Oilaviy tarbiyada milliy qadriyatlar. Sharq mutafakkirlari
ta’limoti.
Inqilobdan oldin, uning dastlabki kunlaridayoq sharqona tarbiyaga yuksak baho
berilgan edi. «Bolaga muhabbat, bolaga diqqat – e’tiborni rusiyaliklar Sharq
xalqlaridan o’rganishlari kerakligi» e’tirof etilgan edi.
Bir qancha rus etnograflarining Turkiston xalqlari turmush tarzi, oilaviy
munosabatlari, an’analari bilan qiziqishlari tarixdan ma’lum. Lekin vaqt o’tishi bilan
nimagadir milliy qadriyatlarga bid’at va xurofot deb nom berildi. Bizda e’tiborga
olinmagan Kaykovusning «Kobusnomasi», Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig»,
Ahmad Yugnakiyning «Hibbatul haqoyiq»i jahonda tan olindi. Navoiy bobomiz,
Munis Xorazmiy, Abdulla Avloniy, Hoji Abdullo Orif, Sa’di Sheroziy, Mirzo Bedil,
Hamzalar o’z asarlarida o’zbek xalqining o’ziga xos xususiyatlarini ochib berishgan.
O’zbeklardagi ota–onaga bo’lgan izzat–hurmat, birodarlarga bo’lgan mehr–shafqat,
insoniylik, ma’rifatga chanqoqlik, onani (ayolni) ulug’lash, farzandga nisbatan
fidoyi bo’lish kabi fazilatlar albatta ular qalami orqali dunyoga tanilgani
shubhasizdir.
O’zbek xalqining tarixi haqida gapirilganda inqilobdan oldin bironta oliy o’quv
yurtining bo’lmaganligi haqida ko’p gapiriladi. (Bu faktlar xatoligini tarix
ko’rsatmoqda). O’zbeklarda ta’lim – tarbiya masalalariga e’tibor hamma vaqt asosiy
bo’lgan. Xalq pedagogikasi ularning vazifasini a’lo darajada o’tab kelgan. Bular
xalq og’zaki ijodi durdonalari bo’lmish ertaklar, rivoyatlar, maqollar, topishmoqlar,
ona allalaridir.
Bolalik kunlarimda,
Uyqusiz tunlarimda.
Ko’p ertak eshitgandim,
So’zlab berardi buvim.
H. Olimjon
Zamondoshimiz Hamid Olimjonning bu satrlarini o’qigan har bir kimsa,
aminmizki, ko’z o’ngiga o’zining yoshligini keltiradi. Chunki, har birimiz
yoshligimizda bunday ertaklardan bahramand bo’lganmiz. Ular orqali keksa avlod
vakillari yosh avlodga ota–bobolar tarixi, udumlari, an’analarini singdirish bilan bir
qatorda tarbiyaviy maqsadni ham ko’zda tutganlar.
Ertak, afsona, rivoyatlar o’zining jozibadorligi bilan faqat bolalarnigina emas,
balki kattalarning ongiga ham ijobiy ta’sir qilgan. Ular insonlarni yaxshilik qilishga,
mehnatni sevishga, Vatanga nisbatan fidoyi bo’lishga asrlar davomida undagan.
Shiroq, To’maris, Go’ro’g’li, Rustami–doston, Alpomishlarni hozir ham bolalarimiz
hayrat bilan tinglashadi. Bola qiziqdimi demak, u haqiqiy narsa, chunki sal bo’lsa-
da soxtalikni bolaning beg’ubor ko’ngli darhol sezadi.
«Yoshi bir erga borib, vaqt esa umr binosini emirib tamom qilayotganini sezgan
keksa shoh bir kun ikki ko’zining oqi qorasi bo’lmish yagona o’g’lini huzuriga
chaqirib, unga davlatini topshirmoqchi ekanligini aytibdi. O’g’li hali yoshligi,
davlatni boshqarishni uddalay omasligini vaj qilib otasining gapini odob ila rad
qilibdi. Ota o’g’lining odobidan xursand bo’lib unga mehri yana ham tovlanibdi va
unga yuzlanib so’z qotibdi:
- Men taxtga o’tirganimda sendan ham yosh edim. Yaxshidan o’rgandim,
yomondan hazar etdim, el ko’nglini ovladim, osoyishtalik uchun kurashdim. Aslo
zarar va zavol ko’rmadim. Ahli ne’matlari ila umrimni baxtli hayot shukrlariga
chosh etdim.
- Baribir, siz bilan tenglashmoq-sahroda turib, dengizda suzishni orzu qilish
bilan barobardir. Siz-boshqasiz, xon hazrat! – dedi qobil o’g’il tabassum ila. –
Qolaversa, ko’pchilikka bosh bo’lgan odam ularni nimaga da’vat etayotganini o’zi
yaxshi tushunishi, uzoqni mo’ljallagan aniq bir dasturi bo’lmog’i kerak-ustozlar
shunday ta’lim beradilar. Lekin, men bu haqda o’ylab ko’rmaganman. O’g’lining
samimiy gaplaridan otasining ko’ngli tog’day bo’lib uni safarga jo’natmoqchi
bo’ldi. Safar oldidan:
- O’g’ilginam shartimiz shunday, diling og’rimasin: navkarlar ko’zingni
bog’lab, ma’lum bir manzilgacha senga hamroh bo’lib boradilar. So’ng ular seni aro
yo’lda qoldirib qaytishadi. Otlarning dupuri olislab ketgandan keyingina
ko’zingdagi bog’ichni echasan. Endi gapning buyog’iga quloq ber! Senga beshta
shart aytaman. Har qanday sharoitda ham bu shartlarni bajarishing farzdir.
Ko’zingni ochganda birinchi bor ko’rgan narsangni eb-yutib yuborasan, ikkinchi
uchragan narsani yashirasan, uchinchi narsaga sadoqat ko’rsatasan, to’rtinchi bo’lib
uchragan narsani noumid qilmaysan, beshinchi uchragan narsadan qochasan.
Uqdingmi?
- Uqdim, padari buzruk! – debdi shahzoda ta’zim ila.
- Bu vazifalarni bajargach, yana ortingga qaytasan. Oq yo’l o’g’lim! Safaring
bexatar bo’lsin.
Ota bola quchoqlashib xayrlashibdilar. Shaxzoda navkarlar bilan yo’lga
chiqibdi, uzoq yo’l yurishibdi. Manzilga etganlarida kuzatuvchilar sarboni endi
ortga qaytajaklarini shahzodaga aytibdi. Otlar tuyog’i tinib, har yonni sukunat
qoplagandan keyin shahzoda ko’zlarini zim – ziyo qilib turgan bog’ichni ko’zidan
olibdi. Ko’zi ravshanlashgach, biydek dashtda yolg’iz turganligini ko’ribdi-yu,
yuragi uvishibdi «Yo alhazar! » -deb yuboribdi. Axir u birinchi ko’rgan narsasini
eb–yutib yuborishi kerak edi–ku! Bir oz turdi–da, irodasiga sabr tiladi, o’zini qo’lga
olib, keyin xuddi g’am tog’ini eb– yutib yuborguday shaxt va shijoat bilan tog’
tomonga yura boshladi. Yurib toqqa yaqinlashgan sari shaxzodaning taajjubi osha
bordi. Chunki, g’aroyib bir mo’’jiza ro’y berayotganday edi: U toqqa yaqinlashgani
sayin haybatli qora tog’ tobora kichrayib borar va nihoyat shahzoda tog’ etagiga etib
kelganida undan nom-nishon qolmagan edi. Faqat tog’da bosh barmoqday keladigan
qop – qora bir toshchagina qolgandi, xolos.
G’am tog’ini elkasidan qulatgan mo’’jizadan ko’ngli behad shod bo’lgan
shahzoda tog’dan namuna sifatida qolgan kichkina qora toshni og’ziga solibdi –yu,
yutib yuboribdi. Shu payt hayratdan yana dong qotibdi. Chunki u shu paytgacha totib
ko’rgan shirinliklari ichida bunaqangi mazali va totli narsa aslo tomog’idan
o’tmagan edi.
Mo’’jizadan hayajonlangan shahzoda yana yo’lda davom etibdi. Bir vaqt
qarasa yo’li uzra yalt–yalt tovlanib bir lagan oltin turgan emish. Shahzoda otasi
aytgan shartlarni eslab: «Ikkinchi uchratgan narsani yashirishim kerak», - deya
xayolidan o’tkazibdi. U darhol bir chuqur kavlab, oltinli laganni ko’mib tashlabdi.
Shahzoda o’z ishidan xursand bo’lib yana yo’lga tushibdi. Biroq 5–6 odim yurib
beixtiyor ortiga qarasa, oltinlar lagani bilan yana er betida turgan emish. U hayratdan
yoqasini ushlabdi. «Tavba! » - debdi shahzoda va erni yanada chuqurroq kavlab
oltinli laganni qayta ko’mibdi. Sal fursat o’tmay, avvalgi mo’’jiza takrorlanibdi.
Shahzoda oltinlarni uchinchi marta ham mahkamlab ko’mib tashlabdi. So’ng biroz
yuribdi–yu, xotirjam bo’lmabdi – ortiga qarasa oltinlar yana er betiga chiqib
olganmish. Shahzoda: «endi, bularni berkitishning iloji yo’qqa o’xshaydi. Shart
talabning farzini ado etib, uch marta bajardim! » - debdi -yu, yo’lda davom etibdi.
Ancha yo’l bosibdi. Bir vaqt qarasa, bir oppoq chinni kabutar boshi uzra
aylanayotgan emish. Kabutar odam kabi gapirib, shaxzodaga yolvoribdi:
- «Ey, sahovatli odamzot! Mening ortimdan lochin quvlab kelyapti, hayotimni
saqlab qolishga suv ber, qo’yningga kirib yashirinay! ».
Shahzodaning kabutarga rahmi kelibdi, o’ylasa, otasi tayinlagan shartga ko’ra,
uchinchi uchragan narsaga sadoqat ko’rsatishi ham zarur edi-ku! Shuni o’ylab
shaxzoda kabutarni darhol qo’yniga yashiribdi, lekin lahza o’tmay shahzoda boshi
ustida charx urib paydo bo’lgan lochin tilga kiribdi:
- «Ey, sohibqiron shahzoda! Mening rizqimni qo’yningga yashirib turish senga
yarashadimi? Tog’ qoyasidagi uyamda uch poloponim ochlikdan chirqillab yotibdi,
ber ular nasibasini! » - deb nola qilibdi.
Shahzoda nima qilishini bilmay qolibdi. Kabutarni lochinga berib yuborsa,
uchinchi vazifa sharti buziladi, bermasa... Zero, shahzodaga lochin to’rtinchi bo’lib
uchradi – uni noumid qilmasligi shart. Shunda shahzoda keskin qat’iy qarorga kelib
o’z sonidan bir parcha go’sht kesib olibdi–da:
- «Mana poloponingga olib bor!» - deb, lochinga o’z go’shtini tutib yuboribdi.
Joni og’rigan bo’lsa ham lochinni noumid qilmay, kabutarga sadoqat ko’rsatganidan
shahzodaning dimog’i nihoyatda chog’ bo’libdi. Muhtaram va mo’’tabar otasi
oldida yuzi yorug’ bo’lganidan dili nurga to’libdi.
Yo’lida davom etgan shahzodaning ko’ziga uzoqdan qanaqadir bir shahar
ko’rina boshlabdi. Shaharga yaqinlashib qolay deganda, qandaydir badbo’y hiddan
shahzodaning ko’ngli behuzur bo’libdi. Diqqat bilan qarasa dalada bir o’limtik eshak
bijg’ib-sasib yotgan emish. Shahzoda o’zini yo’ldan chetga olishga majbur bo’libdi.
Shaharga ancha naridan aylanib o’tib kirib boribdi. Keyin o’ylab qarasa, eshak
o’limtigi shahzoda yo’lida uchragan beshinchi topshirig’i shartini ham bajarganini
anglab, xursand bo’libdi. Shahzoda damini olib shaharni aylanar ekan, ko’z o’ngida
bo’lib o’tgan mo’’jizalar yechimini topishga urinar va uni echolmay garang ekan.
Bu qisqa safar shahzodada shunday katta taasurot qoldiribdiki, u o’zini go’yo o’n
yillarga ulg’ayganday his etibdi. O’zi shohid bo’lgan mo’’jizalarni padariga so’zlab
berish uchun poytaxtga yo’l olibdi.
Keksa shoh ham mukarramida shahzodani xushvaqtlik bilan kutib olibdi.
-Qalay, safaring xayrli bo’ldimi, shartlarimni bajardingmu? – debdi shoh
tabassum bilan.
-Oliy hazrat! Bu mo’’jizaviy safar mening butun fikru zakovatimni qamrab
olmish. Bunda ne sir – sinoatlar darig’ ekanligini bilolmay giryonman, - debdi
shahzoda va safarida ko’rgan kechirganlarini ipidan – ignasigacha otasiga so’zlab
beribdi.
Shoh jon-qulog’i bilan o’g’lining hikoyasini tinglagach anchagacha sukut
saqlabdi, so’ng so’zlay boshlabdi:
-Birinchi bor ko’zingga ko’ringan qop-qora tog’, vaqtiyki, inson boshiga
tushishi mumkin bo’lgan g’am-kulfatdir. Bunday paytda insonga beqiyos sabr-
bardosh kerak bo’ladikim, uning asnosida g’am tog’i emirilib, pirovardida kishilar
ezgu ro’shnoliklarga ega bo’ladilar. Ikkinchi ko’ringan narsa – oltinli lagan. Bu
kishilarning bir – birlariga qiladigan yaxshiliklaridir. Yaxshilikni hech qanday kuch
berkita olmaydi, yo’q ham qila olmaydi. Zero, hayotda yaxshilikni yo’q qiluvchi
qudratli kuch yo’qdir. U yo’q bo’lganda ham, vaqt o’tib, baribir bir kunda o’sha
lagandagi oltinday namoyon bo’laveradi. Va’da–eng muqaddas tuyg’udir. O’z
so’zlarining ustidan chiquvchi sadoqatli kishilar ko’p bo’lgan mamlakatda halollik,
mardlik hukmron, el–ulus to’q va badavlat, davlat esa mustahkam bo’ladi. Hamma
ham baxtiyorlik og’ushida bo’ladi. Kabutarga ko’rsatgan sadoqating ana shu
ezguliklar namunasidir. Boshiga tushgan mushkulini oson etmoq niyatida bir kishi
yuz o’y va istihola bilan ikkinchi kishi huzuriga qadam ranjida qiladi. Aftodahol
kimsani hech qachon noumid qilmaslik zarur. Sening o’zingga ayon, ozgina azob
tortding, lekin lochinni noumid qilmading. Mehr–oqibatli va mehribon odamlar
miskin va gadolarga najot qo’lini uzatadilar. Mehribonlik qarshisida har qanday
balo–qazo ham niyatini o’zgartiradi. Oxirgisi agarda odam o’z umrini fisqu–fujur,
g’iybat va xusumat, tuhmat va ig’vo, dilozorlik va xunrezlik bilan o’tkazsa, bunday
kishilarning qadr-qiymati va etgan martabasi o’sha sen ko’rgan o’limtik eshak
misolida bo’ladi. Unday kishilardan odam bolasi qochadi, ko’rganda hazar qiladi...
Toju–davlatimiz taqdiri xususida chaqirtirganimda, sen dastur haqida so’zlagan
erding! Mana shu besh narsa yodingda bo’lsin! Agar xalqimizni shu oliy fazilatlarga
da’vat eta olsang, yurt to’q va badavlat, el osoyishta, davlat mustahkam, kishilar
xulqida esa poklik, halollik xislat fazilatlari barqaror bo’ladi. Zero, iymon deganlari
ham xuddi mana shul fazilatlarga ega bo’lishdir.
Shahzoda donishmand otasining aql–zakovatiga tahsinlar o’qidi, o’rnidan turib
padari buzrukvoriga boshi yerga tekkancha ta’zim bajo keltirib uning xoki poyini
o’pibdi. Keyincha ana shu dastur asosida yurtga hukmronlik qilib umrini farog’at va
ro’shnolikda o’tkazibdi».
Bu qadimiy hikoyatdan pedagogika tili bilan aytganda ijtimoiy axloqni
shakllantirishda foydalanish mumkin.
«Odam o’z eliga yaxshilik qilish bilan ularning ulug’iga aylanadi», «Ilm
egallash yo’lida mahkam turishdan ko’ra yaxshiroq ish yo’q», chunki ilm kishini
izzat va sharafga yetkazadigan vositadir», «Sharm va hayo fazilatlarning ulug’i»,
«Rostgo’yning hamisha yuzi yorug’, dili shod bo’ladi».
Bu kichik misralarda ham olam–olam ma’no bor. Dono fikrni ikki misraga
singdira olish insondan juda chuqur bilim va o’tkir zehnni talab qiladi. Xalqimizda
bunday insonlar donishmandlar yoki donolar deb atalgan. Ular qoldirgan adabiy
meros esa «Donolar bisotidan», «Donolar xazinasidan», deb aytib kelinib, yoshlar
tarbiyasida keng qo’llangan. Ulardan ba’zilarini misol tariqasida keltirmoqchimiz:
Bir dono so’zi:
-Dunyo azobi to’rt narsadir. Birinchisi–qarilik, tanholik va kimsasizlik.
Ikkinchisi – bemorlik va bemadorlik, musofirlik. Uchinchisi–kambag’allik onlarida
qarzdorlik. To’rtinchisi–yo’lning uzoqligi va piyodalik.
Har bir kishi uyda va jamoat orasida quyidagi odatlarga amal qilmog’i kerak.
Yurishda: ko’zingga qarab yur, zarurat bo’lmasa shoshma, bilmagan yo’lga
tavakkal qilib yurma, yurib ketayotib narsa ema!
Dam olishda: boshni osiltirib o’tirma, o’zingni iztirobli ko’rsatma, majlis
ahlining ko’zu yuziga ko’p qarama, yonboshlab o’tirma, badan a’zolari, soqol,
ustivosh bilan qo’lingni o’ynatma, o’tirishda uxlama, o’zgalar uxlayotganda sen
uyg’oq o’tirma, erta turishni odat qil!
Odamlarning ravnaq topishi uch narsaga – o’zgalar haqidan qo’rqishga,
poraxo’r bo’lmaslikka va rost so’zlikka bog’liqdir. Ilm va yaxshilik bir birovisiz
hech narsadir.
Kaykovus nasihati: «Xushfe’l odam doimo rohatda bo’ladi, uyqusida ham
qo’rqmaydi. Chunki, inson bedorlikda nimani odat qilgan bo’lsa, uyqusida ham
o’shani ko’radi».
Parviz nasihati: «Ta’magir bo’lmaslik zarurki, balolarning xilma – xili ana shu
ta’magirlik sababli yuz beradi. Odam arzimas narsalarga ham jahli chiqavermasligi
kerakki, kishiga jahldan kuchliroq dushman yo’q. Chunki jahli chiqqan odam o’zini
bilmaydi».
O’zbek xalqi tarbiyasining o’ziga xos xususiyatlari asosan shulardir. Albatta bu
tarbiya vositalari zamirida shaxsiy o’rnak muhim o’rin egallagan. Bu haqda xalqda:
«Qush uyasida ko’rganini qiladi», - degan ibora keng tarqalgan. Oila boshliqlari –
ota va ona tarbiyani o’zlaridan boshlaganlar. Hech qachon ota bolalar oldida onani
haqoratlash u yoqda tursin, tanbeh ham bermagan. Onalar ham otani bolalar ko’z
o’ngida salkam dahoga aylantirib qo’yishgan. Oilalarda baland ovozda gapirish, qah
– qah otib kulish uyat sanalgan.
Dostları ilə paylaş: |