XADICHA ONAMIZNING VAFOTLARI Onamiz hazrati Xadicha Huvaylid qizi, Quraysh qabilasi ichida hasab-nasab jihatdin eng
yuqori darajali xotun edi. Qirq yoshida Rasululloh uni o‘z nikohlariga oldilar. Ul chog‘da
Payg‘ambarimizning yoshlari yigirma beshga yetmagan edi. Payg‘ambarlik davrining
o‘ninchi yilida, hijratdin uch yil ilgari Makka shahrida onamiz Xadicha vafot topdilar.
Payg‘ambarimizning barcha bolalari, hamma o‘g‘il-qizlari shu onamiz Xadichadin
tug‘ilgan edilar. YOlg‘iz Ibrohim otlig‘ o‘g‘illari ersa Moriya degan cho‘rilaridin tug‘ildi. U
bo‘lsa Misr podshosi Muqovqis tarafidin Payg‘ambarimizga hadya qilib yuborilmush edi.
Eng kichik qizlari Fotima Payg‘ambarimizdin olti oy keyin vafot topdilar. Qolgan katta-
kichik hammalari o‘zlaridin ilgari dunyodin o‘tgan edilar. Bu musibat ustiga butun
dushmanlariga haybat ko‘rsatib turgan amakilari Abu Tolibning vafot qilishi
Payg‘ambarimizga qattiq ta’sir qildi. Bu mehribon yordamchilaridin birdaniga ajralganlari
uchun ortiqcha qayg‘urdilar. Shu musibat bo‘lgan yilni qayg‘u-hasrat yili, deb atadilar.
Chunki bu ikkovlari umrlarining boricha Rasululloh yordamlarida molu jonlarini
ayamasdin fido qilgan edilar. Endi bularning vafotlaridin so‘ngra Quraysh mushriklari
fursatdin foydalanib, Payg‘ambarimiz boshliq barcha musulmonlarga bermagan ozorlari,
ko‘rsatmagan jabru jafolari qolmadi. Makka mushriklaridin umid qilarlik hech ish
ko‘rmaganlikdan, Payg‘ambarimizning ko‘ngillariga Toif xalqini dinga da’vat qilish va
hammalaridin yordam so‘rash fikri tushdi. Toif esa, Arabistonda yaylov qatori salqin,
Makka shahridin yetmish-sakson chaqirim sharq tomonda joylashgan bir shahardur. U
yerda arablardin Bani Saqiyf qabilasi yashar edilar. Eng munbit (unumli) iqlimlarda
yetishgan mevalar ul joyda ortig‘i bilan yetishadi. Mana shu safarda nomlari Qur’oni
karimda zikr qilingan, Payg‘ambarimizning asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisa hamroh edi.