www.ziyouz.com kutubxonasi
195
— Biz Langari Temurdan Kobulga to‘rt kunda yetib borgaymizmi, a, janob Qosimbek? —
so‘radi Bobur.
— Ildam yursak, uch kunda ham yetgaymiz. Ammo Qandahor yo‘li bilan kelganimizda
Kobulga yana bir oyda zo‘rg‘a yetgan bo‘lardik.
Muhammad Andijoniy bu gapni ma’qullab qo‘shimcha qildi:
— Fitnachilar sizlarning qish chillasida Hindikushdan oshib kelishlaringizni mutlaqo
bilmaydi, amirzodam! Axir bu — aql bovar qilmaydigan ish! Shuning uchun fitnachilar
asosiy kuchlarini Qandarhordan keladigan yo‘l bo‘ylariga joylashtirganlar. Qorovullari
ham Qandahor tomonda poyloqchilik qilmoqda emish. Menga buni Mullo Bobo tayinlab
aytib yubordi. «G‘azna tomondan kelmasinlar, Manor tog‘i tomondan kelsinlar» deb
iltimos qildi.
— Ammo janob Qosimbek, siz uzoqni ko‘zlab dovon yo‘lini tanlagan ekansiz. Men sizning
haqligingizga endi astoydil tan berdim.
— Tashakkur, amirzodam. Endi hamma gap Kobulga yog‘iylar kutmagan tomondan
bilintirmay borishimizga bog‘liq. Ularni g‘aflatda bosmoq kerak!
Bobur, Qosimbek, Xo‘ja Kalon va boshqa ishonchli amirlar maslahatni bir joyga
qo‘yishdi. Kobul qo‘rg‘onidagi Mullo Bobo boshliq sodiq kishilariga Bobur o‘z qo‘li bilan
maxfiy maktub yozdi.
«Mardona bo‘ling, najot yaqin, xudo xohlasa, seshanba kuni tunda biz Manor tog‘ida
ulkan o‘t yondirg‘umizdir. Sizlar ham arkda, eski ko‘shkning ustidakim, hozir xazinadur,
ulug‘ o‘t yondiringiz, toki bilg‘aymizki, bizdan xabardor bo‘libsiz...»
Muhammad Andijoniy Boburning maktubini Kobul qo‘rg‘onidagilarga vaqtida yetkazib
borgan ekan. Seshanba kuni kechasi Bobur odamlari bilan Manor tog‘iga yetib, Kobul
qo‘rg‘oni ko‘rinadigan joyda ulkan olov yondirdilar. Ko‘p o‘tmay Kobul arkida xazinaning
tomi ustida ham kattakon olov yaltillab ko‘rindi.
Shundan keyin Bobur odamlari bilan Kobulning shimol tomonidagi G‘urband Tangisidan
sahar palla chiqib, eng avval fitnachilarning boshliqlari uxlab yotgan qasrlarga
yaqinlashdilar. Tun juda sovuq, izg‘irin shamol esadi, ko‘pchilik qorovullar ham
shamolpana iliq joylarga kirib ketishgan. Muhammad Husayn bilan Mirzoxon g‘aflat
uyqusiga yotgan paytda qo‘rg‘on ichkarisidan Mullo Bobo va Ahmad Yusuf o‘z odamlari
bilan Ohanin darvozasidan qurollanib chiqdilar. Qo‘rg‘onni qamal qilib yotgan
mo‘g‘ullarning halqasi shimol tomonda siyrak edi, chunki ular Boburning janub-g‘arb
tomondan kelishini kutmoqda edilar.
Bobur shimoldagi G‘urband tomondan, qo‘rg‘ondagilar qal’a tomondan birvarakay zarba
berishib, mo‘g‘ullar halqasini sindirib o‘tdilar.
Kobul podshosi deb e’lon qilingan Mirzoxon qo‘rg‘on tashqarisidagi hashamatli bir qasrda
uxlab yotgan paytda Boburning Xo‘ja Kalonbek boshliq yigitlari qasr hovlisiga tig‘
yalang‘ochlab kirdilar. Mirzoxonning qo‘riqchi yigitlari ham qilichlarini qindan sug‘urdilar.
Qilichbozlik jangidan bir necha navkar yaralanib yiqildi. Cho‘chib uyg‘ongan Mirzoxon:
— Bobur bostirib keldi! — degan xabarni eshitib o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. «O‘ldiga»
chiqarilgan odamning birdan tirilib kelishi Mirzoxonni shunchalik vahimaga soldiki, u
tarafdorlarini to‘plab jang qilishni xayoliga ham keltirmadi. Qantarib qo‘yilgan egarlog‘liq
bir otga sapchib mindi-da, kunchiqish tomondagi tog‘larga qarab qochdi. Buni eshitgan
Bobur Yusufbek boshliq bir to‘da yigitlarni Mirzoxonning ketidan quvg‘inchi qilib yubordi.
O‘zi Bog‘i Bihisht deb ataladigan bog‘ning ikki qavatlik qasriga tomon ot surib ketdi.
Fitnachilarning boshlig‘i Muhammad Husayn dug‘lat shu qasrda edi. Darvozaning tomi
ustida o‘ltirgan qo‘riqchilar Boburga yoydan o‘q yog‘dirdilar. O‘qlardan biri uning po‘lot
dubulg‘asiga, yana biri ko‘kragidagi zirhli «chor oynaga» o‘ralib qapchib ketdi. So‘ng
Bobur kamondan otgan o‘qlar tom ustidagi soqchilardan birini yerga qulatdi.