www.ziyouz.com kutubxonasi
202
allomalaridan oltin undirishning boshqa bir yo‘lini o‘ylab topdi. Hirot atroflaridan
g‘oliblarning qo‘liga tushgan o‘ljalar orasida suruv-suruv qo‘ylar ham bor edi. Mulla
Abdurahim shu qo‘ylardan oltmishtasini Hirotning Qipchoq darvozasi tashqarisidagi
bozorga haydab tushishni xizmatkorlariga buyurdi. So‘ng shaharga bir to‘p navkar
yuborib, temu-riylar davrida mashhur bo‘lgan Xondamirni, Boburga yaqinligi bilan
tanilgan mavlono Fazliddinni, Husayn Boyqaroga atab she’rlar yozgan «ko‘ksa» laqablik
shoir Sulton Muhammadni, yana shularga o‘xshash besh-olti kishini qo‘y bozoriga
majburan olib keltirdi. Keyin mulla Abdurahimning o‘zi ham bir to‘p mulozimlari bilan
bozorga o‘ynoqi bir arg‘umoqni minib kirib keldi. Mulozimlardan biri piyoda qo‘l
qovushtirib turgan Xondamirga va uning hamrohlariga shunday dedi:
— Sudurlar sadri Nizomiddin Abdurahim hazratlari o‘zlarining bu qo‘ylarini faqat sizlarga
sotmoqchilar!
Xondamir sheriklariga: «Shu bilan qutulsak koshki!» deganday qilib qaradi-yu, keyin
sudurlar sadriga ta’zim qildi:
— Bajonidil olurmiz. Narxini aytsinlar.
Mulozim ovoziga tantanali tus berib dedi:
— Bu qo‘ylar — sudurlar sadrining nafasi tekkan tabarruk qo‘ylardir. Sizlar temuriylar
xizmatida haromxo‘rlikka o‘rganib, buzilib ketgan odamsizlar. Bu qo‘ylarni so‘yib yeb
halqumlaringni poklashlaring kerak. Shuning uchun qo‘ylardan har birining narxi olti yuz
dinor!
Olti yuz dinorga bitta emas, yetti-sakkizta qo‘y olish mumkin edi. Biroq qo‘ylarni
sudurlar sadri aytgan narxda olmaslik — uning g‘azabiga uchrash va shafqatsiz jazoga
giriftor bo‘lish demak edi.
Puldan qiynalibroq yurgan mavlono Fazliddin bezovtalanib so‘radi:
— Janoblar, yaqinda moli omon ham to‘lagan edik-ku?
Shoir Muhammad Sulton istehzoli kulimsiradi:
— Mavlono, bu noyob qo‘ylarga hazratimizning muborak nazarlari tushgan ekan.
Shuning uchun endi bu moli omon emas, balki moli imondir!
Mulla Abdurahim istehzoni payqab qahri keldi va navkarlariga buyurdi:
— Bularning har biriga qo‘ylardan o‘nta-o‘nta qo‘shaloqlab beringlar! Bularni
temuriylarning oltini quturtirgan! Hammasining dimog‘i juda baland! Bularni osmondan
yerga tushirib qo‘yish kerak. Qo‘ylarni uylarigacha o‘zlari haydab ketsin! Hech kim
haydashmasin! Uylarigacha kuzatib borib, pulini undirib kelinglar. Qaysi biri buyruqni
bajarmasa, molu mulkini musodara qilib, o‘zini zindonga tashlanglar!
Navkarlar buyruqni bajarishga kirishdilar.
Hirotda ko‘pchilik taniydigan shoir, olim va me’mor issiq kunda halpillab, sertuproq,
serchang ko‘chalardan qo‘y haydab ketdilar. Keyin bu «tabarruk» qo‘ylarning pulini qarz
havola qilib bo‘lsa ham, to‘lab qutuldilar.
2 Ubaydulla Sultonning bir yarim ming navkari o‘n kundan beri Ixtiyoriddin qal’asining
atrofida g‘ivirlar, ammo o‘q ham, shoti ham yetmaydigan balandlikdagi qal’ani olishning
hech ilojini topolmas edi. Temir darvozalarga to‘pdan o‘q otib ko‘rishdi, bo‘lmadi. Keyin
yer tagidan g‘or qazishga tushishdi.
Shuni hisobga olmaganda, Hirot hozir bir qadar tinchib bormoqda edi. Musodara
qilinadigan xazinalar bo‘shab qolgan, talanadigan molu mulklar talanib bo‘lgan edi.
Shayboniyxon Qahdistondan Bog‘i Jahonoroga ko‘chib kelib, Hirotning mashhur