Retikulyar formatsiya (tuzilma)
O’tgan asrda V.M.Bexterov bosh miya dastasida alohida tuzilma bor deb
yozgan edi, o’sha tuzilma retikulyar formatsiya yoki retikulyar tuzilma deb
ataladigan bo’ldi.
Retikulyar formatsiya funksional jihatdan har xil bo’lib, bir-biri bilan
bog’langan to’plamlar yoki yadrolarni hosil qiladigan turli-tuman hujayralar
to’ridan iborat.
Retikulyar formatsiya uzunchoq miya, Varolio ko’prigi, o’rta miya, do’mboq
osti sohasi va ko’ruv do’mboqlarida markaziy holatni egallaydi.
Qanday bo’lmasin biror sezgini keltirib chiqaradigan qo’zg’alish ko’ruv
do’mboqlari orqali bosh miya po’stlog’ining turli bo’limlariga (ko’ruv, eshituv,
taktil bo’limlari va boshqalarga) o’tadi. Bosh miya po’stlog’iga keladigan afferent
impulslar ham retikulyar formatsiya orqali o’tadi. Lekin bu qo’zg’alish butun
po’stloqqa tarqaladi va spesifik sezgi keltirib chiqarmaydi, shunga ko’ra retikulyar
formatsiyadan keladigan impulslar nospesifik impulslar deb ataladi. Bular bosh
miya po’stlog’ining ishchi tonusini, shuningdek tiyraklik vaqtidagi holatini
quvvatlab turadi. Shu munosabat bilan retikulyar formatsiya faollashtiruvchi tizim
deb ataladi.
Retikulyar formatsiya yemirib tashlansa, hayvon uzoq uxlab qoladi, bordi-yu
uxlab yotgan mutadil hayvonda retikulyar formatsiya ta’sirlansa, hayvon uyg’onib
ketadi.
Retikulyar formatsiya og’riq impulslarini bosh miya po’stlog’iga o’tkazuvchi
asosiy yo’ldir.
U, orqa miyadagi harakatlantiruvchi hujayralarga tormozlovchi va
qo’zg’atuvchi impulslar ham yuboradi, shuningdek skelet muskullari tonusini idora
etishda qatnashadi, ichki sekresiya bezlarining, yurak-qon tomirlar tizimining
faoliyatiga, qon ivish jarayonlariga ta’sir ko’rsatadi va hakazo.
Retikulyar formatsiyaning funksional holatini esa bosh miya po’stlog’i idora
etadi.
Dostları ilə paylaş: