O’tkir gipoksiya. Gipoksiya - kislorod tanqisligi, asfiksiya - bug’ilish.
Asfiksiya holati gipoksiyaning oxirgi bosqichida ham kuzatilishi mumkin. Buzoq,
qo’zi va cho’chqa bolalarining “o’lik tug’ilishi” - deb qayd etiladigan holat, o’lim
asosan gipoksiya va asfiksiya oqibatida kuzatiladi. Ko’pchilik hollarda (90%
gacha) homila to’liq rivojlangan bo’lib, tug’ilish paytida gipoksiya (asfiksiya)
kuzatiladi.
Sabablari. Gipoksiyaning perinatal va tug’ilish vaqtidagi sabablari
farqlanadi. Perinatal sabablarga ona hayvon organizmiga ko’p miqdorda nitrit va
nitratlar, pestisidlar, zamburug’ toksinlarining tushishi hamda bo’g’oz hayvonlarni
bir tomonlama, o’ta yuqori to’yimli oziqlantirish, ularni tiqis saqlash, kalta
bog’lash, masionning yetishmasligi misol bo’ladi. Tug’ilish paytida homilaning
juda katta bo’lishi, cho’chqalarda homila sonining ko’p bo’lishi va ularning
noto’g’ri joylashishi, kindikning buralib qolishi yoki uzilib ketishi, nafas yo’llariga
homila oldi suyuqligining tiqilishi asfiksiyaga sabab bo’lishi mumkin.
Rivojlanishi. Ona hayvon qonidagi toksinlar yo’ldosh orqali homila
organizmiga o’tib, bosh miya va boshqa a’zolarning gipoksiyasiga sabab bo’ladi.
Oqibatda nafas markazi va o’pka reseptorlarining qitiqlanishi kuzatilib, nafas olish
aktlarining yuzaga kelishi hamda nafas yo’llariga homila oldi suyuqligining
tushishi mumkin. Sut kislotasining homila organizmida to’planib qolishi ichaklar
silliq muskullarining ta’sirlanishi va tezaklash aktining barvaqt kuzatilishiga olib
keladi. Natijada homila oldi suyuqligiga tushgan tezak ham homilaning nafas
yo’llariga tushib, asfiksiya va inspirator pnevmoniyaga sabab bo’lishi mumkin.
Belgilari. Buzoqlarda qovoq, lab va tilning shishi kuzatilib, til og’iz
bo’shlig’idan chiqib turadi. Og’iz bo’shlig’i shilliq pardasi shishgan, ko’kimtir
rangda yoki oqargan bo’ladi. Gipoksiyaning og’ir kechishida kesuvchi tishlar milki
to’q ko’k yoki qoramtir rangda bo’ladi. Buzoq tug’ilishidan keyingi birinchi
daqiqalarda nafas olish bir necha daqiqa kuzatilmaydi yoki to’xtab-to’xtab nafas
olish va xirillash kuzatiladi. Gipoksiyaning yengil kechishida oyoqlar bukilganda
muskullarning qisqarishi va reflektor sezuvchanlik paydo bo’ladi, uning og’ir
kechishida esa hyech qanday reflekslar kuzatilmaydi. Shilliq pardalar marmar
rangida bo’lib, nafas harakatlari kuzatilmaydi.
Dostları ilə paylaş: |