www.ziyouz.com kutubxonasi
199
orasida shu ism bilan tanilgan edi.
Shayboniyxon doimiy odatini qilib, bu juvonga g‘oyibona oshiq bo‘lgani haqida qisqa
bir g‘azal yozdi-yu, shoir Muhammad Solihni oraga qo‘yib, she’rini begimga yetkazdirdi.
Muzaffar mirzo nomardlik qilib xotinlarini tashlab ketganidan qahri kelgan Qorako‘z
begim xonning g‘azalini xush qabul qildi. Xadicha begim boshliq boshqa kelinlar
Hirotning eng mustahkam istehkomi bo‘lgan Ixtiyoriddin qal’asiga kirib bekinganlarida
Qorako‘z begim ulardan ajralib qoldi va otasining shahar tashqarisidagi chorbog‘iga
ketdi. Keyin begimni hammomda yuvintirishib, kelinlarday yasantirishdi-yu, xon
yuborgan shohona mahofaga solishib Qahdistonga olib ketishdi.
Kechki payt Hirotning shayxulislomi va qozisi xon qarorgohiga chaqirildi.
Bugun odatdagidan yoshroq ko‘rinayotgan Shayboniyxon shariat peshvolarini mahfuri*
gilam to‘shalgan borgohda qabul qildi. Xonning yonida turgan mullo Abdurahim Qorako‘z
begimni bugun imomi zamonga nikohlash haqida gap ochdi.
— Bugunmi? — deb shayxulislom qoziga sarosima bo‘lib ko‘z tashladi. Qozi bu
qarashning ma’nosini tushundi.
Qorako‘z begim Muzaffar mirzoning nikohida edi. Erining tashlab ketganiga besh kun
ham bo‘lgani yo‘q. Holbuki, bir musulmonning nikohidagi xotinning iddasi bo‘ladi, uch oy
o‘tmaguncha boshqa kishiga nikohlash mumkin emas. Shariat buni qat’iyan man qilgan!
Shayxulislom xonning oyog‘i tagidagi gilamni o‘pib, shu to‘g‘rida gap boshlagan edi, xon
uning so‘zini kesdi:
— Shariatni bizga o‘rgatmang! Begimni hezalak eri bundan to‘rt oy oldin uch taloq
qo‘ygan. Siz uch oy deysiz! Begim to‘rt oy boshi ochiq yurgan! Nahotki, siz, shariat
peshvolari bundan bexabarsiz?!
Xonning qahridan qo‘rqib ketgan shayxulislom oppoq soqolini mahfuri gilamga surkab
yana yer o‘pdi.
— Xabardormiz, hazratim!
— Xabardormiz! — dedi qozi ham gilamni o‘pib. Ular Muzaffar mirzoning bundan to‘rt oy
burun achchiq ustida xotinini uch taloq qo‘yganini bilar edilar. Biroq keyin mirzo xotini
bilan yana yarashganda shayxulislom bilan qozi begimni eriga qaytadan nikohlab bergan
edilar. Lekin begimning avvalgi yosh eri tilga olinganidan rashki kelib, sabr kosasi to‘lib
turgan xonga buni aytish— o‘limni bo‘yniga olish bilan barobar edi.
Shariat peshvolari endi bu to‘g‘rida «churq» etmasdan nikoh o‘qishga hozirlandilar...
______________
* M a h f u r i — gullariga she’riy baytlar qo‘shib to‘qilgan nodir ipak gilam.
* * * Sallasiga la’l va gavhar bilan birga ukpar ham qadalgan Shayboniyxon kechasi
begimning xobgohiga shahdam qadamlar bilan kirib ketdi. Xobgohning tashqi bo‘lmasida
xonning haramiga qaraydigan keksa beka, ikkita bichilgan habash qul va begimga
ergashib kelgan ikkita kaniz navbatchilik qilib qolishdi.
Bir vaqt xobgoh eshigi shaxt bilan ochildi-yu, yelvagay to‘n kiygan, boshidagi oq
shabpo‘shi* bir yonga og‘ib ketgan Shayboniyxon chiqib keldi. Uning rang-quti o‘chgan,
lablari pirpiraydi.
— Behayo ekan! Buzilib ketgan ekan! Bezbet!
Haram bekasi begimning kanizlari bilan birga shosha-pisha ichkariga kirdilar. To‘shak
chetida yuzini qo‘llari bilan bekitib olgan go‘zal juvon yelkalari silkinib, piq-piq yig‘lar edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Qorako‘z begim Hirotning so‘nggi podsholari yaxshi ko‘radigan va