www.ziyouz.com kutubxonasi
55
ko‘zlariga uzoq vaqt tikilarkan, takrorladi: — Sizga bu yerda yordam berishadi... Gapimni
eshityapsizmi?.. Sizga bu yerda yordam berishadi... Ruhingiz yengillashadi. Bu yer tinch, hammayoq
osuda... Sizga bu yerda yordam ko‘rsatishadi...
Ivan Nikolaevich kutilmaganda esnadi, chehrasi muloyimlashdi.
— Ha, ha, — dedi u ohista.
— Ana, juda soz! — Stravinskiy o‘z odati bo‘yicha suhbatga yakun yasab, o‘rnidan turdi. — Xayr,
ko‘rishguncha! — u Ivanning qo‘lini siqdi, eshikdan chiqa turib, soqolli odamga o‘girilib dedi: —
Darvoqe, kislorodni qo‘llab ko‘ring... yana vanna ham.
Yana bir zumdan keyin Ivanning xonasida Stravinskiy ham, uning hamrohlari ham qolmagan edi.
Derazaga tutilgan to‘rning orqasida, daryoning narigi tomonida bahor libosini kiygan qarag‘ayzor
choshgoh oftobida sho‘x mavjlanar, undan beriroqda esa daryo oftobda tovlanardi.
To‘qqizinchi bob KOROVYoVNING NAYRANGLARI Moskvaning Sadovaya ko‘chasidagi marhum Berlioz yashagan 302-uy boshqarmasining raisi
Nikonor Ivanovich Bosoy chorshanbadan payshanbaga o‘tgan tundan boshlab juda sertashvish bo‘lib
qolgan edi.
Kitobxonning xabari bor, bu uyga yarim kechada Jeldibin ishtirokidagi komissiya kelib, Nikonor
Ivanovichni chaqirtirgan, unga Berliozning halok bo‘lganini xabar qilib, u bilan birga 50-kvartiraga
yo‘l olgan edi.
Ular marhumning qo‘lyozma va buyumlarini muhrlashgan paytda, kelib-ketuvchi uy xodimasi
Grunya ham, yengiltak Stepan Bogdanovich ham kvartirada yo‘q edi. Komissiya, marhumning
qo‘lyozmalarini tahlil qilish uchun o‘zi bilan olib ketajagini, uning turar joyi, ya’ni uchta xona (zargar
bevasiga qarashli sobiq kabinet, mehmonxona va yemakxona) uy boshqarmasi ixtiyoriga o‘tishini,
marhumning buyumlari esa to vorislar topilmaguncha, mazkur turar joyda saqlanishi shartligini
Nikonor Ivanovichga ma’lum qilgan edi.
Berliozning halok bo‘lgani haqidagi ovoza butun uy ahliga yashin tezligida tarqaldi, oqibat,
payshanba kuni ertalabki soat yettidanoq Bosoyga telefon qila boshlashdi, keyin esa marhumning
kvartirasiga da’vogarlik mazmunidagi arizalarni ko‘tarib kela boshlashdi. Qisqasi, Nikonor Ivanovich
atigi ikki soat mobaynida bunday arizalardan o‘ttiz ikkitasini qabul qildi.
Mazkur arizalarda yolborishlar ham, tuhmat ham, g‘iybat ham, hatto kvartirani o‘z hisobiga remont
qilib olishga va’da beruvchilaru banditlar bilan bitta kvartirada tiqilishib yashashga ortiq bardosh
qilolmasligi haqida yozilgan arizalar ham bor edi. Bu arizalar ichida 31-kvartirada chuchvara o‘g‘rilab
kamzul cho‘ntagiga soluvchilar haqida badiiy jihatdan nihoyatda barkamol bitta ariza, ikkita o‘z joniga
qasd qilmoqchi bo‘lgan va bitta xufiya homiladorligini tan olgan ariza ham bor edi.
Nikonor Ivanovichni kvartirasidan dahlizga chaqirib olishar, yengidan ushlab, bir nimalarni
qulog‘iga shipshishar, ko‘z qisishar, «xo‘p» deyaqoling, sizni xursand qilamiz, deb va’dalar berishardi.
Bu azob kunduz soat o‘n ikkidan oshgunga qadar davom etdi, keyin toqati toq bo‘lgan Nikonor
Ivanovich kvartirasini tark etib, darvoza yonidagi idoraga qochib chiqib ketdi, lekin odamlar u yerda
ham uni tinch qo‘yishmadi, shunda u idoradan ham qochib ketdi. Nikonor Ivanovich orqasidan izma-iz
kelayotgan arzgo‘ylarni bir amallab chalg‘itib, asfalt yotqizilgan hovli orqali o‘tib, oltinchi
pod’ezdning eshigiga kirib ketdi va o‘sha badnom 50-kvartira joylashgan beshinchi qavatga ko‘tarildi.
Semirib ketgan Nikonor Ivanovich kvartira eshigi oldida bir oz to‘xtab nafasini rostlagach,
qo‘ng‘iroq gugmasini bosdi, ammo hech kim eshikni ochmadi. U yana qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildi,
to‘ng‘illab so‘kina boshladi. Lekin hamon eshik ochilmasdi. Nikonor Ivanovichning ortiq sabri
chidamay, cho‘ntagidan uy boshqarmasiga tegishli bir shoda dublikat kalitlarni oldi-da, shartta eshikni