BANI MURRA QABILASIGA CHOPULI Bu qabiladan qasos olmoqqa musulmonlar juda xumor edilar. Chunki bundan ilgariroq
Bashir ibn Sa’d qo‘l ostida yuborilgan o‘ttiz kishilik askarni shular o‘ldirmish edilar.
Bularning yerlari Xaybar shahriga yaqin bo‘lib, Madinadan besh-olti kunlik yo‘l edi. Islom
askari dushman yeriga yaqinlashib kelgan vaqtida, G‘olib ibn Abdulloh askarga qarata
bir va’z so‘zladi:
— Ey mo’minlar, birinchi so‘zim shulki, Alloh amrini mahkam ushlanglar. Ikkinchi so‘zim
ersa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu safarda sizlarga meni amir qilib sayladilar.
Har ishda menga itoat qilinglar. Chunki askarlari itoatda bo‘lmagan amir aqlidan
adashgay. Urush ishida yo‘lini topa olmagay, — dedi.
So‘ngra askarni ikki-ikkidan qilib, bir-biriga yo‘ldosh qildi. Hech kim o‘z yo‘ldoshidan
ajralmasin, deb buyurdi. Askarni shu yo‘sinda yasagandan keyin kelishib dushmanni
qurshadilar. Amirlari G‘olib ibn Abdulloh takbir boshlab, shu barobar butun askar takbir
sadosi bilan dushman ustiga hujum qildilar. Natijada dushman askaridan bir kishi ham
qochib qutula olmay, hammalari qilichdan o‘tkazildi. Butun mol-chorvalarini o‘ljaga
olishib, Madinaga salomat keldilar.