IX bob TURKISTONNING XONLIKLARGA BO‘LINIB KETISHI. UNING
SABABLARI VA OQIBATLARI
. Movaraunnahrda Shayboniylar sulolasi
hukmronligining o‘rnatilishi Ma’lumki, XV asrning oxirlariga kelib, Temuriylar
saltanati inqirozga yuz tutdi. Bu jarayon ancha avvalroq, Ulug‘bekning fojiali
o‘limidan so‘ng boshlangan edi. 12 yoshida Farg‘onada hokimiyat taxtiga o‘tirgan
Zahiriddin Muhammad Bobur Movarounnahrni birlashtirish uchun so‘nggi kurashni
boshladi1 . Bobur 1483-yil 13-fevralda Andijonda Umarshayx oilasida dunyoga
keldi. U 1497-yilda katta qo‘shin to‘plab Samarqandga yurdi. Shaharni yetti oy
qamal qilib egalladi va u yerda uch oy hukmronlik qildi. Lekin Andijonda o‘ziga
qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirish uchun orqaga qaytishga majbur bo‘ldi.
Bobur Xo‘jandga o‘rnashib, bir yarim yildan so‘ng Andijonda hokimiyatni tiklaydi
va yana Samarqand yurishiga tayyorlana boshlaydi. Ammo ahvol og‘ir edi. Bir
tomondan, Temur avlodlari o‘rtasida taxt uchun kurash avj olgan bo‘lsa, ikkinchi
tomondan, Shayboniy Muhammad Samarqand yurishiga hozirlanmoqda edi. 1499-
yilda Shayboniy Muhammad Samarqand taxtini egallab, Temuriylar saltanatiga
chek qo‘ydi. Bu davrda Bobur kichik bir guruh (240 kishi) bilan Samarqandga
otlandi. Lekin Shayboniy Boburdan oldinroq Samarqandga kiradi. Shaharni
egallagan Shayboniy talonchilik maqsadida atrof qishloqlarga chiqib ketganini
eshitgan Bobur to‘satdan hujum qilib, Samarqanddagi 8 ming kishilik qo‘shinni tor-
mor qilib, shaharni oladi. 1501-yilning bahorida Bobur Muhammad Shayboniy
qo‘shinlari bilan jang qilish uchun Samarqanddan chiqadi. Ko‘hak daryosi sohilida
bo‘lgan qattiq jang Bobur lashkarlarining mag‘lubiyati bilan tugadi. Bu esa
Shayboniyxonga Movarounnahrdagi mavqyeini yanada mustahkamlashga yordam
berdi. Og‘ir ahvolda qolgan Bobur 1504-yilda o‘z baxtini izlab Movarounnahrdan
butunlay chiqib ketishga qaror qiladi. Tajribali sipoh, dono davlat arbobi darajasiga
yetgan Bobur oilasi, yaqinlari va xizmatchi navkarlaridan 200 kishini olib
Afg‘oniston sari yo‘l oladi. Qobul shahrini egallab, u yerda qo‘shin to‘playdi.
Shayboniyxon Samarqandni olishi bilan amalda Temuriylar hokimiyati inqirozga
uchradi. 1500-1508-yillarda Shayboniyxon tinimsiz urushlar olib borib, Farg‘ona,
Xorazm, Xurosonni ishg‘ol qiladi. 1508-yilda Jom ostonalarida Temuriylarning
oxirgi qo‘shini tor-mor qilingach, ularning Movarounnahrdagi ildizi batamom
tugatildi. Kaspiydan Xitoygacha, Sirdaryo etagidan Markaziy Afg‘onistongacha
bo‘lgan ulkan mamlakat Shayboniylar mulkiga aylanib qoldi1 . 1510-yilda Marv
yaqinida Eron shohi Ismoil bilan to‘qnashuvda Shayboniyxon yengiladi va halok
bo‘ladi. Shoh Ismoil Xurosonni egallab, Boburni shimolga – Movarounnahrga
yurishga undaydi, unga qo‘shin va yordam va’da qiladi. Bobur 1512-yilda
Samarqandga yurib, uni egallaydi. Biroq xalq uni shoh Ismoilning gumashtasi deb,
qo‘llab-quvvatlamadi. Shunga qaramay, so‘nggi temuriy Bobur taxt uchun qattiq
kurashadi. Biroq 1513-yilda u Shayboniy Ubaydulla va Muhammad Temurlardan
mag‘lubiyatga uchraydi. Shu bilan Bobur va Shoh Ismoil o‘rtasidgi ittifoq barham
topadi. Bobur Qobulga qaytgach, 1525-yilda Hindistonga bostirib kiradi va Dehli
sultonini, so‘ngra rajputlar hokimi Rang Sint qo‘shinini tor-mor qiladi. Bobur bu
o‘lkada tarixda Buyuk mo‘g‘ullar nomi bilan shuhrat topgan Boburiylar saltanatiga
asos soladi. Boburiylar sulolasi Hindistonda 332 yil (1526-1858 yy.) hukmronlik
qildi2 . Shunday qilib, Amir Temur va uning avlodlari 144 yil Movarounnahrda, 37
yil Xurosonda, 332 yil Hindistonda, jami bo‘lib tarix sahifasida 513 yil o‘z
mavqyelarini saqlab turdilar. Shayboniylar Movarounnahrni 1500-1508-yillarda
bosib olgan bo‘lsada, Zahiriddin Muhammad Bobur mag‘lubiyatga (1512-1513)
uchrab, Movarounnahrdan chiqib ketganidan keyin 1515-yilda ularning bu yerda
to‘la hukmronligi o‘rnatildi. Shayboniylar sulolasi Movarounnahrda yuz yil
hukmronlik qildi. Lekin ko‘chmanchi o‘zbeklar Movarounnahrning o‘troq, ijtimoiy-
iqtisodiy va madaniy taraqqiyotda ancha ilgarilab ketgan hayotiga katta ta’sir
ko‘rsata olmadilar. Shayboniylarning davlat boshqaruvi. Shayboniylarning davlat
boshqaruvi mulk tizimiga asoslangan edi. Muhammad Shayboniy qo‘lga kiritilgan
yerlarni o‘z qarindoshlari, sultonlar va beklarga taqsimlab berdi. Ularning har biri
mulk boshqaruviga ega bo‘lib, bu yerda u mustaqil siyosat olib borishga intildi. Shu
tarzda mustaqil tarqoq yer egalari Shayboniyxonning bosqinchilik yurishlari
jarayonida birlashgan bo‘lsalar-da, bu birlashish uzoqqa cho‘zilmadi. Mulk
tizimining hukmronligi natijasida davlat yana ayrim bekliklarga bo‘linib ketdi. Bu
bekliklarning iqtisodiy, so‘ngra esa siyosiy qudrati kuchaygach, boyib ketgan
hokimlar markaziy hokimiyatdan mustaqil bo‘lishga harakat qila boshladilar. Ana
shu vaziyatda Shayboniyxon o‘z hokimiyati ostidagi sultonlar orasida markazdan
qochish kuchini kamaytirish uchun bir qator tadbirlar ko‘rdi. Masalan, u ayrim
sultonlar va amirlarni bir mulkdan ikkinchisiga ko‘chirishga harakat qildi, ammo bu
har doim ham u istagan natijani bermadi1 . Mamlakatda o‘zbek qabilalari ma’lum
darajada o‘z mustaqilliklarini saqlab qolgan bo‘lib, ularni xondan amirlik yorlig‘ini
olgan qabila boshliqlari boshqarardi. Amirlar xon saylash, majlislarda qatnashish
huquqiga ega edi. Natijada ular xon hokimiyati uchun xavfli kuchga aylana boshladi.
Shayboniy Muhammad 1510-yilda 61 yoshida fojiali halok bo‘lgach, taxtga amakisi
Ko‘chkinchixon (1510-1530), uning o‘g‘li Ahmad Said (1530-1533), so‘ng jiyani
Ubaydullaxon
(1533-1539)
o‘tirib, merosxo‘r sifatida Movarounnahrni
boshqardilar. Undan keyin Movarounnahrda qo‘sh hokimiyatchilik o‘rnatildi.
Buxoroda Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon(1540-1550), Samarqandda jiyani
Abdullatifxon (1540-1551) hukmdorlik qildilar. Ularning o‘limidan so‘ng yana
hokimiyat uchun kurash qizib ketdi. Shayboniylarning Movarounnahrda yuz yillik
hukmronligi davrida o‘tgan 8 ta xondan uchtasi – Shayboniy Muhammad,
Ubaydullaxon va Abdullaxon (1557-1598)largina shijoatli harbiy hukmdorlar edi.
Aynan shu hukmdorlar davrida davlatning yaxlitligi saqlandi. Mamlakatning
iqtisodiy ahvoli mustahkamlandi, siyosiy barqarorlik ta’minlandi, islohotlar amalga
oshirildi, qurilishlar olib borildi. Shayboniylar davlati Ubaydullaxon davrida (1533-
1539) birmuncha kuchaydi. Davlat poytaxti 1533-yilda Samarqanddan Buxoroga
ko‘chirildi. Ubaydullaxon vafotidan so‘ng Shayboniy sultonlar va mahalliy
hokimlar o‘rtasida hokimiyat uchun kurash kuchayib, xonlik yerlari mayda
bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Buxoroda Ubaydullaxonning o‘g‘li Abdulazizxon,
Samarqandda Ko‘chkinchixonning o‘g‘li Abdullatif, Balx va Badaxshonda
Pirmuhammadxon, Toshkent va Turkistonda Navro‘z Ahmadxon (Baroqxon),
Karmana va Miyonkolda Iskandarxon va boshqa kichik hukmdorlar mustaqil bo‘lib
oldilar. 1551-1556-yillarda Movarounnahr uchun Shayboniylar o‘rtasidagi
kurashda Iskandar Sultonning o‘g‘li Abdullaxon g‘olib chiqdi. U Shayboniy
hukmdorlar orasida eng nufuzli hukmdor bo‘lgan. 1557-yilda Buxoro shahri uzil-
kesil davlat poytaxti bo‘lib qoldi. Abdullaxon II hukmronligi davrida (1557-1598)
Movarounnahrda tarqoq hokimliklarga barham berilib, markazlashgan davlat va
kuchli qo‘shin tashkil etildi. Xonlik chegarasi Qashqardan Orol va Kaspiy dengizlari
sohillarigacha, Turkiston va Sayramdan Xurosonning sharqiy qismigacha bo‘lgan
yerlarni qamrab oldi. Biroq Abdullaxon vafotidan keyin mamlakatda taxt uchun
kurash yana avj oldi. 1598-yilda Abdullaxon vafotidan so‘ng taxtga o‘g‘li
Abdulmo‘min o‘tirdi. Ammo olti oy o‘tgach, u dushmanlari tomonidan o‘ldirildi.
Abdulmo‘mindan so‘ng taxtga Abdullaxonning qarindoshi Jonibekning o‘g‘li
shahzoda Pirmuhammad o‘tirdi. Uning ham hukmronligi uzoqqa bormay, 1607-yili
taxtdan ag‘darildi. Shunday qilib, qariyb 100 yil hukm surgan Shayboniylar sulolasi
barham topdi. Ashtarxoniylar davlati XVI asr oxiri–XVII asr boshlarida
Movarounnahr hududida Shayboniylar o‘rniga yangi o‘zbek sulolasi–
Ashtarxoniylar hokimiyat tepasiga keladi1 . Oltin O‘rda (Jo‘chi ulusi) zaiflashib, bir
qancha mayda xonliklarga bo‘linib ketadi. Natijada XV asrning 30-yillarida Volga
bo‘yidagi yerlarda «Astarxan» xonligi yuzaga keldi. «Astarxan» Ashtarxonning
ruslashganidir. «Ashtarxon» esa asli «Xoji Tarxon» so‘zidan kelib chiqqan. Tarxon
turkiy xalqlar hayotida mavjud siyosiy unvonlardan bo‘lib, mashhur Xazar
xoqonligi (VII-X asrlar) davridanoq ma’lum . 1556-yilda Ashtarxon Rossiya
tomonidan bosib olingandan so‘ng, Ashtarxon Yormuhammadxon farzandlari bilan
Shayboniylar huzuridan panoh topgan. Shu tariqa Ashtarxoniylar Movarounnahrga
kelib qolgan. 1599-yilda shayboniy Abdulmo‘min vafot etganidan so‘ng,
shayboniylar orasida taxt vorisi qolmaydi. Shayboniylar davlatining nufuzli amirlari
kelishib, Ashtarxoniylardan bo‘lmish Jonibek sultonni xon taxtiga taklif qiladilar. U
rozi bo‘lmagach, Jonibekning katta o‘g‘li Dinmuhammad taklif qilinadi. Ammo u
Obivordan Buxoroga qaytib kelayotganda halok bo‘ladi. Buning natijasida oliy
taxtga uning ukasi Boqimuhammad o‘tiradi. Jonibekning uchinchi o‘g‘li
Valimuhammad Balxga noib qilib jo‘natiladi. Shunday qilib, o‘lkada
Ashtarxoniylar, ya’ni ashtarxonliklar (boshqa nomi joniylar) sulolasining bir yarim
asrlik faoliyati boshlanadi. Ashtarxoniylar ham mamlakatda davom etgan o‘zaro
feodal urushlar va boshlangan inqirozga chek qo‘ya olmadilar. Bu esa
Movarounnahrda markaziy hokimiyat mavqyeining tushib ketishiga olib keldi,
mamlakat aholisi va iqtisodining ahvoliga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. 1599-yilda
ashtarxoniy Boqimuhammad taxtga o‘tiradi. Shu davrda Ashtarxoniylar oldida
turgan eng muhim vazifalardan biri – markaziy hokimiyatni mustahkamlash,
mamlakatning siyosiy yaxlitligini ta’minlash edi. Marv, Xorazm, Balx yerlarida
siyosiy parokandalik kuchaygan edi. Boqimuhammadxon o‘z hukmronlik yillari
Xorazm, Balx, Shibirg‘on, Maymana, Bag‘lon, Badaxshon, Hisor yerlariga yurishlar
uyushtiradi1 . Shu orada 1605-yil Boqimuhammadxon vafot etadi. 1605-1611-
yillarda
ashtarxoniylardan
Valimuhammad
hukmronlik
qildi.
1606-yili
Valimuhammad Balxga yurish uyushtiradi. Keyinchalik xon Eron safaviylari bilan
yaxshi diplomatik munosabatlar o‘rnatadi. Valimuhammadning no‘noq siyosati
natijasida, Xurosonda Eron safaviylarining mavqyei oshib boradi. Bu esa yirik
o‘zbek amirlarining norozligiga sabab bo‘ladi. Natijada amirlar bilan xon o‘rtasida
ixtilof kuchayib, Samarqand hokimi Imomqulixon 1608-yili Buxoro taxtiga
o‘tqaziladi. Valimuhammadxon 1611-yili Samarqand atrofida Imomqulixon bilan
navbatdagi to‘qnashuvda halok bo‘ladi. Imomqulixon (1611-1642) davlatni o‘ttiz
yildan ko‘proq boshqargan. Shuning o‘ziyoq Imomqulixon Ashtarxoniylar orasida
eng nufuzli hukmdorlardan biri bo‘lganidan dalolat beradi. Imomqulixon
Movarounnahr chegaralariga xavf solib turgan ko‘chmanchi qalmiq va qozoq
xonlariga qarshi tinimsiz kurash olib bordi. 1613-yili Imomqulixon qozoqlarni tor-
mor qildi va Toshkentni egallab, u yerda o‘z o‘g‘li Iskandarni noib qilib qoldirdi.
Lekin Imomqulixon ketishi bilan shahar aholisi qo‘zg‘olon ko‘tarib, Iskandarni
o‘ldirdi. Buning natijasida Imomqulixon qo‘zg‘olonni bostirishga majbur bo‘ladi va
shahar aholisi qirg‘in qilinadi. Tinimsiz olib borilgan urushlar xon hokimiyatining
bir qadar mustahkamlanishiga olib keldi. Lekin bu muvaffaqiyatlarga qaramay,
feodal yer egaligining rivojlanishi va o‘zbek qabilalari zodagonlarining qo‘lida yirik
mulklarning to‘planishi ba’zi yirik qabilalarning siyosiy nufuzini oshirib yubordi.
Shuning uchun ham o‘z hukmronligi yillarida Imomqulixon bir qancha yirik qabila
feodal-zodagonlariga qarshi kurash olib borishga majbur bo‘lgan. Hukmronligining
so‘nggi yillarida ko‘zi ojizlashgan Imomqulixon taxtni ukasi Nodir
Muhammadxonga topshirgan. Nodir Muhammadxon (1642-1645) davrida
mamlakatda ichki nizolar va o‘zaro kurash yanada avjiga chiqqan. Chekka viloyatlar
Toshkent, Xo‘jand, Turkiston va boshqalar markaziy hokimiyatga bo‘ysunmay
qo‘ygan. Hukmronligining dastlabki yillarida Nodir Muhammadxon mulk taqsimoti
o‘tkazib, o‘zining farzandlariga mamlakatning asosiy viloyatlarini mulk sifatida
bo‘lib bergan1 . Nodir Muhammadxon tomonidan amalga oshirilgan mulk taqsimoti
markaziy hokimiyat mavqyeini juda ham zaiflashtirib yuborgan. Chekka o‘lkalar
Buxoro bilan deyarli hisoblashmay qo‘ygan. Nodir Muhammadxon mamlakat
ichkarisida yirik amirlarning qarshiligiga duch kelgan. Bu esa 1645-yilda Nodir
Muhammadxonning o‘g‘li Abdulaziz sultonning yangi xon deb e’lon qilinishiga olib
kelgan. Vaholanki, bu vaqtda Buxoroda Nodir Muhammadxon hukmronlik qilardi.
Bu hol mamlakatda markaziy hokimiyat va Ashtarxoniylarning mavqyei ancha
tushib ketganligidan dalolat beradi. Bu esa o‘z navbatida, davlat asoslarini
zaiflashtirib yuborgan. Abdulazizxon o‘z hukmronligi yillarida (1645-1680-yillar)
Balxni Buxoroga bo‘ysundirishga bir necha bor urinib ko‘rgan. 1651 yilda Balx
taxtiga Abdulazizxonning ukasi Subhonqulixon sulton o‘tiradi. Kuchli oliy
hokimiyatning yo‘qligi va davlatdagi parokandalikdan foydalangan Xiva xonlari
mamlakat ichkarisiga tez-tez bostirib kira boshlaydilar. Xiva xoni Abdulg‘ozixon
(1645-1663 yy.) 1655-yilda Movarounnahrga ikki marta bostirib kiradi. Xiva
lashkarlarining mamlakat ichkarisiga hujumlari keyingi yillarda ham davom etib
turdi. Xiva bilan uzoq davom etgan urushlar mamlakatdagi ahvolni og‘irlashtiradi
va ichki ziddiyatlarning kuchayishiga sabab bo‘ladi. 1680-yilda Abdulazizxon taxtni
ukasi va valiahd Subhonquli sultonga topshiradi. Subhonqulixon (1680-1702-yillar)
Buxoro xonligini uzoq yillar boshqargan2 . Subhonqulixon hukmronligi yillarida
ham Balx viloyati uchun kurash davom etgan. Amalda Balx hokimlari Buxoro
hokimiyatini rasman bo‘lsa ham tan olmaganlar. Yirik qabila zodagonlarining
nufuzi oshib borib, 1688-1697-yillar davomida Balxda yirik amir Mahmudbiy
hukmronlik qilgan. Bu davrda Buxoro xonligining Xiva bilan munosabatlari ham
mushkul edi. Subhonqulixon hukmronligi davrida Xiva lashkarlari bir necha bor
mamlakat ichkarisiga bostirib kirganlar. Masalan, Xiva xoni Anushaxon (1664-
1687-yillar) mamlakatga bir necha marta yurish uyushtirib, 1684 yili hatto
Samarqandni bir yil davomida ushlab turishga muvaffaq bo‘lgan1 . 1697 yilda Xiva
xoni Ereng yana Movarounnahr ichkarisiga yurish qiladi. Shundan keyin
Subhonqulixon uni bartaraf qilish bilan birga Xivaga o‘z noibini tayinlaydi. Shu
tariqa Xivada yana Buxoro hukmronligi o‘rnatiladi. Xivaga qarshi kurashda
ko‘rsatgan xizmatlari uchun qatag‘on qabilasidan bo‘lgan otaliq Mahmudbiy Balx
noibi qilib tayinlanadi. Lekin Mahmudbiy Buxoroga butunlay bo‘ysunmay qo‘yadi.
Bu esa boshqa beklar, qabilalar, feodal guruhlarning noroziligiga sabab bo‘ladi.
Natijada o‘zaro feodal urushlar va qabilaviy nizolar yanada kuchayib ketadi.
