Biologik tushunchalarni shakllantirish va rivojlantirish. Biologiyani
o‘qitishning asosiy maqsadi o‘quvchilarda DTS bilan me’yorlangan bilim,
ko‘nikma va malakalar, kompetensiyalarni shakllantirish sanaladi. Shu sababli,
biologiya o‘qitish metodikasining asosiy muammolaridan biri o‘quvchilarda ta’lim
mazmunining asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalar,
kompetensiyalarni shakllantirish masalasi hisoblanadi va mazkur masala juda
ko‘p biolog-metodistlar tomonidan tadqiq etilmoqda.
O‘quvchilarda bilimlarni shakllantirish uchun, avvalo, uning ta’rifini bilib
olish zarur. Bilim narsa va hodisalarning muhim belgi va xususiyatlari, jarayonlar
va ular o‘rtasidagi bog‘lanishlar to‘g‘risida fan tomonidan aniqlangan
tushunchalardan tarkib topadi. Demak, bilim tushunchalar tizimidan iborat bo‘lib,
tushunchalarni shakllantirish muammosi yetakchi o‘ringa chiqadi.
Biologik tushunchalarni shakllantirish va rivojlantirish biologik ta’lim va
tarbiyaning harakatlantiruvchi kuchi, o‘quv materiali mazmunining asosiy birligi
sanaladi. O‘quvchilarda tushunchalarni shakllantirish quyidagi bosqichlarda
amalga oshiriladi: o‘quv materialini sezgi organlari orqali qabul qilish, idrok etish,
tasavvur qilish, yodda saqlash, amalda qo‘llash, natijalarni tekshirish, axborotlarni
umumlashtirish va xulosa yasash.
O‘qituvchi tomonidan tushunchalarni shakllantirish bosqichlariga amal
qilinishi o‘quvchilarning tushunchalarni qabul qilishiga, tushunishiga imkon
yaratadi. Shu sababli, o‘qituvchi har bir o‘quv fani mazmunidagi tushunchalarni
belgilab olishi, o‘quvchilarda shu tushunchalarni shakllantirishga e’tibor qaratishi
lozim.
Tushunchalar mavzudan mavzuga o‘tgan sari asta-sekin rivojlantirilib,
mukammallashib boradi, shunga ko‘ra tushunchalarni shakllantirish bilan bir
qatorda ularning rivojlantirilishi muhim ta’lim-tarbiyaviy ahamiyatga ega. Shuni
esdan chiqarmaslik lozimki, o‘quvchilar tushunchalarni birdaniga egallay
olmaydilar, tushunchalarning hosil bo‘lishida yuqorida qayd etilgan bosqichlarni
amalga oshirish, buning uchun esa muayyan vaqt kerak bo‘ladi. Faktlardan
tushunchalarni keltirib chiqarish uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, eng muhimi,
tushunchalarni «tayyor» holda berishdan saqlanish, qiyinchiliksiz qabul qilingan
tushunchalar tez esdan chiqishini unutmaslik kerak. O‘qituvchi tushunchalarni
shakllantirish bosqichlariga amal qilishi, o‘quvchilarni aqliy faoliyatga jalb etishi,
ular tomonidan obyektlarni taqqoslash, o‘xshashlik va farqini topish,
umumlashtirish va xulosa chiqarish kabi mantiqiy fikr yuritish operasiyalaridan
foydalanish ko‘nikmalarini egallashlariga zamin yaratishi lozim.