www.ziyouz.com kutubxonasi
62
qarab Payg‘ambarimiz boshliq barcha mo’minlarga Xudo tarafidin shundoq buyrulgan
edi. Lekin alarning zulm-taaddiylari chekidan tashqari chiqqanlikdin, mo’minlarning qaysi
birlari qochishga majbur bo‘ldilar. Qay birlari esa ortiq azobga chidolmay, dillariga
qo‘rqinch tushdi. Iymoni kuchli kishilardin bir qanchalari azob ostida yotib, shahid
bo‘ldilar. Va bir qanchalari Rasululloh oldiga kelib, boshqa bir joyga hijrat qilmoqqa
ruxsat so‘radilar. Rasululloh esa bu to‘g‘rida Allohning amrini kutganlikdin alarga ochiq
javob bermadilar. Ish mana shu qiyinchilik holga yetgandin so‘ngra bir kuni Rasululloh
suyungan holda uylaridin chiqib kelib:
— Alloh taolo menga bu joydin hijrat qilib ketmakka ruxsat qildi, mo’minlardin qudrati
yetgan kishi bo‘lsa, Madinaga hijrat qilsun. Alloh taolo u joyda sizlarga tushgudek
o‘rinlar, kutib olgudek yoru do‘stlar tayyorlamushdur, — dedilar.
Bu so‘z chiqqandin keyin sahobalar ichida hijrat masalasi qo‘zg‘oldi. Bu ishga yashirin
ravishda hozirlik ko‘rishga kirishdilar. Bu safargi hijratga eng avval qadam qo‘ygan kishi
— sahobalardin Abu Salama edi. Bu zot bo‘lsa, xotunlari Ummu Salama birligida ilgari
ham Habashistonga hijrat qilgan edi. Hammadin ilgari safar yarog‘ini qilib, bu kishi
tayyor bo‘ldi. Ummu Salamani quchog‘idagi ikki-uch yoshlik bolasi bilan tuyaga mindirib,
yetaklagan holda yo‘lga tushdi. Shu orada xotunning jamoatidin bir necha kishilar
oldidan chiqib qolib: «Ey Abu Salama, sen bizning qarindoshimizni qaysi elga eltursan,
o‘z urug‘-aymog‘idin ajratib, yot yerga ketmakka qo‘ymaymiz», deyishib, tuya
burundug‘ini aning qo‘lidan tortib oldilar. Buning ustiga er tomondin bir necha kishilar
kelib qoldi. Arablar odatlaricha o‘zaro nomus talashib: «Xotunni siz olur bo‘lsangiz,
bolasi bizda qolur», degan so‘z bilan bolani alarga bermadilar. Shunday bo‘lib, xotunni
qarindoshlari oldi, bolasi ota jamoatiga qoldi. Abu Salama bo‘lsa, din yo‘lida xotun-
boladin kechib, yo‘lga tushdi. Bu ko‘rgan kulfat-mashaqqatlari, u zotning haq yo‘lida
qilgan irodasiga hech qandog‘ zarba yetkaza olmadi. Ikki orada bechora xotunga bek
qiyinchilik tug‘ilib, ham eridin, ham quchog‘idagi bolasidin ajradi. Bechora xotun
bularning firoqida har kuni ertalab uyidin chiqib, Madina yo‘li ustida, Abtah degan joyga
kelib, kechgacha shunda yig‘lab o‘tirur edi. Bir kuni o‘z qabila raislaridin birovi bu joydin
o‘tayotganida, uning yig‘lab o‘tirganini ko‘rib, ko‘ngli og‘ridi. Boshqalarga qarab
aytdikim:
— Bu na yaxshilikdur, ul bechora eridin ham, bolasidin ham ajrab, ko‘cha bo‘yida yig‘lab
o‘tirur. Uni qo‘ya beringlar, tilagan tomoniga borsin, yo‘q ersa, el ichida bizga nomus
keltirur, — dedi.
Bu bahona bilan aning yo‘li ochildi, bolasini ham o‘ziga qaytarib berdilar, qafasdin
qutulgan qushdek, hech narsaga qaramasdin tuyasiga minib, bolasini quchog‘iga olib
yolg‘iz xotun yo‘lga tushdi. Besh-olti chaqirimcha yurib, Tana’im degan joyga yetganida,
Usmon ibn Talha degan kishi oldidin chiqdi. Bu kishi ersa, Quraysh raislarining birisi
bo‘lib, «Baytulloh ochqichi»ning egasi edi. Ummu Salamaning yo‘ldoshsiz safarga
chiqqanini ko‘rdi, «bolasini o‘ngargan yolg‘uz xotunni ko‘ra turib, o‘tib ketsam, men
uchun er kishilik bo‘lmagay», deb tuya burundug‘ini tutib yetaklagancha Madinaga
yetkazib qaytdi.
Makka — Madina oralig‘i karvon yurishi ila o‘n ikki kunlik yo‘l edi. Shu chog‘da bu kishi
mushriklik holda turgan bo‘lsa ham, bu safar o‘tguncha qandog‘ olijanoblik ila yo‘ldoshlik
qilganini onamiz Ummu Salamaning aytishlaricha, mashhur hadis kitoblarida
yozilmishdur. Buning so‘ngida Makkada mushriklardin siqilgan mo’minlar sekin-sekin
hijrat qilgani turdilar. Beshlab-o‘nlab, yo‘lda topishgan bo‘lsalar ham uylaridin
chiqishlarida kechalab, bir-birlab yashirin holda chiqar edilar. Bu muhojirlardin hech bir
kishi ochiq-ko‘rnov chiqishga jur’at qila olmadi. Yolg‘iz Hazrati Umar chiqar vaqtda shu
zamonda qo‘llanurlik qurol-yarog‘larini taqindi. Qilich osingan, beliga hanjar taqilgan,