www.ziyouz.com kutubxonasi
194
— Nechun ko‘ngilga olay? Shohlardan ko‘ra darvishlarda adolat ko‘proq... Axir siz ham
musulmonsiz-ku.
— Alhamdulilloh muslimman. Barcha muslimlar bir-birlariga birodardirlar. Yuring, men
sizga hamma odamlaringiz sig‘adigan ulkan hovalni ko‘rsatay!
Bobur quvonib, tez o‘rnidan turdi-da, Tohir bilan Mamatni chaqirdi.
— Qani, janob Sulton bilan boringlar-chi, boshqa kamarlar bor emish!
Chindan ham orqasi ulkan g‘orga tutashib ketgan ikkita kamar bor ekan. Ularga
tashqarida qolgan hamma odamlar kirib, tuni bilan shamolpana, quruq joyda gulxanlar
yoqib isinishdi.
Ertasi kuni qor bo‘roni to‘xtab, havo ochilib ketdi. Kechagi kuchli shamol qorlarni uchirib,
hamma o‘ngir va jarlarni qorga to‘ldirgan va tekislab ketgan edi. Bo‘ron va sovuqning
shiddatidan bu qorlar shibbalanib, qalin qatqaloq hosil bo‘lgan edi. Ana shu qatqaloqdan
va o‘ydim-chuqurlarni to‘ldirib tekislagan qorning qalinligidan Sulton ustalik bilan
foydalandi, Boburni barcha odamlari bilan tog‘ning narigi tomoniga boshlab ketdi. Yana
kuni bo‘yi yo‘l yurib, kerak bo‘lganda qor tepib, kechki payt Yakkao‘lang* degan
qishloqqa yetib bordilar.
Bu turkiyzabon qishloq odamlari:
— Osmondan tushdilaringizmi? — deb hayron qolishdi: — Umrimiz bino bo‘lib qish
chillasida bu dovondan tirik o‘tib kelgan shuncha ko‘p odamni ko‘rmagan edik!
Yakkao‘langliklar Bobur va Qosimbekning oyog‘i tagiga qo‘ylar so‘yib, katta ziyofatlar
berishdi.
Bir kecha dam olganlaridan so‘ng Sulton qaytib ketishga ruxsat so‘radi.
— Bir o‘zingiz tog‘dan qanday o‘tasiz? — dedi Bobur.
— Kelgan yo‘limiz hali bekilmagandir. Otlarim bor-ku.
— Balki biz bilan qolursiz? Mamlakatning to‘rt tomoni tog‘. Bizga sizdek yo‘l ko‘rsatuvchi
doim kerak.
— Taklifingiz uchun tashakkur, hazrat shoh. Men sizdek mard podshohni umrimda
birinchi ko‘rishim. Uyga qaytib, barcha pashoyilarga sizning to‘g‘ringizda so‘zlab
bermoqchiman. Xizmatingizga kelsam ham, yuz-ikki yuzta yigitlarni boshlab kelamen.
Xudo hofiz!
Bobur xazinachiga buyurib, Sultonga kutganidan ham ortiq mukofotlar berib jo‘natdi.
_______________
* O‘ l a n g — yaylov degani.
* * * Kobulda ularni boshqa xavf-xatarlar kutmoqda edi. Fitnachilar Boburni «Hirotda qatl
etilibdi» deb ovoza tarqatganlari rost ekan. O‘ratepaning sobiq hokimi Muhammad
Husayn dug‘lat fitnachilarga bosh bo‘lib, Boburning o‘rniga uning amakivachchasi —
marhum Mahmud mirzoning yigirma yoshlik o‘g‘li Mirzoxonni Kobul podshosi, deb e’lon
qilibdi. Buning xabarini Kobulda qolgan sodiq navkarlardan Muhammad Andijoniy
Langari Temur degan joyda Boburga yetkazib keldi. Ma’lum bo‘lishicha, Kobul qal’asini
Bobur uchun berkitib turgan Mullo Bobo va Ahmad Yusuflarning ahvoli juda og‘ir.
Qo‘rg‘onni qamal qilayotgan Mirzoxon boshliq mo‘g‘ullarning yigirma ming odami bor,
devorlarga naqb solib borut bilan portlatib o‘tishga harakat qilishyapti. Qo‘rg‘on
himoyasida ikki yuztagina odam turibdi. Ularning ham zaxiralari tugab boryapti. Shu
ketishda fitnachilar ketma-ket hujum qilaversa qo‘rg‘onni bir hafta-o‘n kunda olib
qo‘yishlari ehtimolga yaqin.