144
Nyu-Yorkda o‗tkazilgan Xalqaro konferensiyada BMTga a‘zo 26 ta mamlakat tashkilot
ustavini ratifikatsiya qilgach, J.s.s.t. tuzildi (1948.7.4). Shu kun butun dunyoda sihat-
salomatlik kuni sifatida nishonlanadi. Tashkilot o‗z oldiga «hamma xalqlarning iloji
boricha sog‗-salomat bo‗lishiga erishish»ni maqsad qilib qo‗ygan. J.s.s.t. kasalliklarga
qarshi kurash olib boradi, ularni tugatish tadbirlarini ko‗radi; atrof muhit muhofazasi,
yuqumli va yuqumsiz kasalliklarga qarshi kurash uchun xalqaro standartlar belgilash,
dori moddalar sifati va qo‗shimcha ta‘siri hamda narkotik moddalar ustidan xalqaro
nazorat o‗rnatish; tibbiyot fanining eng muhim masalalari bo‗yicha hamda sog‗liqni
saqlash sohasidagi tadqiqotlarni koordinatsiyalash va ularni o‗tkazishga ko‗maklashadi.
J.s.s.t. xalqaro karantin sohasida qator tadbirlarni amalga oshiradi: chechak, vabo va b.
bilan kasallanish hollari to‗g‗risida mamlakatlarga o‗z vaqtida xabar beradi. Tashkilot
tarkibiga 6 mintaqviy tashkilot kiradi. Ular har birining o‗z ijroiya organlari va mintaqviy
byurolari bor. J.s.s.t.ning oliy organi – Jahon sog‗liqni saqlash assambleyasini
mamlakatlar saylaydi, uning sessiyasi-yil sayin chaqirib turiladi. J.s.s.t.ning markaziy
ma‘muriy organi – Sekretariatga (shtab kvartirasi Jenevada) general direktor rahbarlik
qiladi. Tashkilot mablag‗ining asosiy manbai unga a‘zo bo‗lgan davlatlardan tushadigan
badal pulidir. J.s.s.t. jurnallar, byulletenlar, nomuntazam nashrlar chop etadi. J.s.s.t.ning
O‗zbekistondagi vakolatxonasi 1995-yildan O‗zbekiston sog‗liqni saqlash vazirligi
binosida faoliyat ko‗rsatadi .
Dostları ilə paylaş: