2.4. Ishlab chiqarishning umumiy va pirovard natijalari Ishlab chiqarish jarayonida turli omillarning bir-birlari bilan o‘zaro ta’sirda
bo‘lishi va birikishi asosan turli xildagi korxonalarda amalga oshiriladi. Bunday
korxonalar sonining o‘sishi va yiriklashuvi ayni paytda iqtisodiyotdagi tovar va
xizmatlar turlari va hajmining o‘sishidan darak beradi. Jumladan, chuqur tarkibiy
o‘zgarishlarni amalga oshirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik manfaatlarini
ishonchli himoya qilish, eng muhimi, Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilganidek,
xususiy mulkning qonuniy, me’yoriy-huquqiy va amaliy jihatdan ustuvor rolini
ta’minlash, O‘zbekiston iqtisodiyotida tovar va xizmatlar hajmini bosqichma-
bosqich ko‘paytirishga qaratilgan.
Yuzaki qaraganda, har bir korxonadagi (davlat, xususiy, qo‘shma korxona,
fermer, dehqon, tomorqa xo‘jaligi) individual ishlab chiqarish mustaqil, bir-biridan
ajralgan holda amalga oshadiganga o‘xshab ko‘rinadi. Ammo xilma-xil tovarlar va
resurslarning uzluksiz oqimida individual ishlab chiqarilgan tovarlar va
mablag‘larning harakatlari bir-biri bilan qo‘shilib, o‘ralib-chatishib ketadi. Chunki
alohida olingan individual ishlab chiqaruvchilarning faoliyati va ayrim mablag‘lar,
mahsulotlarning harakati o‘zaro bog‘langandir. Shu sababli, individual mehnatlar
va tovarlar harakatining qo‘shilib ketishi, butun ijtimoiy ishlab chiqarishning, jami
yaratilgan tovar va xizmatlarning harakatini bildiradi. Demak,
ijtimoiy ishlab chiqarish o‘zaro bog‘langan va aloqada bo‘lgan barcha individual ishlab chiqarishlarning yig‘indisidir. Har bir individual ishlab chiqarish, uning
sarmoyasi va resurslari esa ijtimoiy ishlab chiqarishning ajralmas bir bo‘lagidir.
1
“2017-2021 yillarda O‘zbеkiston Rеspublikasini rivojlantirishning bеshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar
stratеgiyasi”. http://strategy.gov.uz/uz/pages/action_strategy