Mamlakatdagi ichki ziddiyatlar keyingi hukmdor Ubaydullaxon (1702-1711-yillar)
davrida avj oladi. Bu davrga kelib, eng asosiy viloyatlarda Ashtarxoniylar emas,
balki o‘zbek zodagonlariga mansub ayrim amirlar hukmronlik qilar edi. Masalan,
Samarqand, Shahrisabz, Qarshi, O‘ratepa, Hisor, Balx va boshqalar. Ubaydullaxon
hukmronligi yillarida markaziy hokimiyatni kuchaytirish uchun harakat qildi. U
amalda mustaqil bo‘lgan zodagonlar va qabilalarga qarshi tinimsiz urushlar olib
bordi. Bu urushlar natijasida xo‘jalik inqirozi yanada kuchaydi. Ubaydullaxon
amalga oshirgan pul islohoti ham natija bermadi. 1711-yilda Ubaydullaxonning o‘zi
ham fitna qurboni bo‘ldi. Ashtarxoniylardan bo‘lgan so‘nggi hukmdorlar davriga
kelib (Abulfayzxon, Abdulmo‘min, Ubaydullaxon), «Buxoro xonligi markaziy
hokimiyati amalda mustaqil bo‘lgan mulklar yig‘indisidan iborat bo‘lib qolgan edi»
. Hokimiyat amalda Abulfayzxon hukmronligi davrida avval Jovshan qalmiq, u
o‘ldirilgandan keyin esa oliy qushbegi Abdullabey xoja, keyin esa Muhammad
Hakimbiy otaliq qo‘lida mujassamlashgan edi. Davlatdagi bunday holat ko‘pchilik
amirlar va qabila zodagonlarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Abulfayzxonga qarshi
fitna uyushtirilgan, lekin fitna fosh bo‘lib, tashkilotchilari qattiq jazolangan. Bundan
tashqari, 1722-yilda Rajab sultonning Samarqandda xon deb e’lon qilinishi ahvolni
yanada mushkullashtirdi. Bu davrda mamlakat ichkarisiga, ayniqsa, Zarafshon
vodiysiga ko‘chmanchi yarim ko‘chmanchi qabilalarning (qozoqlar) ko‘chib kelishi
kuchaydi. Natijada ekin maydonlari hamda tomorqalar payhon qilinib, xo‘jalikka
katta zarar yetdi. Bu davrda Balx, Badaxshon ham Buxorodan mustaqil mulklarga
aylandi. Markaziy Osiyoda xonliklarning vujudga kelishi Buxoro amirligi. Buxoro
xonligidagi og‘ir siyosiy va iqtisodiy vaziyatdan Eron shohi Nodirshoh (1736-1747-
yillar) ustalik bilan foydalandi. 1740-yilda Nodirshoh Buxoro xonligiga qarshi
yurish boshlab, Ashtarxoniylarga zarba beradi. Mamlakatda Abulfayzxon
nomigagina xon bo‘lib, amalda esa butun hokimiyat otaliq Muhammad Hakimbiy,
1743- yilda uning vafotidan keyin Muhammad Rahim qo‘lida mujassamlashadi. Eng
yaxshi lavozimlarga otaliqning qarindoshlari tayinlanadi. Amalda Buxoro xonligi
Eronga qaram davlatga aylanib qoldi. 1747-yilda Nodirshoh fitna natijasida
o‘ldirildi. Natijada Buxoro xonligida butun hokimiyat Muhammad Rahim qo‘lida
mujassamlashdi. Muhammad Rahim hokimiyat tepasiga kelgach, 1753-yilda
Buxoroda mang‘itlar sulolasiga asos soldi. Muhammad Rahim Chingizxon avlodiga
mansub emas edi, shuning uchun u amir unvonini oldi, bu davrdagi davlat Buxoro
amirligi deb atala boshlandi. Shu tariqa 1599-yildan 1753-yilgacha davom etgan
Ashtarxoniylar hukmronligi barham topdi. Muhammad Rahim hukmronligi davrida
(1753-1758) Buxoro amirligiga qarashli yerlar ancha qisqargan edi. Uning tarkibiga
Buxoro, Samarqand, Miyonkol, Karmana, Qarshi, Fuzor, Karki, Chorjo‘y,
Shahrisabz viloyatlari kirib, Toshkent va Farg‘ona viloyatlari xonlik tasarrufidan
chiqib ketgan edi. Doniyolbiy otaliq hukmronligi davrida (1758-1785) ham o‘zaro
urushlar davom etdi. Karmana, O‘ratepa, Nurota, Sherobod, Boysun va boshqa
joylarda mahalliy kuchlar bosh ko‘tarib, markazga bo‘ysunmay qo‘ydilar. Amir
Shohmurod hukmronligi davrida (1785-1800) Doniyolbiy joriy etgan soliqlardan bir
qanchasi bekor qilindi, iqtisodiy hayot birmuncha yaxshilandi. Ruhoniylarning
mavqyei oshib bordi. Bu davrda Buxoro amirlari markaziy hokimiyatni
mustahkamlashga qanchalik urinmasin, viloyat hokimlarining mustaqillikka intilishi
davom etaverdi. Amir Haydar davrida (1800-1826) ham ichki va tashqi urushlar
davom etib turdi. Ayniqsa, O‘ratepa bir necha marta qo‘ldan-qo‘lga o‘tib turdi. XIX
asrning birinchi choragida Buxoro bilan Xiva va Qo‘qon xonliklari o‘rtasida
Markaziy Osiyoda ustunlikka erishish uchun o‘zaro urushlar bo‘ldi. Toshkent,
Turkiston, Chimkent va ularning atrofi Qo‘qon xonligi tarkibiga qo‘shildi. 1825-
yilda Xiva xoni Olloqulixon (1825-1864) Buxoroga qarashli Marvni egalladi.
Tinimsiz urushlar, soliqlar miqdorining ortib borishi qo‘zg‘olonlarga, jumladan
1821-1825-yillarda Buxoro va Samarqand oralig‘ida istiqomat qiluvchi xitoy-
qipchoq qabilalari qo‘zg‘oloniga sabab bo‘ldi1 . 1826-yilda Amir Haydar vafot
etgach, birin-ketin uning ikki o‘g‘li Husayn va Umar o‘ldirildi. Taxtga uning
uchinchi o‘g‘li, shafqatsizligi uchun «qassob amir» laqabini olgan Nasrullaxon
o‘tirdi. U hokimiyatni mustahkamlash uchun o‘ta shafqatsizlik bilan kurash olib
bordi. U taxtga da’vogar bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha qarindoshlarini ham
ayamay o‘ldirtirib yubordi. O‘zini Buxoro amirligidan mustaqil deb e’lon qilgan
Shahrisabz bekligiga 20 yil davomida 32 bor yurish qildi. Janubda Marv uchun Xiva
xonlari bilan uzoq urush olib bordi. Amir Nasrullo 1839, 1841 va 1858-yillarda
Qo‘qon xonligiga uch marta yurish qiladi. Aholi qirg‘in qilinib, boyliklar talanadi.
Hatto mashhur o‘zbek shoirasi Nodirabegim (Mohlaroyim) ham amir buyrug‘i bilan
o‘ldiriladi. Amir Nasrullo davrida Buxoro Rossiya bilan Angliya o‘rtasida Markaziy
Osiyoda boshlangan raqobatchilik kurashi maydoniga aylanib qoldi. Xiva xonligi.
XVI-XVIII asrlardagi Markaziy Osiyo siyosiy xaritasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak,
bu davrda Buxoro davlatidan mustaqil ravishda Xiva xonligi mavjud edi1 . Xiva
xonligi Muhammad Shayboniyxonning XVI asr boshlarida Xorazmga yurishi
natijasida tashkil topgan edi. 1511-yilda Shayboniylar xonadoniga mansub
bo‘lmagan Dashti Qipchoq ko‘chmanchilari tub aholining yordami bilan
eronliklarga zarba berib, Xorazm mustaqilligini tikladilar. Elbars Xiva xoni deb
e’lon qilindi. Elbarsxon boshqargan Xorazm XVI asrning 20 – 30-yillarida o‘z
yerlarini Turkmanistonning janubi, Eronning shimoliy Saraxs tumani, Orol bo‘ylari
va Mang‘ishloqqacha kengaytirdi. Buxoro hukmdorlaridan Xivani bo‘ysundirish
uchun 1536-yilda Ubaydullaxon, 1575-yilda Abdullaxon harakat qildi, lekin
bo‘ysundira olmadi. Abdullaxon vafotidan (1598) so‘ng Xiva xonligi uzil-kesil
mustaqil bo‘ldi. XVI-XVIII asrlarda Xiva xonligida feodal tarqoqlik hukm surdi.
Har bir shahzoda o‘z mulkida mustaqil boshqaruvga ega edi. Arab Muhammad
(1602-1623), Asfandiyor (1623-1643) davrida bunday holat yanada kuchaydi.
Xonlik hududiga qozoqlar, Ural kazaklari, qalmiqlar va Buxoro lashkarlari bir necha
bor bostirib kirdilar. Abulg‘ozi Bahodirxon (1643- 1663) va uning o‘g‘li Anusha
davrida (1663-1687) ham xonlikda vaziyat og‘irligicha qolaverdi. Ayniqsa,
Shohniyoz (1688-1702) va undan keyin hukmronlik qilgan Arab Muhammadxon II
(1702-1714) davrida sultonlar o‘rtasida taxt uchun kurash to‘xtamadi. 1715 yilda
Xiva xonligi taxtiga Sherg‘ozi o‘tirdi. Feodal mojarolar natijasida davlatning ichki
ahvoli yomonlashib bordi. Bu davrda qo‘shni davlatlarning Xiva xonligi ichki
ishlariga aralashuvi kuchaydi. Pyotr I Xiva xonligini bosib olish maqsadida 1715-
1717-yillarda Bekovich-Cherkasskiy boshchiligida katta ekspeditsiya yubordi.
Lekin Xiva lashkarlari ustalik bilan harakat qilib, rus qo‘shinlarini mag‘lubiyatga
uchratdi. Shundan keyin ham qo‘shni davlatlarning Xiva xonligi ichki ishlariga
aralashuvi davom etaverdi. 1728-yili Sherg‘ozixon o‘ldiriladi va Xivaning nufuzli
ayonlari taklifiga binoan yuqorida ta’kidlanganidek, taxtga qozoq sultonlaridan biri
Elbars (1728-1740) o‘tiradi. Elbarsxon II davrida Xuroson, Afg‘oniston va
Hindistonga harbiy yurishlar qilindi. Shu davrda Eron hukmdori Nodirshoh Xivaga
qarshi urush boshladi. Elbarsxon II o‘ldirilib, Xiva xonligi Eronga bo‘ysundirildi.
Bir yildan so‘ng, 1741-yilda Xivada Eronga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilib, xonlikning
mustaqilligi tiklandi. 1747-yilda qozoq sultonlaridan biri Qoyim (Kaip, 1747-1757)
xon deb e’lon qilindi. 1763-yilga kelib, Xiva xonligida yangi sulola – qo‘ng‘irot
qabilasi vakillarining hukmronligi boshlandi. Muhammad Amin inoq (1763-1790)
1770-yilda turkmanlarning, 1782-yilda buxoroliklarning hujumlarini daf etdi. 1804-
yilda Xivada qo‘ng‘irotlar sulolasi amalda emas, rasmiy ravishda hukmron bo‘lib
oldi. Eltuzarxon (1804-1806) va uning ukasi Muhammad Rahimxon I (1806-1825)
hukmronligi davrida Xiva xonligining nufuzi oshdi, uning birlashish jarayoni
tugallandi. 1811 yilda Orol bo‘ylari, ko‘p o‘tmay qoraqalpoqlar, 1822-yilda Marv
va uning atrofidagi turkmanlar bo‘ysundirildi. Muhammad Rahimxon I davlatni
boshqarish uchun devon (vazirlik) tashkil qildi, soliq tizimini isloh qilib, bojxona va
zarbxona tashkil etdi, oltin va kumush tangalar chiqardi. Uning o‘g‘li Olloqulixon
(1825-1842) davrida xonlik yerlari Sirdaryoning Orolga quyilishi joyidan
Turkmanistonning Kushkagacha bo‘lgan hududlarigacha kengaydi. Natijada Eron
bilan munosabatlar yomonlashdi. Undan keyingi xonlar, ayniqsa, Muhammad
Aminxon (1845-1855) va Sayyid Muhammadxon (1855- 1864)lar turkmanlarga
qarshi va Xurosonni egallash maqsadida bir necha marta yurishlar qildilar. Xiva
taxtida eng ko‘p o‘tirgan hukmdorlardan biri Muhammad Rahimxon II (1864-1910)
bo‘lib, uning davrida Xiva xonligi Rossiya imperiyasiga qaram bo‘lib qoldi. Qo‘qon
xonligi. XVIII asr boshlarida Buxoro xonligida ro‘y bergan siyosiy va iqtisodiy
tushkunlik natijasida markaziy hokimiyat zaiflashib bordi. Xonlik tasarrufiga
kiritilgan yerlarda, ayniqsa, Farg‘onada mustaqillikka intilish kuchayib ketdi.
Natijada Farg‘ona alohida o‘lka bo‘lib, xonlikdan ajralib chiqdi1 . Xon avlodlari
o‘rtasidagi kurash natijasida hokimiyat o‘zbeklarning Ming urug‘idan chiqqan
Erdanabiy qo‘liga o‘tadi. Ko‘p o‘tmay, Shohruhbiy hokimiyatni qo‘lga olib, 1710-
yilda Qo‘qon xonligiga asos soldi. Qisqa vaqt ichida Farg‘onadan tashqari, xonlik
hududiga Sirdaryo havzasi, Yettisuvning bir qismi qo‘shib olindi. Abdurahimbiy
(1721-1733) 1732-yilda davlat poytaxtini Tepaqo‘rg‘on qal’asidan hozirgi Qo‘qon
shahri o‘rniga ko‘chirdi. Abdurahimbiy davrida xonlik yerlari kengayib, Farg‘onada
kuchli davlat vujudga keldi. XVIII asrning ikkinchi yarmida Erdonabiy (1751-1762)
va Norbo‘tabiylar (1763-1798) hukmronligi davrida Farg‘onani birlashtirish
yakunlandi. Bir necha marta Qo‘qon hukmdori Norbo‘tabiy Toshkentga qarashli
yerlarni bo‘ysundirishga harakat qildi. Norbo‘tabiyning o‘g‘li va vorisi Olimxon
(1798-1809) davrida xonlik yerlari kengayib, xonlikning siyosiy va iqtisodiy
mavqyei o‘sdi. Xonlikda harbiy islohot o‘tkazildi. Ohangaron, Toshkent, Chimkent
va Turkiston viloyatlari xonlikka qo‘shib olindi. 1805-yildan Farg‘ona davlati
rasman Qo‘qon xonligi deb e’lon qilindi2 va Olimbek o‘ziga xon unvonini oldi.
1809-yilda xonlik taxtiga Umarxon (1809-1822) o‘tirdi. Umarxon hukmronligi
davrida bo‘ysunmay qo‘ygan Turkiston, Chimkent, Sayram va Avliyoota egallandi.
Jizzax, O‘ratepa va boshqa joylar uchun Qo‘qon xonlari Buxoro amirligi bilan
beto‘xtov urushlar olib bordi. Muhammad Alixon (1822-1842) Sharqiy Turkiston
bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarni kuchaytirishga harakat qildi. Xonlik
chegaralarini kengaytirib Qorategin, Ko‘lob, Hisor, Badaxshon, Darvoz va Matcho
viloyatlarini bosib oldi. Chegaralarni mustahkamlash maqsadida Pishpak, To‘qmoq,
Kushka, Avliyoota va boshqa harbiy istehkomlar qurildi. Muhammad Alixon
boshqaruvining so‘nggi yillarida Qo‘qonda xon hokimiyatiga qarshi Nasrulloxon
1839 va 1841-1842-yillarda Qo‘qon xonligiga bostirib kirib, Toshkent, Xo‘jand,
O‘ratepa va boshqa joylarni egallab oldi. 1842-yilda Qo‘qonga hujum qilib
Muhammad Alixon, Mohlaroyim (Nodirabegim) va xon oilasidagi barcha odamlarni
qatl ettirdi. Qo‘qonga Buxoro tarafidan noib tayinlandi, lekin ko‘p o‘tmay
qo‘qonliklar qo‘zg‘olon ko‘tarib, buxoroliklar hukmronligini ag‘darib tashladi.
1842- yilda Olimxonning jiyani Sherali xon qilib ko‘tarildi. Bu vaqtga kelib, ko‘ldan
chiqib ketgan Toshkent yerlari, Qurama, Xo‘jand va boshqa viloyatlar qaytadan
xonlik tasarrufiga kiritildi. Bu davrda Farg‘onada qipchoqlar qo‘zg‘olon ko‘tarib,
Qo‘qonni egalladilar va Musulmonqul bosh qo‘mondon qilib tayinlandi.
Sheralixonning siyosatidan norozi o‘zbek beklari uni o‘ldirdilar, xon taxtiga
Olimxonning o‘g‘li Murodxon qo‘yildi. Sheralixondan keyin xonlikda taxt uchun
kurash avjiga mindi. Yosh hukmdor Murodxon ham o‘ldirilib, uning o‘rniga taxtga
Musulmonqul qipchoq tomonidan Sheralixonning o‘g‘li Xudoyorxon o‘tqazildi.
Xudoyorxon uch marotaba taxtga o‘tirdi1 . Birinchi marta (1845-1858) nomigagina
xon bo‘lib, hokimiyatni qaynotasi Musulmonqul boshqardi. Xudoyorxon ikkinchi
marta 1862-1863-yillarda, uchinchi marta 1865-1875- yillarda xonlik qildi.
Xudoyorxon hukmronligi davrida tinimsiz ichki nizolar, Buxoro amirligi bilan olib
borilgan urushlar, xalq g‘alayonlari Qo‘qon xonligini inqirozga olib keldi. Shunday
qilib, Rossiya istilosi arafasida Markaziy Osiyoning uchta o‘zbek xonligi o‘rtasidagi
feodal urushlar, etnik nizolar, taxt talashishilar, Rossiya imperiyasi tomonidan bu
uchala mustaqil o‘zbek davlatlarini bosib olib, mustamlakaga aylantirishga qulay
imkoniyat yaratdi. Turkistonning xonliklarga bo‘linib ketishining oqibatlari XVI-
XVIII asrlarda Movarounnahrda yagona markazlashgan davlat o‘rnida uchta o‘zbek
xonliklari tashkil topdi. Bu xonliklar o‘zaro urushlar, feodal bo‘linishlarga barham
bera olmadi. Hanuz ko‘plab mayda feodal o‘lkalar mavjud bo‘lib, Xiva xonligining
shimoliy qismi, Orol bo‘yi, Shahrisabz, Jizzax, O‘ratepa oralig‘i va boshqa
hududlarda mustaqil o‘zbek, qozoq, qoraqalpoq qabilalari ko‘chib yurardi. Bu
davlatlarda yashovchi 92 ta o‘zbek qabilalarining har biri o‘z yaylov va dalalari,
qabila boshlig‘i qarorgohi joylashgan manzilgohlari bo‘lgan muayyan hududlarga
ega edi. Qabilalarning ishlab chiqarish usuli ko‘chmanchi va yarim
ko‘chmanchilikka asoslangan bo‘lib, urug‘-qabila tuzumiga xos xususiyatlar
saqlanib qolgan edi. Bu xususiyatlar an’anaviy madaniy-maishiy turmush tarzi,
o‘zini etnik anglash, urf-odatlar va an’analar, xalqning tili, dini, milliy qadriyatlari
umumiyligiga qaramay, ularni yagona millat bo‘lib birlashishiga xalaqit berar edi.
Har bir hukmdor, xon yoki amir faqat o‘zini o‘ylab, xalq, davlat, millat, vatan
taqdiriga qayg‘urmadi. XVI-XIX asrlarda o‘zbek xonliklari ilg‘or Yevropa
mamlakatlaridan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnik va ma’naviy-madaniy
sohalarda ancha orqada qolib ketdi. Bunday ahvol yuz berishiga bir qancha tashqi
va ichki omillar sabab bo‘ldi XV asrning oxiri – XVI asrlardagi buyuk geografik
kashfiyotlar natijasida XVII-XVIII asrlarga kelib dunyo savdo yo‘llari
yo‘nalishining o‘zgarishi Markaziy Osiyoda xalqaro savdo aloqalarining asta-sekin
so‘nishiga sabab bo‘ldi. Bu Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va siyosiy hayotidagi
turg‘unlikning eng asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. Aksariyat Yevropa
mamlakatlarida inqiloblar bo‘lib o‘tdi va davlatni demokratik uslublarda qonun
asosida boshqarish amalda joriy qilina boshlandi. XX asrning 20-yillarigacha
Markaziy Osiyo xonliklarida davlatni idora qilish patriarxal-ko‘chmanchi urf-
odatlariga asoslangan xolda edi. Bu hol Markaziy Osiyo xonliklarda faqat
hukmdorning xohish-irodasi bilan bog‘liq mutlaq hokimiyat(cheklanmagan
monarxiya) boshqaruv usulining saqlanib qolishiga olib keldi. XVII-XVIII asrlarga
kelib, Farbiy Yevropa mamlakatlarida yangi burjuaziya sinfi va yangi kapitalistik
iqtisodiy munosabatlar shakllana boshladi. Farbiy Yevropaning bir qator davlatlari
(Angliya, Gollandiya, Fransiya va boshqalar) mustamlakalarni shafqatsiz talash va
boyliklarni tashib ketish hisobiga dastlabki kapital jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldilar.
Bu esa ularga birinchi jamg‘arma hisobiga iqtisodni rivojlantirishga, ilm-fan va
texnika taraqqiyoti uchun poydevor bo‘ldi. Aksariyat Yevropa mamlakatlarida
sanoat inqiloblari natijasida yirik yangi texnologiyalarga asoslangan korxonalar
faoliyat ko‘rsata boshladi, temir yo‘llar, yangi aloqa vositalari, kommunikatsiyalari
vujudga keldi, zamonaviy qurol-yarog‘lar, mashinalar, texnika uskunalari yaratildi.
Ayni shu paytda xonliklarda patriarxal ishlab chiqarish bo‘lib, sarmoyadorlik haqida
so‘z ham bo‘lishi mumkin emas edi. Savdo-sotiq, tovar-pul munosabatlari
shakllanmadi. Shu bilan birga yarim patriarxal, yarim natural xo‘jalik yuritish, ya’ni
yarim patriarxal munosabatlar taraqqiyotni susaytirib qo‘ydi. Ma’lumki, yerga
bo‘lgan mulkchilik shakllari ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantiruvchi asosiy
omil bo‘lib hisoblanadi. Yevropa mamlakatlarida yerga egalik qilishning xususiy
mulk shakli qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti va dastlabki kapital jamg‘arishning kuchli
bir vositalaridan bo‘ldi. Markaziy Osiyo davlatlari esa yerga nisbatan xususiy
mulkchilik cheklangan holda rivojlandi. Biz o‘rganayotgan davrda yerga bo‘lgan
mulkchilikning turli shakllari vujudga kelgan bo‘lsa-da (xon va amirlarning davlat
mulki, yirik feodallar mulki, vaqf mulki, mayda xususiy mulk, jamoa mulki),
yerning haqiqiy egasi oliy hukmdorligicha qolaverdi. Xonliklarda yer dehqonlarga
ijara tarzida xatlab biriktirilgan edi. Shu bois dehqon yer egasi emas, yerdan
olinadigan hosilning egasi edi. Hukmdor yerdan foydalanish uchun uni xohlagan
kishiga, amaldor yoki masjidlarga ulashishi mumkin edi. Asrlar davomida saqlanib
kelgan ishlab chiqarish usuli XVI-XVIII asrlarga kelib sifat jihatidan o‘zgarmadi.
Savdo va hunarmandchilikdagi inqiroz ishlab chiqarish va iste’mol hajmining
kamayishiga olib keldi. Ko‘pchilik Yevropa mamlakatlarida din davlatdan ajratilgan
bo‘lib, unga faqat shaxsiy e’tiqod omili sifatida qaralar va siyosatga aralashmas edi.
Xonliklarda esa islom davlat dini darajasiga ko‘tarilgan va davlat siyosatiga,
madaniyat va ma’naviyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatar edi. Bizga ma’lumki, VIII asrdan
boshlab, Markaziy Osiyoda islom dini hukmron mafkuraga aylanib, ijtimoiy-
siyosiy, ma’naviy-madaniy, shuningdek, iqtisodiy hayotga ham chuqur singib
ketgan edi. XVII-XVIII asrlardagi ma’naviy hayotga diniy mutaassiblik zararli ta’sir
ko‘rsatdi, ijtimoiymadaniy tafakkurdagi tub yangiliklarni, ijtimoiy rivojlanishga
qaratilgan g‘oyalarni qabul qilmay qo‘ydi. Buning natijasida o‘zbek xonliklari
mahdudlikka berilgan, yangiliklardan yuz o‘girgan yopiq jamiyatga aylandi.
Mutaassiblik hukmron mafkura sifatida ma’naviyat madaniyat, fan, adabiyot,
san’atni nazorat ostiga olib, taqiqlovchi kuch vazifasini o‘tadi, bu esa jamiyatni
qoloqlikka mahkum qildi. Yevropada dunyoviy ta’lim berishga o‘tilgan bo‘lib, ular
umumiy taraqqiyotning bosh omili sifatida qaror topdi. Xonliklarda esa ta’lim tizimi
mutaassib ruhoniylar ixtiyorida bo‘lganligi uchun madrasa va maktablar asosan
diniy bilim berishga moslashgan edi. Markaziy Osiyodagi nisbiy turg‘unlikning
yana muhim bir sababi – bu xonliklardagi o‘zaro ichki urushlardir. O‘zbek
xonliklarida XVII–XVIII asrlarda muttasil davom etib kelgan feodal urushlar,
Buxoro – Xiva, Buxoro – Qo‘qon mojarolari, mustaqillikka intilgan viloyat
hokimlari va qabila zodagonlariga qarshi olib borilgan harbiy harakatlar, chet el
bosqinchilarining o‘zbek xonliklari hududlariga tajovuzlari ijtimoiy-iqtisodiy va
siyosiy hayotni butunlay izdan chiqardi. Bu davrda Vatan istiqboli uchun
qayg‘uradigan, xalqni bir g‘oya va bir ezgu maqsad yo‘lida birlashtira oladigan
hukmdor chiqmadi. Aksincha, Buxoro, Xiva va Qo‘qon hukmdorlari bu davrda
o‘zaro qonli urushlar bilan ovora bo‘ldilar.
CHOR
ROSSIYASINING
TURKISTONDA
YURITGAN
MUSTAMLAKACHILIK SIYOSATI. Angliya va Rossiyaning Markaziy Osiyo
xonliklarini o‘z ta’sir doirasiga tortish bo‘yicha o‘zaro raqobati XIX asrning
ikkinchi yarmiga kelib, Markaziy Osiyoda joylashgan o‘zbek xonliklarida murakkab
siyosiy vaziyat yuzaga kela boshladi. Bu vaziyat, birinchidan, xonliklarning ichki
ahvoli va o‘zaro munosabatlari bilan belgilansa, ikkinchidan tashqi dunyo, ya’ni
Chor Rossiyasi bilan Buyuk Britaniya imperiyalarining bu xonliklarni o‘z ta’sir
doirasiga tortish sari qilgan xatti-harakatlari bilan bog‘liqdir. O‘zbek xonliklari
imperialistik davlatlarni, jumladan Buyuk Britaniya bilan Rossiyani birinchi
navbatda moddiy boyliklari, arzon ish kuchi, sanoat maxsulotlarini sotish uchun
qo‘shimcha bozor ekanligi va turli boshqa qulay imkoniyatlari bilan o‘ziga jalb qilar
edi. Xususan, Angliyaning o‘zbek xonliklariga munosabatiga kelganda, sobiq sovet
davrida bu borada bir fikr aksioma sifatida qabul qilingan edi. Go’yo Markaziy
Osiyo davlatlari Rossiya tomonidan «qo‘shib olinmasa», bu hudud ashaddiy
mustamlakachi davlat – Angliyaga qaram bo‘lib qolishi va xalqlarning yanada
ko‘proq ezilishi muqarrar ekan. Bu fikrga qo‘shilish qiyin. Shubhasiz, Angliyaning
Markaziy Osiyodagi manfaatlari bor ekanligini inkor etib bo‘lmaydi. Angliya bu
hududning ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan o‘ziga tobe bo‘lishini xohlar edi.
Angliya o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlardan
foydalanishga harakat qildi. Masalan, Rossiyaning Qo‘qon va Xiva xonliklari
yerlarini bosib olish rejalaridan xabar topgan Angliya Buxoro, Xiva va Qo‘qonga
o‘z emissarlarini yuborib, ularni birlashtirishga, hech bo‘lmasa Rossiyadan
birgalikda muhofazalanish uchun harbiy bitim tuzishga da’vat qildi1 . Bunga Buxoro
va Xivaga Ost-Indiya kompaniyasi uyushtirgan Meyyandorf, Aleksandr Berns,
Konnoli Volf boshchiligidagi emissarlarning kelishi misol bo‘la oladi. Angliyaga
o‘z mustamlakalarini Rossiyadan himoya qilishni yengillashtiradigan, ikki o‘rtada
mustahkam to‘siq bo‘ladigan kuchli xayrixoh davlat yoki Rossiyaga qarshi siyosiy
harbiy asosda birlashgan davlatlar ittifoqi kerak edi. Bu fikrga bir qancha boshqa
olimlar ham qo‘shilgan. Markaziy Osiyo hududi o‘zining moddiy boyliklari bilan
Rossiyani ko‘p vaqtdan buyon jalb qilib kelardi, lekin o‘zbek xonliklarini bosib olish
XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Rossiyada amaliy muammo sifatida kun
tartibiga qo‘yila boshladi. Chunki shu davrga kelib avvallari iqtisodiy, ayniqsa.
sanoat ishlab chiqarishining rivojlanishi jihatdan Yevropa mamlakatlaridan ortda
qolib kelgan Rossiya sanoati va u bilan bog‘liq bo‘lgan sarmoyadorlik ildam odimlar
bilan taraqqiy eta boshladi. Bu jarayon, o‘z navbatida, Chor hukumati oldiga bir
qancha muammolarni qo‘ydi. Rivojlangan mamlakatlar Rossiya tovarlarining
Yevropaga kirib kelishidan manfaatdor emas edilar, shu bois bunga turli yo‘llar
bilan qarshilik ko‘rsatardilar. Ayni vaqtda Rossiya tovarlari ham sifati pastligi uchun
Yevropada raqobatga dosh berolmasdi. Shu sababli Rossiya bozorni boshqa kam
taraqqiy etgan mintaqalardan izlashi kerak edi. O‘sha davrda Markaziy Osiyo
mamlakatlari shu ehtiyojni qondirishi mumkin edi. Boz ustiga, Buyuk Britaniyaning
o‘z mustamlakalari orqali sekin-asta Markaziy Osiyo bozorlarini ham egallay
boshlayotganligi Rossiyani tashvishga solmay qolmasdi. XIX asr oxiriga kelib
Rossiyaning tez rivojlanib borayotgan sanoati, ayniqsa yengil sanoati, tobora
ko‘proq yangi xomashyo zaxiralariga ehtiyoj seza boshladi. Vujudga kelgan
vaziyatning keskinlashuviga, jumladan, AQShdagi fuqarolar urushi tufayli u yerdan
Rossiyaning to‘qimachilik sanoati uchun xarid qilinadigan paxta miqdorining bir
necha barobar kamayishi va xarid narxlarining besh barobarcha oshib ketishi ham
sabab bo‘ldi1 . Bu hol Rossiya sarmoyadorlarini tashvishga solib qo‘ydi. Ularning
nufuzli vakillari ushbu muammoni hal qilish vazifasini hukumat oldiga qat’iyat bilan
qo‘ya boshladilar. Tahlil qilinayotgan davrda Rossiya oldida yana bir muammo –
Rossiya flotining Angliya hukmronlik qilayotgan Qora va O‘rta yer dengizlariga
erkin chiqish masalasi ko‘ndalang turardi. Bu mintaqalarda Rossiya o‘zining
kuchsiz floti bilan Angliyaga tazyiq o‘tkaza olmasdi. Shu bois Rossiya Angliyaga
tazyiq o‘tkazadigan boshqa hududni izlashiga to‘g‘ri kelgan Angliya
mustamlakalarining (Xindiston va Afg‘oniston) qo‘shnilari – Markaziy Osiyo
xonliklari ana shunday vosita bo‘lib xizmat qilishlari mumkin edi. Rossiya ularning
hududlarni egallab, Angliya mustamlakalariga tahdid solishiga va Angliyani
Yevropada biroz bo‘lsa-da, yon berishga majbur qilishga erishishi mumkin edi.
Shunday qilib, Markaziy Osiyo xonliklari hukmdorlarining uquvsizligi, uzoqni
ko‘ra bilmasligi, manmansiraganligi tufayli yetakchi imperialistik davlatlar dunyoni
bo‘lib olish siyosatining qurboniga aylandilar. Rossiyaning Markaziy Osiyo
xonliklarini bosib olishi, uning asosiy bosqichlari Markaziy Osiyoga ommaviy
yurish arafasida Rossiya imperiyasi o‘z oldiga quyidagi maqsadlarni qo‘yadi. – shu
rivojlanib borayotgan sanoat korxonalarini arzon xomashyo bilan ta’minlashga
erishish; – sifati uncha yuqori bo‘lmagan sanoat mahsulotlarini sotish uchun
qo‘shimcha bozor yaratish; – bosib olinadigan hududlardagi arzon ishchi kuchini
ekspluatatsiya qilish hisobiga sarmoya egalarining kapitalini boyitish va ishonchini
qozonish; – Angliyaga bosim o‘tkazib, O‘rta dengizga chiqish imkoniyatiga ega
bo‘lish; – 1853-1856-yillarda Turkiya bilan bo‘lgan urushdan keyin putur yetgan
xalqaro mavqyeini tiklab olish. Rossiyaning bosqinchilik yurishlari bir qancha o‘quv
qo‘llanmalarida, tarixiy va ilmiy adabiyotlarda batafsil yoritilganligi bois, bu
urushning barcha tafsilotlarini bayon qilishni lozim topmay, uning mohiyati,
maqsadi, bosqichlari va yakunlariga e’tiborni qaratish lozim. Chor Rossiyasi Qo‘qon
xonligi tasarrufiga kirgan Oq machitni 1853- yilda egallagan bo‘lishiga qaramay,
urushning asosiy bosqichlari 1964-yilda Avliyoota (hozirgi Jambul) va Chimkentni
bosib olishdan boshlandi. Rossiyaning Markaziy Osiyoni bosib olish asosiy
bosqichlari quyidagilardan iborat: 1864-yilda – Avliyo ota va Chimkent egallandi;
1865-yilda – Toshkent bosib olindi; 1868-yilda – Buxoro amirligi taslim bo‘ldi;
1873-yilda – Xiva xonligi bo‘ysundirildi; 1876-yilda – Qo‘qon xonligi tugatildi;
1885-yilda – Turkmanistonning bir qancha shaharlari egallandi; 1895-yilga kelib
Markaziy Osiyoning hozirgi Afg‘oniston va Eron bilan chegaradosh sarhadlari to‘la
zabt etildi. Har qanday bosqinchi kabi, mustamlakachi Chor Rossiyasi davlati ham
o‘zining qirg‘inbarot harbiy yurishlarini xaspo‘shlash uchun Markaziy Osiyo
xalqlarining o‘z ixtiyorlari bilan qo‘shilganligini, urushda qurbonlar kam
bo‘lganligini isbotlash, bosib olingan davlatlarning mustaqilligi saqlab qolinganligi,
ular xalqlarining mustabid tuzumdan ozod qilingani haqidagi safsatalarni o‘ziga
qurol qilib olgani va targ‘ibot qilganini nazarda tutib, e’tiborni urushning asl
mohiyatini ochib berishga qaratish joizdir. Har qanday urushda bo‘lganidek, Rossiya
bilan Markaziy Osiyo xonliklarining to‘qnashuvida ham o‘sha davrda mavjud
bo‘lgan qo‘shinning barcha turlari va qurol-yarog‘ning to‘la majmuasi ishtirok
etgan. Ikkala tomondan ham ko‘p qon to‘kilgan, ya’ni haqiqiy qirg‘inbarot urush
bo‘lgan. Fikrimizning tasdig‘i uchun ba’zi misollarni keltiramiz. Xivani zabt etishda
Rossiya tomonidan 20 ta raketa stanogi, 56 ta to‘p bilan qurollangan 9 mingdan ortiq
harbiylar qatnashdilar1 . Qarshi tomondan bundan ham ko‘proq odam qatnashgan.
Samarqandni egallashga qaratilgan yurishda esa Rossiya tomonidan taxminan 2,5
ming harbiy va 10 ta to‘p qatnashdi2 . Bu to‘g‘rida Majid Hasaniy arxiv
materiallariga tayanib, batafsil ma’lumotlar keltirgan. Urushda halok
bo‘lganlarning, ayniqsa himoyachilarning soni ko‘pligi bilan insonni dahshatga
soladi. Masalan, Chimkentda 12 ming, Toshkentda 8 ming, Xo‘jandda 5 ming,
Jizzaxda 3 ming nafar himoyachi halok bo‘ladi3 . Umuman olganda, deyarli 20 yil
davom etgan urushda mahalliy aholining qanchasi qirilib ketganligini faqat taxmin
qilish mumkin. Keltirilgan ma’lumotlar, ko‘plab tarixiy adabiyotlarda bayon
qilingan o‘zbek xonliklarini bosib olish tafsilotlariga asoslanib; Chor Rossiyasining
olib borgan urushlarini faqat bir ma’noda, ya’ni imperializm davriga xos
bosqinchilik, talonchilik qirg‘inbarot urush deb ta’riflash mumkin. Xonlik
hududining egallanishi imperialistik Rossiyaning bu yerdagi boy va arzon xomashyo
zaxirasiga egalik qilish, tub joy aholini ekspluatatsiya qilish maqsadini ro‘yobga
chiqarishga keng yo‘l ochib berdi. Markaziy Osiyoning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy,
madaniy va ma’naviy taraqqiyoti muayyan ma’noda turg‘unlikka uchradi. O‘zbek
xonliklarining chor Rossiyasidan yengilishi sabablari va uning oqibatlari. Markaziy
Osiyo xonliklari mag‘lubiyatga uchrashining asosiy sababi Buxoro amirligi, Xiva va
Qo‘qon xonliklarining jahon umumiy taraqqiyotidan chetda qolib ketganligidadir.
Bu xonliklardagi feodal munosabatlarga asoslangan tuzum, xurofotni qurol qilib
olgan ba’zi mutaassib ruhoniylar ta’siridagi davlatlar hokimiyati ishlab chiqarishni
zamonaviy usullar asosida rivojlantirish uchun sharoit yaratmadi. Albatta, bu hol
armiyaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmas edi. Masalan, Buxoro amirligida
umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrdagi askarlarning soni 100 minggacha
yetardi. Ammo u ramziy ma’nodagina lashkar edi. Ularning asosiy qismi uchiga
temir nayza qadalgan oddiy tayoq yoki ilg‘or mamlakatlarda allaqachon
foydalanilmay qolgan pilta miltiq bilan qurollangan bo‘lib, uni yondirish va otish
uchun bir xokandoz cho‘g‘ bo‘lishi shart edi. Ahmad Donishning yozishicha,
lashkarlarning o‘zi harbiy mashqni yaxshi o‘zlashtirmagan va urush maydonini
ko‘rmagan bezori va sayoq kishilardan tashkil topgan edi . Aks holda 1866-yil 22-
mayda Oqjarda bo‘lib o‘tgan jangda 10 ming nafarlik Buxoro armiyasining 2 ming
nafarlik rus harbiylari bilan birinchi to‘qnashuvidayoq qaqshatqich zarbaga uchrab,
5 ming himoyachining halok bo‘lganligini nima bilan izohlash mumkin. Buning
teskarisi o‘laroq, Rossiyaning muntazam, bir qancha urushlarda chiniqqan,
mustahkam tartib-intizomga asoslangan armiyasi zamonaviy qurol-yarog‘larga ega
edi. Shuning uchun ham u o‘zidan miqdor jihatidan ancha ustun bo‘lgan
himoyachilar ustidan g‘alabaga erishdi. O‘zbek xonliklarining Rossiyadan
mag‘lubiyatga uchrashining sabablaridan yana biri ular orasida birdamlikning
yo‘qligi va bir-biriga nisbatan xoinligidir. Yuqorida biz Xiva xonining Qo‘qon
xonligi takliflariga munosabatini bayon qilgan edik. Xuddi shunday munosabatni
Rossiya Buxoro amirligiga qarshi hujum boshlaganda Qo‘qon xoni Xudoyorxon
ham namoyon qildi. U o‘zining rahnamosi amir Muzaffarning Rossiyaga qarshi
birgalikda harakat qilish haqidagi taklifini qabul qilishga shoshilmadi. Amir
Muzaffar esa Kaufmanga Rossiyaning Xivaga qarshi yurishga munosabatini
shunday bayon qiladi: «Men yaxshi tushunamanki, agar Xiva Rossiya bilan to‘g‘ri
munosabatda bo‘lmasa, u vaqtda unga qarshi qurol ishlatishga to‘g‘ri keladi. Bunday
hol yuz bersa, men imkoni boricha, bu yordamimni amalda ko‘rsatishga tayyorman»
. Xonlik hukmdorlarining bunday kaltabinligi Rossiya Markaziy Osiyo xonliklariga
qarshi bevosita urush olib borayotganda ham davom etdi. Bu fikrga quyidagilar dalil
bo‘la oladi. 1864-1865-yillarda Qo‘qon xonligi o‘zining Avliyoota, Chimkent,
Toshkent va boshqa muhim viloyatlaridan ajralib, 1868-yilda Rossiyaning
haqoratomuz shartnomasiga imzo chekishga majbur bo‘ldi. Ammo bu kamsitish
uning uchun hech qanday saboq bo‘lmadi. Shoir va tarixchi Is’hoqxon
Junaydullaxoji o‘g‘li Ibratning yozishicha, Xudoyorxon Rusiyadan xotirjam bo‘lib,
vaqtni o‘yin-kulgu bilan o‘tkazdi, qush solmoq va ko‘pkari chopmoq bilan
shug‘ullandi, ulamo va fuzalo nasihatlariga amal qilmay, jabru zulm tarqatdi va
xalqni o‘zidan yuz o‘girishga majbur qildi1 . Ibrat Qo‘qon xonligining Rossiyaga
bo‘ysundirilishini quyidagicha izohlaydi: «Bu ishlarki, ya’ni behuda fasod ishlar
sabab o‘z ahlimizni beilm va befikrlilikdan bo‘ldi» . Markaziy Osiyo davlatlarining
yengilishiga yana bir sabab xonlik va shahar boshqaruvchilarida yakdillik,
hamfikrlikning yo‘qligi va shu bilan bog‘liq bo‘lgan bir qancha amaldorlarning
xoinligidir. Chor armiyasi tomonidan qay bir shahar egallanmasin, Toshkentmi,
Samarqandmi, Xivami yoki boshqami – eng tashvishli davrlarda shaharlarni himoya
qilish bilan uni ixtiyoriy topshirish tarafdorlari o‘rtasida ixtilof kelib chiqqan.
Istilochilar bosib olishi arafasida Samarqandda vujudga kelgan vaziyatni misol
sifatida keltiramiz. Dushmanlarga qarshi kurash tarafdorlari madrasalarda to‘planib,
xalq o‘rtasida tashviqotni yanada kuchaytirdilar. Xalq o‘rtasida yaqinlashib
kelayotgan yovga qarshilik ko‘rsatishga chaqiruvchilar va dushman bilan bitim
tuzishni istayotganlar o‘rtasida ixtilof kuchayib bordi. Voqyeaning bunday
rivojlanib borayotganligidan va bu gaplar istilochilarning qulog‘iga yetib borishidan
juda qo‘rqqan shahar hukmdori Sherali Inoq, qozikalon va boshqa amaldorlar,
dindorlardan yovga qarshi kurashni tashviqot qilishni to‘xtatishni talab qildi. Buni
eshitgan dindorlar qattiq g‘azablandilar va Sherali Inoq vakillarini kaltakladilar.
Dindorlarning bu ishidan g‘azablangan Sherali Inoq, ularning «ko‘zini ochib»
qo‘yish maqsadida dindorlar to‘plangan Tillakori madrasasiga qurollangan lashkar
jo‘natdi. Ikki o‘rtada janjal chiqdi, bir qancha odamlar qurbon berildi. Buning
oqibati shunday bo‘ldiki, fon Kaufman Samarqandga qurol ishlatmasdan kirib keldi.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Xonliklar mag‘lubiyatining
sabablarini mafkuraviy sohadan ham izlash kerak. Xalqni dushmanga qarshi
safarbar qiluvchi g‘oya yaratilmagan. Ko‘pchilik ruhoniylar yuksak ma’naviyatli
insonlarni tarbiyalash va ularni bosqinchilarga qarshi kurashga birlashtirish
vazifasini bajara olmadilar. Rossiyaning o‘zbek xonliklarini bosib olishi mudhish
oqibatlarga olib keldi. Qo‘qon xonligi umuman tugatilgan bo‘lsa, Buxoro va Xiva
xonliklari bosqinchi davlatning vassaliga aylandi. Fikrimizni dalillash uchun 1873-
yilda Rossiya bilan Xiva xonligi o‘rtasida tuzilgan shartnomaning ba’zi jihatlarini
eslatib o‘tamiz. Shartnomaga ko‘ra: xonlik Rossiya imperatorining itoatli xizmatkori
ekanligini tan olib, Markaziy Osiyodagi oliy rus ma’muriyatining ruxsatisiz
shartnomalar tuzmaslik majburiyatini oldilar; rus savdogarlari barcha bojlardan
ozod etilishga rozilik bildirdilar; xonliklar Rossiyadan o‘zboshimchalik bilan
keluvchilarni qabul qilmaslikni va rus jinoyatchilarini topshirishni o‘z zimmasiga
oldi1 va hokazo. Bundan tashqari, shartnomalarga ko‘ra, mag‘lubiyatga uchragan
Buxoro amirligi 125 ming tilla pul hisobida, Xiva xonligi 2 mln. so‘m miqdorida
Rossiyaga tovon to‘lashga majbur bo‘lgan . Bu tovonni to‘lash busiz ham og‘ir
iqtisodiy va ijtimoiy hayot kechirayotgan mehnatkash xalqning boshiga qo‘shimcha
kulfatlar keltirdi. Yana katta fojialardan biri shundaki, hududning bosib olinishi
natijasida mahalliy aholi Vatan mustaqilligi uchun o‘z jonini fido qilgan minglab asl
vijdonli farzandlaridan judo bo‘ldi. Xoinlar, munofiqlar, sotqinlar, riyokorlar,
laganbardorlar omon qolib, xalqning ulug‘ tuyg‘ularidan bo‘lgan vatanparvarlikka
putur yetkazdilar. Xalqimiz mustamlakachilik siyosatiga baho berish
metodologiyasi Deyarli barcha mustamlakachi davlatlar egallagan hududlarining
boy imkoniyatlaridan to‘laroq foydalanish maqsadida bir qarashda taraqqiyotga
yo‘naltirilganidek ko‘rinadigan islohotlarni amalga oshiradilar. Jumladan, Rossiya
imperiyasi ham Turkistonda ba’zi sanoat korxonalari, temir yo‘llar, aloqa
kommunikatsiyalarini qurdi, yangi shaharlar barpo qildi, rus-tuzem maktablarini,
madaniy muassasalar tashkil qildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar Turkistonning
Rossiya tasarrufida Buxoro amirligi va Xiva xonligi tobe bo‘lishi tarafdorlari
bo‘lgan siyosatdonlar, ularning xizmatidagilar, ba’zi olimlar bir qancha ilmiy
jihatdan asoslanmagan «Markaziy Osiyoning qo‘shib olinganligi», ba’zi xududlar
aholisi o‘z xohishlari bilan Rossiyaga qo‘shilganligi, «Rossiyaning Markaziy
Osiyoda olib borgan siyosati progressiv ahamiyatga egaligi», aynan «Rossiya tufayli
Markaziy Osiyo xalqlari insoniyatning yorqin kelajagini belgilaydigan sotsialistik
tuzumda yashayotganligi» kabi soxta g‘oyalarni ishlab chiqdilar va sovet davrida
keng targ‘ib qildilar. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng tariximizda yuz
bergan jarayonlarga, shaxslarga, buyuk davlatlarning, jumladan Rossiya
imperiyasining mustamlakachilik siyosatiga munosabat o‘zgardi. Juda ko‘p g‘oyalar
qayta ko‘rib chiqildi, ularga xolisona baho berildi. Bunda Prezident Islom
Karimovning asarlarida bayon qilingan mustamlakachilik siyosatiga ilmiy nuqtai
nazaridan baho berish metodologiyasining ishlab chiqilishi muhim ahamiyat kasb
etdi. Ularning ba’zilarini eslatib o‘tamiz. Birinchidan, ba’zi bir mualliflarning
fikricha, yirik imperiyalar boshqa mamlakatlar va xalqlarni bosib olgani hamda
bo‘ysundirgani holda umumjahon taraqqiyotidan orqada qolgan mamlakatlarda
muayyan darajada sivilizatorlik choralarini ham ado etib kelganlar. Prezident Islom
Karimovning ta’kidlashicha, «Bunga qo‘shilmaslik mumkin emas. Lekin buyuk
imperiyalar bilan kam sonli xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar jarayonining
salbiy jihatlari ham bo‘lgan. Bu salbiy oqibat tashqaridan olib kirilgan sivilizatsiya
natijalaridan ko‘ra bir necha baravar ortiq edi» . Demak, mustamlakachilik
siyosatiga baho berganda uning oqibatlarining ijobiy va salbiy tomonlarini taroziga
qo‘yib qiyoslansa, uning salbiy tomonlari bir necha marta ortiq bo‘lishi o‘z-o‘zidan
ma’lum bo‘ladi. Haqiqatan ham, Rossiyaning mustamlakachilik davridagi
sivilizatsiyadorlik choralari tufayli tub joy aholisi turmush darajasining
yuksalganligi to‘g‘risida dalillar topish qiyin, aksincha ahvol og‘irlashdi, aholi
siyosiy va ijtimoiy huquqlardan mahrum bo‘ldi va hokazo. Ikkinchidan, Chor
Rossiyasining mustamlakachilik siyosati misolida «Markaziy Osiyoning
infrastrukturasidagi o‘zgarishlar, yo‘l qurilishi va kommunikatsiyalarning
rivojlantirilishi, ana shu maqsadlar uchun imperiyaga xizmat qiluvchi milliy
kadrlarni tayyorlash – bularning barchasi imperiyaning manfaatlarini qondirganligi,
bu holda arzon xomashyo va energiya manbalaridan bahramand bo‘lishni
kafolatlashi kerak bo‘lganligi uchungina amalga oshirilgan» . Boshqacha aytganda,
mustamlakachi davlatning amalga oshirayotgan chora-tadbirlari kimning manfaatini
ko‘zlanayotganiga qarab baholanishi kerak. Shunisi aniq va ravshanki, tadbirlar
birinchi navbatda, mustabid davlatning ya’ni Rossiya imperiyasining foydasi uchun
o‘tkazilgan. Tarixiy adabiyotlarda Turkistondan tashib ketilgan moddiy boyliklar
to‘g‘risida ma’lumotlar yetarli. Boz ustiga, mahalliy aholi shafqatsiz ekspluatatsiya
qilingan. Uchinchidan, «sivilizatsiya zo‘rlik bilan joriy qilingani, milliy nafsoniyat
va iftixorni kamsitgani, milliy madaniyatlar va ma’naviy qadriyatlarning toptagani,
ularning ifodachilarini jismonan yo‘q qilib tashlagani uchun» 1 mustamlakachilikni
hech qanday olijanob niyatlar bilan xaspo‘shlab bo‘lmaydi. Binobarin,
sivilizatsiyaning qay usulda (ixtiyoriy yoki majburlab) olib kirilganligi ham hal
qiluvchi ahamiyatga ega. Chor Rossiyasi, birinchi navbatda, mahalliy aholini
hududni boshqarishdan chetlatdi, uni manqurtga aylantirish choralarini ko‘rdi. Ana
shu maqsadda, boshqa mustabid davlatlardan farqi o‘laroq, armiyaning kuchiga
asoslangan harbiy hamda fuqarolik boshqaruvi bir shaxsning, general-
gubernatorning qo‘lida birlashtirildi. Turkistondagi butun hokimiyat general-
gubernator ixtiyorida bo‘lib, u harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, adliya
masalalarini va hatto, chet el bilan bo‘ladigan munosabatlarni ham o‘zida
mujassamlantirdiki, bu har qanday demokratiyani inkor qilib, mahalliy xalqni
mutelikda saqlab turish, unga nisbatan har qanday, jumladan, harbiy kuch ishlatishga
ham imkon yaratdi. Barcha turdagi ma’muriy bo‘linmalarga oblast, uyezd, volost
uchastkalariga general-gubernator tomonidan tayinlanadigan harbiylarning
rahbarlik qilishi tartibi joriy etildi. Natijada, qishloq boshqaruvini hisobga
olmaganda, mahalliy xalq hududni boshqaruvidan umuman chetlatildi. Ushbu tartib
podsho ma’muriyatining mahalliy xalqqa bo‘lgan salbiy munosabatini, uni
mensimasligini bildirardi. Siyosiy huquqlarning kamsitilganligini quyidagi misol
xam tasdiqlaydi. Rossiya ikkinchi davlat dumasiga rusiyzabon aholining har 46
minggidan 1 deputat, mahalliy aholining esa har 896 minggidan bitta deputat
saylandi. Uchinchi Dumaga saylovlarda mahalliy millatlarning saylovga
qatnashishiga ruxsat berilmadi2 . Bu munosabatlarni Rossiya hokimiyati
ma’muriyati shunday izohlab berdi: «Turkiston tuzem aholisi hali juda quyi aqliy
taraqqiyot bosqichidadir. Ular huquq, ma’muriyat, qonun nimaligini bilishmaydi.
Jamiyat qonun tomonidan beriladigan huquqdan foydalanishni bilmaydi, bu huquq
uning zarariga xizmat qiladi3 «. Chor Rossiyasi xalqaro miqyosda bosqinchi nomini
olishdan cho‘chib, o‘z mavqyeini biroz bo‘lsa-da saqlab qolish maqsadida, Buxoro
va Xiva xonliklarining mustaqilligini rasman tan oldi. Amalda esa xonliklar
to‘laligicha Rossiyaga qaram edi, chunki ular nafaqat o‘zga davlatlar bilan siyosiy
va iqtisodiy aloqa o‘rnatishdan mahrum bo‘ldilar, balki o‘zlarining ichki
siyosatidagi biroz bo‘lsa-da, e’tiborga molik masalalarda ham Rossiya bilan
kelishishi shart edi. Masalan, Qushbegi eski Buxoroda rus filmlarini ko‘rsatmaslik,
tansa uyushtirmaslik masalasini hal qilishni Rossiyaning Buxorodagi vakilidan
iltimos qiladi1 . Xonliklarga nafaqat chet davlatlar bilan munosabatlar o‘rnatish
taqiqlab qo‘yildi, balki ular mustaqil davlat sifatida hatto Rossiyaning o‘zi bilan
aloqalar olib borishi mumkin bo‘lmagan. Bu munosabatlar asosan Turkiston
general-gubernatorligi, aniqrog‘i, uning Buxorodagi siyosiy agentligi va Xivadagi
Amudaryo bo‘limi orqaligina amalga oshirilgan. Bundan tashqari, xonliklarda bir
necha, bir qarashda, taraqqiyparvarlik, insonparvarlikka o‘xshash bo‘lgan tadbirlar
ham Rossiyaning talabi bilan joriy qilindi. Ular jumlasiga xususan qullikni bekor
qilish va avvallari muttasil davom etib kelgan xonliklar o‘rtasidagi urushlarga
barham berilishi kiradi. Buning o‘z mantig‘i bor. Qulchilikni yo‘q qilish haqida
Buxoro amirligi va Rossiya o‘rtasidagi shartnomada ochiqdan-ochiq bu tadbir rus
podshohiga yoqish va imperatori a’zam janoblarining obro‘sini ko‘tarish uchun
amalga oshirilganligi qayd qilingan. Boshqacha aytganda, Rus podshohining
«adolatparvar» siyosatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan. Bu siyosat
oqibatida bir necha ming qul ozodlikka chiqib, o‘z vatanlariga tarqab ketdi. Ammo
Chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati tufayli mahalliy xalq siyosiy va
iqtisodiy huquqlaridan, milliy manfaatlaridan deyarli mahrum bo‘lib, yarim qulga
aylandi. Xonliklarning o‘zaro urushlariga kelsak, buning ham o‘z mantig‘i bor.
Hudud notinch bo‘lsa, birinchi navbatda, Rossiyaning iqtisodiy manfaatlariga putur
yetishi aniq edi. Ammo Rossiyaning mustamlakachilik siyosati milliy ozodlik
kuchlarini harakatga keltirdi va qon to‘kilishi davom etdi. Bir urush ikkinchisi bilan
almashdi. Mustabid davlatning iqtisodiyot borasidagi siyosati shundoq ham nochor
ahvolda hayot kechirayotgan xalqning rus sarmoyadorlari va mahalliy mulkdorlar
tomonidan ikki tomonlama ekspluatatsiya qilinishini kuchaytirdi. Dalillar: –
Rossiyadan Markaziy Osiyoga keltiriladigan va olib ketilgan mahsulot va
tovarlarning qiymati solishtirilsa, mustabid davlat foydasiga hal bo‘lib, farqi deyarli
29 mln. rublni tashkil qilgan2 . Agar 1869 yilda Turkistonning Chor Rossiyasiga
keltirgan daromadi 2.3 mln. rublni tashkil qilgan bo‘lsa, 1916-yilga kelib bu
ko‘rsatgich 38 mln. rublga yetdi;– rus kapitali bilan mahalliy dehqonning aloqasini
bog‘laydigan sudxo‘rlik qishloqda tabaqalanish jarayonini tezlashtirdi. O‘z yerini,
molmulkini garovga qo‘yib nasiyaga pul olgan ko‘pchilik dehqonlar qashshoqlasha
boshladilar. 1912-yilga kelib, paxtaning asosiy qismini yetishtiradigan Farg‘ona
viloyatida yersizlarning ulushi 30 foizga yetdi; – Turkiston dehqonlaridan mustabid
davlat hisobiga undiriladigan yer solig‘ining miqdori 1870-1880-yillarda ikki
barobarga yaqin ko‘paydi. Undan tashqari, 1895-1910-yillarda o‘tkazilgan
kadastrlash (xo‘jalik va oilalarni ro‘yxatga olish) natijasida sharoitga qarab soliq
miqdori 6 martagacha oshdi1 ; – shahar aholisining ham ijtimoiy ahvoli yanada
mushkullashdi, chunki Rossiyadan keltiriladigan arzon tovarlar hunarmandlarni
xonavayron qildi. Ularning ko‘pchiligi shaharda ish topolmay qora ishchiga, batrak
va chorikorga aylandi. Sanoat korxonalarida ish vaqti 17-18 soat bo‘lib, mahalliy
ishchilarning kunlik ish haqi ruslarnikining deyarli 50% kam edi ; – qishloq
xo‘jaligini bir tomonlama, ya’ni Rossiya sarmoyadorlarining manfaatiga
moslashtirib,
paxtachilikni
kengaytirish
hisobiga
rivojlantirish
mahalliy
mehnatkashlarni og‘ir iqtisodiy ahvolga solib qo‘ydi. 1890-1915- yillarda paxta
yetishtirish Turkistonda 73 martadan ko‘proq o‘sdi. Shu sababli, g‘alla va boshqa
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish kamayib, ularning bozordagi narxi doimo
o‘sib bordi. Masalan, faqat 1890-yilning boshlarida mahalliy xalqning asosiy oziqasi
bo‘lgan bug‘doy unining bahosi 5 marta oshib ketdi3 ; – mustabid davlat Markaziy
Osiyo qishloq xo‘jaligining bor imkoniyatlaridan iloji boricha kengroq
foydalanishga intildi, lekin iqtisodiyotning bu tarmog‘ini takomillashtirish, ilg‘or
texnologiyani qo‘llash chora-tadbirlarini ko‘rmadi. Rossiya hukmron bo‘lgan
davrda hududda bironta ham ko‘zga ko‘rinarli sug‘orish inshootlari qurilmadi; –
temir yo‘llar qurilishi hududdagi xomashyo, yer usti va yer osti boyliklarini
Rossiyaga tashib ketishni osonlashtirdi. Masalan, 1912-yilda Krasnovodsk va
Toshkent temir yo‘li orqali Rossiyaga olib chiqib ketilgan tovarlarning miqdori
1900-yildagiga nisbatan salkam 8 marta oshib ketdi . – Rossiya sarmoyadorlari
sanoatning asosiy tarmoqlarini rivojlantirishdan umuman manfaatdor bo‘lmaganlar.
Temir yo‘l qurilishini hisobga olmaganda, 1913-1915-yillarda Turkistonga
kiritilgan umumiy sarmoyaning faqat 15% sanoatni rivojlantirish uchun sarflangan,
uning asosiy qismi ham paxta tozalash va moy olishga ajratilgan. Sanoat
mahsulotining 80% paxtaga dastlabki ishlov berish bilan bog‘liq bo‘lgan1 . Tabiiyki,
bu iqtisodiyotdagi muvozanatning buzilishiga olib kelgan va hududning imperiyaga
qaramliligini kuchaytirgan. Shunday qilib, Rossiyaning mustamlakachilik siyosati
tufayli Turkistonning iqtisodiy salohiyati to‘laligicha mustabid davlatning
manfaatiga bo‘ysundirildi, hududni qaramlikda saqlandi, mahalliy aholi shafqatsiz
ekspluatatsiya qilindi. Turkistonni chor Rossiyasining xomashyo bazasiga
aylantirilishi. Rossiyaning Turkistonni bosib olishga majbur qilgan yana bir omil –
bu tez rivojlanib borayotgan to‘qimachilik sanoati edi. Chunki Amerikadan
keltiriladigan paxtaning narxi fuqarolar urushi tufayli deyarli 4 barobar oshib ketgan
edi. Hudud bosib olinganidan keyin qisqa muddatda uni paxta xomashyosi
yetishtiriladigan mintaqaga aylantirildi. Agar 1885-yilda paxta maydoni 41,4 ming
tanob bo‘lsa, 1915-yilga kelib 541,9 tanobga, yoki 13 barobarga ko‘paydi. Rus
sanoatchilari «Amerika» navli paxtani yetishtirishdan manfaatdor bo‘lganligi uchun
1889–1916-yillarda bu nav ekiladigan paxta maydonlari 7 barobar kengaytirildi yoki
umumiy paxta maydonlarining deyarli 93 foizini tashkil qildi. Turkistondan
Rossiyaga tashib ketiladigan paxtaning hajmi 1906– 1915-yillarda deyarli 4,3
barobar oshdi. Buning hisobiga Rossiya yengil sanoatidan olinadigan daromad 150
foizga oshdi. Paxtachilik imperiyaning chet ellarga sarflaydigan 70 million oltin
pulini tejashga yordam berdi. Rus mustamlakachilari nafaqat paxtani, balki boshqa
qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ham tashib ketdilar. Masalan, birinchi Jahon urushi
davrida (1914- 1916 yillar) Turkistondan 50 million pud paxta, 8,5 million pud paxta
yog‘i, 950 ming pud pilla, 2925 ming pud teri, 300 ming pud go‘sht, 474 ming pud
baliq olib ketdilar. Mustamlakachi davlat paxtachilikdan katta foyda ko‘rishiga
qaramasdan irrigatsiya va melioratsiya tizimini takomillashtirish va rivojlantirish
borasida biron- bir e’tiborga arzigulik tadbirlarni amalga oshirishdan manfaatdor
bo‘lmadi. Paxta yetishtirish hajmini o‘stirishga asosan mahalliy aholini shafqatsiz
ekspluatatsiya qilish hisobiga erishildi. XX asr boshlarida paxtachilik Turkiston
sanoati va qishloq xo‘jaligi yalpi mahsulotining 40 foizini tashkil etgan bo‘lsa, don
37 foizni tashkil qildi. Paxta yakkahokimligi mahalliy aholining ijtimoiy holatini
murakkablashtirdi. 1913-yilda paxtaning narxi 0,5 marta oshgan bo‘lsa, oziq- ovqat
mahsulotlarining narxi 4-5 marta, nonning narxi 6 marta oshdi. Turkistondan olib
ketilgan paxtadan ishlab chiqarilgan gazlamalarning narxi 20 barobar ko‘tarildi.
Umuman, paxta xomashyosining narxini oshirmaslik choralari ko‘rildi. Rossiya
Turkistonni nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradigan xomashyo bazasi
sifatida saqlab qolish, balki xomashyoga faqat dastlabki ishlov beruvchi hudud
darajasida saqlab qolishning barcha choralarini ko‘rdi. Sanoat asosan paxta tolasi va
paxta yog‘i ishlab chiqarish bilan chegaralandi. To‘qimachilik sanoati, tayyor
mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalar qurishdan manfaatdor bo‘lmadi. Chunki
xomashyoni chuqur ishlab chiqarishdan keladigan katta foyda Rossiyaning
markaziy shaharlarida joylashgan rus boylarining cho‘ntagiga tushishi kerak edi.
Shunday qilib, Rossiyaning Turkiston iqtisodiyotiga bo‘lgan munosabatiga
mustamlakachilik siyosatining yaqqol namunasi sifatida qaralmog‘i lozim. Chor
Rossiyasining Turkistondagi ma’naviy-madaniy siyosati. Chor Rossiyasi
Turkistonda ma’naviy- madaniy sohada olib borgan siyosatining maqsadi tub joy
aholisining o‘z tarixi, ma’naviyati, milliy qadriyatlaridan uzoqlashtirish bo‘lgan.
Chor Rossiyasining milliy-ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan munosabatining
mohiyatini general-gubernator S.M.Duxoveniyning 1998-yil 6- sentabrda imperiya
hukumati harbiy vazirga yuborgan takliflarida aks ettirilgan. Ular, jumladan,
quyidagilar: – xalqning ma’naviy-ruhiy holatiga kuchli ta’sir o‘tkazuvchi barcha
musulmonlar muassasalari, ayniqsa madrasa ishlariga faol darajada aralashishi; –
musulmonlarni birlashtiruvchi musulmon diniy boshqaruvi idorasiga yo‘l
qo‘ymaslik; – barcha musulmon maktablarini ma’muriyat ixtiyoriga o‘tkazish va
barcha mahalliy musulmon o‘quv yurtlari va diniy muassasalarini to‘la ro‘yxatdan
o‘tkazish; – siyosiy jihatdan zararli deb topilgan mahalliy musulmon muassasalarini
yopish huquqini general- gubernatorga berish va hokazo. Amalda bu g‘oyalar
Rossiyaning mustamlakachilik davrida izchillik bilan hayotga tatbiq qilindi. Bu
quyidagi choralarda namoyon bo‘ldi. Avvalo Chor hukumati ma’muriyati
Turkistonda rus millatiga mansub bo‘lgan aholining ulushini ko‘paytirishga harakat
qildi. 1906-1913-yillarda Turkistonda Rossiyadan ko‘chirib kelinayotgan rus
dehqonlari uchun 136 116 posyolka qurildi. Bundan tashqari, yangi qurilayotgan
sanoat korxonalarida ishlash uchun Rossiya shaharlaridan ruslar ko‘chirib keltirildi.
Natijada XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida Turkistonda rusiyzabon
aholining soni deyarli 2,5 barobar o‘sib, 200 ming atrofida bo‘ldi. Bu
mustamlakachilik siyosatini qo‘llab-quvvatlab turish, kerak bo‘lsa, rus
krestyanlaridan qurolli askarlar tayyorlash uchun zarur edi. Keyingi yo‘nalish
mahalliy aholi ongiga rus ruhiyatini singdirish va uni o‘z madaniyati va
ma’naviyatidan mahrum qilish bo‘ldi. Buning uchun rus- tuzem maktablari tashkil
qilina boshlandi. Albatta, bu maktablar mahalliy xalqni ruslashtirishda asosiy rol
o‘ynadi deb aytolmaymiz, chunki ko‘p millionli Turkiston aholisi uchun 105 ta
maktab (1911-yilda) daryodan tomchi edi. Shu bilan birga, Turkiston harbiy
ma’muriyati jadidlar tashabbusi bilan paydo bo‘layotgan mahalliy xalq turmush
tarziga, ma’naviyatiga mos keladigan yangi uslubdagi maktablarni yopish uchun
barcha choralarni ko‘rdi. Rossiyaning ulug‘vorligi, boyligi va qudratini, sanoati,
taraqqiyotini ko‘rsatish uchun mahalliy millat vakillarining markaziy shaharlarga
sayohatlari uyushtirildi. Maqsad – kelajakda mustamlaka hududlarni ham shunday
taraqqiyotga erishishi mumkinligiga ishontirish edi. Chor Rossiyasi Turkistonda
iloji boricha islom ta’limotining aholiga ta’sirini cheklashga harakat qildi. Bir
qancha shaharlarda shayxulislom lavozimlari taqiqlandi, vaqf mulklari davlat
ixtiyoriga olindi, madrasalarni tamomlagan shaxslarni davlat xizmatiga olish
cheklandi. Ba’zi savodsiz mullalar yordamida «Qur’oni Karim» va boshqa diniy
kitoblarning mazmun-mohiyati buzib talqin qilingan. Juma namozida podshoning
nomini (xutbaga) qo‘shib o‘qish to‘g‘risida farmoyish berilgan. Rossiya o‘lka
xalqlarini o‘z madaniyati va tarixidan uzoqlashtirish uchun barcha choralarini
ko‘rdi. Turkiston tarixiga doir moddiy va ma’naviy yodgorliklar yig‘ib olindi va
Moskva hamda Sankt-Peterburgga jo‘natildi. Ko‘plab tarixiy obidalar qarovsiz
qolib, xonavayron bo‘ldi. Xullas, Chor Rossiyasi mahalliy aholini ma’naviy
qoloqlikda tutib turish, ijtimoiy faolligini oshirmaslik va O‘rta asrlar
jaholatparastligida saqlash choralarini ko‘rdi. Rossiya iloji boricha Markaziy
Osiyoni jahon taraqqiyotidan, madaniyatidan chetda ushlab tutishga harakat qildi.
Bu fikrni o‘sha davrda Turkistonni boshqarib turgan general-gubernator A.N.
Kuropatkin ham tan olgan. U o‘z xotiralarida: «Biz 50 yil tub joy aholini
taraqqiyotidan jilovladik, maktablar va rus hayotidan chetda tutdik», – degan edi.
Chor Rossiyasi harbiy-siyosiy ma’muriyatining kuchli bosimiga qaramasdan milliy
madaniyatning rivoji to‘xtab qolgani yo‘q, mahalliy aholi o‘zining milliy
qadriyatlari, urf-odatlari, an’analarini, ma’naviy ruhiyatini saqlab qolishga harakat
qildi, o‘zligini unutmadi. Aynan shu davrda yurtimizdan Muqimiy, Furqat, Zavqiy,
Cho‘lpon, Tavallo kabi atoqli shoirlar faoliyat ko‘rsatdilar. Ular o‘z asarlarida
yurtning taraqqiyotdan orqada qolayotganligi, aholi diniy mutaassibligidan chiqib
keta olmayotgani, uning dunyo bexabarligini kuyunib yozdilar. Mumtoz musiqa,
san’at, teatr, milliy matbuot, badiiy hunarmandchilik rivojlandi. Shu davrda
taraqqiyparvar
jadidchilik harakati shakllandi va rivojlandi. Vatan mustaqilligi,
milliy demokratik davlat qurish g‘oyalari ilgari surildi va tub joy aholining siyosiy
ongi o‘sib bordimo‘g‘ul bosqinchilari va mahalliy hukmdorlarning zulmiga qarshi
yuzaga kelgan. XIV asrning 30-yillarida sarbadorlar harakati Eronda boshlanib,
keyinchalik Xuroson va Movarounnahrga (50-60- yillarda) yoyilgan.
Dostları ilə paylaş: |