www.ziyouz.com kutubxonasi
8
bolaga mehri tushub ajrashga toqati yo‘qligini bildirib yig‘ladi. Bu qutluq oyog‘ o‘g‘il
borg‘ondin buyon bo‘lgan barakalarni bayon qilib, mumkin bo‘lsa besh-o‘n yosh
bo‘lguncha tarbiyat qilishni so‘radi. Omina Halimaga rahmi kelib, Payg‘ambarimizni unga
qaytarib berdi. Bundan so‘ngra Halimaning qo‘lida yana ikki yil turub yoshlari to‘rtga
to‘ldi.
KO‘KSI YORILISH VOQEASI Mana shu yilda «Shaqqi Sadr» voqeasi bo‘ldi. Ya’ni, farishtalar kelib, muborak
ko‘kraklarini yordilar. Bu qissa bayoni shundoq erdikim: badaviy arab bolalari
odatlaricha Payg‘ambarimiz ham to‘rt yashar chog‘larida emakdosh bola bilan birga qo‘y,
echki, qo‘zilarni boqib yurishar edi. Bir kuni emakdosh o‘g‘il yugurgan holda yig‘lab kelib
xabar berdikim:
— Ukam Muhammadni oq kiyim kiygan ikki odam kelib ushlab oldi va uni yerga yotqizib,
ko‘ksini yorib qo‘ydi, — dedi.
Halima eri bilan bu dahshatli xabarni eshitib, xushlari boshlaridan uchdi. Faryod-fig‘on
qilishib chopishib bordilar, ko‘rdilarkim ranglari o‘chgan, vujudlari o‘zgargan holda
turibdilar. Darrov quchoqlariga olishib:
— Ey o‘g‘ilchog‘im, sizga nima bo‘ldi? — deb so‘radilar. Anda Payg‘ambarimiz:
— Oq liboslar kiygan odam sifatida ikki kishi keldi, meni yotqizib, ko‘ksimni yordilar,
ichimga qo‘l solib yuragimni chiqazib, uni tildilar, undan qora qonni oqizib tashlab, bir
jom kavsar suvi bilan ko‘p yuvib chayqadilar. «Mana, sendagi shayton nasibasi ketdi,
endi senga shayton yo‘l topolmaydur», deb yana qaytadan ko‘ksimni tikishib qo‘yib,
g‘oyib bo‘ldilar, — dedilar.
Qarasalar ko‘ksilarida yorganning nishonasi qolib, izi ko‘rinib turibdir. Bechora Halima
xotun eri bilan bu karomatning haqiqatiga tushunmay, bu ishning Xudo tarafidin
bo‘lganiga aqllari yetmay, ko‘ngillariga turli xayollar kelib, ko‘p qo‘rqunchliklar tushdi. Bu
ish jin-shaytonlar qasdidin bo‘ldimi, deb gumon qilishdi. O‘zlari Payg‘ambarimizdin
ajrashishlariga sira toqatlari bo‘lmasa ham, bu hodisadin qo‘rqib, nochor
Payg‘ambarimizni onalari Ominaga keltirib topshirdilar.
— Bu muborak bolaga bunday mehru muhabbat qo‘ygan enagasi bizdin ruxsatsiz
kelturdi, albatta, buning boisi bo‘lsa kerak, — deb sababini Halimadin so‘radilar, avvalda
aytmay yashirib turgan bo‘lsa ham, so‘ngra bo‘lgan voqeani bayon qildi va:
— Bu ish jin-shaytonlar tarafidin bo‘lish imkoniyati bordur — dedi. Onalari Omina bu
so‘zga qarshi dedilarkim:
— Bu bolam Muhammad bo‘yimga bitgandin boshlab, g‘oyibdin ko‘p ishorat-bashoratlar
ko‘rib kelganman. Bu bolaning sharofatini bildirish uchun tug‘ut kechasida necha turli
karomat ishlar bo‘lib o‘tgandir. Endi bundog‘ ulug‘ xosiyatlarga ega bo‘lgan farzandim
Muhammadga hech qachon jin-shaytonlar yaqinlasholmaydilar, — deb Halimaga hurmat
ko‘rsatib, ruxsat qildilar.
Shu chog‘da Payg‘ambarimiz to‘rtga to‘lib, beshga qadam qo‘ygan edilar. Mana bu voqea
Payg‘ambarimizga yosh bolalik vaqtlarida bo‘lgan mo’jizalarning birisidur. Buni «Shaqqi
Sadr» deydurlar.