Olmos-CHust-Varzak adir orti cho‘kmasi. Bu cho‘kma Asht-Bobodarxon cho‘kmasidan
sharqroqda joylashgan bo‘lib, janubi-g‘arb va sharq tomondan adirlar xalqasi bilan
chegaralanadi. SHimol tomondan cho‘kmani CHotqol tizmasi chegaralab turadi. CHo‘kma
kenglik yo‘nalishi bo‘ylab joylashgan bo‘lib G‘ovasoy, Ko‘kserak, Sumsar soyliklari keltirgan
shag‘alli, suglinkali jinslaridan tashkil topgan. Adir orti cho‘kmasining deyarli markazida
neogen davrining qoldiq ko‘tarilmasi joylashgan bo‘lib, uning litologik tarkibini shag‘alli,
suglinkali, mergelli jinslar tashkil etadi.
Har ikkala cho‘kmaning oralig‘ida unga katta bo‘lmagan maydonda CHodak depressiyasi
joylashgan. Bu depressiya geomorfologik jihatdan yaqqol ifodalanmaydi va uni janub tomondan
o‘rab olgan adirlar ham uncha baland ko‘tarilmagan. Depressiyaning litologik asosini quyi
qatlamlarda dag‘al jinslar va yuza qismida antropogen yotqiziqlar tashkil etadi.
Kosonsoy adir orti cho‘kmasi. Mazkur cho‘kma Olmos-CHust-Varzak adir orti
cho‘kmasidan sharqda joylashgan bo‘lib, janubi-sharqdan tik ko‘tarilgan adirlar bilan
chegaralangan. Uning chekka shimoliy qismini birmuncha tik Kosonsoy paleozoy massivi
chegaralab turadi. Kosonsoy adir orti cho‘kmasidan Kosonsoy soyligining 3 ta terrasasi
joylashgan va ularning litologik tarkibi asosan suglinkalardan tashkil topgan. SHimoliy qismida
esa delyuvial tartibli shag‘alli jinslar qoplab olgan. Namangan va Sursan adirlarining oralig‘ida
Ququmboy adirlararo cho‘kmasi joylashgan. Bu cho‘kmaning litologik tarkibini asosini shag‘alli
jinslar tashkil etib, uning ustki qismini mayda donali suglinkalar uncha katta bo‘lmagan
qalinlikda qoplab olgan.
Iskovot-Zarken-Peshqo‘rg‘on adir orti cho‘kmasi. Bu adir orti cho‘kmasi Farg‘ona
vodiysining shimoliy qismida eng katta maydonni egallaydi. CHo‘kmaning asosiy maydoni
tekis yuzali bo‘lib, Podshootasoy soyligining konussimon yoyilmalaridan tashkil topgan.
Litologik tarkibi shag‘alli va suglinkali jinslardan iborat.
Farg‘ona vodiysining sharqiy qismida ham alyuvial, prolyuvial tekisliklar mavjud bo‘lib,
ular adirlararo va adir orti cho‘kmalari, konus yoyilmalari, hamda soyliklarning to‘lqinsimon
vodiylaridan tashkil topgan.