IX bob. Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar 36-modda. Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli.
Bankka qo‘yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.
LexUZ sharhi Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining «Bank siri to‘g‘risida»gi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining V bo‘limiga qarang. 37-modda. Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va
qonunda
ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o‘tash tartibidan yoki qonunda ko‘rsatilgan boshqa
hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.
LexUZ sharhi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 46 , 83 va 88 -moddalariga qarang. 38-modda. Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq
to‘lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining VII («Ish vaqti») va VIII («Dam olish vaqti») boblariga qarang. 39-modda. Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo‘qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum
bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.
LexUZ sharhi O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonuniga qarang. Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab
qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas.