. 
Ana shunday sharoitda O‘zbekistonning o‘sha paytdagi siyosiy rahbariyati 
Markaz oldida o‘zining no‘noq va noshudligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston Kompartiyasi 
Markaziy Komiteti rahbariyati Markazdan qochish, uni inkor etish siyosati o‘rniga 
ko‘proq unga yaqinlashish va mustahkam birlashish yo‘lini tanladi. 
O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotiblari 
I.Usmonxo‘jayev va R.Nishonovda qat’iy jur’at, Ittifoq doirasida respublikaning 
tutgan o‘rnini ochiq-oydin aytish uchun mardlik va iroda yetishmadi. Aksincha, bu 
rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari Markaz vazifalarini tezroq uddalash, 
respublikaning Ittifoqqa boqimanda ekanligi to‘g‘risidagi soxta fikrlarni tasdiqlash va 
takrorlashdan nariga o‘tmadilar. Ijtimoiy va ma’naviy sohada milliylikning har bir 
ko‘rinishi internatsionalizm mohiyatiga yot ekanligini isbotlashga harakat qilindi. Bu 
narsa o‘zbek tiliga munosabat, islom dini, milliy urf-odatlar, an’analar va diniy 
marosimlar, xususan, Navro‘z bayramiga munosabatda yaqqol ko‘rindi. 
Qayta qurishning ikkinchi bosqichi (1987-1990-yillar) jamiyatning barcha 
jabhalarini kompleks tarzda isloh qilishni kun tartibiga qo‘ydi. Bunday vazifa 
kommunistik mafkura tomonidan 1987-yil yanvarda yanada aniqlashtirildi. 1987- yil 
27-28-yanvarda bo‘lib o‘tgan KPSS MK Plenumida KPSS Markaziy Komitetining 
Bosh sekretari M.S.Gorbachyov “Qayta qurish va partiyaning kadrlar siyosati 
to‘g‘risida” ma’ruza qildi. Unda siyosiy islohotlarning asosiy maqsadi oshkoralik va 
kadrlar siyosatini to‘g‘ri yuritish asosida sovet jamiyatini to‘liq demokratlashtirishga 
e’tibor qaratildi. Keyinchalik M.S.Gorbachyov o‘zining qayta qurish haqidagi 
mashhur kitobida bu g‘oyalarini davom ettirdi. Biroq siyosiy tuzumni isloh qilish va 
demokratlashtirish, keng xalq ommasining siyosiy va tarixiy jarayonlarda ishtirok 
etishi Markaz uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi natijasida Moskva tomonidan 
siyosiy va iqtisodiy islohotlar boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yildi. Oqibatda 1990-yil 
qayta qurishning ikkinchi bosqichi nafaqat SSSR aholisi, balki butun dunyo umid 
ko‘zi bilan qarayotgan bu siyosat butunlay mag‘lubiyatga uchradi. Bu holat ham 
SSSR inqirozini tezlashtirdi va uning parchalanishiga olib keldi. 



Yüklə 1,94 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin