(6-q.)
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli
organlar berilgan, uzaytirilgan, toʻxtatib turilgan, qayta tiklangan, tugatilgan, bekor qilingan, qayta
rasmiylashtirilgan va chaqirib olingan litsenziyalar, ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar,
shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan vakolatli organlarga yuborilgan xabarnomalar
toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni koʻrsatilgan tartib-taomillardan oʻtgan shaxslar joylashgan yerdagi
soliq organlariga elektron shaklda real vaqt rejimida taqdim etishi shart.
(OʻzR 30.12.2022-y.
OʻRQ-812-son Qonuni tahriridagi qism) (Oldingi tahririga qarang)
(7-q.)
Chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalarini akkreditatsiyadan oʻtkazishni amalga
oshiruvchi organlar hamda tashkilotlar chet el yuridik shaxslarining vakolatxonalari
akkreditatsiyadan oʻtkazilganligi (akkreditatsiyadan mahrum etilganligi) toʻgʻrisidagi
maʼlumotlarni vakolatxona joylashgan yerdagi soliq organiga tegishli hodisa roʻy bergan kundan
eʼtiboran oʻn kun ichida maʼlum qilishi shart.
(8-q.)
Xalqaro tashkilotlarning hamda chet el notijorat
nohukumat tashkilotlarining
vakolatxonalari reestrini yuritish vakolatiga ega boʻlgan organ mazkur reestrga tegishli tarzda
kiritilganlik (reestrdagi oʻzgartirishlar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni akkreditatsiyadan oʻtkazilgan
(akkreditatsiyadan mahrum etilgan) yoki mazkur reestrga maʼlumotlar (oʻzgartirishlar) kiritilgan
kundan eʼtiboran oʻn kun ichida vakolatxona joylashgan yerdagi soliq organiga xabar qilishi shart.
(9-q.)
Vasiylik va homiylik organlari mol-mulk mulkdorlari (egalari) boʻlgan jismoniy
shaxslarga nisbatan vasiylik, homiylik hamda mol-mulk boshqaruvi belgilanganligi toʻgʻrisida,
shu jumladan mol-mulk mulkdori (egasi) boʻlgan bolaning vasiy oilaga topshirilganligi haqida,
shu
jumladan mazkur vasiylik, homiylik va mol-mulk boshqaruvi bilan bogʻliq keyingi
oʻzgartirishlar toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida oʻzlari
joylashgan yerdagi soliq organlariga maʼlum qilishi shart.
(10-q.)
Notarial harakatlarni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan organlar (muassasalar)
koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari, mol-mulk ijarasi shartnomalari tasdiqlanganligi va ijara
haqi miqdori haqida, merosga egalik qilish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomalar berilganligi hamda
hadya etish shartnomalari notarial tarzda tasdiqlanganligi toʻgʻrisida soliq organlariga axborot-
kommunikatsiya texnologiyalari vositasida real vaqt rejimida xabar qilishi shart. Bunda hadya
etish shartnomalari tasdiqlanganligi toʻgʻrisida taqdim etilayotgan axborotda hadya qiluvchi va
hadya oluvchi shaxs oʻrtasidagi qarindoshlik darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlishi kerak.
(OʻzR 14.09.2021-y. OʻRQ-714-son Qonuni tahriridagi qism) (Oldingi tahririga qarang)
(11-q.)
Chet ellik fuqarolarga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ishlash uchun
ruxsatnomalar yoki patentlar berishni amalga oshiruvchi organlar chet ellik fuqarolar yoxud
fuqaroligi boʻlmagan shaxslar turgan joyi boʻyicha migratsiya hisobiga qoʻyilganligi toʻgʻrisidagi
maʼlumotlarni xabar qilishi shart. Bunday maʼlumotlar soliq organlarida
hisobda turmagan va
oʻziga nisbatan ishlash uchun ruxsatnomani yoki patentni rasmiylashtirish uchun hujjatlar koʻrib
chiqishga qabul qilingan chet ellik fuqarolar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan
taqdim etiladi. Mazkur organlar belgilangan hujjatlar qabul qilingan kundan keyin keladigan
kundan kechiktirmay ushbu maʼlumotlarni oʻzlari joylashgan yerdagi soliq organlariga xabar
qiladi.
(12-q.)
Qimmatli qogʻozlarning markaziy depozitariysi har oyda,
hisobot oyidan keyingi
oyning oʻninchi kunidan kechirtirmay Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga oʻzi va
investitsiya vositachilari tomonidan roʻyxatga olingan aksiyalarga doir bitimlar toʻgʻrisidagi
axborotni taqdim etishi shart.
(13-q.)
Bojxona organlari har oyda soliq organlariga:
eksport-import operatsiyalari toʻgʻrisidagi, shuningdek tovarlarni olib oʻtish, shu jumladan
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali elektron tijorat shaklida amalga oshirilgan
tovarlarni olib oʻtish haqidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona
omborlarida tovarlar saqlanayotganligi faktlari toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishi shart.
(14-q.)
Internet jahon axborot tarmogʻi milliy segmentining domen nomlari tizimini
belgilovchi organ soliq organlariga tegishli maʼlumotlar bazasiga ulanish uchun dasturiy
mahsulotlarni taqdim etish orqali domen nomlarining maʼmurlari toʻgʻrisidagi axborotlarga kirish
huquqini beradi.
(15-q.)
Soliq organlariga ushbu moddada nazarda tutilgan, qogʻozda yoki elektron shaklda
taqdim etiladigan maʼlumotlarning shakllari, shuningdek shakllarni toʻldirish tartibi Oʻzbekiston
Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadi.
(16-q.)
Maʼlumotlarni soliq organlariga elektron shaklda taqdim etish tartibi oʻzaro
hamkorlik qiluvchi taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi.
(17-q.)
Ushbu moddada koʻrsatilgan maʼlumotlar soliq organlariga bepul taqdim etiladi.
(18-q.)
Ushbu moddada nazarda tutilgan maʼlumotlar ushbu moddada belgilangan organlar,
muassasalar, tashkilotlar yoki notarial harakatlarni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan
mansabdor shaxslar tomonidan soliq organlarining soʻrovlariga binoan soʻrov olingan kundan
eʼtiboran besh kun ichida taqdim etiladi.
(19-q.)
Muassasalar va tashkilotlar tomonidan soliq organlariga maʼlumotlar taqdim
etish
majburiyati qonunchilikda belgilanadi.
(OʻzR 30.12.2022-y. OʻRQ-812-son Qonuniga muvofiq
kiritilgan qism)
Dostları ilə paylaş: